5. Ular avratlarini (haromdan) saqlovchi kishilardir. 6. Illo, o'z jufti halollari va qo'l ostidagilar (cho'rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. 7. Bas, kimki shundan o'zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o'shalar haddan oshuvchilardir. 8. Ular (mo'minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o'zaro) ahdlariga rioya etuvchi zotlardir. 9. Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)lardir. 10. Aynan o'shalar, merosxo'rlardir, 11. Firdavs (jannati)ga voris bo'lishib, u yerda ular mangu qoluvchidirlar. 12. Qasamki, Biz insonni (Odamni) loyning sarasidan yaratdik. 13. So'ngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik. 14. So'ngra (bu) maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha go'sht qilib yaratdik, bas, parcha go'shtni suyaklar qilib yaratib, (bu) suyaklarga go'sht qopladik, so'ngra (unga jon kirgizib, oldingi holidan butunlay) boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng go'zali - Alloh barakotlidir! Izoh: Oyatdagi homilaning rivojlanish bosqichlarini hozirgi ilmiy kashfiyotlar ham tasdiq etmoqda. Bu to'g'rida G'arbning yirik olimlari talay ilmiy izlanishlar natijasida, Qur'oni karimning ilohiy mo''jiza ekanligini yana bir bor tasdiq etdilar. 15. So'ngra, albatta, sizlar (ey, insonlar,) mana shundan keyin, albatta, vafot etuvchidirsizlar. 16. So'ngra sizlar, albatta, qiyomat kuni qayta tirilursizlar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur