Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə24/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   52
shaytanat

XII b o b 1


Anvar katta tog‘asinikiga borganda osmon erinmay qor elardi. Qish dangasalik qilib vaqt o‘tkazgan, do‘ppi tor kelganda tipirchilab qolgan odamga o‘xshardi. Anvar tob tashlagan ko‘k darvozaga yaqinlashib jing‘iroq tugmasini bosaman, deganida darvozaning bir tabaqasi yer chizib ochilib, avval qulog‘i kesilgan bahaybat it ko‘rindi. It: «Sen ham odammisan, vovullashimga arziysanmi, yo‘qmi», deganday Anvarga bir qarab oldi.
Ortidan tog‘avachchasi ko‘rindi. Ellikdan oshgan bu odamga vaqti kelib «bu dunyoda nima ko‘rding?» degan savol berilsa, boqqan itlarining nasliyu nomini adashmay aytib berishi tayin. Qaysi bolasining qaerda o‘qishi yoki qaerda ishlashini esa, aniq bilmaydi. Bola-chaqasining rizqi qiyilib, qora qozon qaynamay qolsa qolarki, itlar go‘shtsiz och qolmas. Itni odamga vafodor deb naql qilganlar. Xudo shundayin bandani yaratganini bilganlarida edi, odam itga vafodor, deb naqlga tuzatish kiritar edilar.
Boshiga qoraqo‘l telpak, oyog‘iga kirza etik, egniga askar bolalarning paxtalik to‘nini kiygan tog‘avachchasi Anvarni ko‘rib, kulimsirab so‘rashdi.

  • Ammam yaxshimilar? Ke, ja ko‘rinmay ketding. San ichkariga kirib tur, buni bi-ir aylantirib kelmasam bo‘lmaydi.

  • Zo‘r-ku, — dedi Anvar itga qarab.

  • Shu yakshanbada Qambar ho‘kizning itiga qo‘yaman. Bir chiqsang-chi, hadeb kitob o‘quvrib miyang suyulib ketadi. Tomoshani ko‘rsang, ko‘ngling yayraydi.

Anvar bir marta chiqqan, «tamoshani» ko‘rgan, ammo ko‘ngli ezilib, o‘n kuncha o‘ziga kela olmagan. Bir-birining jag‘ini tishlab, siltab tortayotgan itlarning qonli basharalari, g‘ajib tashlangan oyoqlari, bu manzarani zavq bilan tamosha qilayotgan odamlarning qiyofalari ko‘z oldidan ketmay, qiynalib yurdi.

  • Tomda tog‘amning eski kitoblari bor ekan, shuni ko‘rmoqchi bo‘lib keluvdim.

  • Tomda kitob borakanmi? Chiqib o‘zing qariy qol. Uyda kennaying bor. Narvonni qo‘yib chiqaver. Eski kitob kerak bo‘lsa Shamsi so‘taknikiga borsang bo‘larkan. Shamsi so‘takning Fozil qiyshiq degan otasi bo‘lardi. Fozil qiyshiqning otasini Nozim parang deyisharkan. O‘shaning eski shahardagi uyi buzilibdi. Qo‘shsinchning orasidan kitoblar chiqqanmish. Hamma tilla berkitsa, parang kitob berkitgan ekan, — u shunday deb

