Kimda-kim (qul) topmasa, Allohdan kechirim so'rab, ikki oy muttasil ro'za tutish (bilan kifoyalanadi). Alloh bilimli va hikmatlidir. Izoh: Ya'ni xun to'lash bilan birga ikki oy muttasil ro'za tutadi. Muttasil deganda bir kun tutib, ikkinchi kun tutmay emas, balki 60 kun uzluksiz tutish bir qul ozod qilganning o'rniga o'tadi. 93. Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay. 94. Ey, imon keltirganlar! Alloh yo'lida (jang uchun) safarga chiqsangiz, aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan kishiga bu dunyo foydasini ko'zlab: "Mo'min emassan", - demangiz! Allohning huzurida ko'p o'ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (mo'minligingizni sir tutadigan) edingiz, (so'ngra) sizlarga Alloh ne'mat ato etdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir. Izoh: Bir necha sahobalar Madina tashqarisiga chiqqanlarida bir guruh mushriklarga duch keladilar. Sahobalardan qo'rqib tarqab ketishganda, Mirdos ismli mushrik qolib ularga salom beradi va Imon kalimasini aytadi. Shunga qaramay uni o'ldirib, narsalarini o'lja qilib keltirgan Zayd (yoki Miqdod)ni Rosul alayhis-salom qattiq koyiydilar. 95. Beuzr bo'la turib (uyida) o'tiruvchi mo'minlar bilan Alloh yo'lida mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilar teng bo'lmaydilar. Alloh mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilarni (uyida) o'tiruvchilardan (ko'ra) ortiq darajali qildi. Hammasiga ham Alloh chiroyli (savob) va'da qildi. Alloh ulkan mukofot (taqsimi)da o'tiruvchilardan ko'ra mujohidlarni buyuk ajr bilan afzal etdi. Izoh: "Haj" surasining 39-40- oyatlariga muvofiq, Makka mushriklaridan qattiq aziyat chekkan musulmonlarga, Madinaga kelib qaror topganlaridan keyin ulardan qasos olishga Alloh tomonidan ruxsat etiladi. Jihod so'zi hamma vaqt ham jang va urush mazmunida emas, balki jiddu jaxd, ca'y-harakat, ijtihod, kurash ma'nolarida ham keladi.