www.ziyouz.com кутубхонаси
136
VAN SHOUJEN (taxallusi YANMIN) (1472-1529)
Xitoylik faylasuf, siyosatdon va harb ilmi bilimdoni Van Shoujen Yuyyao muzofotida tug‘ilib o‘sdi. Uning otasi Van Xua ziyoli oiladan bo‘lib, xizmat pog‘onalaridan tez yuqorilab borgan. Van Shoujen to‘rt yoshigacha gapirolmagan. Bir budda rohibi bolakayni ko‘rib: «Yaxshi bola ekan. Faqat, afsuski, uning taqdiri zohirida shundoqqina ayon bo‘lib turibdi», — deydi. Rohib aftidan faylasuf Lao-tszining: «Bilguvchi gapirmaydi», — degan mashhur naqliga ishora qilgandi. Bu so‘zni eshitgan bobosi bolaning ismini Shoujen (insonparvarlik himoyachisi) deb o‘zgartiradi. Ajabki, shundan so‘ng Shoujen gapira boshlaydi. Shoujen o‘n yoshidan boshlab she’rlar yozgan. Bu she’rlar faqatgina adabiy nuqtai nazardan emas, balki falsafiy mazmuni bilan ham diqqatni jalb etardi. Shoujen 12 yoshida onasidan yetim qoladi. 16 yoshida uylanadi. 1489 yilda Van Shoujen faylasuf Chuj Si izdoshi Lou Lyan (1422-1491) bilan tanishadi va undan tahsil oladi. 1493-1499 yillar orasida Van Shoujen daotsizm, buddaviylik va Konfutsiyning mumtoz falsafasini qunt bilan o‘rganadi. Ayni paytda badiiy ijod va harb ilmi sirlarini o‘rganishga ham vaqt ajratadi. 1499 yilda Van Shoujen tszin shi darajasi uchun imtihon topshirib, imperator saroyi mansabdorlari orasidan o‘rin oladi. Xizmat vazifalarining ketma-ket o‘zgarishi tufayli mamlakat bo‘ylab tinimsiz kezishlar yosh Shoujenning salomatligiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. 1502 yilda u imperatorning ruxsati bilan davolanish uchun tug‘ilgan go‘shasiga qaytib keladi. U Chjetszyan muzofoti hududida joylashgan tog‘ bag‘riga — Yanmin g‘ori yaqiniga boshpana qurib yashay boshlaydi. Shu bois uni Yanmin-tszi deb atay