kuldi-da, itini yetaklab ketdi.
Balandligi salkam odam bo‘yi keladigan chordoq lo‘lining xurjunini eslatardi. Qirqilgan shoxlar, eski obkash, radio... nimaiki narsa keraksiz tuyulgan bo‘lsa, olib chiqib qo‘yilaverilgan. Bu chang bosib yotgan buyumlar changalzoriga yaqin yillarda odam bolasi qadam qo‘ymagani bilinib turadi. Anvar nima uchundir «kitob yo qutida yo jomadondan bo‘ladi», deb xayol qildi. Chordoqda quti ham, eski jomadon ham yo‘q edi. Chordoqni bir chekkadan titishga majbur bo‘ldi. Kitob yaxshilab berkitilgan, deyish mumkinmas. Chunki uy oltmishinchi yillarda qurilgan, u paytlarda qo‘rqib kitob yashirishga hojat yo‘q edi. Agar o‘sha kitob mavjud bo‘lsa, uni tog‘asining o‘limidan so‘ng, keraksiz matoh sifatida olib chiqib tashlashgan.
Gaz kelgandan keyin xizmatini ado etib bo‘lib, nuray boshlagan mo‘ri yonida uyilib yotgan latta-luttalar orasidan kitoblar, gazit-jo‘rnal boylamlari, allaqancha qog‘ozlar chiqdi. Ularni pastga olib tushib, changini qoqib taxlay boshladi. Gazit-jo‘rnallarning aksari yigirmanchi yillarda chiqqan, uqalanib ketgan qog‘ozlariga qaraganda unda arab harflarida yozilgan gaplar tarixi yanada uzoqroq.
Anvar ularni bir tugun qilib uyiga olib ketib, bafurja tanishish niyatida edi. Ammo qiziqishi niyatidan ustun kelib, ichi qizib, varaqlardan birini olib, harfni harfga urishtirib o‘qimoqqa kirishdi:
«Shundan bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon to‘kilmas. Yer va amlok ham taqsim bo‘lmay qolur. Din ham ruvoj topur. Ming karra dodu bedodki, ixtilof etmoq uchun ittifoq etkanmiz va ixtilofmiz. Sababi ila badbaxtliqg‘a duchor bo‘lurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa o‘n besh millunlik bir quvat imlog‘a kelurki, munga yer titraydur...»
«Buncha aqlli gaplarni kim yozgan ekan, — deb o‘yladi Anvar. — Bir-birining go‘shtini yeb turgan odamlarga yetkazadigan dur fikrlar shu ovloqda necha yildan beri chang bosib yotibdimi?»
«Turkiston kerakkim muxtoriyat bo‘lsun, muhokama shariyalar barpo bo‘lsun. Hatti bular bora askar olinsun. Daf’a askar olinmoqg‘a qaror berilurdi. Ammo mullalar s’ezdi Turkistondan askar olinmoqg‘a qaror beribdur, deb ilmodan balki ba’zilar norozi bo‘lur deb boshqa s’ezdga muquf qo‘yildi...»
Anvar mazmunni durust anglamay, satrlarni qayta o‘qidi. «Ilmo s’ezdi nima ekan?» deb ajablanib turganida xayolini yangasining ovozi bo‘ldi:

  • Anvarjon, sovuqda turmay, uyga kiraqoling.

  • Rahmat, kennoyi, chang-pangini qoqib olay, — Anvar shunday deb boshini qog‘ozdan ko‘tarib yangasi yonidagi uzun bo‘yli yigitchani ko‘rdi. Yigitcha — shu xonadonning to‘ng‘ichi, tog‘asining nabirasi edi. Tog‘asining o‘limidan so‘ng bu uyga kam kelgani uchun Anvar bu yigitchaning qanday odam ekanini yaxshi bilmasdi. To‘y-ma’rakalarda bir-ikki almoyi-aljoyi gaplarini eshitib, ensasi qotgani uchun unga ro‘yxush bermas edi. Onasi yonida tirjayib turgan yigitcha xuddi Anvar bilan birga yotib, birga turganday salom ham bermasdan gap qotdi:

  • Makulatura kerak bo‘lib qolibdi-da, a?

Anvarning ensasi qotdi-yu, indamadi. Yanga iziga qaytgach, bu xonadonning to‘ng‘ichi cho‘ntagidan sigaret chiqarib, tutatdi. Anvar bu balodan tezroq qutulish uchun ishni tezlashtirdi. Bunga fahmi yetmagan yigitcha esa kechasi bilan televizor ko‘rganini, sessiyada qaysi deputat qaysisini «tuzlaganini» bir chetdan gapiraverdi. «Bunga it urishtirishni tamosha qilish ham, sessiya ko‘rish ham baribir», deb o‘yladi Anvar.
Ishni oxiriga yetkazishga Anvarning toqati yetmadi. Yangasidan eski dasturxon so‘rab olib, chordoqdan topganlarini tugdi-da, orqalab ko‘chaga chiqdi. Qo‘nalg‘aga yetay deganda tog‘avachchasiga duch keldi. Tog‘avachchasi itini daraxtga bog‘lab qo‘yib, o‘zi qora choponli bir odam bilan gaplashib turgan edi.

