96. U aytdi: "Men ular ko'rmagan narsani ko'rdim. Bas, elchi (Jabroil)ning izidan bir siqim olib, uni (buzoqning haykaliga) sochgan edim (undan tirik buzoq kabi ovoz chiqdi). Nafsim ana shunday qilishni menga chiroyli ko'rsatdi". Izoh: Uning ko'rgan narsasi - Jabroil farishta Muso (a. s.) oldiga kelganda, uning minib kelgan otining tuyog'i tekkan narsalarga jon kirgani edi. 97. (Muso) dedi: "Bas, ket! Endi sen uchun hayotda "(Menga) tegish yo'q!" deyishgina qolur. Oxiratda esa sen uchun sira xilof qilinmaydigan bir va'da (azob) bordir. Sen ustidan jilmay sig'inayotgan "ilohing" (holi)ni ko'rib qo'y! Biz, albatta, uni yondirib, so'ngra (kulini) dengizga sochib yuborurmiz". Izoh: Ya'ni yakka moxov bo'lib qolursan. 98. Ilohingiz Allohdirki, undan o'zga iloh yo'q, U barcha narsani o'z ilmi bilan qamrab olgandir. 99. (Ey, Muhammad,) Biz Sizga o'tib ketgan (avlod)lar xabarlarini shu tarzda so'zlab berurmiz. Shuningdek, (Biz) Sizga o'z dargohimizdan zikr (Qur'on) keltirdik. 100. Kim undan yuz o'girsa, bas, albatta, u qiyomat kunida yuk (gunoh)ni ko'tarur. 101. Ular u yuk (osti)da mangu qolurlar. U (yuk) qiyomat kunida ular uchun juda yomon yuk bo'lur. 102. (U) sur chalinadigan kundir. U kunda Biz jinoyatchilarni ko'zlari (qo'rquvdan) ko'k (nursiz) bo'lgan hollarida yig'urmiz. 103. Ular o'zaro shivirlashib: "(Dunyoda) o'n kungina turdinglar" (deydilar). 104. Biz ularni aytadigan so'zlarini yaxshi bilurmiz. o'shanda ularning yo'lga chechan (dono)lari: "Bir kungina turdinglar",- deydi(lar). 105. (Ey, Muhammad,) ular sizdan tog'lar (qiyomatda nima bo'lishi) haqida so'raydilar. Bas, ayting: "Parvardigorim ularni (qum kabi) sochib yuborur".