46. (Alloh) aytdi: "Qo'rqmanglar! Albatta, Men sizlar bilan birgaman - eshitaman va ko'raman. 47. Bas, sizlar uning oldiga borib: "Biz Parvardigoringning elchilaridirmiz. Isroil avlodini biz bilan birga qo'yib yuborgin, ularni azoblamagin. (Biz) senga Rabbing (tomoni)dan hujjat keltirdik. Hidoyatga ergashganlarga salom (omonlik) bo'lur. 48. Bizga vahiy qilindiki, (Allohning payg'ambarlarini) yolg'onchi qilgan va (imon keltirishdan) yuz o'girgan kimsalarga azob bo'lur", deb. 49. (Fir'avnga kelib, mazkur so'zlarni aytishgach) u dedi: "Ikkingizning Rabbingiz kim, ey, Muso!" 50. (Muso) aytdi: "Rabbimiz har bir narsaga o'z yaratuvchiligini ato etib (ko'rsatib), so'ngra (uni) to'g'ri yo'lga yo'llagan zotdir". 51. (Fir'avn) dedi: "Unda, avvalgi avlodlarning holi nedir? (Rabbing ularni ham azoblaganmi?)" 52. (Muso) aytdi: "Ular haqidagi ma'lumot Rabbim huzuridagi Kitob (Lavhul-Mahfuz)dadir. Rabbim adashmas va unutmas". 53. U Yerni sizlar uchun beshik (qarorgoh) qilib qo'ydi va unda yo'llar paydo qildi hamda osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan turli o'simlik navlarini undirib chiqardik. 54. Sizlar (ulardan) yenglar va chorvalaringni boqinglar. Albatta, bunda aql egalari uchun alomatlar bordir. 55. Biz sizlarni undan (yerdan) yaratdik, unga qaytarurmiz va (qiyomat kunida) sizlarni yana boshqatdan undan chiqarurmiz. 56. Darhaqiqat, Biz unga (Fir'avnga) hamma (to'qqizta) mo''jizalarimizni ko'rsatdik. Bas, u (ularni) yolg'onga chiqardi va yuz o'girdi. 57. (U) dedi: "Sen o'z sehring bilan bizlarni yerimizdan chiqarish uchun keldingmi, ey, Muso!
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur