Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə29/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   52
shaytanat

b o b 1


Vino zavodining boshqoni Sharif Namozov xunuk xabar bilan kirgan kotibaga norozi qiyofada boqdi. Birgina jilmayishi bilan jonini sug‘urib olishi mumkin bo‘lgan, ammo yangi boshqonning ko‘nglini ovlay olmasdan xunobi chiqib yurgan kotiba uning qovoq uyganini ko‘rib chimirildi.

  • Kiraversinmi? — dedi nozli ohangda.

  • Bir oz kutsin, — dedi Sharif, telefon go‘shagiga qo‘l uzatib. — Ministr bilan gaplashishim kerak.

Kotiba noz bilan burilib chiqdi. Sharif go‘shakni joyiga ildi. «Prokuraturaning yana nima ishi bor ekan menda?» deb o‘yladi. Qornida birdan sanchiq turib, ko‘ngli aynidi.
Cho‘ntagidan xapdori chiqarib, ilib qolgan choy bilan ichdi.
Shu yoshgacha faqat ilm deb yashayotgan odam, go‘yo peshonasi devorga urilib ko‘zi ochilganday, hayotning ma’nosi o‘zgacha ekaniga imon keltira boshlagan edi. Baxtli bo‘lishimga baxtsizlik asqotadi, deganlaridek, Xudo bu bandasining yumuq ko‘zlarini
ochmoq uchun atayin qamoq mojarosiga ro‘para qilganday edi. Qamoqdan-ku, bir necha kunda qutuldi. Bilagidagi igna izlari ham yo‘qolay dedi. Biroq giyohvandlikning to‘ridan qutulishi og‘ir kechdi. Xuddi achigan ovqat yeb qo‘yganday ko‘ngli aynib, qorin og‘rig‘i boshlansa, to‘lg‘oq tutgan xotin kabi tipirchilab qoladi. Shunaqa paytda ko‘ngil qamoqxonadagi yigitni qo‘msaydi. U ko‘ziga farishta bo‘lib ko‘rinadi. Kela qolsayu bilagini siqib turib tomiriga em ignasini sanchsa. Og‘riq to‘xtasa. Bulutlar ustida yonboshlab sayr qilganday orom olsa... O‘ttiz ming emas, o‘ttiz million so‘m beraman degan tilxatga ham imzo chekishga tayyor... Uyida dastlab shu dard xuruj qilganida o‘zi ham, xotini ham qo‘rqdi. Giyohvandlik to‘ridan chiqib ketish mumkinmi, degan muammo er-xotinni tashvishga soldi. Sharifni qamoqxonadan uyga olib kelgan jingalaksoch yigit xapdori tashlab ketmaganida ularning holiga maymunlar yig‘lashi mumkin edi. Xapdori em bo‘lib, dard asta chekina bordi.
Boshqonlik kursisiga o‘tirgan kuni, yo‘qlanmagan mehmonday Asadbek kirib kelganida ham xapdorini yutib, dard bilan olishayotgan edi. Sharif Asadbekning dovrug‘ini eshitsa ham, o‘zini endi ko‘rayotgan edi.
Asadbek ustol qirrasiga ko‘kragini tirab, tirishib o‘tirgan boshqonga qarab turdi. Dard picha chekinib, Sharif qaddini rostlagach, «Ha, nima bo‘ldi?» deb ham so‘ramadi.

  • Yangi amallar qutlug‘ bo‘lsin, — dedi Sharifga qattiq tikilib.

Azobning asoratidan hali to‘la qutulmagan Sharif yuzini burishtirib, «Rahmat», dedi. U indamay kirib kelib, bezbetlarcha o‘tirib olgan bu odamni vazirlik vakili deb gumon qildi.

  • Meni tanimaysizmi? — dedi Asadbek.

  • Ko‘zimga issiqroq ko‘rinyapsiz?..

  • Men, Asadbekman! Shunaqa odamni eshitganmisiz?

Behush odam yuziga muzdek suv sepilsa, ko‘zi moshdek ochilgani kabi Sharif ham o‘zi kutmagan holda, birdan sergak tortdi. «Shunaqa odamni eshitganmisiz?» Sharif Asadbekni badqovoq, to‘ng, yovuz bir maxluqni eslatuvchi odam qiyofasida tasavvur etardi. To‘g‘ri, qarashi o‘tkir ekan. Lekin bu qarashda ham, yuzlarida ham yovuzlik alomati sezilmaydi. Kiyimlar shohona emas, barmoqlarda tilla uzuk, og‘izda tilla tishlar yo‘q... Sharif Asadbekning qarashiga dosh berolmay o‘rnidan turib ketganini o‘zi ham sezmay qoldi. Ustolni aylanib o‘tib u bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Asadbek o‘tirgan o‘rnida jilmaydi. «Joyingizga o‘tiring», dedi. Sharif unga itoat etmay, ustol olib ro‘parasiga o‘tirib «buyursinlar, taqsirim», degan kabi mo‘mintoy ko‘rinish oldi. «Qilich bu olimchani qaysar, derdi, muloyimgina-ku?» deb o‘yladi Asadbek.

  • Ishga kirishib ketdingizmi? — dedi Asadbek, undan ko‘z uzmay.

  • Sekin-sekin bo‘lyapti, — dedi Sharif. U hozir qaynotasi bilan birinchi marta uchrashib, xijolatda o‘tirgan kuyovbolaga o‘xshardi.

  • Shu zavod dunyoga mashhur bo‘lishi mumkinmi?

  • Ha... — dedi Sharif, — katta foyda berishi mumkin.

  • Men dunyoga mashhur bo‘lishi mumkinmi, deb so‘rayapman. «Porto»mi,

«Napoleon»mi, hech bo‘lmasa «Beliy aist» darajasiga chiqa oladimi?

  • Nega chiqmasin? Biz «Porto»dan o‘tib ketishimiz aniq. Men yangicha bir jarayon asosida vino olishni taklif qiluvdim. Portugaliyaliklar qiziqib turishibdi. Bu jarayonni yanada murakkablashtirish imkoniyatim bor. Zavodda ishlayotgan odam soni uchdan ikkiga qisqaradi. Mahsulot hajmi uch baravar oshadi, sifati yetti-sakkiz marta yaxshilanadi.

  • Biz zavodni sotib olamiz.

  • Biz deganingiz kim?

  • Biz — ikkalamiz. Ya’ni, sizu men.

  • Hazillashmang, mening pulim yo‘q. Undan keyin bu davlatning zavodi.

  • Davlat sotadi zavodni. O‘tirib qoladigan hamma zavodlarni bugun bo‘lmasa ertaga albatta sotadi.

  • Bu zavod... o‘tirib qolmagan. Katta foyda oladi.

  • Hozirgi sharoitda milliarder zavod ham xarob bo‘lib ketishi mumkin.

  • Yo‘q, bu mumkin emas.

  • Mumkin.

  • Bu mening qo‘limdan kelmaydi.

  • Sizning qo‘lingizdan aralashmaslik kelar?

Sharif tushundi. Demak, Asadbekning rejasi ikki bosqichdan iborat: birinchisida boshqon chetda turadi. Undan ko‘ra chapdastroq odamlar zavodni cho‘ktirishadi. «Norentabel» degan ro‘yxatga kiritiladi. Ikkinchi bosqichda Sharif maydonga chiqadi. Yangi usuli bilan zavodni «ko‘taradi».

  • Foydaning to‘rtdan biri sizniki, — Asadbek shunday deb o‘rnidan turib, qo‘l uzatdi. Sharif beixtiyor qo‘l berdi. Asadbek xayrlashish uchun qo‘l olishdimi yo shartni tasdiqlatdimi — Sharif anglay olmasdan qoldi.

Oradan necha kun o‘tsa ham Asadbekning gaplarini o‘ylaydi. Mag‘zini chaqmoqchi bo‘ladi. Hozir zavod to‘rt million so‘m sof daromad oladi. To‘rtdan biri — demak, million! Yangi usulga o‘tilsa bu yana ko‘payadi. Xorijdan dollar ham oqib keladi. Nima, u millioner bo‘ladimi? Bunga bir ishonib — ko‘ngli yayrab ketadi. Bir ishonmay, ko‘ngliga g‘ulg‘ula oralaydi. Prokuraturadan Zohidning kelgani haqidagi xabar vujudida mudrayotgan o‘sha g‘ulg‘ulani uyg‘otdi. Garchi Zohid yomonlik qilmagan bo‘lsa-da, Sharifda unga nisbatan nafrat zohir edi. U, shubhasizki, Zohidning yuragida qanday dard borligini bilmasdi. Sharif uchun milisa ham, prokuror, tergovchi ham bir — surishtirib o‘tirmay qamaydigan odamlar. Sharif endi ish boshlagan damda, ro‘parasidagi qorong‘iliklar chekinib, uzoqdagi tilla cho‘qqilar ko‘rinib, o‘sha tomon talpinib yashayotgan paytda kasbi qamashu xo‘rlash bo‘lmish bu odamni ko‘rishni istamas edi.
Ammo prokuraturadan kelgan odam uning istagi bilan hisoblashmaydi — shunisi chatoq. Sharif o‘zi bilan picha olishib o‘tirgach, kotibasini chaqirib, «kiraversin», dedi.
Ularning so‘nggi uchrashuvi qamoqxonada bo‘lgan edi. Unda Zohid o‘rnidan siljimaydigan taxta ustol ortida o‘tirardi. Sharif xonaga qo‘llarini orqasiga qilib, o‘limini bo‘yniga olgan odamday qaddini egib kirgan edi. Hozir esa... keng xonada, ustiga to‘rtta telefon qo‘yilgan katta ustol ortida Sharif o‘tiribdi...
Eshikdan Zohid kirib keldi. Orqasida soqchi emas, kotiba ko‘rinib, Zohid ichkariga qadam qo‘yishi bilan eshikni yopib oldi. Zohidning qo‘llari orqasida emasdi. Qaddi ham egilmagan, yurishi dadil edi. U «kutib tursin», degan gapni eshitganidayoq boshqonning uchrashuvga hushi yo‘qligini sezgandi. Ichkari kirib, Sharifning qimirlamay o‘tirganini ko‘rgach, bir g‘ashlandi. Ammo odob yuzasidan salom berdi. Sharif bosh irg‘ab alik oldi. Qo‘li bilan ro‘parasidagi stulni ko‘rsatib, «o‘tiring», degan ishorani qildi. Uning dushmanni kutib olganday qarshilashi Zohid uchun kutilmagan hol edi.

  • Eshitaman, — dedi Sharif, Zohidga qarashga botinmay. U tergovchini xushlamay qarshi olgani bilan sarosimadan hali qutulmagan edi. Shu sababli ham unga tik qaray olmadi.

Zohid esa unga tikilib turdi. «Men hali shunga achinuvdimmi? Shuning begunohligini isbotlamoqchi edimmi? Qamoqda chirib ketadigan to‘nka ekan-ku?» deb o‘yladi.
Zohid Jalolshilimshiqning ishi bilan band bo‘lsa-da, Sharif Namozov taqdiri, vinzavod atrofidagi hangomalarni o‘rganishdan butunlay voz kechmagan edi. U hali Jalolshilimshiq Asadbekning yaqinlaridan biri bo‘lganini bilmaydi. Bilganda edi, «Asadbek lozim bo‘lgan mahalda sizni ham shu yigitday o‘ldirtirib yuboradi», deb aytarmidi... Zohidning bu dargohga kelishidan maqsadi dastlabki ish bo‘yicha haqiqat tagiga yetish. Nima uchundir
«Sharif Namozov menga ko‘mak beradi», deb o‘ylabdi. Odamning bunchalik tez o‘zgarishi mumkinligini hisobga olmabdi.

  • Eshitaman, — dedi Sharif bu safar balandroq ovozda.

  • Bir tabriklab qo‘yay deb kirdim. Shu ko‘chaga yo‘lim tushib qoluvdi.

  • Rahmat.

  • To‘yda ko‘rinmadingizmi?

  • Qaysi to‘yda?

  • Asadbek qizini uzatdi-ku, sizni aytmadimi?

  • Safarda edim.

  • Attang... Zo‘r to‘y sizga nasib etmabdi-da, a? Ishlar qiyin emasmi?

  • Shuni so‘ragani keldingizmi, boshqa gapingiz yo‘qmi?

  • Boshqa gapmi?.. Bor. Qilich Sulaymonov bilan oralaringizda nima gap o‘tgan edi?

  • Hech qanaqa gap o‘tmagan.

  • Unda nima uchun sizga tuhmat qildi. Ozmuncha pulga kuymadi, boyaqish. Sizning qamalishingiz unga nima uchun zarur bo‘lib qolgandi?

  • Sulaymonovning ishini siz olib boryapsizmi? Zohid savoldan kutilgan maqsadni angladi:

  • Men Namozovning ishini olib boryapman, — dedi dona-dona qilib.

  • Namozovning ishi yopilgan, — dedi Sharif to‘ng ohangda.

  • Hozircha rasman shunday. Siz ko‘cha changitib yurgan kissavur bola emassiz. Olimsiz. Qonunni yaxshi bilasiz. Har qanday ish qayta qo‘zg‘otilishi mumkin, — dedi Zohid, har bir so‘zga alohida-alohida urg‘u berib.

  • O‘sha qayta qo‘zg‘otilganda gaplashamiz.

  • Yaxshi niyat, yarim mol, harholda gaplasharkanmiz-ku, — Zohid shunday deb o‘rnidan turdi. — Qamoqxonada siz menda boshqacha taassurot qoldirgan edingiz. Sizni olim odam, ilmdan boshqa narsani tan olmaydigan haqiqatparvar kishi, deb o‘ylagan ekanman. Bu dunyoda chin haqiqatparvar odam anqoning urug‘i ekan, shekilli?

  • Haqiqatdan hamma gapirganida ham siz gapirmang endi! — dedi Sharif o‘rnidan turib. U Zohidni kuzatish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldimi yo jahli chiqib turib ketdimi, o‘zi ham bilmadi.

Burilib ketmoqchi bo‘lgan Zohid ajablanib, unga qaradi:

  • Nimaga? Men haqiqatga mos kelmaydigan biron ish qildimmi yo so‘z aytdimmi?

  • Begunoh odamni muttahamlarning ichiga tiqib qo‘yish — haqiqatmi?

  • Afsuski, laqmalik uchun qamash mumkin emas. O‘shanda sizni laqmaligingiz uchun tiqib qo‘yish kerak edi. Molday ichib, bilakka qora doridan urdirib, uyda nima ahvol, bilmaysiz. Yaxshi hamki uyingizga qora dori tashlashibdi. Xotiningizni so‘yib, pichoq dastasini qo‘lingizga ushlatib qo‘yishsa nima qilardingiz?

Zohidning gapi Sharifni titratib yubordi.

  • Gapirmang! — dedi u jonholatda.

  • Shoshilmang, bu ham bo‘lib qolar... sizdaqa odamlarni yo‘q qilish cho‘t ekanmi? Faqat kasringiz boshqalarga uradi. — Zohid shunday deb eshik tomon yurdi.

  • To‘xtang, siz nimaga shama qilyapsiz?

  • Hech nimaga. O‘zimcha o‘ylayapman. Boshingizga baxt qushi qo‘ngan ekan, oyog‘idan mahkam ushlang. Jar tepasiga borib qolganingizda attang, demang. Siz o‘ynayotgan o‘yinning qonun-qoidalarini men bilmayman. Harholda bu ilm odami o‘ynaydigan o‘yin bo‘lmasa kerak.

Ilmdan chekingan ikki odam serhasham bir xonada xuddi daryoning ikki qirg‘og‘ida turganday gaplashishardi. Ajablanarlisi shundaki, ularning biri haqiqat istab ilmdan uzoqlashdi, ikkinchisi haqiqat yetkazgan jabrlardan bezib, ilmdan yuz o‘girdi.
Qamoqxonadagi uchrashuvda ular ruhan bir-birlariga yaqin edilar. Endi ular orasida olov daryosi bor. Uni kechib o‘tish mumkinmi? Ular yana to‘qnashadilarmi — Xudo biladi.
Zohid chiqib ketdi. Ilmoqli gaplari bilan Sharifning yuragini tirnab ketdi. Haqiqat deb jabr chekkanlari to‘g‘ri. Ammo bu jabrning rohati ham bor edi, tan olish kerak. Haqiqatdan chekinmagan odamning ruhi erkin bo‘ladi. Dard cheksa-da, tiz cho‘kmagani uchun ruhi yayraydi. Ana shu rohatdan o‘zi o‘z xohishi bilan voz kechdi. Ammo ruhi uning bu qarori bilan kelisha olmaydi. Zindonda azob chekayotgan bandi kabi nola qilaverdi. Hozir Zohid chiqib ketgach, bu nola yana boshlandi. Sharif o‘rniga o‘tirib, tirsaklarini stolga tirab, boshini changalladi.
Eshikni qiya ochgan kotiba unga ajablanib qarab turdi-da, yengil yo‘talganday bo‘ldi. Sharif boshini ko‘tarib unga qaradi.

  • Telefonga qarang, — dedi kotiba.

Sharif telefon go‘shagini qulog‘iga tutishi bilan Asadbekning ovozini eshitdi:

  • Tinchlikmi?

  • Tinchlik.

  • Tergovchi bola nimaga kelibdi?

  • Shunday o‘zi...

  • Chaynalmang.

  • Sulaymonov bilan oralaringda nima gap o‘tgan edi, deydi.

  • Qo‘rqib ketdingizmi? Qo‘rqmang. Bu bola bir o‘limtik chivin. Chaqib o‘ldirmaydi. Faqat g‘ing‘illab g‘ashingizni keltiradi. Puf desak, chiqqan joyiga kirib ketadi. Omon bo‘ling.

Asadbek gapni qisqa qildi.
«Darrov qayoqdan bila qoldi, — deb o‘yladi Sharif, — hammayoqqa ayg‘oqchi qo‘yib tashlagan shekilli?»
Sharif, Zohid aytganday, go‘l bo‘lmaganda, Qilich Sulaymonovning kotibasi nega almashtirildi, deb o‘ylab qo‘yardi. Agar biron marta bo‘lsin shahar markazidagi uch qavatli uy yerto‘lasidagi videobarga kirganda edi, kotibaning qaerdan kelib qolganini fahm etardi.
Kotiba kirib yaqinginada videobarda ko‘pning jonini olgan nozli jilmayishi bilan yangi xo‘jayiniga yaqinlashdi.

  • Choy damlab beraymi, Sharifjon aka!

Sharifning dimog‘iga yoqimli atir isi urilib, ko‘ngli ravshanlashdi.

  • Mayli, juda achchiq bo‘lmasin, — dedi kotibaga bir qarab olib.

Kotiba ustolning narigi chetidagi choynakni olish uchun orqadan aylanib o‘tmay, Sharifning oldidan qo‘l uzatib egildi. Sharifning dimog‘iga atir isi gupirib urildi. Ko‘zi kotibaning siynaband taqilmagan ko‘kraklari orasidagi ariqchaga tushib, ko‘ngli g‘alati bo‘lib ketdi. Kotiba hech narsani sezmaganday qaddini rostlab, unga bir ishvali jilmaydi.

2


Birovga yomonlik qilmaydigan odamni «yaxshi odam» deyishadi. O‘zgalarga yaxshilik qilmovchini-chi? Boshqalarga yaxshilik qilmaydigan odamning yomonlik istovchidan farqi bormi?


Vinzavoddan uzoqlashayotgan Zohid shu savolga javob istar edi. Ustozi Habib Sattorovich ilmga rag‘bati bor, iqtidorli olimga jonini ham berishga tayyor. O‘zining ishini chetga surib, boshqaga yordam qo‘lini cho‘zadi. Bu yaxshilikmi — yaxshilik. Lekin ko‘chada birov ochdan shishib o‘lyapti, desangiz, yordam berish uchun chiqmaydi. O‘sha o‘layotgan odam olim desangizgina chiqishi mumkin. Bu-chi, bu ham yaxshilikmi yo ablahlikmi? Sharif Namozov ham shu toifadanmi? Xo‘sh, Zohid nima qilishi kerak? Bu
olim ochdan emas, to‘qlikdan shishib o‘lishni ma’qul ko‘ribdi. Unga yordam bersinmi? Yashashga o‘zida rag‘bat bo‘lmagan odamni o‘limdan qutqarib bo‘larkanmi?
Olim odam qanday qilib ilmni mansabga almashtirishi mumkin? Avval mansabga yetishib, so‘ng olim degan unvonga erishganlar son mingta. Bu odam esa... To‘g‘ri, boshqon bo‘laturib ham ilmiy ishini davom ettirar. Lekin hozirgi holda ilm yaxshilikka emas, jig‘ildonga xizmat qilishi aniq bo‘lib turibdi. «Tanlagan kasbining o‘zi mayda edi,

  • degan qarorga keldi Zohid. — Musallas ishlashning yangi usuli. Kimga kerak bu usul. Yangicha musallas jamiyatni yaxshilashga, tozalashga xizmat qiladimi? Uzumni olding, siqib sharbatini chiqarding, idishning og‘zini mahkamlab, qorong‘i joyga qo‘yding.

Shunga ham ilm kerakmi? Odamlarni aljitish, miyasini suyultirishni ham «ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish kerakmi?» Shuni olim dedimmi? Shunga achindimmi? E, ahmoq, Hamdam akaning gaplariga kirishim kerak edi. Hamdam akaga o‘xshab bu odamning qorniga bir tepmaymanmi, joni og‘rib turganida jinoyatini bo‘yniga qo‘yib, qog‘ozga imzo chekdirib olmaymanmi...»
Zohid yo‘lga oq poyandozday to‘shalgan qorni g‘ichirlatib bosib picha yurgach, pishqirib to‘xtagan avtobusga chiqdi.
O‘zi ishlagan xonaga kirganida Hamdam Tolipov deraza tokchasiga o‘tirib olib sigaret tutatardi. Xona tutunga to‘lib ketgan, demak, Hamdam anchadan beri shu yerda, balki kimnidir so‘roq qilgandir. Balki kimdir yaqinginada tepki yeb chiqib ketgandir...

  • Ha, odil prokuror, ishlar qalay? — dedi Hamdam o‘tirgan yerida qo‘l uzatib. — Haqiqat o‘rnatib bo‘ldingmi?

  • O‘rnatyapman, — dedi Zohid, jilmayishga harakat qilib.

  • O‘rnataver. Bizam bi-ir yayrab yashaylik.

  • Kayfiyat yo‘qmi? Nima bo‘ldi?

  • Kayfiyat joyida. Bu dunyoda haromilar bor ekan, kayfiyat joyida bo‘ladi. Sen haqiqatni o‘rnatganingdan keyin ishsiz siqilib, kayfiyatim buziladi,— Hamdam shunday deb cho‘ntagidan daftarcha chiqardi. — Yozib ol: Sherqo‘ziev. Taksoparkda yigirma ikki yildan beri ishlaydi. Komilovni aeroportda oxirgi marta shu odam ko‘rgan. Komilov ikkita kavkazlik yigit bilan savdoni pishitayotganda yonida bo‘lgan. Komilov ularni naqd ikki yuzga tushirib, soat to‘rtlarda Chimkentga qarab jo‘nagan.

  • Chimkentga? Unda Chinoz yo‘liga qanday borib qolgan? Balki Sherqo‘ziev yanglishgandir?

  • Chimkentgaligini aniq biladi. Yo‘lda kavkazliklar adashibmiz, bizga Chinoz kerak ekan, deyishi mumkinmasmi? U laqma esa bundan xursand bo‘ladi. Harholda Chinoz yaqinroqda. Balki yana besh-o‘n so‘m qo‘shishni talab qilgandir, ular ko‘nishgandir.

  • Sherqo‘ziev uni tanir ekanmi?

  • O‘sha kuni tanishibdi. Qarasa, mashina o‘zi ishlaydigan taksoparkniki, «Oshna, qachon keldingiz?» deb so‘rabdi. «Yaqinda keldim», debdi. «Moshin yangi-ku, qanday undirdingiz? Biz uch yildan beri kutaverib sarg‘ayib ketdik», debdi. Komilov

«sarg‘aymaslik uchun tuzukroq uzatish kerak edi», debdi. Sherqo‘ziev shunga hayron. Xo‘jayinlarga beradiganini berib qo‘ygan ekan. Mashina biqiniga «ijara pudrati», deb yozilgan ekan. Taksopark xo‘jayinlari esa bunday emas, deb turishibdi.

  • O‘g‘irlanganmi?

  • Yangi mashina o‘g‘irlansa, ular jim o‘tirisharmidi? Bu yerda to‘dalarning qo‘li borligi sezilib turibdi. Asadbekmi, Hosilboyvachchami, Markanyanmi?.. Kim olgan mashinani? Komilov kimning xizmatkori? Ha, Sherqo‘zievning gapiga qaraganda Komilov Sibirdagi jononlarning qiliqlarini ta’riflab bergan ekan. U Sibirda nima qilgan? Gastrolga borganmi? Gap kavlasang, savol qaynab chiqaveradi. Sen unga javob topa olmasang kerak.

  • Shu darajada noshudmanmi?

Hamdam deraza tokchasidagi «shohsupasi»dan tushib, Zohidni yelkasiga yengil musht urib qo‘ydi.

  • Gap sening noshudligingda emas. Bu chigalni hatto ulug‘lar ulug‘i Hamdam Tolipov ham yecha olmaydi,— u shunday deb kulib qo‘ydi. — Ko‘nglim sezib turibdi, bu to‘daning ishi. To‘g‘ri, yog‘ochning uchta emas, ikkita uchi bo‘ladi. Bir yog‘ini bossang, ikkinchi tomoni kelib peshonangga uriladi. Yo yaqin kunlar ichi to‘dalarning o‘zi keraksiz bir odamini qotil qilib ko‘rsatib, senga ro‘para qiladi, yo «ochilmagan ishlar» ro‘yxati bittaga ko‘payib, sen xo‘jayining oldida noshud xodim sifatida qaddingni keri-ib turasan. Hamdam gapini hazilga burmoqchi edi, eplolmadi. Tabiatan keskinroq odamning kayfiyati buzilib turgan paytda hazil qilishi tuyaning balet raqsiga tushishiday bo‘lar ekan. Hamdamning bunaqa hazillari Zohidga yangilik emas. Hamdam o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib turgan paytda oldindan kelgan odamni tishlaydi, orqadan kelganni tepadi, ayamaydi. Faqat marhamat qilsagina hozirgiday hazillashib qo‘yadi.

O‘xshatmasdan uchratmas, deganlariday Zohidning kayfiyati ham o‘zingizga ma’lum. Sharif Namozovning gaplari, qilig‘idan tamom gangigan Zohidga Hamdamning hazili malol keldi.

  • To‘da, to‘da, deysiz nuqul. Shunchalik joningizni olib qo‘yganmi ular? Kim o‘zi ular — odammi yo devmi?

Hamdam ro‘parasidagi jizzaki yigitni endi ko‘rayotganday qattiq tikildi.

  • Ularning kimligini bilmaysanmi? Ular odam ham, dev ham emas. Ular ajdarho. Yuz boshli ajdarho. Ammo tanasi, qorni bitta. Ular quvvatni qaerdan oladi, bilasanmi? — Hamdam ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga niqtadi. — Ajdarhoning joni saqlanadigan quticha o‘sha yerda. To‘dalarga faqat o‘shalar bas kela oladi. Sen ajdarhoning boshlarini nima bilan uzmoqchisan, quruq gap bilanmi? Yo «bu dunyoda adolat degan gaplar ham bo-or», deb ajdarhoning qulog‘iga azon aytasanmi? O‘shalar, — Hamdam barmog‘ini yana yuqoriga nuqdi, — qo‘lingga o‘tkir qilich ham berishi mumkin. Sen borib ajdarhoning bitta boshini uzasan. Senga rahmat aytishadi. Gazitda suratingni chiqarishadi. Yuzta boshdan to‘qson to‘qqizta qoladimi shunda? Bekorlarni aytibsan. Sen uzib tashlagan bosh o‘rniga darrov boshqasini qo‘yishadi.

  • Falsafadan dars berishga arziydigan domla bo‘lib qolibsiz, — dedi Zohid, piching bilan.

  • O‘g‘rivachchalarni quvlab yurgan odamning falsafasi ham shunaqa mayda bo‘ladi. Senga achinganimdan bi-ir gapirib qo‘yaman-da. U yerda kosang oqarmaydi. Faqir kishi panada bo‘lgani ma’qul-da. Adolat qilishingga ular yo‘l berishmaydi. G‘irrom ishlarga esa sening vijdoning yo‘l qo‘ymaydi. Ikki o‘t orasida qovurilib yuraverasan. Mana, oldingi ishing nima bo‘ldi? Ovsarga o‘xshab og‘zingni ochib qolaverding.

  • Endi oshirvordingiz, aka. Gap deb gapiraverar ekansiz-da. Og‘zimni ochib qolganim yo‘q. Ilonning dumini ko‘rib turibman.

  • Zo‘rsan-ku! — Hamdam qoyil qolgan odamday ko‘zlarini katta-katta ochib, Zohidga qaradi.

  • Masxara qilmang. Sizga to‘g‘risini aytyapman.

  • Ilonning dumini ko‘rib nima qilasan? — Hamdam endi oshkora piching bilan gap boshladi. — Ilon kavagiga kirib ketishi mumkin. Siz kavak og‘zida poylab o‘tiraverasiz, ilon esa do‘ngning narigi tomonidagi kavakdan chiqib ishini qilaveradi. Qochmasin, deb dumini bossangiz, nima bo‘lishini bilasiz-a? Ha, chaqadi!

Zohid bu gaplarni toqat bilan eshitdi. Hamdam hayajonini bir oz bosib olgach, vinzavodga kirganini aytdi.

  • Ana, ko‘rdingmi! Bu marazga rahming keluvdi. Shuni deb Asadbek bilan olishmoqchi eding. Shuni deb o‘lib ketsang, ammo juda xafa bo‘lardim. — Hamdam ustol ustidagi qora daftarchani olib varaqladi. Kerakli sahifani ochgach, telefon go‘shagini ko‘tarib,

raqam terdi. — Allo, vinzavodmi, singlim, menga direktor o‘rtoq Namozov keraklar. Polkovnik Musaxo‘jaevman. Majlis tugashini kutishga vaqtim yo‘q. — Hamdam «hozir boplayman», deganday Zohidga ko‘z qisib qo‘ydi. — O‘rtoq, Namozov, salom. Polkovnik Musaxo‘jaevman. Turmadan beshta jinoyatchi qochganini eshitdingizmi? Gazit o‘qiysizmi o‘zi, hammayoqda shov-shuv-ku? Nega aloqasi bo‘lmasin, sizga ham aloqasi bor uchun telefon qilyapman. Kecha kechasi turmani kavlab beshta xavfli jinoyatchi qochgan. Ular orasida Qilich Sulaymonov ham bor. Taniysiz-a uni? Xullas, u kimdandir o‘ch olishini aytgan ekan. Kimlarni nazarda tutganini bilmaymiz. Lekin har ehtimolga qarshi sizni ogohlantirib qo‘yamiz. Agar uni ko‘rib qolsangiz, darrov bizga xabar qiling. Xo‘p, xayr.
Hamdam go‘shakni joyiga qo‘yib, jilmaydi.

  • Dovdir. «Albatta qo‘ng‘iroq qilaman», deydi. Kimga, qanday telefon qiladi, ovsar. Dushman uyasiga g‘ulg‘ula solib qo‘ydim. Hozir qo‘ng‘iroqlar boshlanadi. Milisaga, prokuraturaga, turmaga... Tasavvur qilyapsanmi? Oyog‘i kuygan tovuqday bo‘lishadi. Shuni bi-ir tomosha qilsang, xumordan chiqsang.

  • Bekor qildingiz, foydasi bormi?

  • Foydasi bor. Hech bo‘lmasa ko‘ngil, — Hamdam ko‘kragiga yengil mushtladi, — taskin topadi. Bu itdan tarqalganlarni giribonidan ushlab o‘tqizib qo‘yish qo‘limizdan kelmaganidan keyin iniga bir marta cho‘p suqib qo‘ysak yomonmi? Hadeb biz kuyib- yonib yuraveramizmi? Ular ham bir kuysin.

  • Baribir bekorchi ish bu.

  • Vey, menga qara, prokuror. Sen ishingni o‘zgartir. Sen jensovetga rais bo‘lib bor. Sening joying o‘sha yerda, ha!




  1. Yüklə 0,58 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin