180
– Qassob tayyor, hozir bo‘gizlatsak bo‘lmaydimi?
Yo‘q, – dedi O‘zbek oyim, – osh egasi bilan shirin! Ha, aytgandek,
qudangiznikiga yuborgan kishingiz keldimi?
Asal uchun shoshib borgan Zaynab to‘xtab qaynotasining og‘ziga qaradi.
–
Borib keldi, – dedi hoji, – Alimbek dalasiga ketgan ekan, xotin qudalar
kelishmoqchi bo‘lishibdir.
Zaynab asalga ketdi. Hoji O‘zbek oyimning yoniga yurib keldi va sekin
so‘radi:
– Zaynab xafa emasmi?
– Nimaga xafa bo‘lar edi.
– Axir, so‘rayman-da.
–Tuppa-tuzuk, – dedi O‘zbek oyim, – tashqaringizdan Oybodoq
qutulayozdimi?
– Qutulib qoldi. Mahalladan ham uch-to‘rt kishi aytdim, oshni ko‘proq
qilish kerak. Oybodoq tashqarini yig‘ishtirib kirdi. Hoji mehmonxonaga
chiqib ketdi. O‘zbek oyimning amricha, Oybodoq, Zaynab va hasharchi
xotinlar kulcha yasashga o‘tirdilar.
Kun tushdan oqqanda hamma saranjom olingan edi. O‘zbek oyim to‘yga
boradigan xotinlardek yasangan, egnida odimi xon atlas ko‘ylak,
boshida oq
shohi dakana, ko‘zida surma edi. O‘zbek oyimning “Kelinni xor tutar ekan,
demasinlar, sen ham o‘zingni tuzat” , deb aytgani uchun Zaynab ham tamom
ipaklarga ko‘milib yasangan… Zaynabning onasi – Mohira oyim, opasi –
Xushro‘ybibi va yangasi Hanifanisolar ham kelishdilar. O‘n chog‘li xotin
bo‘lishib sovutmachoq dasturxonga o‘tirishdilar. O‘zbek oyim majlisga –
marg‘ilonlik qudaning odamgarchilikni bilishidan, Otabekni Toshkentdan
uylantirishga qarshi lom-mim demay, qaytaga o‘zi kuyovi bilan birga kelib,
to‘yni o‘tkazib ketganidan Marg‘ilondagi obro‘sidan
va davlatidan bahs qilib
aytar edi:
– Bechoraning bori-yo‘g‘i peshonasidagi bolasi bizning kelinimiz.
Otabekni o‘z bolasidan ham yaxshi ko‘rib, “O‘g‘lim bo‘lsa, shundog‘ bo‘lar
edi-da, mendan keyin hamma davlatim shuniki, ilohi omon bo‘lsin!” der
ekan…
– Ha, aylanay quda… qars ikki qo‘ldan chiqadir, deganlar… Buzoq
yaxshi bo‘lsa, ikki onani emar ekan… – dedi Mohira oyim.
…Oybodoq tashqaridagi guldur-guldurni eshitdi va chopib mehmonlar
o‘tirgan uyning darichasi yoniga keldi: “Kelishganga o‘xshaydirlar” – dedi.
O‘zbek oyim boshliq xotinlar hovli yuzasidan tushdilar.
–
Sevinchi bering, bek buvi, kennoyim keldila!
O‘zbek oyim cho‘nchagiga qo‘lini solib, besh-o‘n pul olib, bolaga berdi.
Bola orqasidan Hasanali ko‘rindi:
181
Qani, oyi, ko‘rmanani bering-chi, men sizning
qochqoq keliningizni tutib
keldim! – dedi va yo‘lakka qarab:
– To‘xtang, to‘xtang, ilgari men sevinchimni undirib olay.
Yo‘lakdan Oftob oyim ko‘rindi. Paranjisi boshida, chashmbandi qo‘lida
edi. Hasanali O‘zbek oyim bilan tanishtirdi:
– Bu kishi qudachangiz – Oftob oyim bo‘ladirlar.
O‘zbek oyim Oftob oyim bilan salomlashib quchoqlasha ketdilar, boshqa
xotinlar uning bilan ko‘rishib chiqdilar. Hammaning ko‘zi alang-jalang keldi.
Kumushni axtarishar edilar. Kumush hali ichkariga kirgan emas. O‘zbek
oyimning ikki ko‘zi yo‘lakda. Hasanali bir yo‘lakka va bir O‘zbek oyimga
qarab nima uchundir ko‘zini qisib qo‘yar edi. Oftoboyim qudasi yoniga keldi:
“Uyalib turgandir” deb kuldi. O‘zbek oyim kulimsirab yo‘lak tomonga:
– Hoy, poshsha kelin! – dedi – Bizlar kutib qoldik-a, uyalmang, bolam!
Hasanalining ko‘rmanasi bo‘lsa tayyor!
Hasanali yo‘lakka qarab imladi… Qip-qizargan holda Kumush ko‘rindi:
paranjisi qo‘lida, qora atlas ko‘ylak egnida, zangor latta mursak ustida, oq
shohi ro‘mol boshida edi. Shahlo ko‘zlari kulimsirashga
yaqin holda uyatli
edilar.
Hasanali tanitdi:
– Mana bu kishi qayin onangiz – bek oyim bo‘ladirlar.
Kumush salom berdi va qo‘lidagi paranjasini yerga tashladi, yugurib
kelib o‘zini O‘zbek oyimning quchog‘iga oldi…
Qaynona–kelin bir daqiqa chamasi ko‘rishib qoldilar. So‘ngra Kumush
boshqalar bilan bir-bir ko‘rishib chiqdi. Eng keyin orqadan Zaynab ko‘rindi.
O‘zbek oyim kulib Kumushga qaradi:
– Qani, o‘zing tani-chi, kim ekan bu!
Kumush hayron bo‘lib qolmadi… ipaklar ichiga g‘arq bo‘lgan Zaynabga
qarab olib, unga tomon odim tashladi:
– Zaynab opam! – dedi. Ikki kundosh “Esonmisiz, omonmisiz, eson-
omon yuribsizmi…” so‘zlari bilan ozorsiz qilib bir-birining yelkasiga qo‘l
yuborishdilar.
– Qani, bek otasi, ko‘rmanani bering-chi! – dedi O‘zbek
oyim Kumushni
imlab. Kumush uyalib zo‘rg‘agina salom berdi va Yusufbek hojining
yaqiniga kelib bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib
suydi va Kumushning manglayiga tegizib olgan o‘z qo‘lini o‘pdi:
– Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay
yurgan ekanmiz-da! – deb tevaragiga qarab kulindi va qo‘lini duoga ochdi. –
Bizni shunchalik siylab kelibsizlar, bu yaxshiliklaringiz bizdan qaytmasa,
xudodan qaytsin. Ollo taolo yoshlarga tinch va barakatli umr bersin… Ilohim
qabul qilsin duolarimizni...
(Abdulla Qodiriy. “O‘tkan kunlar” romanidan)