2
Yangi yil kutish bahonasida tunni bedor o‘tkazgan shahar tongni ko‘zda uyqu bilan kutib oldi. Kimdir tuni bilan televizor ko‘rib, kimdir ulfatlari bilan to‘yib ichib, kimdir jononlar bilan to‘yib maishat qilib, endi hordiq chiqarar edi. Bunday bayramlar Asadbekning odamlari uchun harom, u bayram kunlari yayrashni, maishat qilishni qat’iyan ta’qiqlaydi. Uning nazarida aynan shunday kunda qopqonga tushib qolish mumkin. Odamlari bunga ko‘nikib ketgan. Asadbek vaziyat va imkoniyatga qarab e’lon qilgan bayram kunlari yayrab olishadi.
Yangi yilning birinchi kuni shahar uyqudan turmay, videobar eshiklarini ochdi. Boshqa kunlardan farqli o‘laroq, bu tun videobar ishlamadi. Oq «Volga»lar ham to‘xtab o‘tmadi. Videobar og‘asi, chaqchaygan ko‘zlaridan biron-bir ma’no uqish mushkul bo‘lgan, qalin mo‘ylovi turtib chiqqan tumshug‘iga husn berish o‘rniga battar xunuklashtirgan barzangi yigit xorijning qizil duxoba qoplangan yumshoq kursisiga yastanib olgan edi. U go‘yo teleekrandagi multfilmni tomosha qilar, xayoli esa yon kursida o‘tirgan, bashang kiyingan, ko‘zlarida sarosima suzayotgan odamda — vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonovda edi.
Boshqon sahar chog‘i videobar eshigi ochilishi bilan paydo bo‘ldi. Videobar og‘asi ham, peshtaxtani artayotgan xushbichim qiz ham unga «nima uchun keldingiz?» demadi. O‘n sakkizni qoralagan xushbichim qiz vazifasini aniq biladi: choy, qahva qaynatish, kelgan- ketganlarga e’tibor bermaslik, videobar egasi imo qilgan odamga qarab shirin jilmayib qo‘yish. Videobar og‘asi ham vazifasini aniq biladi: salom-alikni joyiga qo‘yish, kelgan odamlarning, tanishmi yo notanishmi baribir, harakatini sinchiklab kuzatish, ortiqcha gaplashmaslik, savol bermaslik. Ana shu vazifasiga amal qilgani uchun ham, Qilichni yaxshi tanisa-da, salom-alikdan nariga o‘tmadi. So‘fi tahorat qilishga ulgurmay bu odam yetib kelibdimi, demak, sababi bor. Demak, a’yonlar, so‘ng xo‘jayin ham keladilar. U ichkarini tayyorlab qo‘ygan. Bundan ko‘ngli to‘q. Videobar yangi yil kechasida tashqaridan zulfinlanganday ko‘rinsa-da, ichkarida harakat to‘xtamagan edi. To‘rtta telefon qo‘yilgan xonadagi ikki qiz, peshtaxta ortidagi xushbichim qiz go‘yo xuru g‘ilmon singari videobar egasiga bir kechalik jannatni berishgan, bazm qurishgan edi. Tongga yaqin bazm eng shirin yerida barham topgan, xonalar sarishta qilib qo‘yilgan edi. Bazm isi xo‘jayin dimog‘iga yetib borsa, qay kunlarga tushishlarini bilishsa-da, bu tun shayton yo‘rig‘idan chiqisholmagandi. Ularga birov kelib «bu gunohingiz yaratganga ma’qulmas, endi jazolaydi», desa «tavba qilamiz, xudo kechiradi», deyishlari mumkin. Ammo
«Asadbek bu ishingizdan xabar topdi» desa, yuraklari yorilib o‘lishlari hech gap emas. Chunki Asadbekning kechirmasligini barchalari bilishadi. Bila turib o‘zlarini tiyisholmadi. Nima qilishsin, tirik jon...
Qilich ikkinchi piyoladagi choyni ichib ulgurmay eshik ochilib, jussasi kichik, eti ustixoniga yopishgan, qaldirg‘och mo‘ylabi o‘ziga yarashgan odam ko‘rindi. Bu odamni yaxshilab tanib oling: Haydar Asrorov, laqabi Kesak polvon. Asadbekning o‘ng qo‘l a’yoni. Ozg‘in, chayir bo‘lgani uchun Kesak polvon, deb atashgandir, desangiz yanglishasiz. Har bir jamoaning ichki tartibi, rasm-rusumi bo‘lganidek, bu olamning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidasi bor. Shulardan biri — bu olamga qadam qo‘ygan har bir tirik jonga laqab beriladi. Laqab osmondan olinmaydi, balki xatti-harakati, fe’liga qarab topiladi. Jussasiga qarab tanlanganida Haydar Kesak emas, Toshpolvon yoki Temir polvon bo‘lishi kerak. Uning panjalarini Xudo suyakdan emas, temirdan yaratgan. Garchi sigir yilida tug‘ilgan bo‘lsa-da, Asadbek hazillashib buning muchali mushuk, deydi.
