Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə20/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   52
shaytanat

2


Havo aytarli sovuq emasdi. Ammo qor uchqunlarini o‘ynatib yurgan shamol «ust- boshingning qalinligi menga cho‘t emas, baribir qaqshataman», deganday odamlarga


hamla qilar edi. Shunday havoda pinjagining yoqasini ko‘tarib, qo‘llarini cho‘ntaklariga solib, shumshayib qolgan yigitga qarab birovlar «esi sog‘mi bu odamning» desa, birovlar
«yo‘lto‘sarlar yechintirib olgan shekilli», deb achinardi. Hech kim «bu bechorani kuzda jinnixonaga xuddi shu kiyimda olib kelishgan edi, «xotinim palto olib kelar», deb kutib o‘tirmay chiqib kelaveribdi-da», demas edi.
Avtobusda Anvarning joni picha orom olgan edi. Pastga tushib besh-o‘n qadam bosmay yana qaltiray boshladi. Tez-tez yursa ham isimadi. Hovlisiga bezgakka uchragan odamday titrab-qaqshab kirib keldi. Uyiga kirmay, to‘g‘ri hovli etagidagi onasining xonasiga qarab yurdi. «Uydamikinlar ishqilib?» deb o‘yladi u. Onasi, ko‘zi ojizligiga qaramay, devorlarni paypaslab yurib qo‘shnilarnikiga yo‘rg‘alab qolardi. Mahalla- ko‘yning issiq-sovug‘idan doimo xabardor bo‘lib turgan ayol ko‘zdan qolsa qiyin ekan.
Uyga sig‘maydi. Ko‘ngil qurg‘ur «o‘tirma, qo‘ni-qo‘shnilarnikiga chiq, dardi bo‘lsa dardini ol», deyaveradi. Shunaqa paytda yomg‘irmi-qormi, issiqmi-sovuqmi farqi yo‘q— uydan chiqadi.
Eshikka yaqinlashganida radiodan chiqayotgan ovoz eshitildi. «Uyda ekanlar» deb o‘yladi Anvar yengil tortib. Eshikni ochib ichkari kirishi bilan onasi:

  • Kim? — dedi. Javob kutmay so‘radi: — Anvar, senmisan?

  • Menman, oyi, assalomu alaykum.

  • Voy, bolaginamdan aylanay, kelgan bo‘lsang o‘rgilay, nimaga qaltirayapsan, bolam?

  • u shunday deb o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Anvar tez-tez yurib borib cho‘k tushdi-da, onasini quchdi.

  • Voy, bolam, yupunligingcha kelaverdingmi? Sodiq akangnikiga telpon qilsang bo‘lmasmidi? Xotining uydaydi-ya, lip etib kiyimlaringni olib borardi. Tanchaga o‘tira qol, ha, omon bo‘lgur-a, shunday kelaverganingni qara. — Risolat kampir Anvarni xuddi go‘dakni avaylaganday tanchaga o‘tqazdi. Qo‘lini ko‘rpa orasiga tiqib choynakni oldi-da, choy quyib uzatdi: Anvar hovuri o‘lmagan choydan bir-ikki ho‘plagach, Risolat kampir o‘rnidan turib, radioni o‘chirdi. So‘ng eshikni qiya ochib «Xonzoda-yu, hoy Xonzodaxon», deb chaqirdi. Xonzoda — Anvarning ko‘z ochib ko‘rgan xotini. Asl ismi Zebi. Charlari kuni Risolat kampir «Mening o‘g‘lim anov-manov bolamas, u xonning o‘zginasi, kelinim esa Xonzoda bo‘ladi» deb hazillashganidan beri Zebi — Xonzoda bo‘lib ketgan. Hovlidan

«Hozir, oyijon», degan ovoz keldi. Dam o‘tmay eshik ochilib, Zebi — Xonzoda ko‘rindi. Eriga ko‘zi tushib «Voy», deb ajablandi. Keyin shoshilib salom berdi.

  • Kecha... indamovdingiz-ku? — dedi o‘pkalanib.

  • Kecha noma’lum edi. Bugun qarashsa, tuzalib qolibman. Senga ruxsat, to‘rt tomoning qibla, deyishdi, kelaverdim.

  • Tuzalib qolding, deyishdimi? Oldin kasalakansanmi, voy omon bo‘lgur. Hay, Xonzodaxon, issiq kiyimlarini olib chiqing darrov.

  • Uyga kiraqolinglar... issiqroq-da.

  • Shu yerda birpas o‘tirsin, tancha sovuqning zaxrini oladi. Olovni titib qo‘yay-chi. Shu er sizniki, man bilan birpasgina o‘tirsin, keyin olib chiqib ketasiz.

  • Voy, oyi, gapingizni qarang...

Risolat kampir «bopladimmi», deganday miriqib kuldi.

  • Sodiqnikiga chiqib mullakangizga tilpon qilib qo‘ying. Maskoviga ketmagandir hali. Ukasini ko‘rib ketsin. Hay, yana Habib Sattorovich, demang-a. Mullaka deng...

Xonzoda: «Xo‘-o‘p, oyi» deb chiqib ketdi. U qaynog‘asi bilan birga ishlar, ko‘pchilik
«Habib Sattorovich» degani uchun u ham uyda ba’zan shunday deb yuborar, o‘rnida uzib oladigan qaynona shubhasiz, buni nazardan chetda qoldirmas edi.
Habib Sattorovich Zohidni kuzatib, endigina qog‘ozlariga tartib berayotganida telefon jiringladi. Ukasining qaytganini, onasining topshirig‘ini eshitib, soatiga qarab oldi — hali
vaqt bor. Tezgina kiyinib yo‘lga tushdi.
Anvar tanchaning issig‘ida huzurlanib o‘tirganida akasi kirib keldi. Quchoqlashib ko‘rishdilar.

