Qur\'oni karim ma\'nolari tarjimasi. Abdulaziz Mansur
Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir. Izoh: O'rta ummat - ummatlarning yaxshisi demakdir. Zero, "Har bir narsada o'rta hollik yaxshidir" degan hikmatli so'zga hech kim e'tiroz bildirgan emas. Yana bir ma'nosi - qiblalaringni Yer kurrasining o'rta qismida qilganimdek, o'zlaringni ham o'rtahol ummat qildim. Ya'ni, yahudiylardek Maryamni zinokorga ham chiqarmaydigan, nasroniylardek Isoni Allohning o'g'li deb ilohiylashtirmaydigan o'rta, adolat maqomida bo'lursizlar. Yana boshqacha ta'villar ham bor. Boshqa odamlarga, ya'ni ummatlarga guvoh bo'lishingiz, degan oyatning ta'vili shukim, qiyomat kuni boshqa payg'mbarlarning ummatlari o'z payg'mbarlarini tan olmasdan: "Bizga Allohni tanitmagan, buyruqlarini yetkazmagan", - deb da'vo qilar ekanlar. Shunda Alloh taolo Muhammad (a. s.) ummatidan so'raganda: "Biz guvohlik berurmizki, o'tgan hamma payg'mbarlar Allohning buyruqlarini o'z ummatlariga mukammal yetkazganlar", - der ekanlar. "Sizlar buni qayerdan bilursizlar?" - deyilganda, ular: "Bizga Payg'mbarimiz Muhammad (a. s.) Qur'on orqali yetkazganlar" - deb Rasulullohni guvoh qilib ko'rsatar ekanlar. Oyat mazmuni shu ta'vilni taqozo etadi. Izoh(a): Alloh taoloning qiblani o'zgartirishi sabablaridan biri - chin mo'minlarni sinash ekanligi bayon qilinmoqda. Zero, shu voqeadan keyin ko'p munofiqlar asl qiyofalarini ko'rsatib, dindan qaytib ketdilar. Payg'mbarga ergashib, uning yuzlangan qiblasiga hech ikkilanmay o'girilganlarning chin musulmon ekanligi ayon bo'ldi. Qiblani qayta tikladik, deb izoh berilishining boisi, Payg'mbarimiz Muhammad (a. s.) Makkada dastlab Ka'baga qarab namoz o'qir edilar. Madinaga hijrat qilgan birinchi kunlarida Baytul-Maqdis tomoniga qarab o'qishga buyurildilar. Bundan yahudiylar mamnun bo'lib yurdilar. So'ngra qibla yana Ka'baga ko'chirildi. Bu Allohning irodasi bilan bo'lgach, haqiqiy mo'minlar e'tirof etdilar, munofiqlar esa fosh qilindilar.