www.ziyouz.com kutubxonasi
60
Lirik qahramon naqadar ayanch ahvolda qolganligini o‘sha mubolag‘ali manzara vositasida
ko‘rsatishga ham Navoiy sayyoralar obrazini safarbar qiladi:
Zuhra holimg‘a surudin navhag‘a aylab badal,
Changining sochin yoyib, durri sirishk izhor etar.
Zuhra — Cho‘lpon yulduzi azaldan Sharq adabiyotida osmon cholg‘uvchisi, sozandasi sifatida
tasvirlaiib keladi. Zuhra yulduzining shu xosiyatini nazarda tutmay turib, Navoiy baytini to‘la
tushunish qiyin. Xullas, baytda mujassam badiiy mazmun shundan iboratki, cholg‘uvchi sayyora lirik
qahramon ahvolini ko‘rib, chalib turgan kuyini mungli va nolavor yig‘iga aylantirib yuboradi. Uning
qo‘lidagi chang esa sochlarini yoyib, ko‘zyosh durlarini ohang libosida socha boshlaydi.
Kechinmalar fojeiyligiga asoslangan lirik syujet tobora avj nuqtasiga ko‘tarila boradi. Zuhra
yulduzining cholg‘usi bilan birga sochlarini yoyib faryod chekishi lirik qahramon halokatidan darak
bersa, keyingi baytlar buni qonuniylashtiradi:
O‘lmakim anglab Utorid holima deb marsiya,
Sharhi dardim nazmidin har lahza yuz tumor etar.
Oy halokimga tutub motam, kiyib tundin qaro,
Orazin sayli bila ahli azo kirdor etar.
Utorid — Merkuriy planetasi qadimiy adabiyotda afsonalarga suyanib falak kotibi, yozuvchi va
shoirlarning homiysi sifatida talqin etilgan. Navoiy ham shu talqinga tayanib, Utoridni shoir va homiy
yanglig‘ gavdalantiradi. Go‘yo Utorid lirik qahramon o‘limini anglab, marsiyalar yozadi. Uning
dardlari sharhidan nazmiy marsiyalar yaratadi. Lirik qahramoi dardi shu qadar ko‘pki, uni sharhlab
yozilgan marsiyalardan har lahzada yuz tumor — buklab o‘ralgan nomalar maydonga keladi.
Shoir sayyoralarning falakdagi holatidan g‘azalda juda o‘rinli foydalanadi. Ma’lumki, oy qaro tun
bag‘rida joylashgan bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, Navoiy uni qaro to‘n kiygan (yig‘lab faryod
chekayotgan) motamsaro azakashga o‘xshatadi.
Xullas, tahlil doirasiga tortilgan baytlar jonlantirish — tashxis san’atining go‘zal namunalaridan.
Bu baytlar g‘azalda o‘ziga xos lirik voqeabandlikni tashkil etgan.
G‘azal ulkan badiiy mahorat mahsuli sifatida Navoiy ijodida, umuman, o‘zbek g‘azaliyotida
muhim o‘rin tutadi va hamisha ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini saqlab qoladi.
Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar
Dostları ilə paylaş: |