Qimmatli qog’ozlar uzoq muddatli investitsiyalarning asosiy qismini tashkil etadi. Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida qimmatli qog’ozlar investitsiyalar yo’naltirishning asosiy vositasi hisoblanadi.
1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining «Qimmatli qog’ozlar va fond birjalari to’g’risida»gi qonuniga muvofiq «qimmatli qog’ozlar - bu ularni chiqargan shaxs bilan ularning egasi o’rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlovchi, dividend yoki foiz ko’rinishida daromad to’lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxsga berish imkoniyatini nazarda tutuvchi pul hujjatlaridir». Yuqorida qayd etilgan qonunga ko’ra, qimmatli qog’ozlarga:
Aktsiya (gollandcha actie so’zidan olingan bo’lib, qimmatli qog’oz degan ma’noni anglatadi) - bu aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondiga muayyan hissa qo’shganlikdan guvohlik beruvchi, uning egasiga foydaning bir qismini olish va, odatda, ushbu jamiyatni boshqarishda ishtirok etish huquqini beruvchi qimmatli qog’ozdir.
Aktsiya amal qilish muddati cheklanmagan qimmatli qog’oz bo’lib, u uni chiqargan aktsiyadorlik jamiyati amal qilib turgan vaqt mobaynida muomalada bo’lishi mumkin.
Aktsiyalar bo’yicha olingan daromad dividend (lotincha dividendus so’zidan olingan bo’lib, bo’lishga tegishli degan ma’noni anglatadi) deb nomlanadi. Dividend, odatda, aktsiyadorlik jamiyatining foydasiga bog’liq bo’ladi. Agar kompaniya hisobot yili natijalariga ko’ra foydaga ega bo’lsa, katta dividend to’lash imkoniyati bo’ladi va aksincha.
Aktsiyalar ikki turga bo’linadi:
oddiy aktsiyalar;
imtiyozli aktsiyalar.
Oddiy aktsiya aktsiyadorlar yig’ilishida ovoz berish huquqini beradi, olinadigan dividend miqdori aktsiyadorlik jamiyatining olgan sof foydasiga bog’liq va boshqa hech narsa bilan kafolatlanmagan.
Imtiyozli aktsiyalar aktsiyadorlar umumiy yig’ilishida ovoz berish huquqini va bu bilan korxonani boshqarishda ishtirok etish huquqini bermaydi. Ularning imtiyozliligi shundaki, xo’jalik faoliyati natijalaridan qat’iy nazar kafolatlangan daromadni olish imkoniyatini, ikkinchi tomondan, aktsiyadorlik jamiyati tugatilgan vaqtda aktsiyalar qiymatini birinchi navbatda olish huquqiga ega.
Obligatsiya (lotincha obligatio so’zidan olingan bo’lib, majburiyat ma’nosini anglatadi)- bu uning egasi qarz berganligidan guvohlik beruvchi, unga ushbu qimmatli qog’ozning nominal qiymatini unda ko’rsatilgan muddatda belgilangan (qat’iy) foiz to’langan holda qoplash majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qog’ozdir.
Obligatsiya - bu bir shaxsning (investorning) boshqa bir shaxsga(emitentga) mablag’larni vaqtinchalik foydalanish uchun berganligi haqidagi guvohnomadir. Obligatsiyalardan olinadigan daromad foiz ko’rinishida bo’ladi.