3
«Siz o‘shami?..»
Zaynab bu lahzani qancha kutdi? Yettinchi sinfdaligida «O‘tgan kunlar»ni birinchi marta o‘qib chiqqan edi. Yettinchi sinfdaligida kitobdagi Zaynabni qarg‘ab, Kumushga o‘zicha motam tutdi. O‘ziga Zaynab deb ism qo‘ygani uchun ota-onasidan xafa bo‘ldi. Romanni ikkinchi yo uchinchi marta o‘qiyotganida onasiga yig‘ladi. «Otimni o‘zgartiraylik», deb yalindi. Manzura qizining bu qilig‘idan kuldi. Quchoqladi, boshini siladi, peshonasidan o‘pdi. «Aylanay qizim, bu yomon ism emas, kitobda yozaverishadi-da», dedi. Keyin qiziga qiziqib o‘zi ham kitobni o‘qib chiqdi. O‘zi ham yig‘ladi. «Oyijon, ismimni Kumush deb o‘zgartirmaysizlarmi, Kumushga o‘xshab o‘lib ketsam ham mayli edi...» Bu Zaynabning ko‘nglidan kechgan gap. Uni tilga chiqarib aytolmaydi, uyaladi. Chunki kitobdagi Kumushning Otabegi bor.... orada totli damlar bor. Zaynabning orzulari ortida hozircha yashirin bo‘lmish shundayin hislar borligini otasi bilib qolsa — sharmandalik emasmi?
Uzoq vaqtgacha birov uni otini aytib chaqirsa xuddi «Kumushga zahar bergan sensan», deganday bo‘laverdi. Hatto bir kuni tushida Kumushni ko‘rdi. Kumush — kinodagidan ming chandon go‘zal, yuzlaridan nur taralayotgan bir juvon «nima uchun meni o‘ldirdingiz?» deb o‘pkaladi.
O‘zining ismidan uyalish barobarinda u xayolan Otabegini izlardi. Sinfdagi bolalar orasida Otabek o‘rnini bosuvchi bolani topmadi. Tanaffus paytida xuddi qizlarday to‘planib olishib kiyim-kechaklar haqidagi gaplardan ortmovchi o‘g‘il bolalardan Otabek chiqishi mushkul edi. Uning nazarida arzirli bola maktabda yo‘q edi. Norasta qiz yuragini otasining ishonchli mahramlaridan biri bo‘lgan jingalaksoch yigit — Jamshid rom etsami?! Jamshid esa qizchaning ko‘nglidan nelar kechishini bilmay, hovlida ro‘para kelib
qolganida «Ha, puchuq, o‘qishlar qalay endi?» deb qo‘yadi. Zaynab ba’zan shu so‘zlarni ham eshitishga mushtoq bo‘lib qoladi. «Otam meni unga berarmikinlar?» deb o‘ylaydi. Hatto «Nimaga meni olib qochib keta qolmaydi?» deb ham fikr qiladi.
Balog‘at yoshiga shu o‘ylar, orzular bilan kirib keldi. Ko‘nglidagi bolalikning o‘tkinchi hislari emas ekan. Yurakka urug‘ bo‘lib qadalgan o‘sha hislar endi unib chiqa boshladi, qizning yuragini, aqlu hushini Jamshid tamom bandi qildi. Yoshi o‘tayotgan bo‘lsa-da, uylanmay yurgan yigit nima uchundir bu xonadonda ajib bir gul unayotganini sezmas edi. Jamshid deyarli har kuni shu yerda bo‘lgani uchun ham uni o‘z singlisiday ko‘rardi, unga boshqacha ko‘z bilan qarashni o‘ylamasdi. Zaynab mana shundan to‘lg‘oqda edi.
U bekor qoldi degunicha Kumushbibi qismatini o‘qirdi. Kitobning ko‘p sahifalari yod bo‘lib ketgan edi.
«Bilurmikin, bilmasmikin, u zolim! Kunlar, tunlar tortgan ohu zorimni!..»
Kumushning to‘yida qizlar aytgan qo‘shiqdan shu baytni ko‘p takrorlardi. Jamshid ko‘rinmay qolsa «toblari qochdimi, meni o‘ylab xasta bo‘ldilarmi», degan xayolga borardi. Xayolni o‘zicha haqiqatga aylantiray deganida Jamshid ko‘rinib qolsa, uning sochlarini bittalab yulgisi kelardi. Kechalari bilan to‘lg‘onib «yaxshi ko‘rishimni o‘zim aytaman», deb qaror qilardi. Tong bo‘zarishi bilan uning bu dadilligi uyquga ketar edi. Jamshidning mashinasiga chiqqanida esa siri oshkor etilib sharmanda bo‘lganday yuzlari lovullab, tili kalimaga kelmay qotib qolardi. Zaynab faqatgina o‘z dunyosida yashardi. Bu dunyoga o‘zgalar kirishi mumkin bo‘lgan eshik esa taqa-taq berk edi. Bu eshikni, istasa, faqat Jamshid ocha olardi. Ammo unda bunday xohish uchquni sezilmadi. Zaynab noshukurlik qilmadi. «Uzoqdan bo‘lsa ham har kuni ko‘rib tursam bas», dedi. Nazarida Jamshid bo‘lmasa uning bu dunyoda yurishiga hojat ham qolmas edi.
Yigit kishi ham shunchalar beparvo bo‘larmi? Gullarning ochilishiga zor bulbullar qani? Gul ishqida yonib kuylovchi qumrilar qani? Qani Otabek? Zahar faqat Kumushbibi jonini sug‘urib olmay, Otabek yuragidagi muhabbatni ham o‘ldirdimi ekan? Shu bois bu yorug‘ dunyoda Otabeklar qolmadimi ekan?
Jamshid Otabek kabi sevganida edi, Zaynabimiz Kumush kabi o‘lib ketishga ming marta rozi edi. Ha, Zaynabimiz ana shunday telba muhabbat cho‘risi edi. U Jamshidning yuragidan ayol zotiga nisbatan muhabbat quvib chiqarilganini, bu qalb faqat nafrat bilan tepayotganini bilmas edi. Chunki Jamshid ham o‘z dunyosida yashardi. Uning dunyosiga o‘zgalarning kiruvi mumkin bo‘lgan eshik ham taqa-taq berk edi. Bu eshikni Zaynab ham ocha olmas edi...
Zaynab muhabbatning aldamchi bulutlari ustida suzib yurganida o‘zining bo‘lajak to‘yini xayol ko‘zi bilan ko‘rardi. Yo‘q, yo‘q, siz uni ersirab qolibdi, deb o‘ylamang. Asti bunday emas. To‘y deganda uning ko‘z oldiga to‘shak kelmaydi. To‘y deganda u... Otabeknigina ko‘rardi. Xotirasiga muhrlanib qolgan yozuvchi satrlari bilan ko‘rardi...
«...kuyov kelar edi: ikki tomonni sirib olgan xotin-qizlar o‘rtasidan Otabek kelar edi...» Otabek — shubhasiz, jingalaksoch yigit.
«...uning ketidan Oftob oyimning egachisi isirig‘ tutatar edi...» Demak, isirig‘ni xolasi tutatadi.
«...xotinlar qo‘llarida sham bilan bunga qarar va uzatib qolur edilar...» Elektr chiroq o‘chib qolsa qanday yaxshi bo‘lar edi...
«Kuyov uyning yoniga yetdi. Uning yuzi uyatdan juda qizargan, qochgali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi.
Yanga kim bo‘larkin? Kichik xolasi durust. Kattasi sal qo‘polroq, bema’ni gaplarni ham aytvoradi.
«...Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi...»
Yangasiga eshitilmas balki, ammo u eshitadi. O‘z yuragining qafasdagi qushday potirlashiga hamohang bo‘ladi...
«...Otabek uyga kirgandan keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni o‘zi ko‘rarli qiya qilib yopdi...»
Kichik xolasi mo‘ralamaydi, gap poylamaydi. Unga aytib qo‘yadi: eshikni zich yopib ustlaridan qulflaydi...
«...Uyning to‘rida yonini Otabekka berib, ro‘molining uchini tugibmi, yirtibmi Kumushbibi turadir va kim keldi, deb yoniga qaramaydir...»
U ham shunday turadi. Darrov qaramaydi, sirini oshkor qila qolmaydi...
«...Ro‘mol tugish bilan mashg‘ul latif qo‘llarni chet qo‘l kelib siqdi.
Bu onni, bu jon olg‘uchi birgina so‘zni u necha yil kutdi? Uning azoblariga necha tun guvoh bo‘ldi ekan? Tundan so‘rab ko‘rish kerak: muhabbat olovida qovjirayotgan undan boshqa yana bitta qiz bormikin dunyoda? Shunda ham...
«...Kumushbibi begona qo‘ldan seskandi va qo‘llarini qutqazmoqqa tirishib:
Ushlamangiz! — dedi ham siquvchi qo‘ldan qutulish uchun orqaga tislandi...»
...Shunda ham Kumushbibi singari qo‘lini tortib oladi. Siltab emas, asta, noz bilan tortadi
uning xayoliga boshqa gap oralamasin, ko‘ngli ozor chekmasin. Shunda u...
«...Titragan va qovjiragan bir tovushda:
Nega qochasiz?! Nega qaramaysiz?! — dedi Bek, Kumushbibi shu choqqacha qaramagan va qarashni ham tilamagan edi...»
...Shunda u ovozi titramasa ham aytadi bu gapni. Axir, nimadir deyishi kerak-ku?
«...Majburiyat ostida, yovqarash bilan sekingina dushmanga qaradi. Shu qarashda birmuncha vaqt qotib qoldi...»
Yo‘q, yovqarash qilmaydi, xumor ko‘zlari bilan qaraydi. Uyalibgina qaraydi. Bu qarashning muddati yashin umri misol qisqa bo‘ladi...
«...Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan so‘radi:
Nima uchun shunday deydi?
Zaynabimizning xayolidagi to‘y shu yerga kelganda uzilar edi. Kuyovga shunday deyish uchun sabab axtarardi... Sababini beshafqat hayotning o‘zi topib berishini u qaydan bilsin? Xayolidagi to‘y sarob ekani, isiriq tutatilmasligi, shamlar yoqilmasligi, hatto... katta xolasi yanga bo‘lishi, chimildiqqa nomusli qiz emas, yukli juvon bo‘lib kirishini, Otabek — jingalaksochli yigit emasligini o‘shanda bilganida o‘zini yoqib yubora qolmasmidi? Xo‘sh, bilgach-chi? Uni nima ushlab qoldi? O‘g‘irlangan kuniyoq xayolidagi to‘y barham topganini anglagan edi-ku?.. Xayolidagi to‘y barham topgani to‘g‘ri, ammo Jamshidga bo‘lgan muhabbati so‘nmagan edi. Bu muhabbat so‘nishi uchun avval uning o‘zi o‘lishi kerak. Avval muhabbatni so‘ndirib, so‘ng o‘lish uning qo‘lidan kelmaydi.
Zaynabdagi muhabbat alangasi zo‘rmi yo Elchindagi qasos o‘timi — o‘lmasak bunga ham ajrim toparmiz.
Hozir esa... Zaynab nomi chimildiq, aslida ovrupocha qilib yaxshilab yasatilgan yotoqda, to‘shakning bir chetida omonat o‘tiribdi. Katta xolasi «o‘zingga mahkam bo‘l», deb chiqib ketgan. Eshik qiya ochiq. Kumushbibining yangasiga o‘xshab mo‘ralash uchun atay ochib qo‘ymadi. Tasodifan shunday bo‘ldi shekilli.
Zaynab kuyov bo‘lmishning bir vaqtlar mashhur qo‘shiqchi ekanini eshitganidan beri
o‘ylab o‘yiga yetolmaydi: U Elchinning mashhurligiga guvoh emas. Elchin qamalganida u uchinchi sinfda o‘qir edi. Qamalganidan keyin Elchinning ashulalari radiodan ham berilmay qo‘ygan, shuhrati asta so‘ngan edi. Qolaversa, yangi avlodning o‘z ohangi, o‘z qo‘shiqchilari bor edi. Zaynab otasining maqsadini anglay olmadi. Chiroyga baho berilsa, Elchin Jamshidga nisbatan o‘ktamroq edi. Lekin qamalda bo‘lgan Zaynabning yuragi unga eshikni ochib bera olmas edi. Nikohlarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqqa borganlarida unga bir necha marta o‘g‘rincha qaradi. Dugonalarining havasdan yonayotganlarini ham sezdi. Ammo... xotinini so‘yib tashlagan odamni kuyov qilish otasiga nima uchun zarur bo‘lib qoldi? Nima uchun onasi itoat bilan ko‘ndi?
