www.ziyouz.com kutubxonasi
126
Ayniqsa, yarim tunda...
Shuning uchun ham tunni ihyo qilish, yarim kechasi turib tahorat olib, Alloh
buyurgancha ikki rakat, to’rt rakat, olti rakat, sakkiz rakat, o’n rakat namoz o’qish
kerak. Chunki namoz – ibodatning eng go’zal shakllaridan biri. Ibodatning ko’p xillari
bor. Eng to’liq shakli bu – namoz. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam
buyurmoqdalar:
«Ko’zim namoz tufayli orom topadi. Ko’zimning zavqlanishi, nuri namozdan». Bu – dilim
rohatlanyapti, degani.
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning dillarini rohatlantirgan, ko’zlarini
quvontirib, huzur baxsh etgan namozdan zavq ololmagan kimsa o’zini nazorat qilsin.
Ya’ni: «Men nega bu namozdan zavq ololmayapman?» – deb so’rasin. Demakki, jihozlari
zanglayapti, tuyg’ulari xusronga uchrabdi, demakki, ko’p johil, demakki, bu xususida
ancha orqada, hali g’o’r, pishmaganligini tushunadi. Shu bois inson yolg’izlik mazasini
totishi kerak, muhtaram birodarlarim.
Qur’onni o’qish juda savobli. Hozirgi kunga kelib bizning Qur’oni karim bilan bo’lgan
oshnoligimiz ancha qusurli holga kelib qoldi. Inglizcha, nemischa, frantsuzcha va boshqa
ko’p tillarni o’rganyaptilar-ku, ammo arabchani o’rganib, Qur’oni karimni yodlash
xususida shavq va g’ayrat sarf etilmayapti. O’rganganlarning esa hali xurmati joyiga
qo’yilmayapti.
– Qori, keling, o’tiring, o’qing! Bo’ldi, oling shu tugunchaning ichidagi pulni. Ammo «Qori
bu yerga keling!» – deganining o’zidayoq u odam achchiqlanadi, o’zini noqulay tutadi...
Nojo’ya harakat qilib qo’ygandek bo’ladi. Hofizlikni, ya’ni Qur’oni karimni yod olishni
maqbul bo’lmagan bir ish sifatida ko’radilar, o’ylaydilar. Hofizlik shonu shuhrati, qadr-
qimmati bilinmaydigan holatga kelindi.
Holbuki, Qur’oni karim – Allohning kalomi, unga nazar solishning o’zi ham savob.
Ma’nosini tushunib, hayoti davomida unga amal qilsa, ta’riflab bo’lmas darajada
savoblarga noil bo’ladi. Qur’oni karimni o’qishning o’zi ulug’ savob. Albatta, arab tilini
bilmaydiganlar ma’nosini tushunmaganidan ko’ngildagidek lazzat ololmaydi.
Kechani bedor o’tkazishning yana bir shakli bu – zikr. Zikr nima o’zi? Ba’zi muborak
kalimalarni takrorlash. Masalan, «La ilaha illalloh». Bu kalima insonning jannatga
kirishiga sabab bo’ladi. Yoki: «Allohumma solli ala’ sayyidina’ Muhammadin va ala’ a’li
sayyidina’ Muhammad» ham juda savobli kalima. Agar siz Payg’ambarimiz sallallohu
alayhi vasallamga salotu salom keltirsangiz, uni farishtalar darhol u zotga yetkazadilar.
Shuningdek, «Astag’firulloh» ham bir zikr. Allohdan avf-mag’firat so’rashlik.
«Subhonalloh», «Alhamdu lilloh», «Allohu akbar», «La’ havla va la’ quvvata illa’ billa’ hil
aliyyil azi’m», – bular hammasi muborak kalimalar. Bularni zikr etish g’oyatda savobli.
Yoxud Alloh taoloning ismi azalini, lafzi jalolini yoki «asmoul husna»dan birortasini aytish
ham zikr. Masalan, «Alloh, Alloh», «Ya’ Qayyu’m, ya’ Qayyum», «ya’ Vadu’d, ya’
Vadu’d», – deb aytsa ham zikrga kiradi. Demak, zikr – kechani ihyo qilishning bir
chorasi.