  • Xafa bo‘lma, seni yo‘qlab bormadim, — dedi Habib. U ukasiga «borolmadim» emas,

«bormadim», dedi. Anvar uning maqsadini tushunib, kulimsirab bosh irg‘ab qo‘ydi. Biroq, Risolat kampir «bormadim»ning ma’nosini anglamay, to‘ng‘ichiga tanbeh bera ketdi:

  • Voy, omon bo‘lgur, ukang shuncha yotib bi-ir martayam bormadingmi? Senki, bormagansan, xotining o‘zingdan besh battar. Voy, man bilganimda sanlarni bi-ir qovurib tashlardim-a! Voy, san insofi yo‘qlar...

  • Oyi, — dedi Habib norozi ohangda, — qo‘ying endi.

  • Nimaga qo‘yarkanman? Hali xotining kelsin. Sen unga maslahat solgansan. U

«qo‘ying, nastraenayz buziladi» degan. San laqma, ko‘ngansan.

  • Oyi, kennayim bordilar, — dedi Anvar vaziyatni yumshatish uchun. — Akamni urishmang, ishlari ko‘p.

  • To‘g‘ri aytding, ishlarim ko‘p. Lekin ishim kam bo‘lganida ham bormas edim. Sababini o‘zing bilasan.

  • Sababini manam bilay-chi, qani ayt-chi, tillaring muncha shirin!

  • Mening tilim shirin, oyi. Mana buningizniki zahar. Shu tili yetaklagan uni u yoqqa. Buningiz kasalmas. Buni miyasinimas, tilini davolash kerak.

  • Shunaqa do‘xtir bo‘lsa birga boraylik, — dedi Anvar quvlik bilan, — suyakli tilingizni sal yumshatib bersin. Tilingiz «a» kvadrat, «b» kvadratdan boshqani aytishga yaramaydi.

  • Oyi, meni urishishga chaqirtiruvdingizmi? — dedi Habib, bir oz achchiqlanib.

  • Seni urishib turish kerak. Hamma ayb o‘zingda. «Ukam o‘zi xohlagan kasbni tanlasin», deding, yoningga olmading. O‘zing do‘xtir bo‘lib olib gerdayi-ib yuribsan. Yetti yot begona bolalarni olim qilib yubording. Ukangning biri ikki bo‘lmay sarson.

  • Buningiz karra jadvalini bilganda ham mayli edi... Ha, nimaga ishshayasan?

  • Qo‘ying, bu gaplarni. Oyim bir gapirdilar-da. Maskovga ketyapsizmi?

  • Ha, MGUda bir oy dars o‘taman.

  • Domlangiz hali ham chaqiryaptimi?

  • Chaqiryapti.

  • Borasizmi?

  • Balki borarman, senga nima?

  • Maskovda haqiqat bor, deb o‘ylaysizmi?

  • Menga haqiqat emas, ilmiy ish uchun sharoit kerak.

  • Haqiqat yo‘q yerda sharoit ham bo‘lmaydi. Domlangiz boshingizni silagani bilgan

«qora-quralar nasibamizni yeb ketyapti», deydiganlar ko‘p u yerda.

  • Sen safsatangni qo‘y. Hozir bittasi kelib boshimni qotiruvdi. Xonzoda kirib, ularning suhbati uzildi.

  • Mehmonxonaga dasturxon soldim.

  • Vo-ey, Xonzodaxon, eringizni olib chiqib ketmaguningizcha ko‘nglingiz tinchimadi-ya!

  • Risolat kampir shunday deb fotiha o‘qidi-da, o‘rnidan turdi. Ikki o‘g‘il ikki qanotida, hovliga chiqdi.

