BOTU (MAHMUD HODIYEV) (1904-1938) Botu yangi zamon o’zbek adabiyotini boshlab berganlardan biri, iste’dodli shoir va jamoat arbobi
edi. U 1904 yil 16 mayda Toshkentning Shayxovandtohur dahasining Qatorterak mahallasida
tug’ildi.
Boshlang’ich ta’limni eski usuldagi maktablarda olgan bo’lsa ham, oliy ta’limni Moskvadagi
Pokrovskiy nomidagi institutning rabfakida (1921) oldi. So’ngra Moskva Davlat dorilfununining
iqtisod fakultetida o’qishni davom ettirdi (1921—1927). Samarqand Pedakadyomiyasiga
qaytgach, adabiy va ilmiy ish bilan mashg’ul bo’ldi. 20-yillarning o’rtalaridan boshlab, partiya,
davlat ishlarida faollik ko’rsata boshladi. Samarqandda nashr etilgan «Alanga» oynomasida va
«Farg’ona» ro’znomasida muharrirlik qildi.
Shu davrdan boshlab, uning she’r va hikoyalari, publitsistik asarlari va ocherklari — «Bilim
o’chog’i», «Inqilob», «Tong», «Alanga», «Maorif va o’qituvchi» singari oynomalarda chop etiladi.
Uning «Hayit harom bo’ldi» (1929), «Tursun» (1930) kabi hikoyalarida eskilik bilan yangilik
o’rtasida kurash, ziddiyat o’z ifodasini topdi. Ayniqsa, «Hayit harom bo’ldi» hikoyasida eski
dunyo tarafdorlarining inqirozi hajviy yo’sinda fosh etiladi. Uning «Oktyabrdan so’ng o’zbek
adabiyoti...», «Umid uchqunlari», «To’lqin tovushlari» kabi maqolalarida esa til, imlo, adabiyot
taqdiri haqidagi o’z qarashlarini bayon etadi. Shuningdek, uning «Umid uchqunlari»,
«To’lqinlarim» (1930) kabi she’riy to’plamlari nashr etiladi. Ulardagi «O’zbek qiziga» (1920),
«Kuz kunida», «Parchalar», «So’rma», «Hijron to’lqinlari», «Umid uchqunlari» (1925) kabi
she’rlari samimiy va hayajonli tuyg’ular ifodasi edi. Ayniqsa, uning tabiat go’zalliklari, sehrli,
karomatini ochuvcha «Ko’klam», «Oloy qizi», «Kaspiy dengiziga» kabi she’rlari kitobxonni o’ziga
maftun etardi. Shoirning «Birinchi xat» poemasi ham mashhur bo’lgan. Eng muhimi, uning
she’rlarida porloq, ozod kelajak uchun kurash bosh motiv desa bo’ladi. Shu jihatdan, uning
«Qo’zgolish», «Isyon», «Bizning tovush», «U kun», «Yosh yurak to’lqinlari» kabi o’nlab
she’rlarida hayot, kurash, kelajak tushunchasi bosh mavzudir. Shuning uchun xam shoir o’z
yurti, eli osmonini musaffo ko’rishni xohlaydi:
Yirtilingiz, ey yaramas qora qalin pardalar, Hech yovuqsiz yulduzlarning nurli yuzi ochilsin! Yo’qolingiz yorug’likni to’saturgan bulutlar, Yurtimizga eng yuksakdan yorug’liklar sochilsin! Ha, shoir orzu qilgan yangi olam ko’ksidagi ozodlik quyoshi, istiqlol quyoshi nur socha boshladi.
Bu nur barqaror bo’lsin, deymiz.
Botu jamoat arbobi va tarjimon sifatida ham elga tanilgan edi. Xususan, respublikamizda
maktab-maorif va oliy ta’limni, fan va madaniyatni rivojlantirishda jonbozlik ko’rsatgani ma’lum.
Biroq, Botu o’z davri siyosatiga mute holda ba’zi xato va ziddiyatli yo’lda ha bo’lgan. Xususan,
Fitrat va Cho’lponlarga («Mening kecham»iga «Mening kunduzim» bilan javob qilgan) qarshi
mafkuraviy kurashlarda ham ishtirok etdi. Shunga qaramay, u adabiyotimiz tarixida o’ziga xos
ovozli shoir, sifatida o’rin egallaydi.
Uning bir o’gli — Erkli Mahmudovich Hodiyev jarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor bo’lsa, qizi
— Naima Mahmudovna Mahmudova tibbiyot fanlari doktori, professor, yirik jamoat arbobi
(Respublika kasaba uyushmasi raisi bo’lgan) hamdir. Botu vafoti haqida xilma-xil qarashlar
mavjud. Ularning birida Botu 1940 yilda xastalikdan vafot etdi deyilsa, boshqasida 1938 yil 8
mayda Moskvada xalq dushmani sifatida otib yuborilgan deyiladi.