www.ziyouz.com кутубхонаси
224
17. Darvoqe, Biz ustingizda yetti yo'lni (yetti qavat osmonni) yaratdik. Biz yaratuvchilikdan g'ofil bo'lmadik. Izoh: Yetti yo'l-osmonlararo o'tgan farishtalar yo'li. 18. Biz osmondan (aniq) o'lchov bilan suv (yomg'ir, qor) yog'dirib, uni yerga joylab qo'ydik va Biz uni ketkazishga ham, albatta, qodirdirmiz. 19. So'ngra Biz sizlar uchun u (suv) bilan xurmo va uzum bog'larini paydo qildik. Sizlar uchun u (bog')larda ko'p mevalar bo'lur va sizlar ulardan yeysizlar. 20. Yana (Biz sizlar uchun) Turi Sayno (tog'i)dan chiqadigan yog' va yeguvchilar uchun nonxurush holda o'sadigan bir daraxtni (zaytunni yaratdik). 21. Albatta, sizlar uchun chorva mollarida ham ibrat bordir: sizlarga ularning qornidagi narsa (suti)dan ichirurmiz, yana sizlar uchun ularda ko'p foydalar bordir, shuningdek, ular(ning go'sht-yog'lari)dan yeysizlar. 22. Yana, (quruqlikda) ularga va (dengizlarda) kemalarga minib yurasizlar. 23. Darvoqe, Biz Nuhni o'z qavmiga payg'ambar qildik. Bas, u: "Ey, qavmim! Allohga ibodat qilinglar! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. Axir, qo'rqmaysizlarmi?" - dedi. 24. Shunda uning qavmidan kofir bo'lgan zodagonlar: "Bu ham xuddi sizlarga o'xshagan odam. (Faqat) sizlardan ustun bo'lib olmoqchi. Agar Alloh (payg'ambar yuborishni) xohlasa edi, farishtalarni tushirgan bo'lur edi. Bizlar bu (Nuh so'zlari)ni avvalgi ota-bobolarimizdan eshitgan emasmiz. 25. U (ya'ni, Nuh) faqat bir jinni odamdir. Bas, uni bir (oz) vaqtgacha kuzatib turinglar", - dedilar. 26. (Nuh) aytdi: "Ey, Rabbim! Ularning menga nisbatan inkoriga qarshi O'zing menga yordam qilgin".