Yanga — katta xolasi chiqib ketganiga ham ancha bo‘ldi. Kuyov esa hayallayapti. Kun bo‘yi qor yog‘ib, osmon hasratini to‘kib ado qilibdi — havo ochiq. To‘lin oy juvon holicha erga tegayotgan qizning ahvolini bir ko‘ray deb naq deraza tepasiga sullohlik bilan qo‘nib olgan. Hovlida harakat so‘nmagan — xotinlar hamon ivirsib yurishadi... Zaynab o‘rnidan turib deraza pardasini yopdi. Joyiga qaytib o‘tirdi. Zindonga tushib qolganday bo‘ldi. Go‘yo to‘rt devor, shift bir bo‘lib uning ustiga bosib kela boshladi. Nafasi qaytib o‘rnidan turdi-da, pardani salgina surdi. Oy nuri xonaga o‘g‘rincha kirib ojizgina yonib turgan tunchiroq nuri bilan qorishib ketdi.
«Siz o‘shami?»
Buning aytilishiga ozroq fursat bor.
Zaynab yotoqxonada kuyovning hayallashidan hayron. Kuyovning esa bu yerga kirishga yuragi dov bermaydi. Uch kun avval kelinning seplari olib kelinganda Elchin qaysi xona yotoq bo‘lishini ko‘rsatgan edi. Arabistonda yasalgan hashamdor karavotlar Elchin aytgan xonaga qo‘yilib edi. Noila bilan totli tunlarni o‘tkazgan, oqibatda esa, Noilaning joni uzilgan xonada endi u boshqa juvon bilan birga bo‘lolmas edi. Restoranga jo‘nashayotganida ham xobgoh Elchin aytgan xonada edi. Qaytsa... Noilaning joni uzilgan xonaga ko‘chirilibdi.
Hech zamonda dahliz ham ispalniy bo‘larkanmi, — dedi ammasi uning noroziligini pisand qilmay. Elchinning tuyg‘ulari amma uchun begona edi. Aytsa, «oradan necha yil o‘tdi. Erkak kishi sal o‘zini qo‘lga olishi kerak», deganga o‘xshash bir gap eshitardi.
Xobgohdan bo‘lak barcha xonalar kelin tarafidan kelgan xotinlar bilan band. Hovlida o‘zining qarindoshlari izg‘ib yurishibdi. Elchin chekib olish bahonasida Anvar bilan darvozaxonada turibdi. Ammasi ikki marta kelib: «Hoy, kirmaysanmi?» deb ketdi.
Elchinning gaplarida tayin yo‘q. Anvar buni sezyapti. O‘rtog‘ining kelin oldiga kirgisi yo‘qligini anglab turibdi. Sababini so‘ramaydi. «Noila esiga tushib ketdi shekilli?» deb taxmin qiladi. «Mayli, o‘zini bosib olsin», deb u ham sigaretga sigaret ulaydi... Ammo tonggacha shu holda turish mumkin emas...
Sovqotdim, oshna, — dedi Anvar. — Endi kir, xotinlar gap qiladi.
Elchin mo‘min boladay xo‘p, deb uy tomon yurdi. Ostona — muqaddas chegara. Anvar chegarani bosib o‘tmadi, hovlida qoldi.
Eshik ochilib kuyov to‘ra — Otabek emas! — kirdilar. Kelin poshsha — Kumushbibi emas!
yonini eshik tomon berib — atayin emas! — o‘tiradilar. Kim keldi, deb yonga qaramaydilar. Eshik mahkam yopilib, kalit buraladi. Narigi xonadan joy olgan xotinlar, g‘aflatda qolishdi desak, yanglishmaymiz. Chunki qadimning rasm-rusimi yo‘q endi.
Xotinlar nima uchun kuyovning uyiga kelib, nima uchun yotib qolishayotganini ham bilmaydilar. Hovlida gulxan yoqish yo‘q, kelin boshi uzra palak tortib yor-yor aytish yo‘q, isiriq tutatish yo‘q, tortishmachoq yo‘q, chimildiq yo‘q... Kelin-kuyov uy burchagiga tortilgan chimildiq ortida o‘tirib tong ottirmaydilar. Xotinlar chimildiqni asta surib mo‘ralamaydilar. Kampirlar qizlik olamlarini tashlab, juvonlik ochuniga kirish onlarini xotirlab, chollari bilan bo‘lgan keyingi hangomalarni so‘zlab kuyov bilan kelin ko‘nglini
qitiqlamaydilar... Hammasi soddagina: eshik qulflanadi, xotinlar ming‘irlab-ming‘irlab uyquga ketadilar. Kelin o‘ziga pishiq bo‘lsa bo‘ldi, yo‘qsa urf bo‘yicha ertaga belgilangan voqea shu tundayoq amalga oshaveradi, yangalar dog‘da qolaveradilar...
...Latif qo‘llarini chet qo‘l kelib siqmadi. «Jonim!» degan so‘z uchmadi. U Kumush emas, Zaynab ekani uchun shunday bo‘lgandir? Balki u kitobda yozilganday shirin lahzaga arzimas?
...Elchin avvaliga to‘shak ustida Noilasini ko‘rdi. Ko‘zini chirt yumib oldi. Chuqur nafas olib tuyg‘ularini haydab chiqarmoqchi bo‘ldi. Bunga picha erishdi. Ko‘zini ochganda to‘shak ustida Noilasi yo‘q edi. To‘shak ustida omonat o‘tirgan Zaynab — Asadbekning (!) qizi unga qaramasdi. Elchin kelinlik libosida o‘tirgan Zaynabga majburiyat yuzasidan yaqinlashib, bilagiga qo‘l yubordi. Qattiq siqmadi, ohistagina ushladi.
Zaynab seskandi. Ammo qo‘llarini qutqazmoqqa tirishmadi. Uning bilagini ushlagan qo‘l begona emas, tanish edi. Zaynab yovqarash bilan, yalt etib dushmaniga qaradi, (ha, u yori emas, dushmani edi!) o‘rnidan turdi. Kumushbibi Otabek pinjiga yaqin kelgani kabi yaqinlashmadi. Esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan so‘radi:
Bu gap tilidan beixtiyor uchdi. Bu gap Kumushbibining hayajoni bilan uchmadi. Kumushbibi kutilmagan baxt qushi boshiga qo‘ngan saodatli qizning esankirashi bilan aytgan edi bu gapni, Zaynabimiz esa uzoq izlagan qonxo‘r dushmaniga tasodif bilan ro‘para kelib qolgan, baxti toptalgan juvonning ezgin ovozi bilan aytdi.
Savol javobsiz qoldi.
Otabekning «Men o‘sha!» degan ko‘ngilni quvontiruvchi so‘zlari uchmadi. Zaynabimiz
«Ko‘zlarimga ishonmayman», demadi. Ikki lab o‘z-o‘zidan bir-biriga qovushmadi... Kichkina nozik qo‘llar yelka ustiga, kuchli qo‘llar qo‘ltiq ostiga yopishmadilar. U kuyov bo‘lmishning yuziga uzoq tikilib turmadi... «Kutilmagan bir baxt!» demadi, kulib yubormadi. Bu kulish hovlilargacha eshitilmadi...
Kuyov bilan kelin bir-birlariga yaqinlashmagan holda o‘tirib, tong ottirdilar.
Elchin, so‘fi azon aytmay turib, xobgohdan chiqdi. Kuyov chiqib ketishi bilan shoshilib kirgan yanga — Zaynabning katta xolasi jiyanining «o‘ziga mahkam bo‘lganini» ko‘rib, quvondi.
Dostları ilə paylaş: |