12-bob. Arafotga chiqayotganda va Mino kunlarida takbiri tashriq aytmoq Umar raziyallohu anhu Minodagi chodirlarida takbiri tashriq aytar erdilar, uni eshitgan
masjid va bozor ahli ham qo‘shilib aytar erdi, hatto Mino bundan larzaga kelur erdi. Ibn
Umar o‘sha kunlari Minoda beto‘xtov takbiri tashriq aytur erdilar, besh vaqt namozdan
keyin ham, chodir ichida ham, o‘rin-to‘shak ustida ham, o‘tirgan o‘rinlarida va yurgan
yo‘llarida ham takbiri tashriq aytur erdilar. Maymuna onamiz va boshqa ayollar ham
tashriq kunlari masjidda Abbon ibn Usmon va Umar ibn Abdulaziz boshliq erkaklar
orqasida o‘tirib takbiri tashriq aytishdi».
Muhammad ibn Abu Bakr rivoyat qiladirlar: «Minodan Arafotga ketayotib Anasdan
talbiya (labbayka Ollohumma, labbayka, demoq) haqida so‘radim: «Rasululloh sallallohu
alayhi va sallam birlan birga qanday talbiya aytar erdingizlar?» Anas: «Xohlagan kishi -
talbiya, xohlamagan - takbiri tashrik, aytur erdi, unga hech kim hech narsa demas
erdi»,- dedi».
Ummu Atiyya rivoyat qiladirlar: «Hayit kuni bizga hayit namoziga chiqmoqni buyurishar
erdi, hatto bokira qizlaru hayz ko‘rgan xotinlar ham hayit namoziga chiqishar erdi.
Erkaklar orqasida turib, ular takbir aytishsa, takbir aytur erdik, duo aytishsa, duo aytur
erdik, O’sha kunning barakotini tilab, gunohlarimizdan forig‘ bo‘lmoqni niyat qilur erdik».
13-bob. Yerga sanchib qo‘yilgan nayzaga qarab namoz o‘qimoq Ibn Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ikkala hayitda ham ro‘paralariga
nayzani sanchib qo‘yib (qibla tomonni to‘sib qo‘yib), namoz o‘qidilar»,- deydilar.
14-bob. Hayit kuni imom huzurida anaza (uchida temiri bor hassa) yoki harba (kalta nayza) ko‘tarib yurmoq Ibn Umar rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozga chiqsalar,
ketlaridan anaza ko‘tarib yurishar erdi. Namozdan oldin uni ro‘paralariga sanchib
qo‘yishar erdi. Janob Rasululloh o‘shanga qarab namoz o‘qir erdilar».