Onaga ikki qanot bo‘lib turgan o‘g‘illarning faqatgina sohasi boshqa emas, dunyolari ham o‘zgacha. Katta qanot ohista uchishni xush ko‘radi. Kichigi charx urishni, o‘zini dovul bag‘riga urishni istaydi. Ona uchun esa olimi ham, isyonchisi ham bir — har ikkovi farzand! Habib Ingliston qirol akademiyasi a’zoligiga erishib, Nobel mukofoti bilan taqdirlangan, Anvar mamlakat jumhurraisi darajasiga yetgan taqdirda ham ona uchun
qulog‘iga gap kirmas, bevosh go‘dak bo‘lib qolaveradi. Dunyoning sehri shundaki, qo‘sh qanoti — ikki o‘g‘ilning fe’liga qarab turib ularning shu onadan tug‘ilganiga shubhalana boshlaysan. Qosh-ko‘z onaga o‘xshasa-da, fe’l tog‘alariga tortgan. Anvar katta tog‘aga o‘xshaydi. Haqiqat izlab topgan ko‘chasi uni turmaga boshlagan edi. Tog‘asi ikki marta qamoq jabrini ko‘rgan bo‘lsa-da, Anvardan omadliroq, hatto baxtliroq ham edi, deyish mumkin. Chunki uning «siyosiy mahbus» degan nomi bor. «Xalq dushmani» deb qoralanganlar endi «xalq qahramonlari» sifatida e’zozda, Anvar haqiqat izlab kirgan ko‘cha esa, uni «jinni» degan unvonga sazovor etdi. Bu unvon yorlig‘i bir umr o‘zgartirilmasa kerak.
Habib o‘rtancha tog‘asiga tortgan. Urushdan qaytib kelganidan beri kunduzi traktor, quyosh botganda yarimta aroqdan boshqa narsani tan olmaydigan tog‘asiga qarab turib, bu bandani ham Xudo yaratganmi, deb ajablanasiz. To‘rt yil qirg‘indan omon qaytgan odam ko‘kraklarini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan nishonlarini biron marta ham taqmabdi.
Biron yerga haqini talab qilib bormabdi. Nemisni uzoqdan bir ko‘rib qolgan odamlar e’zozda yurganlarida u «nima uchun men qora moyga belanib yuraverishim kerak», demabdi. Uning urushga borganini keksaroq odamlar eslashadi, yoshlar esa bilishmaydi. Faqat bir ukrain, bir chex generali uni qidirib kelishdi-yu, shahar biqinidagi qishloq bir seskanib olganday bo‘ldi. Mehmonlar istagi bilan qishloq ahli, qarindoshlar to‘planib qirq yil sandiqda eski ro‘molga tugib qo‘yilgan nishonlar, suratlar olindi. Uning Berlinda Cherchill bilan tushgan surati barcha gazitlarda bosildi. «O‘zbek qahramoni», deb ko‘klarga ko‘tarildi. Ammo «o‘zbek qahramoni» bu paytda u dunyo lazzatlaridan bahramand edi. Generallar izlab kelmasidan ikki yil oldin nemisning o‘qi ololmagan odamni ajal dalada topdi — dorilangan yerga kirib hushini yo‘qotganicha, xuddi panadan uzilgan o‘qqa duch kelganday armonda ketdi.
Habib, umri o‘xshamasin ishqilib, shu tog‘asiga tortgan. Olimlar «Yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bordan yo‘q bo‘lmaydi», deganlaridek, inson fe’li, ruhi ham yo‘qlikka hukm qilinmas ekan. Risolat kampir bolalaridan o‘pkalab, «sen kimlarga o‘xshading, hayronman, dadang unaqa emas edilar» deb qolsa, «falonchi tog‘amga» deb kulishardi. Shunda Risolat kampir o‘g‘lining tog‘asiga sira o‘xshamasligini isbot qilish uchun akalarining fazilatlarini sanab ketardi. Oqibatda bu «fazilatlar qaysi biri senda bor?» deb so‘rardi.
Uni bu paytda tinchlantirishning birdan-bir yo‘li — «hech qaysisi yo‘q» deb tan olish. Aslida-ku, Risolat kampir bolalarining kimga tortganini yaxshi biladi. Bilgani uchun ham ko‘ngli to‘q. Har holda erining urug‘lariga tortmadi-ku. Risolat kampirning qaynilari, qayinsingillari muttahamroq — bezrayib turib yolg‘on gapiraverishadi. Xudo Risolatga rahm qilib, farzandlarini ularga o‘xshatmadi.
Bu dunyo azobidan yetarli totgan Risolat «ko‘zlarimdan nurni olgan parvardigor jonimni qachon olar ekan», deb yurganida kichigining «jinni bo‘lib qolganiga» asti chiday olmadi. Uning dardlariga hovli etagidagi o‘sha tanchali uy guvoh. Ko‘rishga yaramay qolgan ko‘zlar yig‘iga yarab turganiga ham ba’zan shukr qiladi. U Anvarning ishxonasidagi gap- so‘zlarni, xalq otasining nayranglarini bilmaydi. «O‘g‘lim tirnoqqa zor bo‘lgani uchun siqilib kasalga chalingan», deb o‘ylaydi. Institutdagi ahvolni Habib ham aniq bilmaydi, ammo o‘zicha taxmin qiladi. Mana endi o‘g‘lining «tuzalib kelganidan» xursand ona ikki qanotida ikki o‘g‘li bilan hovlini kesib o‘tib, mehmonxonaga boryapti.

3


Habib bir piyola choy ichdiyu safarga hozirlik ko‘rishi lozimligini aytib o‘rnidan turdi.



  • To‘xta, o‘tir, — dedi Risolat kampir. — O‘ris bo‘lib cherkoving yo‘q, musulmon bo‘lib machiting yo‘q, san bolaning. Do‘mga borib musulmonchilikdan chiqding. Duo olib

ketmaysanmi? — shunday deb fotihaga qo‘l ochib uzundan-uzoq duo qilgach, Habib uning yonoqlaridan o‘pib qo‘ydi. Ko‘chaga qadar kuzatib chiqqan ukasiga qo‘l uzatdi-da:

  • Kalovlanib yurganing ham yetar, a? Avval haq gapni ayttirishmaydi, deb nolirding. Yolg‘on gap bilan tarix ilmini yaratib bo‘lmaydi, derding. Endi ham sharoit yetilmadimi? Hammayoqni oshkoralik bosib ketdi-ku? Shoirchiligingni yig‘ishtirib, ilm bilan shug‘ullan. Keyin afsuslanasan. Bunaqa sharoit uzoq davom etmasa kerak, — dedi.

Anvar akasiga qarab jilmaydi-da: «Xudo poshsho!» deb qo‘ydi.
Akasini kuzatib kelib, onasi bilan ikki og‘iz so‘zlashishga ulgurmay, darvoza qo‘ng‘irog‘i bir uzun, ikki marta qisqa-qisqa jiringladi.

  • Hofiz o‘rtog‘ing keldi, — dedi Risolat kampir.

Anvar o‘rnidan turishga ulgurmay, hovlida Elchin paydo bo‘lib, «Mirzo Anvarbek!» deb chaqirdi. Maktabda o‘qib yurishganida o‘rtoqlari uni «Mirzo Anvar», ko‘ngil qo‘ygan qizi Lolani esa «Ra’no» deb chaqirishardi. Bolalik sururi moziyga ko‘chgan bo‘lsa ham Elchin do‘stini erkalagisi kelganda «Mirzo Anvarbek!» deb yo‘qlar edi. Hozir ham lutf bilan shunday deb kirib kelishi Anvarni iydirib yubordi.

  • Opoqijon, quvonib o‘tiribsizmi? — dedi Elchin, kampirning duosini olgach. — Bir oshnamdan xabar olay devdim, niyat xolis-da, o‘zi kelib qolibdi.

Anvar unga qarab «quvligingga qoyilman», deganday bosh irg‘ab qo‘ydi. U yo tabibboshiga qo‘ng‘iroq qilgan, yo o‘zi yana borib kelgan. Anvarning qaytganini bilib kirgan. «Niyat xolisligiga» kampirni ishontirdi, ammo Anvarni laqillata olmadi. Shunga qaramay Elchin Anvardagi o‘zgarishlarga parvo qilmadi. Xuddi uni emas, opoqisi Risolat kampirni ko‘rgani kirganday laqillab o‘tiraverdi. Anvarga «yaxshi keldingmi?» deyishdan boshqa so‘z aytmadi. Kampirning yoniga o‘tirib olib, gapni ahvoli olamdan boshlab, so‘ng barmoqlarini shaqillatib «yovvoyi tanovar»ni xirgoyi qildi. U gaplari bilan kampirni charchatdimi yo ko‘pni ko‘rgan sezgir Risolat ikki o‘rtoqning o‘z gaplari borligini fahmladimi, har nechuk Elchinning nafas rostlashini kutib turib, suhbatni uzdi.

