www.ziyouz.com kutubxonasi
43
As-Sadiydan rivoyat qilinishicha, Ibrohim (a.s.) o‘g‘illari Ismoilni sog‘indilar. Soradan ijozat so‘rab, buroqqa
minib Makkaga yo‘l oldilar. Bu vaqtda Hojar olamdan o‘tgan, Ismoil (a.s.) esa Jurhum qabilasidan Ibrohimga
manzur bo‘lgan xotinga uylangan edilar. (Tarixi Tabariy, 1-j. 216-bet.) Ibrohim (a.s.)ning vafotlari haqida As-Sadiy shunday rivoyat qiladi: «Ibrohim (a.s.) Allohdan o‘zlari
so‘ramagunlaricha Azroilni yubormaslikni tilab duo qilgan edilar. O’zlari juda saxovatli kishi edilar. Bir kuni
odamlarni mehmon qilib turganlarida, uzoqdan bir keksa kishining issiqda qiynalib kelayotganini ko‘rdilar.
Uning oldiga darhol eshaklarini yuborib, unga o‘tirg‘izib olib keldilar. Keksa kishi yetib kelgandan keyin uning
oldiga ham taom qo‘ydilar. Mehmon juda keksaligidan luqmani yeyish uchun qo‘li bilan og‘ziga emas, balki
ko‘ziga, qulog‘iga olib borib, keyin og‘zini zo‘rg‘a topdi va unga luqmani tashladi. Ovqat oshqozoniga tushishi
bilan, to‘xtamasdan orqasidan chiqib ketdi. Buni ko‘rgan Ibrohim (a.s.) keksa kishidan: «Bu nima qiliq?» - deb
so‘radilar. Mehmon: «Uzr, qarilik-da!» - dedi. Yoshini so‘ragan edilar, Ibrohim (a.s.) ning yoshlaridan ikki yosh
kattaligini aytdi. «Mendan bor-yo‘g‘i ikki yosh katta ekansiz, men ham sizning yoshingizga borganimda
shunday ahvolga tushamanmi?» - dedilar va Allohga iltijo qilib: «Ey, Alloh! Mana shu odamning holi boshimga
kelmasdan turib mening ruhimni qabz qilgin!» - dedilar. Kelgan keksa mehmon o‘lim farishtasi edi, shu
ondayoq o‘rnidan turib, Ibrohim (a.s.)ni qabzi ruh qildi.
Ibrohim (a.s.) vafot etganlarida, yoshlari ikki yuz yoshda edilar. Ba’zi rivoyatlarda, bir yuz yetmish besh yil
yashaganlari aytiladi. Ibrohim (a.s.) xotinlari Sora dafn etilgan Falastindagi Madinatul-Xalil (Hibrun)(Ba’zi rivoyatlarda Jayrun) shahariga dafn etildilar.