33. (U) doimo faoliyat ko'rsatib turuvchi quyosh va oyni ham sizlarga bo'yin sundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo'yin sundirdi. 34. Shuningdek, sizlarga barcha so'ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangizlar, sanog'iga yetaolmaysizlar. Haqiqatan, inson o'ta zolim va juda noshukrdir. 35. (Ey, Muhammad,) eslang, Ibrohim aytgan edi: "Ey, Rabbim! Bu shaharni (ya'ni, Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig'inishdan yiroq qilgin! 36. Ey, Rabbim, U (sanam)lar ko'p odamlarni yo'ldan ozdirdi. Bas, kim menga ergashsa, ana o'sha mendandir (mening dinimdadir). Kim menga itoatsizlik qilsa, yana O'zing kechirimli va mehribonsan. 37. Ey, Rabbimiz! Men zurriyotimdan (bir qismini - o'g'lim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o'smaydigan bir vodiyga joylashtirdim. Ey, Rabbimiz! (Ular) namozni mukammal ado etsinlar deb (shunday qildim). Bas, Sen O'zing odamlarning dillarini ularga moyil qilib qo'ygin va ularni (barcha) mevalardan oziqlantirgin, shoyad (shunda) shukr qilsalar. Izoh: Ibrohim (a. s.)ning katta xotinlari Sora tug'magandan keyin, Hojarga uylanadilar. U homilador bo'lgach, Sora rashk qiladi. Bir rivoyatda Hojar tug'ishidan oldin, boshqa rivoyatda Ismoilni tuqqanidan keyin Ibrohim (a. s.) uni Makka vodiysiga eltib qo'yadilar. Demak, Ismoil (a. s.) Quds yoki Makkada tug'ilgan bo'ladilar. Har ikki rivoyat ham oyatga to'g'ri kelaveradi. Hojar bilan yosh Ismoilga birinchi navbatda suv kerak edi. Haq taolo o'z qudrati bilan jazirama vodiydan Zamzam bulog'ini oqizib qo'ydi. 38. Ey, Rabbimiz! Sen bizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilursan. Alloh uchun Yerda ham, osmonda ham biror narsa maxfiy emasdir.