  • Ha, topdingmi? — dedi u, Anvar yaqinlashgach.

  • Topganga o‘xshayman, — dedi Anvar, — uyga borib qarab chiqaman.

  • Ishing bitgan bo‘lsa bo‘pti-da. Shamsi, bu yigit bizning jiyan bo‘ladi. O‘zi olim. Katta idorada olimlik qiladi. Miyasi g‘ij-g‘ij ilm. Shunda ham tinmay o‘qiydi. Otamdan qolgan kitoblarni so‘rab kelibdi. Kitoblaringni sen nima qilding?

Shamsi deganlari, og‘zida nosi bor ekan, tupurib, labini yengiga artdi-da, qo‘l siltadi.

  • E, arzimaydigan kitoblar ekan. Cho‘lpon deyishdimi-ey, yana allakimlar, deyishdi. Otlari esimda yo‘q. Shayxontovurda bir idora bor ekan, eski kitoblarni sotib oladigan. Manga arzimagan pul berishdi. Eskicha kitoblarga ko‘proq to‘lasharkan.

  • Dodang ham parangman, deb yuravurgan ekanda, a? Tokchaning orasiga tilla-pilla qo‘yib, keyin suvavormaydimi! — deb kuldi tog‘avachchasi.

  • E, kitob jinnisi bo‘lgan ekanlar. Bunaqa odamda tilla nima qiladi?

Anvar bu suhbatdoshlardan tezroq qutulish uchun o‘ziga keraklisini kutmay, boshqa tomonga boruvchi avtobusga chiqib jo‘navordi.

2


U hovliga tugunni orqalab kirganida ro‘paradagi uy eshigi ochilib Sobitxon qori chiqib keldi. So‘ngra eshik og‘zida Risolat kampir ko‘rindi. U o‘g‘lining kelganini bilmay qoriga:



  • O‘zi bilmasin, a? — deb tayinladi.

  • Xo‘p, — dedi qori kulib, so‘ng kampir sirni oshkor qilib qo‘ymasin, deb qo‘shib qo‘ydi:

  • Ana, Anvarjon kelyaptilar.

  • Keldingmi, bolam, — dedi Risolat kampir ostona hatlab, — akang eson-omon ekanmi? Anvar qori bilan salomlashgach, onasiga javob berdi:

  • Urug‘laringiz sog‘inib-sog‘inib salom aytishdi. Jiyaningiz itidan ortsa, ammajonini ko‘rgani albatta kelarkan. Oyog‘iga poyandoz tayyorlab turing.

  • Bo‘ldi qil, eski paxtani chuvima. Iti sani arpangni xom o‘ryaptimi, nima ishing bor. Qori bolam, bunga bi-ir nasihat qilib qo‘ying, a?

Sobitxon qori o‘ziga yarashgan kulimsirash bilan «xo‘p» deb qo‘ydi. Anvar taklif etgan
«bir piyola choyga» kirishga unamadi. Zarur ishlari borligini aytib darvoza tomon yo‘naldi.

  • Qori aka, shoshib turgan bo‘lsangiz ham bir nafas vaqtingizni olaman, — Anvar

shunday deb tugunni ochdi-da, boya ajratib qo‘ygan qog‘ozni oldi. — Mana bu yerga nima yozilgan. Xato o‘qidimmi yo xato yozilganmi? Sobit qori satrlarga uzoq tikilib qoldi.

  • Siz nima deb o‘qidingiz?

  • «Ilmo s’ezdi» deb.

  • Ilmo?.. — Sobitqori harflarga uzoq tikildi. — «Ulamo» emasmikin? Anvar peshonasiga yengil shapatiladi.

  • To‘ppa-to‘g‘ri — ulamo! «Ulamo» jamiyati bo‘lgan-ku?! O‘shalarning s’ezdi-da! Men ahmoq shuni o‘ylamabman.

