MONTEN (Mishel Eykem) (1533-1592)
Farang faylasufi Monten XV asrga kelib dvoryanlik darajasiga erishgan savdogar Eykemlar sulolasiga mansub. Yosh Monten Tuluza dorilfununida tahsil oldi. U, ayniqsa, faylasuflar Seneka va Plutarx ta’limotini qunt bilan o‘rgandi. Faylasuf o‘zining juda boy shaxsiy kutubxonasi bilan nom qozongan. Monten o‘zining bor qobiliyatini eng ko‘hna va mustahkam ilm — o‘zini o‘zi anglash ilmiga bag‘ishladi. Faylasufning o‘zi bu haqda shunday deydi: «Men o‘zimni o‘rganaman. Ana shu tadqiqotim men uchun ham fizika, ham metafizikadir». Monten — inson qalbining xilvat kengliklarini, fe’l-atvorining o‘ziga xos qirralarini, uning favqulodda vaziyatdagi xatti-harakatlarini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Uni olam unsurlari emas, «shaxs unsuri», «xatti-harakat uzvlari majmuasi», zakovat tuhfalariyu yurak sirlari qiziqtirardi. Montenning bizga qadar 3 kitobdan iborat « Esse» («Tadqiqotlar», 1580-1588 y.) asari yetib kelgan. «Esse» — lotincha so‘z bo‘lib, «o‘z ustida tajriba o‘tkazish» degan ma’noni anglatadi. Montenning bu asari turli mavzulardagi falsafiy tadqiqotlar majmuidan iborat. Bu asarda 3000 ta iqtibos keltirilgan: avliyo Pavel nasihatlaridan 14 ta, «Ko‘hna Ahd»dan 12 ta, Injildan 4 ta. Shuningdek, allomalar Ekkleziast, Vergiliy, Goratsiy, Aflotun, Epikur, Lukretsiy, Plutarx va Seneka kabi allomalardan olingan bir necha yuzlab iqtiboslar ham ushbu asarda aks etgan. Monten asarlarida qaysi mavzuga murojaat qilmasin, avval o‘z shaxsiy yondashuvini, keyin esa misollarni bayon etadi. Ba’zan esa aksincha yo‘l tutadi. Monten Bordo parlamentining maslahatchisi, keyinroq esa Bordo shahrining hokimi bo‘lib xizmat qilgan. * * *
Monten dunyoqarashining ifodasi: «Men nimani bilaman?»
* * *
Monten «Esse» haqida shunday deb yozadi: «Kitobimning mundarijasi — men o‘zimman». Volter
uning bu fikrini sharhlab, shunday degandi: «Montenning soddadillarcha o‘zini-o‘zi ta’riflashi o‘ziga
xos go‘zallik kasb etadi. U shu yo‘l bilan oxir-oqibat insonning umumiy timsolini yaratdi».
* * *
Gyustav Flober (1821-1880) Monten haqida shunday yozadi: «Qanday kitob o‘qish kerakligi bilan
qiziqayapsizmi? Montenni o‘qing. O’qiganda ham shoshmasdan, ohista o‘qing! Qalbingiz buyuk
donolar fikri bilan to‘yingan zakiylik muhitidan bahra olsin. Shu bois men sizga dastlab Montenni
o‘qishingizni maslahat beraman. Uni boshidan oxirigacha o‘qib tugatgandan keyin, yana qayta
mutolaa qilishga kirishing».
* * *
Bu olamning jamiki donoliklari va fikr-mulohazalari odamlarni o‘limdan qo‘rqmaslikka o‘rgatishga
borib taqaladi.
* * *
Johillikdan qutulmoqni istasang, avval unga iqror bo‘l... Har qanday falsafaning ibtidosida hayrat
yotadi, tadqiqot uning rivoji, bilimsizlik esa intihosidir.