92. Bu (Qur'on) bir muborak, o'zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi, Ummulquro* (deb atalmish Makka ahli)ni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga imon keltiradiganlar unga (ham) imon keltiradilar va ular namozlarini muhofaza qiladilar (davomatli o'qiydilar). Izoh: "Ummulquro" - shaharlar onasi. 93. Alloh sha'niga yolg'on to'qigan, hech narsa vahiy qilinmagan bo'lsa-da, "Menga vahiy qilindi", - degan, shuningdek, "Alloh nozil etgan kabi (men ham oyatlarni) nozil qilaman", - degan kimsalardan kim ham zolimroqdir? Bu zolimlarni o'lim iskanjasida (qolganlarida) farishtalar qo'llarini (ularga) cho'zib: "Jonlaringni chiqaringlar! Bugun Alloh sha'niga nohaq (noloyiq sifatlar)ni gapirganingiz va Uning oyatlariga (amal qilishdan) kibrlanganingiz sababli xorlik azobi bilan jazolanasizlar", - deb turgan holatlarini (bir) ko'rsangiz edi! 94. Alloh qiyomat kuni aytur: "Huzurimizga sizlarni birinchi marta qanday yaratgan bo'lsak, shunday yolg'iz-yolg'iz keldingiz. Sizlarga (mulk qilib) bergan (boylik)larni ortingizda qoldirdingiz. Oralaringizda (Allohga) sherik deb gumon qilib yurgan shafoatchi (oqlovchi)laringizni sizlar bilan birga ko'rmayapmiz. Orangiz uzilib qolibdi. (Oqlaydi deb) o'ylab yurgan (but)laringiz (esa) sizlardan g'oyib bo'libdi". 95. Alloh don va urug'larni yoruvchi (va undiruvchi)dir. O'likdan tirikni chiqaradi va (U) tirikdan o'likni chiqaruvchidir. Ana o'sha Allohdir. Bas, qayoqqa og'ib ketayapsizlar? 96. (U) tong ottiruvchidir. Tunni oromgoh, quyosh va oyni esa hisob belgilari qilib qo'ydi. Bu qudratli va dono zotning o'lchovidir. 97. U sizlar uchun quruqlik va dengiz qorong'uliklarida yo'l topishingiz uchun yulduzlarni yaratgan