Bunga sabab, yoshlik chog‘larida, hali «karate», «ushu» degan gaplar yo‘q paytida Kesak polvon mushtlashguday bo‘lsa mushukday sapchib, uch-to‘rt davangirga bas kela olardi. Kesak polvon anchadan beri o‘zi mushtlashmaydi. Yonida birgina imosiga mahtal bo‘lib turgan o‘zi singari chayir yigitlari bor.
Kesakpolvon xonaga kirib, Qilich bilan so‘rashib olgunicha bir-ikki daqiqa vaqt o‘tadi. Salom-alik chog‘ida e’tiborga molik gap-so‘z bo‘lmagani uchun, vaqtdan foydalanib Haydarga Kesak polvon laqabi berilishining tarixini bayon qilay:
Bu voqea ellik sakkizinchi yilda bo‘lib o‘tgan edi. Haydar Asadbek bilan yangi tanishgan kunlar. Ertalab ko‘proq temir yo‘l bekati atrofida «ov» qilar edi. Poezdda kelgan odamlarni zimdan kuzatib, puli bor, deb gumon qilinganlarining izidan tushardi. Bir kuni Haydar Namangandan kelgan ikki odamni mo‘ljalga oldi. Yaktagi ustidan qo‘shbelbog‘ bog‘lagan o‘rta yashar kishi uning e’tiborini tortdi. Ikkala odamning qo‘lida arzirli yuk yo‘q, belbog‘ esa do‘mpayib turibdi. Demak, bular bozorga meva-cheva olib keluvchi dehqonlardan emas. Pulni belboqqa bog‘lab to‘y-po‘y tashvishi bilan shaharga tushishgan. Haydar bunaqa odamlarning fe’lini biladi. Pulni yo mahsi qo‘njiga yo belboqqa yashirishadi. Ko‘pchilik belbog‘ni ma’qul ko‘radi: pul belga darmon, deyishsa kerak-da. Haydarning «mijoz»lari, aksiga olganday, tramvayga chiqishmadi. U yoqqa tentirab, bu yoqqa galdirab, uch vagonli tramvaylar bemalol bo‘lib qoldi. Endi ishni tramvayda eplashtirishning hech iloji yo‘q edi. Haydar ularning iziga tushib, Oloy
bozoriga qadar bordi. Lozim bo‘lganida himoya qilish maqsadida Asadbek unga soyadek ergashdi. Cho‘ntak, belbog‘ kesishga Haydardan o‘tadigani yo‘q edi. Xullas, belbog‘ kesildi. Kesishga kesdiyu og‘irligidan hayron bo‘ldi. Panaroqqa o‘tib qarasaki, belbog‘da sariq chaqa ham yo‘q — besh-oltita kesak hafsala bilan terib qo‘yilgan. Haydar «bu qishloqi ko‘zni shamg‘alat qilmoqchi ekan», deb o‘yladi. Aslida shaharni bir tomosha qilib kelay, deb yo‘lga otlangan bu dehqon «tahoratga kesak topiladimi yo‘qmi» deb har ehtimolga qarshi belbog‘iga tugib olgan edi. O‘shanda alamdan bo‘zarib turgan Haydarga qarab turib Asadbek rosa kuldi. Laqab ham o‘shanda tug‘ildi. Ikki oshna bu voqeani tez- tez eslab, miriqib kulishadi.
Kesakpolvon Qilich bilan omonlasha turib, peshtaxta ortidagi xushbichim qizga qarab oldi. Qiz unga shirin jilmaydi. Videobar egasi bu qarashning ma’nosini darrov ilg‘adi.
— Okaxon, gap yo‘q, shkalad yeganday bo‘lasiz, — dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. Haydar ichkari kirib ketgach, xuddi kelishib olinganday Ehsonov paydo bo‘ldi.
«Chuvrindi» degan laqab barvasta, yuzlari hamisha qip-qizil, ovozi temir jarangiday bu odamga uncha mos kelmaydi. Yoshligida olgan bu laqabiga ko‘nikib ketgan. Asadbek bilan Haydar Andijondan kelgan o‘n uch yoshli chuvrindi bu bolani oltmishinchi yilda qanotlariga olib yanglishmagan edilar. Kamgap, sermulohaza, urishganda esa otasini ham tanimaydigan beayov edi bu Chuvrindi.
Haydar biron-bir masala xususida fikr yuritilganda tez, ammo sayozroq xulosa chiqarardi. Mahmud esa aksincha edi. Asadbek shuning uchun ham ko‘proq Mahmudga suyanardi.
A’yonlar ichkariga kirib ketishgach, oradan yarim soat o‘tib, telefon jiringladi. Qiz go‘shakni qulog‘iga tutib, videobar og‘asiga ko‘z tikdi.
Xo‘jayin kelmas ekanlar. Begavotga ketibdilar, — dedi aybdor odamning ovozi bilan. Bu gapni eshitgan Qilich «ketaversammikin?» deganday videobar og‘asiga qaradi. Yigit qizning xabariga ham, Qilichning savol-nazariga ham e’tibor bermadi. Chunki bu xabarning siri xushbichim qizga va Qilichga noma’lum, videobar og‘asiga esa oyday ravshan edi. «Xo‘jayin kelolmaydilar» deb qo‘ng‘iroq qilindimi, demak, Asadbek yarim soatlardan keyin paydo bo‘ladi. Hozir ichkari xonaga o‘rnatilgan to‘rttala telefon ham jiringlab shunday xabar eshitilgan. Asadbek, ko‘ngli notinch mahallarda ana shunday nayrang ishlatib turardi. Birontasi izimga tushsa, poylab turgan bo‘lsa chalg‘iydi, deb shu usulni qo‘llaydi. Bu nayrang faqat eng ishonchli odamlargagina ma’lum. Asadbekning belgilangan joyga, belgilangan soatda kelmasligi, yo yarim soat avval, yo keyin paydo bo‘lishi ham unga ayon.
Videobar og‘asi beparvo bo‘lgani uchun Qilich ham noiloj multfilmga tikilib o‘tiraverdi. Yarim soatda yuragi siqilib, joni halqumiga keldi. Oxiri chiday olmadi:
Men ketaveraymi? — deb so‘radi.
Okaxon, o‘tiribmiza-de chaqchaqlashi-ib... Choydan oling. Bugun oddix bo‘lsa, shoshib qayoqqayam borasiz. Hozir Sherni qo‘yib beraman. Bir mazza qiling, — u shunday deb xushbichim qizga qaradi. Teleekran pirpirab o‘chdi. Dam o‘tmay pirpirab yorishib, torini qo‘ltiqlab olib qo‘shiq aytayotgan Sherali ko‘rindi. Sherali uchinchi ashulani aytayotganda Asadbek keldi. Salomga alik oldiyu hol-ahvol so‘rashmasdan, indamay o‘tib ketdi. Videobar egasi Qilichga «Okaxon, ahvolingiz chatoq, xo‘jayinning fe’li aynigan», deganday qarab qo‘ydi. Qilich befahm odamlardan emas, Asadbekning rangi-ro‘yiga qarab, ahvoli yomonligini o‘zi ham bildi.
Asadbek keng xonaga kirib a’yonlari bilan salom-
lashgach, o‘rtada turib atrofga sinchiklab qaradi. U ichmas ham, chekmas ham edi. Shundanmi, dimog‘i har qanday isni ilg‘ab, ajrata olardi. Haydar ham, Mahmud ham yarim soatdan mo‘lroq vaqt shu xonada o‘tirib hech nimani sezishmagan edi. Asadbek
xonani ko‘zdan kechirgach:
Bo‘tqa — videobar egasi Kenjaning laqabi. U Asadbek kirib ketgach, joyiga borib o‘tirmay, eshik og‘zida turgan edi. Xo‘jayinning qahrli ovozini eshitgach, shoshilib kirdi.
Labbay, okaxon, — dedi qo‘l qovushtirib.
Asadbek hech narsa demay teskari shapaloq tortib yubordi. Og‘iz-burni aralash tushgan kutilmagan zarbdan Bo‘tqa muvozanatini yo‘qotib yiqilay dedi. Bir urishda odamning jonini sug‘urib oladigan bu yigit gavdasini rostlab, «xo‘jayin, yana uring, mazza qildim» deganday qo‘l qovushtirib, boshini egdi.
Shu yerni ham harom qildingmi, hayvon! — dedi Asadbek unga qaramay. Bo‘tqa xo‘jayin tikilib turgan nuqtaga qarab, joni chiqib ketguday bo‘ldi. Kechasi maishat qilib, xonama-xona izg‘ishganda gangib bu xonaga ham kirgan, chordona qurib o‘tirib, yalang‘och qizlarni o‘ynatgan edi. Xonaga kirganida qo‘lida piyola bor edi. Konyakni ichib bo‘shagan piyolani stol tagiga qo‘yganicha unutgan ekan. Xo‘jayin kira solib, shuni ham ko‘ribdi. Bo‘tqa shoshilib piyolani oldi-da, chiqib ketdi.
Asadbek o‘z o‘rniga o‘tmay divanga, Chuvrindining yoniga o‘tirdi.
Bularni bichib qo‘yishim qoldi, — dedi o‘ziga o‘zi gapirganday.
Haydar ham, Mahmud ham Asadbekning qizi topilganini, uyga qay holda kirib kelganini bilardi. Lekin «qizingiz topilibdi, endi nima qilamiz», deb so‘rashmadi. Uzoq yillar birga bo‘lib, Asadbekning ko‘ziga qaraboq niyatini fahmlab oluvchi bu a’yonlar shu vaqt mobaynida sabrga ham o‘rgangan edilar. Ular Asadbekdan oldin gap boshlamasdilar.
Anavi to‘nkani nima qilamiz? — dedi Asadbek, jahldan tushib. Gap vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonov xususida edi.
O‘tgan kuni Xosilboyvachcha bilan uchrashgan, — dedi Kesakpolvon.
Besh kun avval ham uchrashgan edi, — deb eslatdi Chuvrindi.
Topgan odamini qara, — dedi Asadbek...
Tinchitib qo‘ya qolish kerak, — dedi Kesakpolvon.
Asadbek Chuvrindiga qaradi. Agar u «ha» deb qo‘ysa, masala ancha oydinlashardi. Asadbek boshqa fikrda edi, Chuvrindidan shu fikrini qo‘llovchi, hech bo‘lmasa yaqin keluvchi gap kutdi.
O‘zi pishirgan sho‘rvani o‘zi ichsin, — dedi Chuvrindi. Bu gapdan Asadbek ko‘ngliga ravshanlik kirdi.
To‘g‘ri, chaqir uni, — dedi.
Uchovlon yig‘ilib, yonlarida boshqa odam bo‘lmasa, dastyorlik vazifasi Chuvrindiga yuklanar edi. Hozir ham bu buyruqni malol olmay o‘rnidan turdi. Uning eshikni ochib ko‘rinish berishiyoq Qilichga vahm sochdi. «Taqdirimni birpasda hal qilishdimi?» degan xavotir bilan katta xonaga kirdi. Hozir u zavod boshqoni, shaharning manaman degan boyiga o‘xshamas, balki bir to‘p och mushuklarga ro‘para bo‘lgan bechora sichqon ahvolida edi. «Puling bo‘lsa, changalda sho‘rva» deyishadi. Puli ko‘p odam balki sho‘rvani chindan ham changalida ushlab turishi mumkindir. Ammo o‘z jonini ushlab qola olarmikin? Har kuni o‘nlab odamlarning ta’zimiga bepisand qarovchi Qilich, «senga rahbarman» deb po‘pisa qiluvchilarning ovozini besh-o‘n so‘m pul bilan o‘chirib qo‘ya oluvchi boshqon ishtonini bexos xo‘l qilib qo‘ygan boladek shalvirab qoldi.
Asadbek xonaga ikki qadam qo‘yib, to‘xtab qolgan boshqonga tikildi. Chetdan qaragan kishiga Qilich ham, Asadbek ham qotib qolgan haykalday tuyulishi mumkin edi. Faqat Qilichbek ko‘zlarini pirpiratib haykal emas, tirik jon ekanidan dalolat berib turar edi.
Asadbekning nigohi ilon avrovchisiniki singari o‘tkir edi. Shunday tikilganda hatto Haydar bilan Mahmud ham ba’zan kalovlanib qolishardi. Mana shu nigohning o‘zi yuz darra tushirishdan afzalroq edi. Chunki bunday qarashning oqibati dahshatliroq hukm bilan
yakunlanishi Asadbekning fe’lini bilganlar uchun sir emasdi.
Bu yoqqa o‘tiring, o‘g‘il bola.
Asadbek kinoya bilan shunday degandan keyin ham, to Qilichbek ro‘paradagi yumshoq kursiga o‘tirguncha ham nigohini uzmadi.
Eshitdinglarmi, bu akamiz shaharga hokim bo‘libdilar? — dedi Asadbek. Garchi uning savoli a’yonlariga qaratilgan bo‘lsa-da, ko‘zi hanuz Qilichda edi. — Yo men xato eshitdimmi? Balki dunyoga hokimdirsiz, a?
Qilich Asadbekka tik qarayolmay, madad istab a’yonlarga boqdi.
Shu paytgacha ular orasida bunday ohangda gap-so‘z bo‘lmagan edi. Asadbek biron narsadan ranjisa odamlari orqali ma’lum qilardi. O‘zi mayda-chuyda gaplarga aralashmasdi. Qilich zavoddagi ishni yuritishda, ishga odam olish yoki bo‘shatishda Asadbek chizgan chiziqdan chetga chiqmas edi. Bosh muhandis qamalgan kuni chopar kelib «xo‘jayin xafalar» dedi-yu, uning oromini oldi. U Sharifning yuqori lavozimga noloyiq ekani, ishni buzayotganini aytib ogohlantirgan edi. So‘nggi suhbatda Asadbekning o‘zi «yo‘lini qiling» deb edi. U yo‘lini topdi. Endi xo‘jayin nima sababdan ranjiydi?
Asadbek aka, gunohim nima, ayting? — dedi Qilich.
Gapini qara-ya! Gunohini bilmasmish, — dedi Asadbek tizzasiga shap etib urib. — Sharifni nima qilding?
O‘zingiz aytdingiz... yo‘lini top, dedingiz. Ishlarimizdan hid olib, ochaman, devdi.
Ochsa nima?! Kimga ochadi? Kim kelib seni kishanga soladi? Pul topishni bilgan, aql topishni ham bilish kerak! Qamatishga sarflaganingning yarmisini o‘ziga bermaysanmi.
Pul olmaydigan qaysar eshshak-ku, u?
U olmaydigan eshshak bo‘lsa, sen pul berishni eplolmaydigan molsan! Pul olmaydigan odam yo‘q bu dunyoda, pul berolmaydigan lapashanglar bor. Bilib qo‘y, uch kunga qolmay Sharif uyda bo‘lishi kerak.
Qilich Sharifning ishi yosh bir yigit qo‘lida ekanini bilardi. Shahar prokuraturasida so‘zini ikki qilmaydiganlar ham bor. Shu sababli Asadbekning buyrug‘idan cho‘chimadi. «Shu ham ishmi!» deb yengil tortdi.
O‘zing o‘rniga borib o‘tirsang ham chiqarasan, — dedi Asadbek yanada qat’iyroq ohangda.
«Buncha vahima qiladi bu», deb o‘yladi Qilich. Lekin bu gapni tiliga chiqarmay «Xo‘p» deb qo‘ya qoldi. U osongina qutuldim, deb o‘rnidan turmoqchi edi, Asadbekning gapi joyiga qayta mixladi-qo‘ydi:
Hosilboyvachchaga salom aytib qo‘y.
«Bilibdimi?!» Osongina qutuldim deb o‘ylagan Qilichning yuziga endi qizillik yugura boshlagan edi. Bu gapdan keyin rangi quv o‘chib, murdadan farqi qolmadi.
Hosilboyvachchaga aytib qo‘y: senikini artguncha, o‘zinikini eplasin. Kelib-kelib o‘shandan panoh izladingmi, e, so‘tak!
Men... panoh izlamadim... boshqa ish bilan borgan edim.
Qanaqa ish? — Asadbek shunday deb o‘rnidan turdi. Savol berishga berib qo‘yib, javob kutmadi. Stol tomonga o‘tib, g‘aladondan kattaligi sigaret qutisiday keladigan magnitofon olib jajji tugmasini bosdi.
«Iltimosingizni bajardim, ora ochiq endi» — bu Hosilboyvachchaning ovozi edi.
«Uning qamalganini bilib Asadbek quturibdi». Qilich o‘z ovozini eshitib o‘rnidan turib ketdi. Asadbek ham, a’yonlar ham uning harakatiga parvo qilishmadi.
«Biz faqat olimvachchani yo‘qotishga kelishgan edik. Bu yog‘iga o‘zingiz balogardonsiz».
«Shu ish bahona bo‘lib Asadbekni yo‘qotish kerak! Bu shaharga xo‘jayinlik qilish faqat sizga yarashadi...»
Bu gapdan keyin oraga sukut cho‘kdi. Qilichning ko‘z oldiga miyig‘ida kulimsirab turgan Hosilboyvachcha keldi. Asadbekning qanotida yurgan odamdan bunday gapni eshitish Hosilboyvachcha uchun tushunarsiz, zavod boshqoni chin dildan aytyaptimi yo ig‘vo boshlayaptimi — unga qorong‘i edi. Shahardagi ikki qo‘chqorning biri Hosilboyvachcha sanalsa-da, kuch Asadbek tomonda ekani barchaga ma’lum edi. Ikki qo‘chqor ko‘prik ustida uchrashsa, birining qulashi tayin. Bu haqiqat har ikkisiga oydin bo‘lgani uchun kalla qo‘yishga shoshilishmaydi. Ikki qo‘chqor orasida kelishuv borligi juda oz odamga ma’lum. Qilich nodonlik qilganini, bularning tili bir ekanini anglab yetdi. Endi magnitofondan chiqayotgan ovozlar uning qulog‘iga kirmadi. Xayoliga asta-sekin o‘rmalab kirib portlagan, «O‘ldiradi!» degan vahimali fikr tanasidagi jonni quvib chiqarganday edi. Kesakpolvon g‘azabdan jo‘shib, sapchib turib tumshug‘iga musht tushirdi-yu, uning tanasiga jon qaytdi. Yiqilib yotgan yerida avval dumbasidan so‘ng belidan bir-ikki tepki yegach, xayoli yanada ravshanlashdi.
Chuvrindi Kesakpolvonni qo‘lidan ushlab ajratib qo‘ygach, Qilich o‘rnidan turdi. Cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, burnidan oqayotgan qonni artdi. «Endi o‘ldirishadi. Meni bu yerga ajal haydab kelgan ekan,— deb o‘yladi u. — Bitta boshga bitta o‘lim.
O‘zim ahmoqman. Bularning baribir go‘r ekaniga aqlim yetmabdi. O‘zimni o‘ldirishsa mayli, bolalarimga tegishmasa bo‘lgani...» U o‘lim oldida so‘nggi gapimni aytib olay, degan maqsadda «Bolalarim...» deb so‘z boshlamoqchi edi, g‘o‘diranishdan nariga o‘tmadi. Kesakpolvonning bir zarbidan singan tilla tishlari gapirtirmadi.
Senga ijozat, — dedi Asadbek, yumshoq ohangga o‘tib. — Aytilgan ishni qil. Sharifning o‘rnini sovutma.
Qilich «xato eshitmadimmi?» degan ajablanish bilan Asadbekka boqdi. Asadbek yumshoqroq ohangda gapirgan bo‘lsa-da, qarashi o‘sha-o‘sha o‘tkir, sovuq edi.
«Sharifning o‘rnini sovutma, deb nimani nazarda tutdi? Vazifasiga tiklab qo‘y, dedimi yo qamoqdagi o‘rnini sovutma, demoqchimi?» Qilich singan tishlarini ro‘molchasiga tupurib, shu muammoni oydinlashtirish maqsadida so‘radi:
Joyida ishlayversinmi?
Qaerda ishlashini bizga qo‘yib ber. Sen uning o‘rnini sovutma.
«Demak, qamoqdagi o‘rnini... Bir jihatdan shu durust. Bulardan bir-ikki yil nari yashaysan...» Qilich jonini qaytarib bergan hotamtoy akalariga ta’zim qildi. Ta’zimga javob bo‘lmagach, chiqib ketishi lozimligini uqdi. Tislanib yurib eshikka yaqinlashdi.
Bir umr qulingiz bo‘lmasam, kalomullo ursin, ko‘zim ochildi, aka! Bu gapdan ular quvonib ham ketishmadi, ajablanishmadi ham.
Qilich quvonib ketganidan yoki mehri tovlanganidan ichmadi bu qasamni. Uning nazarida qirqqa kirib, lahadga tushib chirib yotgandan ko‘ra qolgan yigirma yilmi, o‘ttiz yilmi, umrini yorug‘ olamda, qullikda o‘tkazgani ma’qul edi. Yer yuzidagi odamlar turfa xil umid bilan umr o‘tkazadilar. Birovlar Vatan uchun jonni tikadilar, ba’zilar din pokligi, yana ayrimlar fan rivoji uchun... Qilichlar alohida toifaga mansub — ular shirin jonlari uchun Vatanni ham, dinni ham... tikib yuboradilar. Shunday ekan, joni foydaga qolgan damda bitta qasam ichib yuborsa, osmon uzilib yerga tushibdimi?
3
Bekorga qo‘yib yubording. Tinchitish kerak edi, — dedi Haydar, barmoqlarini qisirlatib. Uning odatini bilmagan kishi hozir musht urganda panjalari chiqib ketgan ekan, endi joyiga solyapti, deb o‘ylashi mumkin. Barmoqlarini qisirlatish — asabiylashayotganidan darak. Asadbek uch narsaga toqat qilolmaydi: laganga qoshiq yoki sanchqi tegib taraqlasa, yonidagi odam ovqatni chapillatib yesa, barmoqlar qisirlasa g‘ashi kelib
miyasiga igna sanchilganday bo‘ladi. Taqdirning g‘irrom o‘yini bu «fazilat»larning barchasini Haydarga nasib etgan. Yillar mobaynida Asadbek unga tanbeh beraverib charchadi. Agar bu tanbehlar molga aytilsa, u tuppa-tuzuk odamga aylanib qolishi mumkin edi. Lekin Kesakpolvon yaratgan egam ato etgan bu «fazilat»lariga zarracha xiyonat qilmay yashayapti.
Asab torlari tarang tortilgan Asadbek unga o‘qrayib qarab turib, oxiri portladi:
Jim o‘tirsang-chi, birpas!
Dunyoning oromini shu barmoqlar qisirlashi buzib turganday, xonani birdaniga sukunat bosdi. Ikkala a’yon Asadbekka tikilib o‘tiraverishdi. Bir necha nafaslik sukut Asadbekning ham joniga tegib, ohista gap boshladi:
Uni tinchitish oson... O‘sha yoqda tinchiydi. Men xoinlarni hech qachon kechirgan emasman. Yozuvlarni menga Hosilboyvachcha berdi. Nima uchun berdi, o‘ylab ko‘r-chi? Meni yaxshi ko‘rgani uchunmi? U «Asadbek Kesakpolvon degan ahmoq oshnasining maslahatiga yuradi», deb o‘ylagan. U payt poylayapti. Uning puli ko‘p, ammo aqli kalta.
Aqli kaltalardan ko‘proq qo‘rqish kerak, — dedi Chuvrindi.
Asadbek unga yalt etib qaradi. «Qo‘rqish kerak» degan ibora unga yoqmadi. Chuvrindi bu qarashning ma’nosini tushunib, gapiga tuzatish kiritdi:
Ehtiyot bo‘lish kerak, demoqchiman. Aqli kaltalar o‘ylab, ishni pishitib so‘ng jangga kirmaydi, kutilmaganda chang solib, o‘zini ham, boshqani ham vayron qiladi.
Hosilboyvachcha hali-beri menga urush ochmaydi. Yangi paydo bo‘layotgan mayda to‘dalardan ehtiyot bo‘lish kerak.
Gapingiz to‘g‘ri, — dedi Chuvrindi, — bir hikmat bor: tariqday mamlakatning rahbarlari kambag‘allikdan chiqish yo‘llarini izlab, oxiri Amerikaga urush ochmoqchi bo‘lishibdi. Urush ochsak, ular bizning yurtimizni bosib olishadi, so‘ng xalqimizni boqishga majbur bo‘lishadi, deyishibdi. Shu qarorga kelishganda ulardan biri: «agar biz ularni yengsak-chi, xalqini qanday boqamiz?» deb tashvishlangan ekan.
Agar katta mamlakat lallaysa har balo bo‘lishi mumkin, — dedi Asadbek. So‘ng Kesakpolvonga yuzlandi: — Otarchining qaytganini eshitganmiding?
Qaysi otarchi?
Elchin. Esingdan chiqdimi?
Ha, umi? Eshituvdim.
Nega menga aytmading?
Chakki qadam bosgani yo‘q. Tinchgina yuribdi.
Tinchgina yuribdimi? Sen uning o‘rnida bo‘lganingda tinchgina yurarmiding?!
Meni o‘sha so‘takka tenglashtirasanmi?
Bo‘pti, gapni chaynama. Endi qarzimizni uzishimiz kerak. U sen o‘ylagan so‘taklardanmas. Erkak u, bilib qo‘y! Deputatning qizi bo‘yiga yetib qolganmi? Chuvrindi Asadbekning maqsadini anglab, bosh irg‘adi.
Haydar, Shilimshiqdan xabar bormi?
Yuribdi, Chelyabinskda.
Uni qaytarish kerak. Otarchiga ro‘para qilamiz. O‘chini bizdan emas, o‘shandan olaversin. Mahmud, Sharifning ishi yosh bolaning qo‘lida ekan. Vinzavodga qiziqayotgan emish. Kimligini bilib qo‘y.
Bilib qo‘yganman. To‘ytepalik bola. Ota-onasi ketmonchi. O‘ziga ilmdan Xudo bergan ekan. Lekin ilmni tashlab bu yoqqa o‘tibdi.
Nega?
Akasini o‘ldirib ketishgan ekan. Shunga alam qilgandir.
Kim o‘ldirgan ekan, aniqlab qo‘y.
Bu buyruq Kesakpolvonga qarata aytilgan edi. U nima qilish lozimligini tushundi.
Mahmud Haydarga nisbatan ziyrak, mulohazali edi. Asadbek atrofidagilar ularni bir odam tanasi a’zolari, ya’ni Haydar— qo‘l-oyoq, Mahmud — bosh, Asadbekni esa yurakka qiyos qilar edilar. Asadbekdan marhamat istaganlar avval Mahmudga uchrashishni ma’qul ko‘radilar. Uning laqabi «Chuvrindi» bo‘lgani bilan aqlan boy edi. Ko‘p yillar muqaddam bekatda xarob holda tentirab yurganida Asadbekka emas, biron ilm egasining nazariga tushganida katta olim bo‘lib ketishi shubhasiz edi. Bandaning emas, Yaratganning amri vojib bo‘ladi, deganlaridek, mana hozir Mahmud Fanlar akademiyasida emas, qasrga aylantirilgan yerto‘lada Asadbek bilan yuzma-yuz o‘tiribdi. Olimlar tungi ziyofatdan hali o‘zlariga kelganlaricha yo‘q, u esa tiniq aqli bilan tetik o‘tiribdi. Asadbek yuragidagi zardobni yashirishga qanchalik urinmasin, Mahmud uning vujudida uyg‘ongan g‘alayon o‘tini allaqachon sezgan. Bu zardob, bu g‘alayon faqatgina qizining taqdiriga bog‘liq emasligini ham fahmladi. U Asadbekning bir oz jim qolganidan foydalanib, o‘rnidan
turdi-da, eshikni ochib qarab qo‘ydi. Bo‘tqaga shu qarashning o‘zi kifoya qildi. Zum o‘tmay patnis ko‘tarib kirib, piyolalardagi qahvalarni ta’zim bilan bir-bir uzatdi.
Asadbek piyolani oldi-yu, qahvani ichmadi. Bo‘tqa chiqib ketgach, Mahmudga yuzlandi:
O‘g‘ling nechchiga kirdi?
Yigirma ikkiga.
Kichik o‘g‘lim yigirma oltiga qarab ketyapti, — Asadbek shunday deb ma’yus tortdi. — Topgan-tutganlarimiz nevara-chevaralarimizga ham yetib ortadi. Bizga yana nima kerak?
Mahmud javob bermadi. Haydar esa ajablanib, qo‘lidagi piyolani yumshoq kursining yonsuyanchig‘iga qo‘ydi.
Bek, tinchlikmi o‘zi, senga nima bo‘ldi?
Mengami? — Asadbek ma’yus jilmaydi. — Menga hech nima bo‘lmadi. Lekin... osoyishta hayotimiz tugaganga o‘xshaydi.
Asadbek salkam qirq yillik bezovtalikni, kurashni, tahlikali yillarni, jon talvasasida yurishlarni osoyishta hayot, degan ekan, bu osoyishtalik tugagan bo‘lsa nimalar yuz berishi mumkinligini tasavvur etib ko‘ring.
Biz urushga kirayotganga o‘xshaymiz, — dedi Asadbek o‘sha siniq ohangda. — Bizga urush ochganlar — mayda to‘da. Mayda to‘da uyushganroq bo‘ladi. Ular bizga urush ochganlarini ma’lum qildilar. — Asadbek qizi voqeasini nazarda tutgan edi, a’yonlar buni tushundilar. — Lekin men urushni istamayman. Men ularning maqsadini bilishim kerak. Dardi boylik bo‘lsa, beraman. Shaharga hokimlikni istasa — olsin. Agar maqsadi yolg‘iz o‘ch olish bo‘lsa, noilojmiz, urushamiz. Ammo bu so‘nggi urush bo‘ladi. Endi men vinzavoddagi tentak olim bolaga jon kuydirayotganimning sababini senlarga aytib qo‘yay. Biz bu zavodni davlatdan sotib olishimiz kerak. Bu olim bola bizga shunda asqotadi. Chet elning nazariga tushgan olimni qo‘ldan chiqarsak, o‘taketgan ahmoq bo‘lamiz. Shu bola orqali Portugaliya bilan aloqa bog‘laymiz. Zavoddan olayotgan sariq chaqalarimiz oltinga aylanishi kerak.
Bu gap Mahmud uchun yangilik emas edi. Korxonalar ijaraga berila boshlaganida Asadbek bir necha yigitlariga taksi mashinalar olib berdi, ammo kattaroq ishga qo‘l urmadi. U kutgan payt endi keldi: korxonalarni sotib olish fursati yetdi. Buning uchun zavod xarob holga kelishi, so‘ng sotib olinishi zarur. Korxonani xarob holga olib kelish qiyin ish emas. Biroq uni dunyo bilan tillasha oladigan darajaga yetkazish qiyin. Buning uchun aql kerak. Aqlni Asadbek Sharifda ko‘rgan, uni bosh muhandislikka tayin etishda ana shu maqsadni ko‘zlagan edi.
Asosan ijrochilikka ko‘nikib qolgan Kesakpolvon Asadbekning shu ishlariga ko‘pam tushunmas, shu ishdan bir gap chiqar, deb, uncha aralashmas ham edi. Mana hozir «bir
ish chiqayotganiga» ishonib, hayratga tushdi.
Dostları ilə paylaş: |