14. Bas, qachonki, Biz (Sulaymonga) o'limni hukm qilganimizda, uning o'limiga faqat asosini yeyayotgan kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Bas, qachonki, u qulab tushgach, jinlarga aniq bo'ldiki, agar ular g'aybni biluvchi bo'lganlarida bu xor qiluvchi azobda (mehnatda) qolmagan bo'lur edilar. Izoh: Sulaymon (a. s.)ga Alloh taolo insu jin, parrandayu darrandalar ustidan podshohlik qilish ne'matini ato etgan bo'lib, bir mis buloq ham u kishiga musaxxar etib bo'yinsundirib qo'yilgan ekan. Payg'ambar itoatidagi jinlar o'sha buloqdan mis eritmasini olib, Sulaymon (a. s.) aytgan buyum va shakllarni yasar ekanlar. Mazkur oyatda jinlarning g'aybiy sirlardan hamisha ogoh bo'lavermasliklari isbotlangan. Zero, agar ular g'aybni bilganlarida Sulaymon (a. s.)ning asoga suyangan holda vafot etganidan voqif bo'lar va majburiy qilayotgan og'ir ishlarini to'xtatgan bo'lur edilar. Vaholanki, ular payg'ambar asosini qurt yeb, yerga qulab tushganlaridan keyingina xabar topdilar. Shunday qilib, Sulaymon (a. s.) o'lib, devlar mehnatdan qutilgan ekanlar. 15. Saba' (qabilasi) uchun o'z maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi- o'ng tomon ham, so'l tomon ham bog'-rog' bo'lib, (Biz ularga): "Parvardigoringiz rizqidan bahramand bo'linglar va Unga shukr qilinglar! (Shahringiz) pokiza shahar, (Parvardigoringiz) mag'firatli Parvardigordir" (degan edik). 16. Bas, ular (shukrdan) yuz o'girgach, Biz ularning ustiga to'g'on bilan (to'sib qo'yilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bog'larini achchiq mevali, yulg'unzor va siyrak butazor "bog'lar"ga almashtirib qo'ydik. 17. Kofir bo'lganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz kofirdan o'zga kimsaga jazo berarmidik?!