www.ziyouz.com kutubxonasi
6
Devona esa minib olgan “ot”iga ishora qilib: “Yonimga kelma, otim tepadi”, dedi va
ketishga chog‘landi. U kishi: “Otingni to‘xtat, menga sening maslahating zarur, men
uylanmoqchiman”, dedi. Devona biroz o‘ylanib turib dedi: “Bilki, ayollar uch toifa bo‘ladi:
birinchisi sening foydangga, ikkinchisi sening zararingga, uchinchisi esa yo sening
foydangga yo zararinggadir”, deya “ot”ining boshini burib, keta boshladi.
U kishi devonani yana to‘xtatib: “Aytganlaringni ma’no va hikmatlarini menga sharhlab
ber” dedi. Devona unga shunday javob qaytardi: “Birinchi toifa deganim, bu bokira
qizdir. Chunki nikohdan so‘ng uning qalbi va mehru muhabbati faqat senga bog‘lanadi.
Zero, u sendan boshqa bilan ulfat va uns olmagandir. Ikkinchi toifa deganim, bolali beva
ayoldir. U sening molingni yeydi, ammo avvalgi erini deb ko‘z yosh to‘kadi. Uchinchisi,
yo foydang yo zararingga deganim, bu avvalgi eridan farzandi bo‘lmagan juvondir. Agar
sen avvalgi eridan yaxshiroq bo‘lsang, seni do‘st tutadi, mabodo yomonroq bo‘lsang, u
holda senga dushman bo‘lishi mumkin”.
Devonaning javobidan hayratda qolgan u kishi so‘rabdi: “So‘zlaring hakimona, ammo ne
uchun qilmishlaring devonavor?”. Devona javob berdiki: “Ey birodar! Meni mas’uliyatli,
oxiratda esa javobi qattiq va og‘ir bo‘lgan qozilik mansabiga tayin qilmoqchi edilar. Men
bu xatarli lavozimni qabul qilmaslik uchun o‘zimni devonalikka urdim va undan qutilib
qoldim”.
Hukamolar aytadilar: uylanuvchining bo‘lajak qallig‘i o‘zidan to‘rt jihatda: yoshda,
qomatda, boylikda, hasabda (obro‘ va e’tiborda) past bo‘lishi hamda to‘rt jihatda: husnu
jamolda, odobda, axloqda va taqvodorlikda ustun bo‘lmog‘i darkor.
Kuyov kelin uchun to‘y oldidan turli xushbo‘yliklar, mushk va surmalar kabi pardoz
ashyolaridan hadyalar yuborsin, o‘zi ham uning oldiga kirayotganda xushbo‘yliklar
sepsin. Shuningdek, nikohdan oldin kelin-kuyovning bir bora uchrashishlari
sunnatdandir. Zero, nikohdan oldin vakillar huzurida bir-birlarini ko‘rmoqlari to‘ydan
so‘ng o‘zaro uns va ulfat bo‘lishlariga sabab bo‘ladi. Uylanayotgan yigit o‘zining
mahramlari - onasi, singlisi, amma yoki xolasi orqali kelin bo‘lmishning lab-tishlarini,
qosh-qovog‘ini, ko‘z-kipriklarini, sochini, bo‘yni-yu tomog‘ini, bag‘baqalari, yuzi, poshna
va boldirlarini ko‘rdirib, hatto hidlatib olsa ham ravo. Toki nikohdan so‘ng undan nafrat
qilmasin.