98. Yana, bilib qo'yingizki, Allohning jazosi shiddatli hamda Alloh kechirimli va rahmlidir. 99. Rasul zimmasida faqat (Alloh buyruqlarini odamlarga) yetkazib qo'yish (yuklatilgan)dir. Alloh oshkor qilgan (ish)laringiz va yashirgan (ish)laringizni bilur. 100. Ayting: "Garchi nopok narsaning ko'pligi seni ajablantirsa ham, nopok narsa pok narsa bilan teng bo'lmaydi". Allohdan qo'rqingizlar, ey, aql egalari, toki tole topursizlar! 101. Ey, imon keltirganlar! Sizlarga (javobi) ayon qilinsa, sizlarga xush kelmaydigan narsalar haqida (savol) so'ramangizlar! Qur'on (oyatlari) nozil bo'lib turgan kezlarda ular haqida so'rangiz, (javobi,) albatta, ayon qilinadi. Ularni (oldingi so'raganlaringizni) Alloh kechirdi. Alloh kechirimli va halimdir. 102. U narsalar haqida sizlardan oldingi qavm so'ragan edi. So'ngra o'sha narsalarga (nisbatan) kofir bo'lib qolgan edilar. Izoh: Bu yerda Isroil avlodining qilmishlariga ishorat qilinmoqda. 103. Alloh na "bahiyra", na "soiba", na "vasila" va na "homiy" (kabi odatlar)ni (qilishga amr) qilmagan. Lekin kufrdagi kishilar Alloh nomidan yolg'on to'qiydilar va (ularning) aksariyati aqllarini ishlatmaydilar. Izoh: Bahira - tuyaning erkak tug'ilgan beshinchi bolasi. Uning qulog'ini teshib xoli qo'yib yuborishar edi. Uni so'yish ham man etilar edi. Soiba - safardan salomat qaytilsa yoki kasallikdan forig' bo'linsa, bir tuyani bahira kabi xoli qo'yib yuborishar edi. Shunday tuyaga soiba der edilar. Vasila - Qo'y yetti bor tuqqach, yettinchisi erkak bo'lsa, so'yib yer edilar. Agar urg'ochi bo'lsa, podaga qo'shib yuborardilar. Shu podaga qo'shilgan qo'yning oti vasiladir. Homiy - o'n marta tuqqan chorva hayvonini minmasdan, yuk yuklamasdan, yaylovga erkin qo'yib yuborilar edi. Shu himoyalangan jonivorni homiy der edilar. Bularning hammasi johiliyat davridan qolgan noshar'iy asoratlar ekani haqida Alloh ogohlantirmoqda.