Olislarni ko‘rish uchun umr karvoni, Saboq ekan, kiprigimni yosh qilib qo‘ydi. Keyinchalik har bir kuzning bargi xazoni Yumshoqqina yuragimni tosh qilib qo‘ydi.
Dilobar oradagi siniqlikni ko‘tarish uchun gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ldi:
Yangi she’ringizmi?
Yo‘q, — Anvar boshini ko‘tarmay javob berdi, — Asqar Qosim degan shoirniki. Taqdirim o‘xshaydi, ammo she’riyatiga yetishim mushkul. Balki umrim ham o‘xshar.
Umrim?.. U odam tirikmi?
Yo‘q... o‘zini osgan.
Dilobar titrab ketdi.
Osgan?
Ha.
Nimaga?
Buni tushunishingiz qiyin. Oxirgi she’rini aytaymi?
Ayting.
«Boshginamga ag‘anagan, katta tog‘lar, alvido! Men ketarman hasratlanib, ruhi sog‘lar, alvido!
Bu dunyoning sho‘rishiga navnihollar tebraning, Esliroq bog‘boni yo‘q, qoldi bog‘lar, alvido!»
Voy, bechora...
Bechora emas. Chorasini topdi, mard ekan.
Qo‘ying, bunaqa gaplarni. O‘zini o‘ldirish... mardlik emas. Anvar o‘rnidan turdi. U ayol bilan bahslashishni istamadi.
Ertalab yana ishga borasiz. Damingizni oling, — dedi u. Anvar xurrak ovozi eshitilayotgan xonasiga kirib ketdi.
Hazil ohangida boshlangan suhbatning ezgin ruhda to‘satdan uzilishi Dilobarni qiynab qo‘ydi. Ustiga choyshab solingan taxta karavotda uch-to‘rt soat bo‘lsa ham uxlab olardi. Anvarning gaplaridan keyin ko‘zlaridan uyqu qochdi. Xunuk xayollar tinchlik bermay xonaga bir-ikki o‘g‘rincha qarab oldi.
Anvar karavotida o‘tirardi. U tong otguncha ham yotmadi.
2
Navbatdagi tun bedor edi. Umrning yana bir qorong‘u kechasi to‘lg‘oqlar bilan o‘tayotgandi. Ruhlari xastalangan bemorlar orasida sog‘lom bir yigit dunyoning kirligiga imon keltirib o‘tirardi.
Hamshira bilan bo‘lgan suhbatdan ezildi, shoir esiga tushib o‘rtandi, deb, siz azizlarni chalg‘itmay. Nafsilamrini aytganda, suhbatni keskin uzishiga nima sabab bo‘lganini Anvarning o‘zi ham aniq bilmaydi. Yuragi siqiladiyu tomog‘iga bir nima tiqilib gapirolmay qoladi. Qulog‘i shang‘ilaydi. Xotini ko‘rgani kelganida ham tuppa-tuzuk gaplashib o‘tirib, birdan shu ahvolga tushadi. Xotini «kasallari tutdi shekilli», deb o‘ylaydi. O‘zi ham ba’zan shu fikrga keladi. «Chindanam jinni bo‘lyapmanmi», deb xayol qiladi. Bu fikrga bandi bo‘lmaslik uchun «Dorilar ta’sir qilyapti», deb o‘zini o‘zi ishontirmoqchi bo‘ladi.
Ruhni sozlovchi, tinchituvchi kuchli dorilar sog‘lom odamni gangitishi turgan gap. Hozir ham shunday bo‘ldi. Xonaga kirib o‘tirib yutindi. O‘sha «bir nima» tomog‘iga qadalib turaverdi. «Jonim halqumimga kelib qoldimi? Qadalib nima qiladi, chiqib keta
qolmaydimi? Jon chiqishi shunchalik qiyinmi? Uni quvib chiqarish uchun bo‘yinga sirtmoq solish shartmi? Asqar aka ham shunday qiynalganmi? Qanday umidlar bilan tong ottirganlar? «Bandasini yaratgan Xudo insofni ham berar», debmi? Shoh Mashrabday odamni osgan bandaga insof berilishini umid qilish mumkinmi?»
