www.ziyouz.com kutubxonasi
262
54-bob. Janoza namozida bolalarning kattalar birlan birga safda turishi Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
notanish bir mayyitning qabri yonidan o‘tayotib: «Bu mayyit qachon dafn qilindi?» -
dedilar. «Kecha kechasi»,- dedik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Meni
chaqirsangiz bo‘lmasmidi?»-dedilar. Sahobalar: «Qorong‘i kechada ko‘mdik, sizni
bezovta qilmakni xohlamadik»,- deyishdi. So‘ng Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
janoza o‘qimoqqa kirishdilar. Biz orqalarida saf tortdik. Men ersam o‘sha paytda yosh
bola erdim». .
55-bob. Mayyitga janoza o‘qishning sunnat ekanligi to‘g‘risida Imom Buxoriy rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki
mayyitga janoza o‘qig‘aydir, unga bir qiyrot savob tekkaydir»,- deganlar. Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam: «Do‘stu birodarlaringizga o‘zingiz janoza o‘qingizlar!» -
deganlar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Najoshiyga janoza o‘qingizlar!» -
deganlarida, janozani «namoz» deb atab: «Uning ruku’ va sajdalari bo‘lmag‘aydir, uni
o‘qiyotganda (dunyoviy so‘zlar) so‘zlanmaydi, faqat takbiri tahrima aytilib, salom
berilg‘aydir»,- deganlar. Ibn Umar janozadan avval albatta tahorat olar erdilar hamda
kun chiqayotgan va botayotganda janoza o‘qimas erdilar. Ibn Umar raziyallohu anhu
qo‘llarini ko‘tarib takbir aytar erdilar. «Sahobalar va ularning avlodlari orasida shundoq
kishilarni uchratdimki,- deydilar Hasan Basriy,- ulardan janoza va farz namozlarini
o‘qimoqqa haqlilari, janoza vaqtida yokim hayit namozida tahoratlari sinib qolsa,
tayammum qilmay, suv qidirib topib, albatta qayta tahorat olg‘ay erdilar. Agar janoza
o‘qilayotgan vaqtda kelib qolishsa, o‘zlari takbiri tahrima aytishib, boshqalarga qo‘shilib
janoza o‘qiyverar erdilar».
Ibn Musayyab: «Kishi janoza namozida xoh kechasi bo‘lsin, xoh kunduzi bo‘lsin, xoh
muqimlikda va xoh musofirlikda bo‘lsin, baribir to‘rt marta takbir aytg‘aydir»,- deydilar.
Anas raziyallohu anhu: «Birinchi takbir - namozni boshlashda aytiladirgan takbiri
tahrimadir, Olloh taolo: «Munofiqlardan birortasi o‘lsa, unga zinhor janoza o‘qimangiz!»-
deydir. Janoza namozida odamlar saf tortg‘aydir, imom ersa, oldinga o‘tib janoza
o‘qig‘aydir»,- deganlar.
Sha’biy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan
birga bir mo‘‘minning janozasiga borgan kishi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
janozada bizga imomlik qildilar, biz orqalarida saf tortdik»,- deb aytdi». «Ey Abu Amr,
bu hadisni sizga kim aytdi?»- deb Sha’biydan so‘rashganda, u: «Ibn Abbos aytdi»,- deb
javob bergan erkan.