  • Endi men uyimga chiqay, o‘ruscha ustalingda belim qotib qoldi. Sanlar gurunglashib o‘tiringlar. Ammo ichmanglar. Anvarimga sirayam yoqmaydi. San, hofiz bolam, to‘yma- to‘y yurib, ichishga o‘rganib qolgansan. Sanam tashlagin ichkilikni.

  • Otliqqa yo‘q-ku, hozir, — dedi Elchin kulib.

  • Qassobga mol qahatmi, voy bolam, sanlarni bilaman-ku, tomoqlaring qichishsa yerning tagidan bo‘lsayam topasanlar. Shiri-in gaplashib o‘tiringlar. Mana, Xudoga shukr, san oqlanib kelding. O‘rtog‘ing ham keldi. Endi san uylangin, bolam.

O‘rtog‘ingning qayinsinglisini bi-ir ko‘rgin. Husni ham, aqli ham bebaho. Qaynonasi noshukr banda ekan, sig‘dirmay turmushini buzdi. Bitta o‘g‘li bor — olamga tatiydi. San xo‘p desang, bo‘ldi, bu yog‘ini manga qo‘yib beraverasan. Xudo xohlasa, baxting ochilib ketadi. Ko‘nglim sezib turibdi, o‘rtog‘ingning ham baxti ochiladi. Shu bolamning bolasini bi-ir o‘pib keyin o‘lsam armonsiz ketardim. Xudo «shu nevarangni ko‘rasan» deb jonimni saqlab turibdi-da...
Risolat kampir keyingi gaplarini yig‘lamsirab aytdi. Qayinsinglisidan gap ochilganida Anvar «Elchinboy katta odamga kuyov bo‘ladigan, juvonga emas, qizga uylanadigan yigit, uni yerga urmang», deb bir uzib olmoqchi bo‘ldi-yu, onasining kayfiyati buzilganini bilib, indamadi.
Farzanddan gap ochilsa, Anvarning ham yuragi siqiladi. Dastlab tanish-notanishlar
«bola-chaqa omonmi?» deb so‘rashganida o‘ng‘aysizlanib yurdi. Farzandsizlik katta gunohdek tuyuldi. Shunda xotinining gapiga kirib davolanmoqchi ham bo‘ldi. Keyinchalik bola boqib olishga rozilik ham beray dedi. Ammo yon-atrofdagi razilliklarga duch kelavergach «shu azoblarga giriftor qilish uchun bola ko‘ramanmi», deb qaysarlik qildi.
Asta-sekin «bola-chaqa omonmi?» degan so‘roqqa bosh irg‘ab qo‘yar, kayfiyati yaxshi
bo‘lsa «yurishibdi do‘mbillab», derdi. «Bolalardan nechta bo‘ldi?» deb so‘rab qolinsa
«qaysi xotindan?» deb hazilga burvoradigan bo‘ldi. Faqatgina onasi gapir-ganda yuragi siqiladi. Unga «umid qilmang», deya olmaydi. Go‘yo umid uzilsa, joni ham uziladigan- day tuyuladi — «mayli, umid bilan yuraversinlar...»
Anvar onasini qo‘ltiqlab, hovliga olib chiqdi.

  • Mani sudramay qo‘yvoraver, yo‘lni o‘zim topaman, — dedi kampir. — O‘rtog‘ingni yolg‘izlatma. Ko‘nglini ko‘tar, boyaqishning. Bir amallab qayinsinglingni ko‘rsat.

Qudalarimni o‘zim ko‘ndiraman. Qamalgan bo‘lsayam yaxshi bola. — Kampir shunday deb ko‘zi ochiq odamday o‘zi yurib ketdi. Anvar onasi uyga kirguncha izidan qarab turdi. Risolat kampir ostona hatlab o‘tib orqasiga o‘girildi:

  • Nimaga qoqqan qoziqday turibsan, kir ichkariga!

Anvar buyruqqa itoat etib, uy tomon qadam bosganida qo‘ng‘iroq jiringladi. Uch tavaqali darvozaning o‘rta qanoti ochiq edi. Anvar qo‘l qovushtirib turgan qo‘shnisini ko‘rib, chehrasi ochildi.

  • E, kelsinlar, Hojiqori aka, — deb peshvoz chiqdi.

Risolat kampir mehmonning ovozini eshitib, uyi eshigini ochib, o‘sha yerda turib so‘rashdi-da:

  • Moshinangiz topildimi, qori bolam? — dedi.

  • Topildi, xolajon, Xudoga shukr, topildi.

  • Yaxshilikka buyursin. Halolga kelgan narsa yo‘qolmaydi. Qani, kiringlar, Anvarjon, boshla uyga.

Elchin Sobitxon qorini avval ko‘rmagan, u haqda eshitmagan ham edi. Shuning uchun
«kim ekan bu mulla, nima qilib ivirsib yuribdi?» deb o‘yladi. Qorining ma’nodor ko‘zlari unga kiborlik bilan boqqanday tuyuldi. Sobitxon qori qisqagina duo o‘qigach, Anvardan hol-ahvol so‘radi.

  • Ko‘chada mulla Habibxon akani ittifoqo uchratib, bu ko‘ngilxush xabarni eshitdim. Mavridi bo‘lmasa ham, yo‘qlay dedim. Uzr, suhbatlaringizga xalal berdim. Sizni bir borib ko‘rolmadim, buning uchun ham ming bor uzr. Ammo har vaqt duolarda jumla dardmandlar qatorida sizga ham shifo tiladim.

  • Qulluq, taqsir, bu... moshinaga nima bo‘ldi?

  • E, nimasini aytasiz. Odamlardan iymon ko‘tarilsa shu-da. Hovlidan olib chiqib ketishibdi. G‘aflatda qolibmiz. O‘zim yurgizolmay garang edim. Qanday minib ketishdi ekan, hayronman.

