17. (Ey, mo'minlar,) bilinglarki, albatta, Alloh "o'lgan" yerni tiriltirur. Mana Biz aql yurgizishingiz uchun sizlarga (qudratimizga dalolat qiladigan) oyatlarni batafsil bayon qildik. 18. Albatta, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar hamda Allohga "qarzi hasana" berganlar uchun (sadaqalari) bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarilur va ular uchun yana sharafli mukofot bordir. 19. Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar - aynan o'shalar Parvardigorlari huzurida siddiqlar va shahidlarning o'zidirlar. Ular uchun (oxiratda) mukofotlari va (yo'llarini yorituvchi) nurlari bo'lur. Kofir bo'lgan va oyatlarimizni inkor etgan kimsalar - ular do'zax egalaridir. Izoh: Siddiqlar imonida sadoqatli kishilardir. Tasavvufda Siddiq payg'ambarlikdan keyingi yuqori maqom, valiylik. Bu maqomga birinchi bo'lib Abu Bakr Siddiq erishganlar. Siddiq - so'zida, niyatida, amalida va va'dasida sadoqatli kishidir. 20. Bilinglarki, bu dunyo hayoti faqat o'yin, behudalik, ziynat, o'zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko'paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg'irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So'ngra u qurigach, uni sarqaygan holda ko'rursiz. So'ngra u o'tin bo'lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag'firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matosidir. 21. (Ey, insonlar,) Rabbingiz tomonidan bo'ladigan mag'firatga hamda Alloh va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo'yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo'lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazli bo'lib, uni O'zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh Ulug' fazl sohibidir.