Yuragi siqilib, havo yetishmayotganday bo‘ldi. U chuqur-chuqur nafas oldi. Tomog‘idagi
«bir nima» yo‘qoldi. «Jon anoyi emas. Menday mo‘minni tashlab qayoqqa ketsin? Lekin yurak bezovta. Nimaga potirlaydi. Ozodlikni qo‘msayaptimi? Qaerda bor ozodlik? Mana shu devorlar ortidami? Yo uchinchi qavatdami? Ozodlik devor ortida emas, shu yerda- ku? Ozodlikni asrash uchun devor bilan o‘raganlar. Eng ulug‘ ozodlik esa uchinchi qavatda. Shuning uchun ham derazalarga temir panjara to‘silgan. Devor orti — jinnixona. Amal talashadilar, obro‘, shon-shuhrat ilinjida Xudodan qo‘shimcha barmoqlar tilab olib ishga kirishadilar... Bu yerda esa unday jinnilik yo‘q. Hamma teppa-teng...» Anvar shu xayollarga bandi bo‘lib o‘tirganida deraza orti yorishdi. U avvaliga ko‘cha chirog‘i yondi, deb o‘yladi. Lekin yorug‘ oqim faqat ro‘paradagi derazadan oqib kirayotganini anglab sergaklandi. Oppoq nur xuddi poyandoz singari yuqoridan tushib oyoqlari ostida to‘xtagan edi. Anvar ajablandi. Dam o‘tmay bu ajablanish qo‘rquvga aylandi. Hozirgina joni chiqib ketishiga rozi bo‘lib o‘tirgan yigit qo‘rqdi — har holda jon shirin-da! Qo‘rquv oyoq-qo‘liga muz yugurtirdi.
«Qo‘rqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz».
Anvar bu muloyim ovoz qaerdan kelganini bilmadi.
Dilobarning ovoziga o‘xshatib, alangladi. Eshik qiya ochiq — hamshira ko‘rinmaydi. Ovoz yana takrorlandi.
«Qo‘rqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz. Derazaga qara». Anvar deraza ortida go‘zal bir qizning yuzini ko‘rdi.
Kimsiz?
Biz boshqa sayyoradanmiz.
Qaysi sayyoradan?
Sizlar Chayon yulduzlar turkumi deb ataysizlar. Biz esa Zurru deymiz. Zurru — nur o‘lkasi degani.
Uchar likopchalarda yurgan sizlarmidingiz?
Yo‘q. Ular sizlarning yaqin qo‘shningiz. Quyosh majmuasiga eng yaqin joylashgan Zaura yulduzidan. Zaura — taraqqiyot degani. Ular taraqqiyot uchun hamma narsadan kechganlar. Sayyoralari halokat yoqasiga kelib qolgan. Ulardan qo‘rqishing kerak. Sen biz bilan birga bo‘lasan. Zauraliklarning taraqqiyoti biznikidan ming karra past. Shuning uchun likopchaga o‘xshagan jismda uchib yurishadi. Ularning vakillari orangizga tushgan, sizlar bilan birga yashaydi, sizlar esa buni bilmaysizlar. Xalq otasiman, deb yurgan, senga kun bermayotgan odam asli zauralik. U — odam bolasi — onasidan chala tug‘ilgan, o‘limga mahkum edi. O‘sha onda zauralik uning tanasiga jon bo‘lib kirgan.
Shuning uchun unga hech nima kor qilmaydi. Ocharchilik yillari tengdoshlari o‘lganda ham bu tirik qolgan. Ocharchilikda omon qolgan tengdoshlari urushga ketib qirildi.
Buning ham erkak ekani, urushga borishi lozimligi birovning xayoliga kelmadi. Urushdan tirik qaytgan tengdoshlari qamoqqa tashlandi. Sen bilmaysan, do‘stlari uning fatvosi bilan qamoqda chiriganlar. Sen uning kelajakni ko‘ra bilish xususiyati borligini ham bilmaysan. Unga ertaga nima bo‘lishi ma’lum. Shuning uchun o‘zi ham bir yarim yil qamoqda o‘tirib kelgan. Qamoqdan chiqqan do‘stlari sil bo‘lib, pes bo‘lib o‘lib ketdilar. U yetmish yoshida o‘n yetti yoshli yigitdan ham baquvvatroq.
Uning maqsadi nima?
U Yerni Zaura fuqarosi uchun tayyorlashi kerak.
Qanday?
Ruhan tayyorlaydi. Zaurada tarixdan ko‘z yumganlar. Tarixdan so‘z ochgan zauralik o‘sha zahoti qatl etiladi. Ularning yuragi tosh kabi qattiq. Kimdaki his-tuyg‘u uyg‘onsa — o‘limga mahkum. Xalq otasining vazifasi yerliklar qalbidan mehr-oqibat degan tuyg‘uni haydab chiqarish, tarixni unutishga erishish. Huda-behudaga barmoqlari bilan soch tarashi, «s»ni aytolmasligi, lablarini tili bilan yalab qo‘yishi, ko‘zini lo‘q qilib yolg‘on gapirishi — zauralik ekaniga isbot. U bittagina emas, yonida sheriklari ko‘p. Hammalari odam libosida. Bilib qo‘y: ular odamlarni qirib tashlab, so‘ng Yer sayyorasini egallaydilar. Bilki ular jon bo‘lib odam tanasiga kiradilar. Hozir Yer odamlarining juda ko‘pi zauralikdan iborat. Yer halokat sari boryapti. Biz eng pokiza yerliklarni qutqarib qolamiz. Seni ham olib ketamiz. Sen mening gaplarimga ishonmaysan. Senga yana ozgina fursat beramiz. Yerda yurgan ikki oyoqli maxluqlar aslida Yer odami emas, zauralik ekaniga ishonch hosil qilganingdan so‘ng biz bilan ketishga o‘zing rozi bo‘lasan. Hozir o‘rningdan tur. Nur ustiga qadam qo‘y.
Anvar nur poyandoz ustiga qadam qo‘yishi bilan o‘zini yengil his etdi. Ko‘zlari nurdan qamashdi. Qancha vaqt o‘tganini bilmaydi. Bir vaqt nur kuchdan qolib, ko‘z oldi ravshanlashdi.
Gaplashish mumkin emas, faqat ko‘rishing mumkin.
Sharshara yonidagi majnuntol soyasida o‘tirgan odamni tanidi: Asqar Qosim. O‘y surib o‘tiribdi. Yerda ham shunday edi — ko‘p o‘y surar edi. Atrofdagi odamlar ham tanish.
Shiypondagilar... Nahot? Qodiriy, Cho‘lpon... «Tushimmi, o‘ngimmi?»
O‘ngingda ko‘ryapsan.
Ularni ham sizlar...
Ha, biz olib ketganmiz. Yerdagi zauraliklar zulmidan xalos etganmiz. Pokiza odamlarning barchasi shu joyda orom topadi — bilib qo‘y! Endi izingga qayt. Vaqt yetdi. Men sen bilan yana uchrashaman...
Ko‘z oldidagi nur yana kuchaydi. O‘zini yana yengil his qildi. So‘ng... nur yo‘qoldi. G‘ira- shira xona... Xurrak ovozi...
3
Ko‘rganlari tushmi yo ro‘yo ekanini bilolmay garang o‘tirgan Anvarga eshik tomondan kelgan ovoz xuddi yer qa’ridan chiqqanday tuyuldi. Shu sababli savolga javob qaytarmadi. Ovoz kelgan tomonga qaramadi ham.
Bu yerda menam uxlolmayman.
Anvar ovoz yer qa’ridan emas, eshik tomondan kelganini fahmlab, boshini ko‘tarib qaradi. Yangi yildan uch kun oldin kelgan o‘rta yosh kishi tirsagiga tiralib unga qarab gapirar edi.
Gaplaringizni eshitib yotuvdim. Asqar degan bolani esladingiz. Men ham tanirdim u bolani. Temir yo‘lning naryog‘idagi jinnixonada birga yotganmiz. Yuragi toza bola edi. Ammo sog‘lom edi. Bekor uvol ketibdi. Eshitmagan ekanman. Xudo rahmat qilsin.
Anvar gap poylab yotgan bu kishiga nima deb javob berishni bilmadi. Ovqat ustida bir- ikki og‘iz suhbatlashgani hisobga olinmasa bu odamni bilmaydi. Kim u, dardi nima — xabarsiz.
Anvardan sado chiqavermagach, gap tashlagan odam o‘rnidan turib kelib yoniga o‘tirdi. Karavot simlari uning og‘irligiga dosh berolmay zorlanib, g‘ijirlab qo‘ydi.
Men bu yerlarda yotaverib ko‘zim pishib qolgan. Kim sog‘, kim nosog‘ — darrov ajrataman. Kerak bo‘lsa do‘xtirlaringizni o‘qitib qo‘yaman. Siz sog‘lom yigitsiz. Bu yerga tushib qolganingizdan ezilyapsiz. Ezilmang, uka. Bu yerning nomi xunuk. O‘zi yaxshi joy. Men shu yerda jon saqlayman. Agar jinnixona bo‘lmaganida allaqachon... asfalasofilinga jo‘natvorishardi. Bir kuni, deng, oqshom ko‘chaga chiqsam, qo‘shnim turibdi. Yap-yangi
«Gaz-21» olgan edi. «Yuring, qo‘shni, xizmatingizda bo‘lay», dedi. O‘zi muttahamroq bola edi. Men uning ustidan o‘rganga yozib yuborgan edim. Hay, Xudo insof beribdi, dedim. O‘tirdim. U qizig‘ar moshinasini Qoraqamishga qarab uchirdi. Gadoy topmas yerga yetganda «qimirlamay o‘tir!» deb do‘q urdi. «Voy, qizig‘ar, o‘ldiradi, shekilli», deb moshinadan tushdim. Qochay, deb o‘zimni qamishzorga urdim. Bunday qarasam, chuqurda odam o‘liklari yotibdi...
Anvar bu hikoyani kechki ovqatdan keyin eshitgan edi. Shu sababli eshik yonidagi karavotda yotuvchi bu odamning gaplari qulog‘iga kirmadi. Boshqa payt bo‘lganida balki zerikmay tinglardi. Ammo hozir, ko‘ziga ko‘ringan nur, deraza ortidagi go‘zal uzor, sharshara, majnuntol, xayolga cho‘mib o‘tirgan shoir... uni yolg‘izlikka undardi. Ammo bu yorug‘ olam aro hech bo‘lmaganda bir necha daqiqa yakka qolishni istardi. Bandaning ko‘ngli nimalarga sust ketmaydi. Vohidlik faqat yaratgan parvardigorga yarashadi. Faqir bo‘lib yaralganingdan keyin yoningda it o‘tirsa ham, bit o‘tirsa ham chidaysan.
Anvar bu odamni esi og‘ib qolganlardan deb bilgani uchun yonidan haydamadi. Gapini qanday bo‘lib, joyiga qanday jo‘natish yo‘lini izladi. Nojo‘ya so‘z aytib yuborsa bu toifa odam ayyuhannos solib jinnixonani boshiga ko‘tarishi hech gap emas.
Men boyatdan beri sizga qarab yotibman. Haykalga o‘xshab qotib o‘tiribsiz. Men sizga
aytsam, — u Anvarning qulog‘iga shivirladi, — men ham soppa-sog‘man. Lekin hamma meni jinniga chiqargani uchun ba’zan o‘zim ham ishonib ketaman. Davlat ham ishonadi. Ishonadi. Ishonmasa yigirma uch so‘m pensa berarmidi. Endi uka, mening otim Shoqayum, tuz-nasib ekan, shu yerda jon saqlaymiz. Men hangomatalab odamman.
Ko‘p gapirib bezdirvorsam, shartta urishib tashlayvering, xafa bo‘lgan — nomard. Lekin hadeb bunaqangi siqilib o‘tiravermang. O‘zingizni yeb qo‘yasiz. Men ham oldiniga shunaqa bo‘lganman. Keyin bilsam, qaytaga shu yaxshi ekan. Odamlar meni jinniga chiqargandan beri mazza qilib yashaydigan bo‘ldim. Oldin to‘g‘ri gapni aytolmay ezilib ketardim. Endi shartta-shartta aytaman. Birovning qulog‘iga kiradimi, yo‘qmi, aytaveraman. Shunaqa qilib yuragimni bo‘shatib olaman. Siz ham shartta-shartta gapirib yuboravering. Bunaqa o‘tirmang.
«Bunaqa o‘tirmang... Rostdan ham qimirlamay o‘tirdimmi? Nur-chi? Sharshara-chi?»
Shoqayum aka, kirganimdan beri haykalday qotib o‘tirdimmi?
Ha, de! Asqar rahmatli ham shunaqa edi. Derazaga tikilib o‘tiraverardi. Qorong‘ida nimani ko‘ryapti, deb hayron bo‘lardim. Ammo uni gapga solish qiyin edi. Bir kuni «nima qilib o‘tiribsiz, uka?» desam, «quduq qidiryapman», deydi. «Hazillashyapsizmi, qanaqa quduq?» deb so‘rasam, «Iskandarning shoxi bor», degani bir quduq kerak manga» deydi. Shunaqa g‘alati gaplari bor edi. Ko‘p gaplariga tushunmasdim.
Anvar «bu oddiy gap, har bir shoir haqiqatni aytishni istaydi. Rivoyatdagi sartarosh kabi aytolmay qiynaladi. Bir quduq topsayu aytsa, yuragini bo‘shatib olsa...» demoqchi bo‘ldi-yu, Shoqayumning gap xaltasini battar kavlamay, deb indamay qo‘ya qoldi.
Shoqayumning gap xaltasi birov tegmasa ham qaynaverar edi. Anvar indamagani bilan gapi toshib chiqaverar edi. Anvar uning so‘zlarini uzuq-yuluq eshitardi. «Demak, ko‘zimga ko‘ringan. O‘tirgan yerimda uxlamay turib, tush ko‘rganman. «Uchar likopchani ko‘rdim», deganlar ham menga o‘xshab xayolan uchrashganlar. Bu — jinnilikning boshlanishi emasmikin?»
Bu yerdan chiqib ketmay, yaxshi qilibsiz. Shu yerda qishlab, bahorning o‘rtalarida chiqish kerak. Bahorda quling o‘rgilsin odamlar kelishadi, zerikmaysiz.
«Qanaqa odam bu o‘zi! Jinnilarni masxara qilyaptimi? Tavba! Ishtoni yo‘qning ishtoni yirtiqqa kulgani shumi? Chiqib ketmasam bo‘lmaydi bu yerdan».
Anvar Elchin ketganidan beri qayta-qayta «qolib to‘g‘ri qildimmi?» degan savolni o‘ziga- o‘zi berib «To‘g‘ri qildim!» degan qaysar javobdan nariga hatlamas edi. Shoqayumning ezmaligi bu qaysarlik to‘g‘onini buzib, «chiqib ketishim kerak!» degan tushuncha darvozalarini ochib yubordi.
Dostları ilə paylaş: |