1. (Muhammad) yuzini burishtirdi va yuz o'girdi. 2. Zero, uning huzuriga ko'zi ojiz odam kelgan edi. Izoh: Bu kelgan odam Abdulloh ibn Ummi Maktum ismli ko'zi ojiz kishi edi. U Rasulullohning band ekanliklarini sezmay o'zining savollariga javob olishga harakat qiladi. Undan malollangan Payg’ambarimiz (a. s.)ning yuzlari burishdi va savollariga javob ham bermadilar. Bu muomala Haq taologa xush kelmadi va mazkur oyatlar bilan tanbeh berdi. Tanbehni ham: "Yuzingni burishtirding" demasdan, "Yuzini burishtirdi", - deb uchinchi shaxs siyg’asida aytdi. Bu esa uncha qattiq botmaydi. Rasulullohning o'zlari oliy xulq egasi bo'laturib, bir ko'zi ojiz odamga shunday xunuk muomala qildilarmi, degan savol tuqilishi mumkin. Yo'q, aslo! Birinchidan, o'zlari Makka zodagonlarini hidoyat sari yo'naltiraolamanmikan, deb umid bilan harakat qilib turganlarida birov kelib ishidan chalg’itgan holatni tasavvur qilib ko'ring. Boshqa har qanday odam ul zotning o'rnida bo'lganida ham uni jerkib tashlagan bo'lur edi. Lekin Rasul (a. s.) yuzlarini burishtirish bilan kifoyalandilar. Buni u a'mo kishi payqagani ham yo'q. Lekin ulug’larning ozgina sahvu xatosi ham boshqalarga nisbatan katta hisoblanadi. Binobarin, Haq Taolo O'z habibini ogohlantirib qo'ydi. Chunonchi, tasavvufda bir ibora bor: "Oddiy yaxshi odamlarning savobli ishlari Allohga yaqin zotlarning gunohlari bilan barobardir". 3. (Ey, Muhammad,) Siz qayerdan ham bilursiz, ehtimol, u (Sizdan foydalanib, o'z gunohlaridan) poklanar 4. yoki eslatma olar-da, so'ng bu eslatma unga foyda berar?! 5. Ammo, boy kimsaga esa, 6. bas, Siz (e'tibor berib) mutasaddilik qilmoqdasiz. 7. Holbuki, uning (o'z kufridan) poklanmasligi Sizga zararli emas edi.