125. Eslang: Bayt (Ka'ba)ni odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qo'ydik. "Ibrohim maqomi"ni namozgoh qilib olinglar! Ibrohim bilan Ismoilga: "Tavof, e'tikof va ruku'-sujud qiluvchilar uchun Baytimni poklangiz!" - deb buyurdik. Izoh: "Ibrohim maqomi" Ka'ba darvozasidan taxminan 20 qadam narida bir maxsus joy bo'lib, Ibrohim (a. s.) shu yerda turib duo qilganlar. Hozirgacha o'sha joy osori atiqalardan sanalib, bir tosh ustiga Ibrohim (a. s.) oyoq izlari ramziy aks ettirilgan va oynali qubba bilan yopib qo'yilgan. E'tikof - bu Ka'bada yoki boshqa masjidlarda maxsus tartibda ibodat bilan mashg'ul bo'lib o'tirish. Odatda Ramazon oyining uchinchi o'n kunligida e'tikofda bo'ladilar. 126. Eslang: Ibrohim: "Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin", - deganda, Alloh: "Kofirlarni esa bir oz rizqlantirib, so'ng do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir", - dedi. 127. Eslang: Ibrohim (o'z o'g'li) Ismoil bilan birgalikda Uy (Baytulloh)ning poydevorini ko'tarar ekanlar, (shunday duo qildilar): "Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen eshituvchi va dono zotdirsan! 128. Ey, Rabbimiz, bizni o'zingga bo'yin sunuvchi qilgin va zurriyotimizdan ham Senga itoat qiladigan ummat (chiqargin)! Shuningdek, bizga (hajga doir) ibodatlarimizni ko'rsatib ber va tavbalarimizni qabul et! Albatta, Sen tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirsan. 129. Ey, Rabbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'mbarni yuborgin! Albatta, Sen qudrat va hikmat egasidirsan".