Mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish yoki xizmat ko’rsatish yoxud tashkilotni boshqarish uchun foydalanilmayotgan nomoddiy aktivlar ob’ektlarining qiymati buxgalteriya balansidan hisobdan chiqarilishi kerak.
Quyidagi xo’jalik operatsiyalari natijasida nomoddiy aktivlar ob’ektlarining qiymati korxona aktivlari tarkibidan chiqib ketadi:
realizatsiya, ya’ni huquqlarni berish to’g’risidagi shartnoma asosida iqtisodiy ma’noda sotganda va yuridik ma’noda egalik huquqi to’xtatilganida;
bundan buyon foydalanish maqsadga muvofiq emasligi sabablariga ko’ra hisobdan chiqarilganida;
nomoddiy aktivning amal qilish muddati tugagach hisobdan chiqarilganida;
boshqa korxonalarning ustav kapitaliga ulush sifatida qo’shilganida;
huquqlarni berish to’g’risidagi shartnoma asosida boshqa shaxslarga tekin topshirilganida.
Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarilishi bilan bog’liq operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun quyidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi:
egalik qilish huquqi boshqalarga berilganida - huquqni boshqa birovga berish to’g’risidagi shartnoma, haq olinganligini tasdiqlovchi to’lov hujjati va boshqa hujjatlar, huquqni boshqalarga berish qiymatini baholash to’g’risidagi mustaqil baholovchi xulosasi, chiqib ketish dalolatnomasi;
amal qilish muddati tugatilganligi tufayli hisobdan chiqarilganida - hisobdan chiqarish to’g’risidagi dalolatnoma;
boshqa korxonalarning ustav kapitaliga qo’yganida - ta’sis hujjatlari, foydalanish huquqini boshqa birovga berish to’g’risidagi shartnoma, foydalanish huquqini boshqalarga berish qiymatini baholash to’g’risidagi mustaqil baholovchi xulosasi, foydalanish huquqini berish to’g’risidagi shartnoma bo’yicha qabul qilib olishtopshirish dalolatnomasi, chiqib ketish dalolatnomasi;
tekinga berilgan taqdirda - foydalanish huquqini boshqa birovga berish to’g’risidagi shartnoma, foydalanish huquqini berish to’g’risidagi shartnoma bo’yicha qabul qilib olish-topshirish dalolatnomasi, chiqib ketish dalolatnomasi.
Nomoddiy aktivlar chiqib ketganida ularning dastlabki qiymati nomoddiy aktivlarni hisobga olishning tegishli hisobvaraqlari kreditidan 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» hisobvarag’i debetiga hisobdan chiqariladi. Nomoddiy aktivlarni chetga sotishdan tushgan tushum 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» hisobvarag’i krediti bo’yicha 4890-«Boshqa shaxslarning qarzlari-joriy qismi» va 0990-«Boshqa uzoq muddatli debitorlik qarzlari» hisobvaraqlari bilan korrespondentsiyada aks ettiriladi.
Nomoddiy aktivlar chiqib ketganida ular bo’yicha hisoblangan eskirish summasi 0510-0590hisobvaraqlari debetidan 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» hisobvarag’i kreditiga hisobdan chiqariladi.
Misol. «Bobur» hissadorlik jamiyatida may oyida dasturiy ta’minot hisobdan chiqarildi: balans qiymati 200000 so’m, eskirish qiymati 150000 so’m. Nomoddiy aktivning sotish qiymati 80000 so’m. Moliyaviy natijani aniqlab, muomalaga quyidagicha provodka beramiz:
dasturiy ta’minotning sotish qiymatiga:
D-t 4890-«Boshqa shaxslarning qarzlari-joriy qismi» - 80000 so’m
K-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 80000 so’m.
balans qiymati hisobdan chiqarildi:
D-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 200000 so’m
K-t 0430-«Dasturiy ta’minot» - 200000 so’m.
eskirish qiymati hisobdan chiqarildi:
D-t 0530-«Dasturiy ta’minotning eskirishi» - 150000 so’m
K-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 150000 so’m.
dasturiy ta’minotni sotishdan foyda olindi (80000 + 150000 - 200000) = 30000 so’m:
D-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 30000 so’m
K-t 9320-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishidan olingan foyda» - 30000 so’m.
Agarda korxona dasturiy ta’minotni 40000 so’mga sotganida, moliyaviy natija quyidagiga teng bo’lar edi:
D-t 4890-«Boshqa shaxslarning qarzlari-joriy qismi» - 40000 so’m
K-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 40000 so’m.
balans qiymati hisobdan chiqarildi:
D-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 200000 so’m K-t 0430-«Dasturiy ta’minot» - 200000 so’m.
eskirish qiymati hisobdan chiqarildi:
D-t 0530-«Dasturiy ta’minotning eskirishi» - 150000 so’m
K-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 150000 so’m.
dasturiy ta’minotni sotishdan zarar ko’rildi (40000 + 150000 - 200000) = 10000 so’m:
D-t 9430-«Boshqa operatsion xarajatlar» - 10000 so’m
K-t 9220-«Boshqa aktivlarning realizatsiyasi va boshqacha chiqib ketishi» - 10000 so’m. Tayanch so’z va iboralar Nomoddiy aktiv Nou-xau
Franshiza Savdo belgisi
Gudvill