Sobir Mirvaliyev
O’ZBEK ADIBLARI
O’zbekiston fanlar Akademiyasining “Fan” nashriyoti
Toshkent - 1993
MUHAMMADSHARIF SO’FIZODA (1869-1937)
Muhammadsharif So’fizoda 1869 yilning 29 yanvarida Namangan viloyati, Chust tumanida
hunarmand-kosib oilasida tug’ilgan.
Otasi Egamberdi So’fi pichoqchilik, charx tortish ishlari bilan mashg’ul bo’lgan. Onasi Zaynab
xola xohishiga ko’ra u qo’shnisi Manzura otindan xat-savod o’rganadi, eski maktablarda ta’lim
oladi. U Hofiz, Bedil, Alisher Navoiy, Muqimiy va Furqat kabi allomalar ijodini chuqur o’zlashtirib,
she’rlar mashq qila boshlaydi. Turkistonda chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti» kabi
Qozon, Orenburg va Boqchasaroyda chiqadigan ro’znoma, oynomalar bilan qiziqadi. Boku va
Tiflisda chop etilgan ozor tilidagi asarlarni mutolaa qiladi.
1893—1898 yillarda u Qo’qonda yashab, Muqimiy, Furqat ta’sirida «Vahshiy» taxallusi bilan
hajviy asarlar yaratadi. Ayniqsa, uning «Dakaning», «Bedanang», “Ayting bu so’zimni”,
«O’pay», «Beg’ubor dardu olam» kabi hajviy va lirik g’azallari e’tiborga loyiq edi. Biroq hali
Muqimiy hajviyasi zarbidan qutulib ulgurmagan zamona hokimlari yosh Muhammadsharifning
keskin tanqidiga qarshi hujum boshlaydilar. Oqibatda u 1899 yili Qo’qondan Chustga qaytib
keladi. Ikki yil o’tgach, uni amir-amaldorlar «ul beadab va bad aslni» dahriylikda ayblab, qatl
etishga hukm chiqaradilar.
O’zining yozishicha, «so’ng Chustdan qochib, Mir viloyatiga tafakkur qilib, muddati 14 yil har
mamlakatda yurub» («Turkiston viloyatining gazeti», 1914, 10-son) umr kechiradi. Xuddi shu
1900—1914 yillar So’fizoda dunyoqarashida muhim bosqich hisoblanadi. Avval Bokuga borib,
Jalil Dulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi ozarbayjon adabiyotining taraqqiyparvar
vakillari bilan tanishadi. So’ng Arabiston shaharlari, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida oddiy
mehnatkash xalq hayotini ko’radi. 1910-1913 yillarda Qo’ng’irotda muallimlik qiladi,
ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan ro’znoma va
oynomalarda tez-tez ko’rina boshlaydi. Ayniqsa, uning mahoratidan darak beruvchi «O’zbek
xonimiga», «Xonimlar isminda», «Vatan», «Muslimalar» asarlari e’tiborli edi.
1913 yilda Chustga qaytib kelib, yetim maktablari ochadi va unda muallimlik qiladi. Dunyoviy
fanlarni yengil va yangi usulda o’rgatishga bel bog’laydi. Ayni chog’da ayrim shariat
peshvolarini, boy-amaldorlarni o’tkir hajviy tig’ bilan savalaydi. Bunga chiday olmagan hokim sinf
vakillari uni halok etish payiga tushadilar. Buni sezgan shoir So’fizoda 1915 yili yana xorijiy
mamlakatlarga ketishga majbur bo’ladi.
Quvdi meni johillar o’shandog’ vatanimdan,
Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan, —
deb, e’tiqodi, irodasini yana bir bor tiklab oladi. Bu safar davomida u Hindistonda, so’ng
Afg’onistonda o’qituvchilik bilan mashg’ul bo’ladi. 1918 yilda Afg’oniston maorif vazirining
o’rinbosari sifatida Turkistonga afg’on vakolatxonasining tilmochi bo’lib tayinlanadi. 1918 yil
so’ngida u afg’on arboblari bilan O’zbekistonga qaytib keladi va shu yerda umrinin oxirigacha
xizmat etadi.
Yana munofiqlar qarshiligiga uchrab, olti oyga qamaladi. So’fizoda butun umr qiyinchiliklar
ko’rsa ham, o’z xalqiga xizmat etishdan zarracha to’xtamadi. Uning asarlari «Qizil O’zbekiston»,
«Mushtum», «Farg’ona» kabi ro’znoma va oynomalarda tez-tez bosilib turdi.
1925 yil 13 avgustda «Farg’ona» gazetasida «Xushchaqchaq qalamlar» sarlavhasi ostida uning
bir qator hajviy she’rlari bosildi. Uning «Haqiqatdan ko’z yumganlar», «Qalaysizlar?, «Saylovga»
kabi she’rlarida o’sha suronli yillar tahlikalari ustida mulohaza yuritiladi. 1934 yilga kelib,
«Bayram nashidalari» nomli dostoni nashr etiladi. Unga o’zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari
uchun Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan bir qatorda 1926 yil 27 fevralda O’zbekiston xalq shoiri
degan yuksak unvon beriladi. U 1937 yilda og’ir betoblikdan vafot etadi.
Dostları ilə paylaş: |