Xastalik varaqasida belgilangan muddat nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, Anvar ishga chiqishga shoshilmadi. Tog‘asining chordog‘idan olib kelgan kitoblaru qog‘ozlarni o‘qib chiqqanidan keyin ham bir kun uyda xayol surib yotdi. Zunnuniyning qo‘lyozmasidan
bobosining nima uchun foydalana olmagani ma’lum edi. Haqiqatni aytishga bobosida jur’at yetishmagan. Yetishgan taqdirda ham unga kim yo‘l qo‘yar edi? Zakiylar jismini tishlab olurga tishlari burro, ammo ilmga tishlari o‘tmaydurganlar zamoni tuqqan choqda haqiqatni deguvchilar ohini kim eshitardi? Zunnuniy qo‘lyozmasini bobosi yoqib yubormay asrab qo‘yibdi — shuning o‘zi katta gap. Bu qog‘ozlar, kitoblarni tog‘asi jonni garovga qo‘yish hisobiga saqlagan. Uning o‘limidan keyin esa keraksiz matoh sifatida uloqtirilgan. Yaxshi hamki, chordoqning bir chekkasida ularga joy topilibdi. O‘ttizinchi yillarning olovlaridan olib qolingan kitoblar, farzandlarning oqibatsizligi tufayli yoqildi, axlatxonalarga tashlandi. Anvar shuni o‘ylasa xuddi birov tirnoqlarini omburda sug‘urayotganday azob chekardi. Xayoliga yomon fikr kelganida yoki noxush voqeaga uchraganida ahli muslim kalima keltirgani kabi, Anvar bu paytda shoirdan yod olgan satrni takrorlaydi: «qachon xalq bo‘lasan, sen ey, olomon...»
U o‘sha olomonning bir qismi bilan har kuni osh-qatiq bo‘lishga majbur. Vazifalari olomon ko‘zini ochmoqdan iborat bo‘lgan, o‘zlarini «olim» deb atovchi odamlarni ko‘rgisi kelmasa ham ishga borishga majbur. Xotini «Qo‘ying, o‘sha ishingizni, bo‘shang», deydi. Bo‘shab ketishdan oson ish yo‘q. Och qolmaydi, mardikorlik qilsa o‘n barobar ko‘p pul topadi. Lekin kimdir haqiqatni ochish uchun jonini berishi kerak-ku?
Hamkasblarining ayrimlari uning «tuzalib chiqqanidan» astoydil quvonishdi. Ayrimlari shunchaki ko‘ngil uchun hol-ahvol so‘rab qo‘yishdi.
Xonasiga kirib o‘zining o‘rnida chiroyli juvonni ko‘rdiyu fe’li aynidi. «Yana bir amaldorning kelini ishga olinibdi-da», deb o‘yladi. Institutning yarmidan ko‘pi kelishgan ayollardan iborat — biri kimningdir qizi, kimningdir kelini, singlisi... Anvar Xolidiyning ustaligiga ba’zan tan beradi. Bu ayollarni ishga olish bilan Xolidiy yuqori tomondagilarga yaxshi ko‘rinadi, eng muhim — tarix ilmiga begona bo‘lgan bu jononlar «ustoz Xolidiy» sutni qora desalar ham ma’qullab chapak chalib o‘tiraveradilar. Oppoq bo‘yinchalariga Xolidiyning nafasi tekkanda ko‘zlari xumor suzilib qoladiganlari esa tez orada fan nomzodi unvoniga erishadilar. Anvar o‘rnida o‘tirgan juvonni ham shundaylardan deb o‘ylab, g‘ijindi. Ammo, hamxonalari bilan so‘rashib bo‘lgach, juvon o‘rnidan turib xijolatlik bilan salom berdi-da, «Men sizni kutib turuvdim», dedi. «Men ham chiroyli juvonlar kutishga arzirli odam bo‘lib qoldimmi?» deb o‘yladi Anvar.
Bir haftadan beri kutadilar, — deb izoh berishdi hamkasblari.
Bu yil o‘qishni bitiryatuvdim, — dedi juvon. Uning iymanib gapirishidan dorilfununni bitirish ham ayb ish ekan, shekilli, deb o‘ylash mumkin edi. Anvar uni xijolatlikdan qutqazish uchun gapni bo‘ldi:
Qaysi fakultetni?
Tarixni... Diplom ishi oluvdim. Sunnat Jo‘raevich eng oldin sizga uchrashishimni aytdilar. Shunga...
Sunnat Jo‘raevich deganlari Anvarning kursdoshi. Toliblik davrlarida tarix ilmining avra- astarini ag‘darib tashlash ishqida birga yonishgan. Sunnat fakultetda ishga qolib tez so‘ndi. Shu sabablimi, ular ancha uzoqlashib ketgan edilar. Nechukki endi yo‘qlab qolibdi?
Qaysi mavzuni oldingiz?
Dukchi eshon qo‘zg‘olonini.
Zo‘r mavzuni tanlabsiz-ku? Lekin men... nima yordam berishim mumkin? Siz... Xolidiy degan buyuk olimni eshitganmisiz? Bu davrni suv qilib ichib yuborgan odam o‘sha.
Maskovdagi o‘ris olimlar bu qo‘zg‘olon «progressiv ahamiyatga ega», deyishganida maqtab kitob yozganlar, taqsirimiz. Keyin partiya bu qo‘zg‘olon diniy yo‘nalishdagi qora ish deb baho bergach, yana boshqa kitob yozganlar. Siz xohlagan kitobingizdan foydalanishingiz mumkin. Sunnat... Jo‘raevich nima deyapti? Bu qo‘zg‘olonni progressiv
deb tushuntiryaptimi yo aksinchami?
Anvarning fe’lidan bexabar juvon nima deyishini bilmay dovdirab qoldi. Yaxshiki domlasi
«Anvarjon ozgina qo‘polroq, e’tibor bermang», deb ogohlantirgan edi. Bo‘lmasa chiqib ketishga ham tayyor edi.
Siz Sunnat Jo‘raevichingizdan so‘rab keling, shunga qarab gaplashamiz. Juvon bu odam bilan suhbatlashishning hojati yo‘qligini bilib, eshik tomon yurdi. Anvarning yonidan o‘tayotib bir zum to‘xtadi:
Kechirasiz, domla, tarixga ikki xil ko‘z bilan qarab bo‘lmaydi, — dedi. Juda shirin, ammo keskin tarzda aytdi-da, tez-tez yurib chiqib ketdi.
Anvar shundagina unga bu gaplarni bekor aytganini fahmlab, izza chekdi.
Anvarjon, yordam bera qolsangiz bo‘lardi. Bechora bir hafta kutdi, — dedi ro‘parada o‘tirgan ayol, unga yalinganday qarab. Shu gap madad berib, Anvar shart burildi-da, juvonning orqasidan yugurdi.
Singlim, to‘xtang, — dedi Anvar, unga yetib olgach. — Xafa bo‘lmang. O‘zim shunaqa to‘ngroq bo‘lib tug‘ilganman. Shoshilmayotgan bo‘lsangiz, gaplashib olaylik. — Anvar uni dahlizga qo‘yilgan yumshoq kursilarga boshlab, so‘ng o‘tirishgach so‘radi: — Nimalarni o‘qidingiz?
Siz aytgan ikkala kitobni. Keyin G‘afurov degan olimning kitobini.
Xo‘sh?
Bir-biriga qarshi fikrlar. G‘afurov 1949 yilda bu qo‘zg‘olonni ijobiy baholaganda «tojik xalqining chorizmga qarshi qo‘zg‘oloni», deydi. 1953 yilda esa «favqulodda reaktsion harakat», deb baholab «o‘zbek xalqining harakati» deydi.
Ana shunaqa-da! Maskovda qanaqa kuy chalishsa, bular o‘shanga qarab o‘ynayverishadi. Tarix bularga o‘yinchoq! Siz o‘zingiz qanday fikrdasiz?
Men hali o‘rganib chiqishim kerak.
Progressiv desangiz, bular qo‘ymaydi. Xolidiy diplom ishingizni o‘qimasa ham, is olib yuradigan shogirdlari bor, reaktsion desangiz...
Men haqiqatni deyman.
Keskin tarzda aytilgan bu gap Anvarni hayratga soldi. «Bu dunyoda haqiqatni aytishni istaydigan odam qolmagan», deb yurganida chiroyligina juvon shunday deb tursa-ya!
Kechirasiz, singlim, xo‘jayin qaerda ishlaydilar?
Maktabda.
Ota-onalari-chi?
Ular ham maktabda. Nimaga so‘rayapsiz? Anvar kulimsiradi:
To‘g‘risini aytsam, siz haqiqatni yozsangiz-u, ular amaldor bo‘lsalar ishlari yurishmay qolarmikin, demoqchiydim.
Bizning qo‘rqadigan joyimiz yo‘q.
Siz shu yerda ilmiy ish qilishingiz kerak ekan.
Yo‘q. Men ham maktabga boraman. Haqiqatni eng avval bolalarga aytish kerak. Yarim soat oldin birov kelib «shunday ayol bor», desa Anvar ishonmasdi. Hozir ham quloqlariga ishonmay o‘tiribdi. Chiroyli juvonlar shunaqa yerlarda ishlashni orzu qilishardi. Kelib-ketib yurishsa bas, jon kuydirilmaydi, maosh esa unaveradi. Uzoq yillar ishlagani uchun «mehnat faxriysi» degan nishonlar oladi... Bu juvon esa...
Daftaringizni oching, — dedi Anvar, gapni birdan boshqa tomon burib. — O‘qiydigan kitoblaringizning ro‘yxati: Ostraumov, general-leytenant Korolkov, general-leytenant Terentev, knyaz Mansirev. Bularning gaplarini arxivdan topib o‘qiysiz. Salkov, Nalivkinlarni kutubxonadan topasiz. Siz qo‘zg‘olonni Mingtepadagi masjidning qulashiga bog‘lamang. Qo‘zg‘olonning ildizini eng kamida o‘ruslarning Toshkentni bosib olishlaridan
bosh-lang. Bu o‘q ildiz bo‘ladi. Qo‘shimcha ildizlar — Qurbon dodho, Po‘latxon, Yetimxon, Darveshxon, Sobirxon qo‘zg‘olonlari. Toshkentdagi «Vabo isyoni», «Oqbo‘ri»dagi isyon, Qo‘qon xonining isyoni... Bularsiz Mingtepa qo‘zg‘oloni haqida to‘g‘ri xulosaga kelish qiyin. Shular bilan tanishib chiqqaningizdan so‘ng yana gaplashamiz.
Juvon Anvarning gaplarini tez-tez yozib oldi-da, «bo‘ldimi?» degan savol nazari bilan qaradi.
Zarur gap chiqib qolsa, uyimga kelishingiz mumkin.
Shu yerga kela qolaman. — Juvon shunday deb o‘rnidan turdi. Anvarga uning bu qarori ham yoqdi. Ko‘ngli ravshan tortdi.
Juvonni kuzatgach, xonasiga qaytmoqchi bo‘lib burilgan chog‘ida dahlizda kelayotgan Xolidiyga ko‘zi tushib, to‘xtadi. Odatdagiday bashang kiyingan Xolidiyning yonida suygan shogirdlaridan biri O‘lmas Akrom kelardi. Anvar o‘zidan bir yil keyin kelgan bu do‘mboq yigitni «go‘sala» der edi. Laqab O‘lmasga juda mos tushgan, u to‘yib sut emgan buzoqday beg‘am, birov so‘ksa ham, maqtasa ham bir holda iljayib turaverardi. Go‘sala kolxozlashtirishda matbuotning ro‘li degan mavzuda avval nomzodlikni, ikki yil o‘tmay do‘kturlik dissertatsiyasini yoqlab oldi.
Anvar ro‘parasidan kelayotgan ustoz-shogirdni ko‘rgisi yo‘q edi. Ular bilan so‘rashmaslikning birdan-bir yo‘li — shart burilib ketish. Lekin Anvar bunday qilgisi kelmadi. Ular tomon yurmadi ham. Indamay turaverdi. Xolidiy O‘lmasning yelkasiga qo‘lini tashlab, Anvarga yaqinlashdi.
Ie, mulla Anvarjon, bormisiz, sog‘-salomatmisiz? — u shunday deb labini tili bilan yalaganday bo‘ldi-da, Anvarga qo‘lini uzatdi.
Anvar uning basharasiga qaramay qo‘l uzatdi. Chunki Xolidiy jilmayganida uning basharasiga qaragan odam baraka topmas edi. Xudo Odam Atoni yasayotganida ishni oyoqdan boshlaganmi yo boshdanmi, Anvarga noma’lum. Lekin, uning nazarida, Xolidiyning oyoq-qo‘li, badani avval yasalgan, keyin nima yasayotgani esdan chiqib, yelka ustiga odamning emas, maymunning boshi o‘rnatilgan.
Anvar Sattorovich, tuzalib ketdingizmi? — dedi O‘lmas ham unga qo‘l uzatib.
Kasal edimmi? — dedi Anvar unga qattiq tikilib. O‘lmas javobga so‘z topolmay, ustoziga qaradi.
O‘lmasjonni tabrikladingizmi? — dedi Xolidiy yayrab jilmayib. — Hozir akademiya tasdig‘idan o‘tib kelyaptilar. Institutga direktor bo‘ldilar. Men o‘ttiz besh yil direktorlik qilibman. Yetar, a? Endi ishni siz — yoshlarga topshiramiz. Ilmiy kotiblikka men sizning nomzodingizni ko‘rsatgan edim. Yo‘qligingiz pand berdi.
Siz o‘ttiz besh yil qanday ishlagan bo‘lsangiz bularingiz uch yuz ellik yil shunday ishlashadi.
Yaxshi emas, mulla Anvarjon, bular tengdoshlaringiz. Endi zamon boshqa. Bir- biringizni avaylab ishlang. Mana, biz bir-birimizni ayamovdik, nima bo‘ldi? Meni yigirma besh yilga qamashdi. Stalin o‘lmaganda o‘tirardim. Baxtimga tezroq o‘ldi.
«Birovning o‘limidan bular baxt topishadi, qiziq», deb o‘yladi Anvar.
Xolidiyga Xudo berdi. O‘zini maqtashga bahona topildi. Bunday paytda u majlisdami, dahlizdami, hojatxonadami, farqi yo‘q — gapiraveradi. Anvar jinnixonada derazadan tushgan nur bilan qilgan suhbatini eslab, shumligi tutdiyu uning so‘zini shart uzdi:
Ustoz, — dedi muloyim ohangda. — Hamma onasining qornida to‘qqiz oy yotsa, siz yetti oydayoq tug‘ilib olgan ekansiz, shu to‘g‘rimi?
Ustoz-shogird bu gapdan ajablanib, bir-biriga qarab olishdi. «Bu hali yaxshi tuzalmabdi- da», deb o‘ylardi O‘lmas. «Bu bola qayoqdan biladi buni?» deb o‘yladi Xolidiy.
Anvar Sattorovich, uyalish kerak, — dedi O‘lmas, tanbeh berib.
Xolidiy birovning himoyasiga muhtoj odam emas edi. Sochini barmoqlari bilan tarab qo‘yib, o‘tkir askiya eshitgan odamday miriqib kuldi-da, Anvarning yelkasiga shapatilab qo‘ydi:
G‘ayrat zo‘r bo‘lgan-da, g‘ayrat! — dedi-da, O‘lmasni qo‘ltig‘idan olib, yo‘lida davom etdi.
Anvar orqasiga o‘girilib, ularning izidan bir zum qarab turgach, xonasi tomon yurdi.
Undan ham battar, — dedi Anvar, «bular bilmaydimi?» degan ma’noda xonadagilarga bir-bir qarab. — Ustoz ketibdilar-ku?!
Anvar uchun yangilik bo‘lgan bu xabar xonadagilarga ma’lum edi. Institutdagi o‘zgarish ularning o‘zaro muhokamalaridan ham o‘tgani uchun Anvarga javob berishmadi.
Faqatgina eshik oldidagi ustolda o‘tiruvchi «eng kichkina ilmiy xodim» kulimsirab qo‘ydi. Anvar bu vazifada uzoq yillar ishlagani uchun o‘zini «eng ulug‘ kichik ilmiy xodim», Sobir ismli bu ushoqqina yigitni esa hazillashib «eng kichkina ilmiy xodim», der edi.
Ustoz biz bilan! — dedi Sobir, hazil ohangida.
Ya’ni?
Ya’nikim, ustoz shu bo‘limga mudir bo‘lib o‘tganlar.
Hali ishlar ekanlarmi? Bosmachiga aylanmagan yana bitta-ikkita o‘zbek qolgan ekanmi?
Ustozning konsepsiyalari boshqa hozir. Bosmachilar emas, milliy ozodlik harakati!
Sobirbey, eshitdingizmi? Gulnoraxon opamizning nasihatlariga quloq tutmasangiz menga o‘xshab eng ulug‘ kichik ilmiy xodim bo‘lib qolasiz. Men bunga chidolmayman. O‘zimni shu derazadan tashlayman. Eng ulug‘ kichik xodim bitta bo‘lishi kerak, bilib qo‘ying!
Anvarjon, qo‘ying shunaqa gaplaringizni.
Gulnora opa, yomon gap aytmayapman. Sizning gapingizni tasdiqlayapman. Sobirbey yosh, o‘rgatib turish kerak.