deb vahiy yubordik. 78. Bas, Fir'avn ularning ortidan o'z lashkarlari bilan quvgan edi, ularning dengiz o'raganicha-o'radi (ya'ni, g'arq bo'ldilar). 79. Fir'avn o'z qavmini adashtirdi, to'g'ri yo'lga boshlamadi. 80. Alloh dedi: "Ey, Isroil avlodi, Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (Musoga Tavrot nozil qilish uchun) Tur (tog'i)ning o'ng tomonini va'dalashdik va sizlarga shirinlik va bedanalar yog'dirdik. 81. Pok rizqlarimizdan yenglar va ularga (shukr qilmaslik bilan) haddan oshmanglar, aks holda ustingizga Mening g'azabim tushar. Kimning ustiga g'azabim tushar ekan, u albatta yiqilur (halok bo'lur). 82. Men, albatta, tavba qilgan hamda imon keltirib, ezgu ish qilgan, so'ngra to'g'ri yurgan kishilarni mag'firat qiluvchidirman". 83."Qavmingdan nega ilgarilab ketding, ey Muso!" 84. U aytdi: "Ular - ana, izimdan kelurlar. Men esa, ey, Rabbim, Sen tomon rozi bo'lishing uchun shoshdim. " 85. (Alloh) dedi: "Haqiqatan, Biz sening ortingdan qavmingni imtihon qildik. Somiriy ularni yo'ldan ozdirdi". Izoh: Muso (a. s.) Tur vodiysiga ketish oldidan Allohdan o'zgaga sig'inmaslik haqida Isroil avlodiga qattiq ko'rsatma berib ketgan edilar. Biroq Somiriy ismli bir sehrgar tilladan yasagan buzoqqa sig'inib, ahdni buzdilar. 86. Bas, Muso qavmiga g'azablangan va afsuslangan holda qaytib kelib, dedi: "Ey, qavmim! Parvardigoringiz sizlarga (Tavrot nozil etishi haqida) chiroyli va'da qilmaganmidi?! Sizlarga (kechgan) vaqt uzun (ko'rinib) ketdimi yoki ustingizga Rabbingiz tomonidan g'azab tushishini xohlab, menga bergan va'dangizni buzdingizlarmi?!"