Asadbek bu xabarni eshitib, tutoqib ketdi. U «Elchin sal bo‘lsa-da, esini yig‘ib oldi», deb
yanglishganini bildi. «Ko‘zi ko‘r, aqli past ekan, — deb o‘yladi Asadbek, — bu tagi pastga olov bilan o‘ynashishni kim qo‘yibdi?»
To‘yda ahvol qanaqa ekan? — deb so‘radi Asadbek, o‘zini bir oz bosib olgach.
Uloq Hasanalidamish. Elchinga pul qistirishmabdi, — dedi Chuvrindi.
Ha, tulki! — Asadbek o‘rnidan turib, eshik tomon yurdi. — Ketdik.
Siz bormaganingiz ma’qul, — dedi Chuvrindi, joyidan jilmay. — Men yigitlarni yubordim. O‘zlari tinchitishadi.
Asadbek to‘yxonaga kunduzi borib muborakbod etib, sovg‘a-salomini berib kelgan edi. Uning kechki ziyofatlarga kelmasligi ko‘pchilikka ma’lum, shu uchun hozir borsa, mag‘lubiyatini bo‘yniga olgan bo‘lib chiqadi. Chuvrindi buni oldindan hisob-kitob qilib qo‘ygan edi. Asadbek uning maqsadini darrov tushunib, joyiga qaytdi.
Siz tashvishlanmang. Bir jihatdan shunday bo‘lgani ham durust. Burniga suv kirsa, keyin qadringizga yetadi, — dedi Chuvrindi.
Asadbek xabarni eshitib, titrab o‘tirgan paytda Elchin to‘yda yonib qo‘shiq aytardi. U davraga birinchi chiqishidayoq bu yerga sharmanda bo‘lish uchun kelganini angladi. Undan oldin Hasanali chiqqanida uni qiyqirib qarshi olishdi. Hasanali o‘rtaga chiqib, xuddi tsirk artistiday bir qo‘lini yuqori ko‘tarib ta’zim qildi. Olqishlar tingach, unga torni ikki qo‘llab uzatishdi. U arzimagan bir odamning maktubini olayotgan podshoday qaddini g‘oz tutib, torga qo‘l uzatdi. Shu onda Hosilboyvachcha unga yaqinlashib, ustidan pul sochdi. Hasanali ashula aytib emas, pul sochishdan, qistirishdan charchadi. Navbat Elchinga yetganida to‘yxonada olqishlar yangramadi. Pullar sochilmadi. Tashqaridan qaragan odam barcha pul avvalgi ashulachiga sarf etilib tugabdi-da, deyishi mumkin edi. Elchinga bu usul ma’lum. Ashulachini xor qilishning eng madaniy yo‘li shu. Bundan bir vaqtlar Asadbek ham foydalangan. Elchinni boshlab borib, uning obro‘yini oshirish, to‘y egasi chaqirgan hofizni yer qilish uchun shu usulni qo‘llar edi. Hosilboyvachcha aks yo‘l tutdi: o‘zi aytib kelgan qo‘shiqchini o‘zi xor qildi. U atayin davraga chiqmadi. Xuddi Elchinning ashulasini eshitmaganday ulfatlari bilan chaqchaqlashib o‘tiraverdi. Elchinning raqqosasi — to‘ylarda yuraverib ko‘zi pishgan jonon juvon — Hosilboyvachcha o‘tirgan yerga borib ming muqom qildi, ming ishva bilan suzildi, foydasi bo‘lmadi.
...Ana shu paytda Asadbekka xabar ketgan edi...
Elchin izzati bitganini bilib, to‘ydan chiqib ketmoqchi ham edi. Biroq o‘zini tutdi. Sharmandalik yukini ortmoqlab chiqib ketgandan ko‘ra oxirigacha chidashga qaror qildi. Hozir chiqib ketsa — ularga shu kerak — g‘oliblik jomini sipqorishadi, ketmay o‘tiraversa, chiqib ashulasini aytaversa, ular ajablanishadi, balki xavotirga ham tushib qoli-shar.
Elchin to‘yxonada o‘zining kalaka qilinayotganidan bir ezilsa, ikki to‘da orasida qo‘g‘irchoq bo‘layotganini anglab, ming ezildi. «Bunga avvalroq aqlim yetishi kerak edi», deb o‘zini o‘zi ayblashdan o‘zga chora topmadi. U davraga ikkinchi marta chiqqach, atayin mungli ashulani ayta boshladi. Shirakayf yigitlar kelib, «sho‘xrog‘idan bo‘lsin», deb qulog‘iga shivirlab ketishsa ham parvo qilmadi. To‘yda yayrab, o‘ynayman, deb kelgan qizlar, yigitlar betoqat bo‘lishdi. Hosilboyvachchaning davrasidagilar ham u tomonga bir-ikki qarab qo‘yishdi. Hozirgina qiziyotgan to‘y soviy boshladi. To‘y to‘yga emas, ma’ruzachining gaplari yoqmay g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir boshlangan majlisga o‘xshab ketdi. Hosilboyvachcha o‘rnidan turib, Elchin tomon bir qadam qo‘ygach, to‘xtadi. Elchin uning to‘xtab qolishi sababini ro‘parasida Jamshid paydo bo‘lgach, angladi. Jamshid ashuladan mast bo‘lgan odamday jilmayib qo‘ydi-da, cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib Elchinning ustidan sochdi. Jamshiddan so‘ng yana ikki notanish yigit sochdi. Ana shunda Hosilboyvachcha cho‘ntagiga qo‘l tiqib o‘rnidan turdi. Ana shunda Elchin ashulani nihoyasiga yetkazmay uzdi-da, joyiga qaytdi.
Uni to‘y oxirigacha davraga chorlamadilar. U esa o‘zini erkin tutgan bo‘lib, yeb-ichib o‘tiraverdi. Sheriklarining savol nazarlariga «xotirjam bo‘linglar», degan ma’noda im qoqib qo‘yaverdi.
To‘y tugab, kelin-kuyov kuzatilgach, Hosilboyvachcha Elchin o‘tirgan ustolga yaqinlashdi.
Maza qildik, aka, — dedi Elchin uning ko‘ziga tik qarab.
Akaxonni xursand qildingiz, rahmat, — u shunday deb cho‘ntagidan ikki taxlam yuz so‘mlik chiqarib, ustol ustiga tashladi. — Yetadimi?
Elchin zaharli jilmayish bilan pullarga qaradi. Bir taxlamni olib, yonida o‘tirgan doirachiga uzatdi-da, «O‘zing bo‘lib ber», dedi. So‘ng ikkinchi taxlamni Hosilboyvachchaga uzatdi:
Akaxon, men xolis xizmatga kelganman.
Hosilboyvachcha qoshlarini bir chimirdi-yu, ammo sir boy bermadi. So‘ng pulni olib raqqosa oldiga tashladi.