  • Xijolat chekmang, Anvarjon, bu hammamizning fojiamiz. Qori shunday deb, ko‘chaga qarab yurdi.

  • Oyimning dardlari bor shekilli? — dedi Anvar, uni kuzatib chiqib.

  • O‘zingizga ma’lumdir. Agar ixlosingiz bo‘lsa, bu ishni qilish kerak. Ixlos bo‘lmasa foydasi yo‘q.

  • Qori aka, ixlos-ku bor-a, ammo hojat yo‘q. Es-hushim, Xudoga shukr, joyida. Yo siz ham?..

  • Asti-asti, unday o‘ylamang, Anvarjon.

  • Men boshqacharoq o‘ylab, boshqacharoq gapiraman, shekilli. Hamma bir xil o‘ylab, bir xil gapirishi shart emas-ku, to‘g‘rimi?

  • To‘g‘ri, Olloh taboraka va taolo bandalarini bu dunyoda sinash uchun turlicha qilib yaratgan. Faqat qiyomatda jannatga kirilganda barcha bir ko‘rinishda bo‘ladi. Chiroyda Yusuf alayhissalom, gavdada Dovud alayhissalom, odobda esa payg‘ambarimiz Muhammad salolloxu alayhi vassalam singari bo‘ladilar.

Shu payt ikki eshik narida, Sobitxonning uyi oldida «Volga» to‘xtab, undan bir yigit tushdi. U avval eshikka qarab qadam tashladi. Qorini ko‘rgach esa, bu tomonga yurdi.

  • Qori aka, olib ketgani keldim, — dedi u, salom bergach, qo‘lini qovushtirib. Qori xayrlashib ketdi.

Anvar hovliga qaytgach, olib kelgan kitob-qog‘ozlarning changini yana bir qoqqan bo‘ldi- da, uyga kirdi. Tugunda bitta charm muqovali, bitta qalin qog‘oz muqovali kitob bor edi. Kitob bosma harflarda emas, qo‘lda husnixat bilan ko‘chirilgan, ammo sharq kitoboti san’ati qoidasiga zid ravishda sahifalarga zeb berilmagan edi. Charm muqovali kitobda diniy aqidalar zikr etilgan ekan. Anvar uni qo‘yib qalin qog‘oz muqovalisini qo‘liga oldi.
Bu kitob chekkada qolib, chirib titilganmi yo atayin yirtib olinganmi, harholda bosh qismi yo‘q edi. Dastlabki satrlarni o‘qiboq Anvarning yuragi hapriqib ketdi: bu o‘sha, Zunnuniy aytgan asar edi!
«...Yog‘iy Toshkanga mukammal sipohi ila Kalas tomondin ya’juz-ma’juz kabi yopirildi. Ayturlarki, qadimda Chingis lashkarlari-da bu kabi yovuzlik ila kirmaganlar va sibo’monand bo‘lmagan edilar.
Eski jo‘vada qiyomat sodir bo‘lub, o‘rus askarlarig‘a qiron yetkurildi. Inson qoni to‘kulmagan na bir ko‘cha qoldi, na bir xonadon. Jihodga kirgan Toshkan ahli «biz o‘lsak- da, o‘layluk, dinimiz bulg‘anmasun, musulmon tufrog‘i kofirlar oyog‘u ostida aziyat chekmasun, farzandi komillarimizning «Allohu akbar!» deb chiquvchi tillari kesilmasun», deb aziz jonlarini qurbon bera berdilarkim, ularga uqob ham havas qilgulik edi. Bu qadar qarshilikni ko‘rmagan yog‘iy fig‘oni falakni tutti. Barcha yerlarda ham shunchalar zarba berilganida erdi, yog‘iy furudastlikka mahkum bo‘lurdi. Xabissheva ahlidan bo‘lmish yog‘iy yoshmi, qarimi yoxud go‘dakmi — farqlamay otaverdi, chopaverdi. Faqiringiz bundayin sidrafarsoy manzarani ko‘rsatguncha ko‘zlarimizni ko‘r qil, deb yaratganga tavallolar qildum. Mo‘ylabi chayonning dumi yanglig‘ tepaga qayrilgan bir malla qilichini shundayin zarb ila urdiki, selginchak osilgan beshik ham ikkiga bo‘lindi, unda belangan chaqaloq ham cho‘rt uzuldi. Bolam, deb nola qilgan o‘n to‘rt kunlik oydayin juvon boshi
tanidan uzilib, beshik yonida qotdi...
Yog‘iyga omonlik bermagan Eski jo‘va dahasini so‘ngroq uqalo «Janggoh» deb yuritmishlar...»
Anvar kitobdan bosh ko‘tarib o‘yga toldi: «Qiziqku, «xalq otasi» buni boshqacha talqin qilib bergan. «Toshkent yigitlari chapani, urushqoq bo‘lgan. U mahalla bu mahalla bilan mushtlashish uchun Eski jo‘vada to‘planganlar. Eski jo‘vadagi maydon shu bois
«Jangop», ya’ni «Janggoh» deb yuritilgan», deb yozaverib, bu gapning iyig‘ini chiqarib yuborgan-ku?»
Anvar kitobga shu qadar berildiki, onasining hovli etagidagi uy eshigini ochib ikki marta chaqirganini ham eshitmadi. Xotinining kirib kelganini ham avvaliga sezmadi.
Xonzoda uyga kirib, sochilib yotgan eski qog‘ozlar, gazit-jo‘rnallarni ko‘rib, dastlab ajablandi. Yerda chordana qurib o‘tirganicha kitobga muk tushib olgan eriga qarab salom berdi. Anvar salomni eshitdi, biroq kitobdan uzilgisi kelmay bosh qimirlatib qo‘ya qoldi.
Xonzoda, eri qarab ham qo‘ymagani uchun «yana kasallari tutdimi», deb qo‘rqib ketdi.