  • Qaytarishdimi axir?

  • Qaytarishdi, binoyi yuryapti, deng, — qori shunday deb miyig‘ida kuldi.

  • Tuzatgani olib ketishgan ekan-da, a? — dedi Anvar hazillashib.

  • Koshki edi, koshki edi, — dedi qori jilmayib, — bu bir g‘alamislarning ishi. Asadbek degan odamni eshitganmisizlar?

Bu gapni eshitib Anvar bilan Elchin ko‘z urishtirib olishdi. Qori buni sezmay, so‘zini davom ettirdi:

  • Shu odam deng, mahallasida masjid soldirayotgan ekan. Imomlikka chaqirtirdi. Bormadim. Harom pullarga qurilgan masjidda namoz o‘qib, oxiratimni kuydirmayman, dedim. — Qori keyingi gaplarni g‘urur ohangida aytib «boplapmanmi!» deganday Anvarga qaradi. Anvar suhbatga qo‘shilishga ulgurmay kutilmaganda Elchin so‘z boshladi:

  • Chakki qilibsiz, birodar, — dedi u.

Sobitxon yalt etib notanish mezbonga qaradi. «Qori aka», «Hojiqori aka», «Domlajon»,
«Taqsirim» degan murojaatlarga ko‘nikkani uchun o‘zidan ikki-uch yosh katta odamning
«birodar» deyishi unga erish tuyuldi. Elchin undagi o‘zgarishni payqamay gapini davom
ettirdi:

  • Pulning halol-haromi bo‘lmaydi. Har kim o‘z bilgicha topadi. Lekin pulni harom- xarishga ham, savobga ham ishlatish mumkin. Topgan puliga masjid qurdiribdi, imoratda nima gunoh? Shu pullarni yeb-ichib, aysh-ishratga sarf etsa ham bo‘lardi-ku?

  • Sizning qarichingiz bilan o‘lchansa shundaydir. Ammo Allohning uyi halol peshona teri bilan topilgan pulga qurilmog‘i lozim.

  • Qaysi masjid shunday qurilgan? Peshona teri evaziga topilgan pul qorin to‘yg‘azishga yetmaydi hozir, siz machit qurishdan gapirasiz. Asadbekdan bekorga gumondor bo‘lasiz. U bunaqa mayda ishlarni o‘ziga ep bilmaydi.

  • Vo ajabo, o‘zi ham menga shu gaplarni aytdi. Ammo unga uchrashganim hamon moshinam topildi-da?

  • Topdirib bergandir.

  • Siz uni taniysizmi? Uni juda avaylab gapiryapsiz? Piringiz emasmi, mabodo? Anvar Elchinga so‘z bermaslik maqsadida gapni ilib ketdi. Tanishtirmagani uchun uzr so‘rab, do‘stini ta’riflab berdi.

  • Elchin sizmisiz? — dedi qori ma’nodor qilib. — Ashulalaringiz yodimda. Hozir ko‘p hamkasblaringiz islom yo‘liga o‘tib ibrat bo‘lishyapti.

Elchin bir gapdan qolib, «ha», deb qo‘ya qolsa bo‘lardi. Biroq, «islomga xizmat qilayotganlar»ning kimligini yaxshi bilgani uchun o‘zini tutib turolmadi:

  • Hamma noma’qulchiliklarni qilib ko‘rib, endi musulmon bo‘lib qolishibdimi? Nima edi, o‘g‘ri qarisa so‘fi bo‘larkanmi?

  • Qattiq ketmang, birodar. Gunohlari bo‘lsa, Alloh oldida o‘zlari javob beradilar. Ashula boshlashlaridan avval «bismillohir rahmonir rohiym» deyishlarining o‘zi ulug‘ savob.

Elchin bu gapni eshitib kulib yubordi, bu kulgi qorini g‘azabga soldi. Anvar ularni murosaga keltirish yo‘lini topa olmay kalovlandi.

  • Kulmang, birodar, gunohga botmang, — dedi qori asabiy ohangda. Elchin kulgidan birdan to‘xtab, unga jahl bilan tikildi.

  • Qoshu ko‘zingdan akang aylansin, qachon qo‘yningga kiraman, qo‘limga qachon qo‘nasan, deyish uchun ham bismillo aytish kerakmi? Sizga shu nayrangbozlik yoqadimi? Hech bo‘lmasa dinni nayranglardan tozalab qo‘yinglar.

Sobitxon qori «astag‘firulloh!» deb pichirlab, «bu iblisning dastyori» bilan bahslashishning foydasizligini angladi-da, Anvarga qaradi:

  • Chindan ham bemavrid kiribman. Anvarjon, menga ruxsat, — u ruxsatni kutmayoq, fotihaga qo‘l ochdi, — barchamizni Alloh taboraka va taolo iymonda va islomda barqaror etsin, ovmin...

Elchin odob yuzasidan turib, xayrlashmadi, o‘tirgan yerida bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.

  • Nimaga unga osilasan, arpangni xom o‘rganmi? — dedi Anvar, qorini kuzatib qaytgach.

Elchin qo‘l siltab qo‘ydi.

  • Hammasi nayrangboz. Qur’onni sharillatib o‘qib, barchani mahliyo qiladi-yu, bu yoqda maishatdan bo‘shamaydi. Menga bittasi aytuvdi: qiyomatda imomlardan tutantiriq qilinar ekan. Tushundingmi, do‘zax olovini yoqish uchun shu imomlar tutantiriq bo‘larkan. Birinchi shular yonadi. Chunki sen bilan men bilmay gunoh qilamiz. Bular bilib turib qilishadi. Har- holda men shu imomingdan keyin yonaman do‘zax o‘tida.

  • Sobitxon sen aytgan toifadanmas, uni bekor ranjitding. Ilmi puxta, birovdan bir tanga ta’ma qilmaydi. Millat deb jonini berishga tayyor. Bunaqalar kam...

  • Qo‘y, o‘shaningni, — Elchin shunday deb yana qo‘l siltadi.

  • Mana, Asadbek akangning iltifotlari bilan «tuzalib» chiqdim. Menda nima ishing bor?

  • Sendami?.. Senda ishim yo‘q... Eng muhim ishim shuki, uyingda tuxum bosib o‘tir,

opoqimga yaxshi qara, duolarini ol. Boshlig‘ing bilan o‘ynashma. Berayotgan va’dalariga ishonma. Va’da degani bir qopqon, senga o‘xshagan laqmalarni oson ilintirish uchun o‘ylab topilgan. Haqiqat uchun kurashish sening qo‘lingdan kelmaydi. Buni menga qo‘yib ber.

  • Haqiqat uchun kurashuvchi bo‘lib oldingmi, hali? Haqiqat bechoraning kuni senga qolibdimi? Kurashganingiz hozirgi gaplaringiz-da, a?

  • Piching qilishga ustasan. Tilingdan zahar tomib turadi. Ko‘p o‘qigansan-u, zarracha uqmagansan. Dunyo faylasuflaring yozib ketganday bo‘lmaydi hech qachon. Qayta qurishlariga ham ishonma. Bo‘rilar bir yumalab qo‘yga aylanishgan. Lekin bu qo‘ylar o‘t yemaydi, go‘sht yeydi. Tushundingmi! Senga o‘xshagan laqmalarning go‘shtini yeydi.

Xonzoda ikki kosada mastava ko‘tarib kirmaganida ikki do‘stning suhbatidan tutun chiqar edi. Elchin ovqatning issiqligiga qaramay, tez-tez xo‘rillatib ichdi. Ilgari bunday emas edi. Qoshiqni toza sochiqda artib, ovqat ichidan tilla qidirganday obdan aralashtirib sovutib, ezmalanib ichardi. Anvar do‘stidagi bu o‘zgarishni ko‘rib, «qamoqning ta’siri- da», degan xulosa chiqardi.
Elchin Anvarning imillab ovqat yeyishini kuzatib o‘tirdi. Kosa bo‘shagach, «zarur ishlarim bor, keyin kelaman», deb qo‘zg‘aldi.

  • To‘y qachon? — dedi Anvar.

  • Yaqin qoldi. Qamishdan belbog‘ tayyorlab tur.

  • Qayinsinglimni ko‘rasanmi?

  • Keyin... keyin, bir gap bo‘lar... — Elchin shunday deb, xayrlashish uchun qo‘l uzatdi.

4


Sog‘inch hislari andak orom olgach, Xonzoda uyquga ketdi. Qariyb ikki oy qattiq karavotda yolg‘iz yotishga ko‘nikib qolgan Anvarga ikki kishilik yumshoq karavot torlik qilib uyqu bermadi. Xotinining yengil pishillashini ko‘rpa-yostiq o‘ziga yutmay, aksincha yanada kuchliroq jaranglatib Anvarning qulog‘iga urganday bo‘laverdi. Butun xona xotinining nafasiga to‘lib ketganday, toza havo qolmaganday tuyuldi. Holbuki, xona bahavo, Xonzodaning yengil pishillashiga e’tibor bermasa ham bo‘lardi. Uni bezovta etayotgan narsalar aslida bular emas. Jinnixonadagi bedor tunlar, quyun o‘ramiday yopirilib keluvchi xayollarga bandi bo‘lish, uchinchi qavatdan kelayotgan baqiriqlar — hayoti mazmunini belgilab qo‘yganday, u aynan shunday yashashga mahkum etilganday edi. Anvar bedorligi ana shu mahkumlik mevasi ekanini anglamay, bunga boshqa sabablar axtardi. U yon-bu yoniga ag‘darilaverish ham joniga tegib, o‘rnidan turdi.


Jinnixonada bunday kezlarda suhbatlashuvchi navbatchi hamshiralar bo‘lishardi. Jimlikni poralovchi baqiriqlar eshitilib turardi. Harholda tiriklik belgilari mavjud edi. Uyida esa, nainki o‘z uyida, balki butun mahallada osudalik.
Xonzoda erining turganini bildi. Ko‘zini salgina ochib qarab qo‘ydi-yu, indamadi. Bir ozdan keyin yana uyquga ketdi. Uning pishillashi tingach, soatning chiqillashi bosqondan tushayotgan bolg‘aday jaranglab miyasiga urila boshladi.
Anvar yotoqdan mehmonxonaga chiqdi. Qancha o‘tirganini bilmaydi. Bir mahal uyi yorisha boshlagach, yuragi hapriqib o‘rnidan turib ketdi. Oppoq nur yuqoridan poyandoz singari tushib oyoqlari ostida to‘xtadi. Anvar bu safar qo‘rqmadi, oyoq-qo‘llari muzlamadi. Yoqimli ovoz kelishini kutdi. Ovoz hayallamadi:

  • Sen bizdan qochib keldingmi?

  • Men... o‘z uyimga keldim.

  • Yolg‘on gapirma. Sen bizga ishonmayapsan. O‘zingni ruhiy xasta deb his qilyapsan. Biz bilan uchrashganingni kimga aytsang ham u seni jinni deb hisoblaydi. Sen

yashayotgan dunyo shunday tuzilgan: haqiqatga ishonishmaydi. Haqiqatni aytsang — jinniga chiqarishadi. Faqat bizning sayyoramizdagina haqiqat bor — bunga shak keltirma. Sen bizdan qochma, sayyoramizga butunlay ketishga hozirlan.

  • Nima qilishim kerak?

  • O‘zingni jismonan mahv etishing lozim.

  • O‘ldirishim kerakmi?

  • Ha. Bu bizning asosiy shartimiz. Yuraging urishdan to‘xtamay turib, joningni olib chiqib ketamiz. Seni yerliklar unutishlari lozim. Jisming mahv etilmasa, Zurruda joning orom topmaydi. Sen uchun boshqa yo‘l yo‘q. Bobong ham shu fikrda.

  • Bobom? Qaysi bobom?

  • Hozir ko‘rasan, nurga qadam qo‘y.

Anvar beixtiyor ravishda deraza tomon qadam qo‘ydi. Ko‘kragidan bir nima uzib olinganday bo‘ldi. Nur uning ruhini ko‘z ilg‘amas yulduz — Zurru sayyorasi tomon olib uchdi. Mehmonxonada uning faqat toshqotgan gavdasigina qolgan edi. Go‘yo haykalga aylanganini o‘zi bilmaydi. Bir qancha vaqt o‘tgach, xotini uyg‘onib, undan xavotirlanib, xabar olgani chiqadi-yu, bu manzaradan dahshatga tushadi. Bu haqda keyin so‘zlaymiz. Hozir Anvarning ruhi izidan borishning ayni payti.
Bu safar Anvarning ko‘z o‘ngida butunlay o‘zga manzara paydo bo‘ldi: cho‘qqilaridan qor arimagan tog‘. Tog‘ning naq kindigini yorib chiqqan sharshara. Uning yonida to‘rt odamning qulochi yetmaydigan chinor. Daraxtning baxaybat shoxlari ostida yog‘och so‘ri. So‘rida Anvardan bir-ikki yosh kattarok yigit kitob o‘qib o‘tiribdi. Anvar uni qaerdadir ko‘rganday edi — kimgadir o‘xshatdi. Keyinroq, ruhi uyiga qaytgach, bir sirni aniqlaydi — u o‘ziga o‘xshardi. Bu haqda ham so‘ngroq so‘z yuritamiz. Hozir esa... Anvar salom berdi. Mo‘ylovli yigit boshini ko‘tardi:

  • Keldingmi, bolam? — dedi u. Anvar ajablandi: «Qanaqasiga men unga bola bo‘lay?» Mo‘ylovli yigit uning fikrini o‘qiganday jilmaydi. — Sen mening nabiramdaysan. Amir meni osmay, men bu yerga kelib qolmaganimda, balki sen mening nabiram bo‘larding. Shoakbar Zunnuniy degan odamni eshitganmisan?

Anvar unga yaxshiroq tikildi, shunday jadidni eshitgan edi. Buxoro amiri dorga torttirgan ziyo ahli orasida Shoakbar Zunnuniy ismli zotning buyuk salohiyat egasi bo‘lgani haqida tarix kitoblarida bir qancha satrgina bor. Zunnuniydan na bir meros, na bir satr asar qolgan. U haqdagi xotiralar ham uzuq-yuluq edi. Anvar qisqa satrlar orasida ulug‘ sinoat yashiringan bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan ekan. Agar hozir o‘zini Shoakbar Zunnuniy deb tanitgan mo‘ylovli yigit «men haqimda nimalar bilasan?» deb so‘rab qolsa Anvar javob bera olmay izza chekardi. Baxtiga, bunday savol berilmadi. Zunnuniy gapini davom ettirdi:

  • Hadicha buvingning ko‘z ochib ko‘rgan eri menman. Biz uch farzand ko‘rdik, ammo ular peshonamizga sig‘madi. Men osilganimdan so‘ng buving bobong Jamoliddinga tegdi. Sen xafa bo‘lma, to‘g‘risini aytishga majburman. Jamoliddin menga hamsoya edi. Hatto hamfikr edi. Biz Vatanni o‘rus podshosi zulmidan ozod etmoq yo‘liga jon tikkan edik.

Buxoro tasarrufidagi yerlarda fuqaroga ziyo bermak istagida yurgan onlarimizda hibsga olindik. Faqat Jamoliddin tirik qoldi. Anglayapsanmi?..
Anvarning qulog‘iga yoqimli ovoz keldi:

  • Bu gaplarga ishon. Bularning barchasiga biz guvohmiz. Bobong xoinlik qilib imonini sotgach, sho‘rolar xizmatiga o‘tdi. Buvingga uylandi. Zunnuniydan qolgan qo‘lyozmalarni buzgan holda tahrir etib, sho‘rolar maqsadiga moslab nashr ettirdi, shu yo‘l bilan shuhrat topdi. Oqibatda soxta shuhrati o‘z boshini yedi. O‘ttiz yettinchi yilda sho‘rolar uning sadoqatli xizmati uchun hibsga olib, tumanli yurtga yubordilar. Sovuqda ochlik azobiga chidolmay xor bo‘lib o‘ldi. Onangda uning xatlari saqlangan. Ishonmasang, o‘qib

ko‘r.

  • Sen bobong bilan faxrlanib yurarding, — dedi Zunnuniy. — Menda bu hisni o‘ldirish niyati yo‘q. Jamoliddin qizilga xizmat qilishning ulug‘ xato ekanini anglab, bu safar vijdoniga xiyonat etmadi. Birodarlarini sotmadi. Men undan rozi bo‘lganman. Sen ham uni la’natlama. Inson umri xatolardan iborat. Munofiqlik hech zamon jazosiz qolmaydi. Hozir tili boshqa, dili boshqalar davrasida aziyat chekyapsan. Sen tushkunlikka berilma. Xalq fidoyisi niqobida yashovchilar hayotlarini azobda yakunlaydilar. Oqibatda niqoblar yirtilgusi, ularning asl qiyofalari ko‘ringusidir. Xalqni hech bir zamonda hech bir munofiq alday olmagan. Dunyo soxta fidoyilarni ko‘p ko‘rgan, bundaylar hali yana ko‘p chiqadi. Yer yuzidagi kurash sira barham topmaydi.

  • Men nima qilay, nochorman-ku? — dedi Anvar.

  • Nochorsan, bilaman. Sen mening yonimga kelasan. Ungacha bir ish qilasan: katta tog‘angning chordog‘ida, eski-tuskilar orasida ko‘hna kitoblar, qog‘ozlar ham bor.

Qog‘ozlar — mening qo‘lyozmalarim. Bobong ham, buving ham ularni saqlashgan. Kitoblar orasida o‘rus askarlarining Toshkentdagi janglari tasvirlangan asar bor.
Jamoliddin ularni nashr etishga qo‘rqqan. Uni sen xalqqa yetkaz. Men senga oq fotiha beraman. Ishlaring o‘ngidan keladi. Mana bu kitobni ol, senga yo‘ldosh bo‘lsin.
Zunnuniy o‘qib o‘tirgan katta kitobni Anvarga uzatdi. Kitob Anvarning qo‘liga o‘tishi bilan bir yorug‘lik taratdiyu kichrayib, kaftday bo‘lib qoldi. Shunda Anvar yana yoqimli ovozni eshitdi:

  • Biz seni xoli qo‘yamiz. Biz bilan uchrashishni xohlab qolsang — ko‘rishamiz. Anvar gapga og‘iz juftlashga ham ulgurmadi.

  • Jonim bolam, jon bolam, meni qo‘rqitmagin, Anvarjon.

Anvar onasining ovozi qaerdan kelganini daf’atan anglamadi. Hushi o‘ziga kelgach, yuzlarini silayotgan onasini ko‘rdi-yu avvaliga ajablandi. Yonida turgan Xonzodani ko‘rib, nima voqea yuz berganini tushundi.

  • Oyijon, qo‘rqmang, xayolga berilibman, — dedi vaziyatni yumshatish uchun.

  • Voy, bolam-ey, xayoling ham bor bo‘lsin-a, kimlar bilan gaplashding? — dedi Risolat kampir, o‘g‘lini quchog‘idan bo‘shatmay.

  • Nima dedim?

  • Gaplaringga tushunib bo‘lmaydi, bir narsalar deb g‘o‘ldirading-a, bolam. Seni bir o‘qib yuborish kerak. Insu jinslar tinchlik bermayotganga o‘xshaydi.

  • Oyi, o‘tirib olinglar, — dedi Xonzoda, siniq ovoz bilan.

Ona-bola divanga yonma-yon o‘tirishdi. Risolat kampir, o‘g‘lining yuzini silab, yelkalarini uqalagan bo‘ldi.

  • Oyi, Shoakbar Zunnuniy degan odamni eshitganmisiz? — deb so‘radi Anvar, onasining qo‘llarini ushlab.

  • Zunnuniymi? Adam rahmatlining shunaqa o‘rtoqlari bo‘lgan ekan. O‘lib ketgan bo‘lsa ham adam rahmatlining boshlariga balo yog‘dirdi. Xalq dushmani bo‘lgan ekan-da, boyaqish.

  • Buvim Zunnuniyni gapirarmidilar?

  • Ha, endi gapirgan bo‘lsalar gapirgandirlar, esimda turibdi, deysanmi?

  • Buvimning birinchi erlari Zunnuniymidi?

  • Voy, xudoyim, san buni qayoqdanam bila qolding? Sanga aytuvdimmi? Anvar ko‘rgan-eshitganlarini aytsa onasining esi og‘ib qolishi mumkinligini bilib,

«bolaligimda aytuvdingiz, shu esimga tushib qoldi», dedi. Risolat kampir o‘g‘lining kosasidan chiqquday bo‘lib katta-katta ochilib turgan ko‘zlarini ko‘rmaydi. Ammo Anvarning badanida so‘nib ulgurmagan yengil titroqdan ahvolini yaxshi bilib o‘tirardi. Xonzoda esa erining ko‘zlaridan nigohini uzmay qo‘rquvdan titraydi, xayolida bir fikr
charx uradi — «hali yaxshi tuzalmagan ekanlar».

  • Oyi, buvamni qamab, qaysi tomonga olib ketishgan?

  • Aytganman-ku, Tuman degan joyga. Oftobning ko‘rinishidan ko‘rinmasligi ko‘p, Xudoning qarg‘ishi tekkan joylar ekan.

  • Ha... Tyumenmi?.. Xat yozarmidilar, xatlari bormi?

  • Bor.

  • Nima uchun menga ko‘rsatmagansiz?

  • Senga kerakmidi? Man qayoqdan bilay, o‘zing so‘ramagan bo‘lsang...

  • Oyi, damingizni oling. Menam ozgina uxlay.

  • Ha, shunaqa qilgin, bolajonim. Xonzodaxon, bolam, siz Robiyaxonga aytib qo‘ying, Sobitxon manga bir ko‘rinish bersin.

  • Oyi, kerakmas, — dedi Anvar, onasining muddaosini fahmlab.

  • San jimgina o‘tiravur. Mani ishimga aralashma. Nima qilishni o‘zim bilaman. O‘jarlik qilmay, nafasi o‘tkir domlaga o‘qitvorganimda shuncha vaqt bannisada yotmasiding. Shu zamonning do‘xtirlariga ishonib bo‘larkanmi, hammasi poraga o‘qigan. Qarab tur, otday bo‘lib ketmasang, nima desang de.

Risolat kampir o‘rnidan turdi-da, o‘ng qo‘lini oldinga cho‘zib eshik tomon yurdi. Xonzoda qaynonasini kuzatib kelganida Anvar joyidan jilmay o‘tirgan edi. Xonzoda erining yonidan joy olib, yelkasidan asta quchdi.

  • Qo‘rqib ketdingizmi? — dedi Anvar. Xonzoda javob bermay yelkasiga yuzini qo‘ydi. — Qo‘rqmang, bu kasallik emas. Men ham avvaliga ruhim shikastlanibdi, deb qo‘rquvdim. Nima bo‘lganini bildingizmi?

  • Deraza oldida qotib turaverdingiz. Chaqirsam ham eshitmadingiz. Keyin... qo‘rqib... oyimni chaqirib keldim. Oyim kelganlarida qo‘lingizdan olov chiqib ketganday bo‘ldi.

Yaxshiyam oyim ko‘rmadilar. Bo‘lmasa yuraklari yorilib ketardi. Anvar xotinini quchib, erkalagan bo‘ldi:

  • Siz sira qo‘rqmang. Men jinni emasman. Nima bo‘lganini sizga keyin aytaman. Hozir aytganim bilan, ishonmaysiz. Tong otsa tog‘amnikiga borib kelaman. Agar rost bo‘lsa...

  • Nimani aytyapsiz?

  • Keyin...




  1. Yüklə 0,58 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin