Tor ko‘ngullik beklar, man-man demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbek yurtidur, tenglik qiling...
Asadbek ayvonda sharpa sezib, o‘girildi. Qo‘lida patnis ushlagan ayolni ko‘rib, yarim ochiq eshikni asta taqillatdi. Ikkala oshna eshik tomon baravar qarashdi-yu, kutilmagan tashrifdan ajablanib, bir zum harakatsiz qolishdi. Hayrat to‘rini birinchi bo‘lib Anvar uzib chiqdi. Chaqqon o‘rnidan turib, chaqirilmagan mehmonga peshvoz chiqib, salom berdi. Elchin ham o‘rnidan turib, qaynotasiga norozi qiyofada boqdi.
O‘qishga berilib, chaqirganimni eshitmadinglar, — dedi Asadbek ostona hatlab, ichkari kirib. Ayvondan o‘tib, dahliz eshigini ochgan Xonzoda mehmonxonaga kirayotgan kishini ko‘rib, to‘xtadi.
Asadbek paltosini yechib, stul suyanchig‘iga tashlaguncha, Anvar stol ustini yig‘ishtirishga kirishdi. Bu orada Xonzoda ham kirib, dasturxon yozdi.
Anvar Asadbekni bugun ikkinchi marta ko‘rishi. Dastlab to‘yida ko‘rgan, «odamlar aytganday dahshatli emasga o‘xshaydi-ku», deb ko‘nglidan o‘tkazgan edi. Bugun uning kirib kelishi uni biroz shoshirdi. Asadbek dasturxonga hech narsa qo‘ydirtirmadi.
Hozir o‘qigan she’ringizni eshitdim. Kuchli yozilgan ekan. «Tenglik qiling, kenglik qiling», deb. Xuddi bizga atab yozibdi. Bir-birimizni bo‘riday g‘ajib yuribmiz-da hozir, — dedi Asadbek. Ochiq ko‘ngilda aytilgan bu gapni Elchin o‘zi tomon otilgan toshday bilib, g‘ijindi. Qaynotasining ro‘parasiga o‘tirib, xo‘mraydi.
Bo‘riday desangiz, bo‘rilar xafa bo‘larmikin, — dedi Anvar, do‘stidagi o‘zgarishni sezmay, — bo‘rilar ahil yashasharkan.
Bu gapingiz ham to‘g‘ri, — deb kulimsiradi Asadbek. — Endi siz tilchisiz, gapga to‘n kiydirvorasiz.
Men tarixchiman.
Ha, endi tarixchilar ham gapga usta bo‘lishadi. Sizning... Xolidiy degan domlangiz bor, a? U muttaham hali ham butun o‘zbekni bosmachi deb yuribdimi?
Elchin Anvarga, Anvar Asadbekka ajablanib qarashdi. Asadbekning Anvarga yoqib qolishi uchun shu gap o‘zi kifoya qildi. Asadbek yo‘l-yo‘lakay o‘ylab, mo‘ljalni aniq nishonga
olgan edi. Bu gapdan keyin Elchin ham biroz yumshadi. Asadbek bu gapni tarixchilar ishini muttasil kuzatib yuradigan ziyoli odam sifatida aytgani uchun ham ishonarli chiqdi. Uning deputat bilan so‘zlashgani, uning aytganlaridan kerakli xulosa chiqarib olganini bu ikki oshna bilmas edi.
Anvar «xalq otasi»ning munofiqligidan gap ochilsa, o‘zini tutib tura olmas edi. El orasida yomon ishlar bilan qo‘rquv solib yurgan odamki, bu haqda so‘z ochdimi, demak, Xolidiy munofiqgina emas, murtad hamdir, degan tushuncha uning gap xaltasini ochib yubordi. Anvarning hozirgi ahvolini ko‘rgan odam uni o‘z uyida emas, ilmiy kengashda ma’ruza qilyapti, deb o‘ylar edi.
Mana, Qo‘qon muxtoriyatini oling. Lenin o‘z huquqlaring o‘zlaringda dedimi, dedi. Po‘lsha o‘ziga mustaqil bo‘ldimi, bo‘ldi. Estoniya, Latviya, Litva, Finlyandiya ajralib ketdimi, ketdi. Bular ham xuddi biz kabi Rusiya imperiyasining mustamlakalari edi-ku? Ular mustaqil bo‘lib ketishdi. Biz bor-yo‘g‘i muxtoriyat talab qilgan edik. Qarang-a, muxtoriyatga ham ko‘nishmadi. Lenin Moskovda turib olib, «Mazlum sharqqa ozodlik berdik», deydi. U yoqda mazlum xalqning qoni daryo bo‘lib oqadi. Qo‘qon muxtoriyatini kim qonga botirdi? O‘rislarmi, bolsheviklarmi? Yo‘-o‘q, bu ishni turk qoniga tashna dashnoqlarga qo‘yib berishdi. Men buni tarixiy dalil asosida isbotlasam, u padarla’nat
«Sizning xulosangiz milliy nizo keltirib chiqaradi», deydi. Bir odamning o‘t pufagida tosh bor. Shuni olib tashlash uchun qornini yorishdi. Shunda jarroh «o‘t pufakka tig‘ tegsa jigar xafa bo‘ladi, yaxshisi ko‘r ichakni olib tashlaylik», deb tursa, kasal bechora dardini kimga aytadi?!
Xonzoda choynak-piyola ko‘tarib kirgach, Anvar otashin nutqini to‘xtatdi. Asadbek Anvardagi tuyg‘udan uzoqroq bo‘lsa ham, gaplarini eshitib, unga nisbatan mehri uyg‘ondi.
Siz bilan bir gaplashadigan ekan. Qoyilman,— dedi Asadbek, Anvar uzatgan piyolani olib. — Men o‘rtog‘ingizga bir gap aytay, deb kirgan edim. Siz ham eshiting, maslahat bering. Elchinboy, sizni kechami yo bugunmi hech kim to‘yga aytmadimi?
Yo‘q, — dedi Elchin to‘ng ohangda.
Agar aytsa, ko‘nmang. Umuman, yaqin orada to‘ylarga bormay turing.
Nimaga?
Ha, endi... chillalik odamsiz.
Aniqroq gapiravering.
Aniqrog‘i shuki... Siz san’atdagi obro‘yingizni tiklab olishingiz kerakmikin? To‘yda... har xil odamlar bo‘ladi. Sizlarning oralaringizda ham hasadgo‘ylar bor. Bitta yaxshi ashula chiqarsangiz xalq eshitib xursand bo‘ladi, hasadgo‘ylaringiz esa kuyib ketadi.
Yana ham aniqroq aytsam, gap shuki, endi sizning obro‘yingiz mening ham obro‘yim. Sizni... o‘g‘lim deganman. Anvar-jon, siz guvohsiz, o‘rtog‘ingiz kuyovim emas, o‘g‘lim. Chet eldagi o‘g‘illarim kelishsa, aka-uka bo‘lib ketasizlar, Xudo xohlasa. Men bir narsaning isini sezmasam, gapirmayman, to‘ylarga bormay turing.
Asadbek gapni maslahat ohangida boshlab, buyruq tarzida yakunladi.
Dostları ilə paylaş: |