  • Anvar aka, — dedi sekin, keyin cho‘chibroq bo‘lsa-da, ovozini ko‘tardi: — Anvar aka! Anvar kitobdan bosh ko‘tarib, yalt etib xotiniga qaradi:

  • Ha, keldingmi? — dedi-da, yana kitobga muk tushdi.

Xonzoda kiyimini almashtirib chiqqanida ham ahvol shu edi. U eriga bir oz tikilib turgach:

  • Nima ovqat qilay? — dedi, aybdor odamning ovozida. Anvar javob bermadi.

  • Ovqatni so‘rayapman, — dedi Xonzoda, ovozini bir parda ko‘tarib.

  • Bu yoqda odamlar qiyma bo‘lib yotibdi-ku, buning dardi ovqat, — dedi Anvar ming‘irlab.

  • Nima deyapsiz, tushunmadim, — dedi Xonzoda.

  • Mastava! — dedi Anvar jerkib.

Mastava Anvarning eng xushlamaydigan ovqati. Jahli chiqsagina shunday javob beradi. Xonzoda savolni qaytarishga hojat yo‘qligini bilib chiqib ketdi. Oradan bir piyola choy icharli vaqt o‘tib, onasi kirib keldi.

  • Anvarjon, bolam, uydamisan? Chaqiraman, chaqiraman, indamaysan. Men seni qori bola bilan xudoyiga ketvordingmi, debman. Tog‘angnikiga nimaga boruvding, kitob olib keldingmi? Qanaqa kitob ekan?

Anvar «O, shpion, yetkazibdi-da», deb o‘rnidan turdi-da, onasini yetaklab divan tomon yurdi.

  • Qanaqa kitob deb so‘radim sendan, — dedi kampir joylashib o‘tirib olgach.

  • Eskicha kitoblar.

Ziyrak kampir kelinining axborotidan so‘ng xavotirlanib chiqqan edi, shu sababli o‘g‘lining qisqa javobidan qoniqmadi.

  • Tog‘angda eski kitoblar bo‘lmasidi, qani, o‘qi-chi?

Anvar bu «tergov»dan osongina qutulmasligini bilib, charm muqovali kitobni qo‘liga olib ochdi-da, duch kelgan yeridan o‘qiy boshladi:


1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin