164. Ulardan bir guruhi: "Nima uchun Alloh halok etmoqchi bo'lgan yoki qattiq azob bilan qiynamoqchi bo'lgan qavmga nasihat qilyapsizlar?" - deyishganda, (nasihatgo'ylar): "Rabbingizga ("Aytdik, lekin itoat qilishmadi", - deb) uzr aytishar va taqvo qilishar degan umidda (nasihat qildik)", - dedilar. 165. Ularga eslatilgan narsani unutishgach, yomonlikdan qaytaruvchilarga najot berdik va zulm qilganlarni esa buzg'unchiliklari sababli yomon azobga tutdik. 166. Ularga man etilgan ishdan (qaytmasdan) o'jarlik qilganlarida: "Qadrsiz maymunlarga aylaningiz!" - deb ularga (qarg'ish so'zini) aytdik. 167. Rabbingiz ular ustiga to qiyomat kunigacha ularni qattiq azob bilan qiynaydigan kishilarni yuborib turajagini e'lon qildi. Albatta, Rabbingiz jazosi shitob va albatta, U kechirimli va rahmli (ham)dir. 168. Ularni (yahudiylarni) Yer yuzi bo'ylab turli xalqlarga bo'lib tashladik. Ular ichida solih (yaxshi)lari ham, undan berilari ham bor. Ularni zora (to'g'ri yo'lga) qaytsalar, deb yaxshilik (ne'mat)lar va yomonlik (musibat)lar bilan sinab ko'rdik. 169. Ular ortidan Kitob (Tavrot)ga merosxo'r bir avlod kelib, bu dunyo matohini oladigan va "Biz kechirilamiz" deydigan (bo'ldilar). Vaholanki, ularga uning barobarida (yana) matoh kelib qolsa, olaveradilar. Axir, ulardan Alloh sha'niga faqat haq (gaplar)ni aytishlari uchun Kitob (Tavrot) ahdi olinmaganmidi? Undagi (oyat)larni o'rgangan ham edilar-ku! Oxirat diyori taqvo qiluvchilar uchun (dunyo matohidan) yaxshidir. Bas, (buni) anglamaysizlarmi?! 170. Kitob (Tavrot)ni mahkam tutib, namozni mukammal o'qiydiganlar esa, (bilib qo'ysinlarki,) Biz islohotchilar (ahli salohlar) mukofotini zoye qilmagaymiz. Izoh: Ya'ni Abdulloh ibn Salom kabi Tavrotni ham o'zgartirmagan va Qur'oni karimga ham imon keltirganlarga ikki barobar ajr ato qilurmiz.