mo'minlar) qayerda bo'lsangizlar, yuzlaringizni o'sha (Ka'ba) tomonga o'giringizlar! Toki g'arazli odamlarda sizlarga qarshi hujjat bo'lmasin. Magar, ular ichida zolimlari (ham) borki, sizlar ulardan qo'rqmangiz, balki Mendan qo'rqingiz. Bu sizlarga ne'matlarimni (yanada) mukammal qilib berishim va hidoyat yo'lini topib olishlaring uchundir. 151. Shuningdek, sizlarga o'zingizdan bo'lmish bir payg'ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o'qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni ta'lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi. 152. Bas, Meni yod etingiz, Men ham sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz! 153. Ey, imon keltirganlar! sabr va namoz (o'qish) bilan (Mendan) yordam so'rangizlar! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir. 154. Alloh yo'lida qatl etiladigan (shahid)lar haqida: "(Ular) o'likdirlar", - demangiz! Yo'q, (ular) tirikdirlar, lekin sizlar (buni) sezmaysizlar. 155. Sizlarni biroz xavf, ochlik bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! 156. Ularga musibat yetganda: "Albatta, biz Allohning mulkimiz va albatta, biz Uning sari qaytuvchilarmiz", - deydilar. 157. Aynan o'shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag'firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir. 158. Albatta, Safo va Marva (tepaliklari) Allohning shiorlaridandir. * Bas, kim haj yoki umra qilganida u ikkisini tavof etsa, unga gunoh yo'qdir. O'z ixtiyori bilan biror xayrli ish (nafl haj yoki umra) qilsa, albatta, Alloh shukrni qabul etuvchi va dono zotdir. Izoh: Safo bilan Marva tepaliklari qadimdan tavof qilinar edi. Lekin bu tavof johiliyat aqidasiga muvofiq ravishda shirk aralash ado qilinar edi. Islom dini bo'yicha musulmonlar haj paytida bu ikki tepalik o'rtasida yurib sa'y qilishga buyurilganda, ular gunohkor bo'lib qolmasmikanmiz, deb, ikkilanib turganlarida, shu oyat nozil bo'lib, Islom shariati bo'yicha sa'y qilish joriy qilindi.