ba'zilari bilan do'stdirlar. Sizlardan kimki ular bilan do'st tutinsa, u albatta ulardan (bo'lib qolur). Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmagay. Izoh: Hijratning uchinchi yilida kechgan Uhud jangiga oid bu oyatdagi taqiq musulmonlar uchun yahudiy va nasroniylarning dini yoki millati tufayli emas, balki ungacha musulmonlar bilan xolis aloqada bo'lib kelgan mazkur odamlarga jang asnosida tarafdor va ittifoqdosh bo'lishdan ogohlantirish edi. 52. Dillarida "kasallik" bor kimsalar: "Bizga biror ofat yetib qolishidan qo'rqamiz", - deb, ular tomon intilayotganini ko'rasiz. Axir, Alloh (musulmonlarga) g'alaba ato etib yoki O'z huzuridan biror buyruq berib qolsa, ichlarida sir tutgan narsalariga pushaymon bo'luvchilarga aylanib qolishlari mumkin-ku! 53. (Ana o'shanda) imon keltirganlar: "Zo'r berib, sizlar bilan birgamiz deb qasam ichganlar ana shularmi?" - degaylar. Ularning (savobli) ishlari yelga ketdi, natijada ziyon ko'ruvchilarga aylanib qoldilar. 54. Ey, imon keltirganlar! Sizlardan kimki dinidan qaytsa, Alloh shunday bir qavmni keltirurki, ularni Alloh sevadigan va ular ham Uni sevadigan, mo'minlarga (nisbatan) kamtar, kofirlardan esa (o'zlarini) yuqori tutuvchi, Allohning (toati) yo'lida jiddu jahd qiluvchi, malomatchining malomatidan qo'rqmaydigan bo'lurlar. Bu Allohning fazlidirki, uni O'zi xohlagan (bandalari)ga berur. Alloh (karami) keng, dono zotdir. 55. Darvoqe, sizlarning do'stingiz faqat Alloh, Uning Rasuli va imon keltirganlar hamda namoz o'qiydigan va ruku' qilgan hollarida ham zakot beruvchilardir. Izoh: Bu oyat Hazrat Ali ibn Abi Tolib (r. a. ) xususida nozil qilingan. Ul zoti sharif namoz ichida ruku'da engashib turganlarida, bir gado kelib tilamchilik qiladi. Hazrat Ali barmoqlaridan uzuklarini chiqarib, gado tomonga otib yuboradilar. U kishining bu muruvvatlari Allohga maqbul bo'ladi.