40. Ular o'z diyorlaridan faqatgina "Rabbimiz Allohdir", deganlari uchun quvilgan edilar. Agar Alloh odamlarning ba'zilarini ba'zilari bilan daf etib turmas ekan, albatta, Alloh nomi ko'p zikr qilinadigan (rohiblarning) uzlatgohlari, (nasroniylarning) butxonalari, (yahudiylarning) ibodatxonalari va (musulmonlarning) masjidlari vayron qilingan bo'lur edi. Albatta, Alloh o'ziga (diniga) yordam beradiganlarga yordam berur. Shubhasiz, Alloh kuchli va qudratlidir! Izoh: Oyatda bir daqiq masalaga ishorat bor. Qaysiki, o'zga dindagi kishilarning ibodatxonalarini ham musulmonlarning masjidlari qatorida, ijobiy ma'noda zikr etilmoqda. Xulosa shuki, musulmonlar diyorida g'ayrislomiy ibodatxonalar bo'lib, ularda Allohning zikri yodlanib turishi tabiiy hollardan biridek ifoda etilgan. 41. Ular (musulmonlar), agar Biz ularni yer yuziga g'olib qilsak - namozni mukammal ado etadigan, zakotni beradigan, yaxshilikka buyuradigan, yomonlikdan qaytaradigan zotlardir. (Barcha) ishlarning oqibati Allohning izmidadir. 42. (Ey, Muhammad,) agar ular (Makka mushriklari) Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, (bilinki) ulardan ilgari Nuh qavmi, Od, Samud (qabilalari) ham (o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni) yolg'onchiga chiqarganlar. 43. Ibrohim qavmi, Lut qavmi ham xuddi shunday. 44. Madyan (shahrining) aholisi ham (shunday qildilar). Muso ham yolg'onchiga chiqarildi. Men kofirlarga muhlat berib qo'yib, so'ngra ularni (o'z azobim bilan) ushladim. Bas, Mening qarshiligim qanday bo'ldi?! 45. Zotan, qanchadan-qancha zolim (kofir) bo'lgan hollarida Biz halok qilgan, tomlari (yiqilib) huvullab qolgan qishloq (shahar)lar, (qancha) tashlandiq quduqlar va yuksak (lekin kimsasiz) qasrlar bordir.