Saida Jo\'rayeva. Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf
www.ziyouz.com кутубхонаси
63
* * *
Dunyoda ikki buyuk tushuncha bor. Bularning birlamchisi — taqdir, ikkinchisi — adolat.
* * *
Bir odam Chjuan-tsziga murojaat qilib:
— Ichi kovak qamishdan yasalgan nay kabi Yerning nayi ham undagi yoriqlardan bunyodga keladi.
Ayting-chi, Koinot nayi nima? — deb so‘radi.
— Koinotda son-sanoqsiz pardalardan ohanglar taraladi. Bu ohanglarning har biri o‘zicha mustaqil
yangraydi. Umuman barcha buyumlar o‘zicha ohang chiqaradi. Ularga kimdir ta’sir o‘tkazarmikan?
* * *
Haqiqat va yolg‘on borasida bahs yuritish bema’nilik bo‘lib, mashhur masaldagi maymunlar
tortishuviga o‘xshaydi. Naql etishlaricha, maymun boquvchi bir odam bo‘lgan ekan. Bir kuni u
maymunlarga shunday deydi: «Ertalab sizlarga uchtadan, kechqurun esa to‘rttadan yong‘oq
beraman». Bu gapni eshitib, maymunlar norozi bo‘lishibdi. Shunda maymunboqar: «Mayli, unday
bo‘lsa, ertalab to‘rttadan, kechqurun uchtadan yong‘oq beraman», — debdi. Maymunlar quvonib,
rozilik bildirishibdi.
Bu hikoyadan ko‘rinib turibdiki, bahsda nom ham, mohiyat ham o‘zgarmay qoldi, ammo u quvonch
va norozilikka sabab bo‘ldi.
* * *
Tuzoq quyonlarni ovlash uchun zarur. Quyonlar ovlangandan keyin tuzoqni umuman unutib
yuboradilar. So‘zlar fikrni tutish uchun kerak. Fikr tutilgandan so‘ng, so‘zni unutadilar. Qaniydi, so‘zni
unutgan odamni topib, u bilan suhbatlashsam.
* * *
Agar siz va men — ikkimiz qay birimiz haq ekanligimizni bilmasak, buni kim aniqlay olishi mumkin?
Deylik, sizning fikringizni qo‘llab-quvvatlovchi odamlarni to‘pladik. Ammo faqat sizgagina hamfikr
bo‘lgan bu odamlar masalani odil hal eta oladilarmi? Yo bo‘lmasa, mening fikrlarimni qo‘llab-
quvvatlovchi odamlarni yig‘dik, deylik. Ular ham faqat menga hamfikr bo‘lganlari bois masalani to‘g‘ri
hal qilishga qodir emaslar... Bordi-yu, sizning ham, mening ham fikrlarimizga qo‘shilmaydigan
odamlarga murojaat etsak-chi? Bizga xayrixoh bo‘lmagan odamlar qanday qilib bir qarorga keladilar?
Agar har ikkimizga hamfikr odamlarni chaqirsak-chi? Ular masalani qanday hal qilardilar?
Ko‘rdingizmi? Siz ham, men ham, boshqalar ham kim haq, kim nohaqligini aniq aytolmaymiz. Xo‘sh,
yana kimdan yordam kutishimiz mumkin?
* * *
Bir kuni faylasuf Chjuan-tszi va Xuy Shi Xao daryosi ustida qurilgan ko‘prik ustida kezib yurishardi.
Chjuan-tszi suvga tikilib, hamrohiga dedi:
— Baliqlar suvda maza qilib o‘ynashayapti. Ular shundan zavq olishadi-da.
— Sen baliq emassan-ku. Ularning nimadan zavq olishini qaerdan bilasan? — deb so‘radi Xuy Shi
quvlik bilan.
— Sen men emassan-ku. Ularning nimadan zavq olishlarini bilmasligimni qaerdan bilasan? — dedi
faylasuf ham bo‘sh kelmay.
— To‘g‘ri, men sen emasman, — deb javob berdi Xuy Shi. — So‘zsiz men seni bilmayman. Lekin
sening baliq emasliging aniq. Shunday ekan, sen hech qachon ularning nimadan zavq olishlarini
bilolmaysan.
Faylasuf dedi: