Jalil uyiga qaytdi-yu, ammo tinchini yo‘qotdi. Asadbek boshiga bir og‘ir ish tushganiga amin bo‘lib, tashvishlandi. Hali «falonchini otib ketibdi», hali «falonchini yoqib ketishibdi», degan vahimali mish-mishlar bosh ko‘tarayotgan tahlikali kunlarda
Asadbekday odamning ham joni qil ustida ekanini Jalil yaxshi tushunardi. Avvalo g‘anim qasd qilmasin. Qasd qilsa birov uning jonini saqlab qololmaydi. Atrofini o‘nta ishonchli yigit o‘rab tursa ham bitta o‘q sig‘adigan tuynukcha topilib qolar. Shunday ekan, bu o‘yinga kirganlarning umri xotimasi aniq. Asadbek shuni sezdimi? Yuragi sezgani uchun birodari bilan vidolashib olmoqchi bo‘ldimi? Asadbekning bevaqt chorlovi Jalilni bu fikr iskanjasiga topshirdi.
Jalilning nazarida televizordagi bejirim lablari kulib turgan qiz-juvonlar, tirjayib turib ashula aytayotgan xonandalardan tashqari butun el tashvishga burkangan edi. Hamisha miriqib ko‘radigan tomoshalari bu kech unga yoqmadi. «Yangi yil kutish» degan gap ham birdaniga erish tuyuldi. Kuyovi bilan piyolani cho‘qishtirib qo‘ydiyu aroqni ichmadi. Doimo zavq beruvchi farzandlar davrasi ham tatimadi. Yuragi tars yorilguday bo‘lib o‘rnidan turib ketdi. «Tobim qochdi», deb xonasiga kirib cho‘zildi. «Tinchlikmi, adasi, o‘rtog‘ingiz tinchmilar ishqilib», deb kirgan xotiniga bobillab berdi.
Soat o‘n ikkida farzandlari bir-bir kirib yangi yil bilan tabriklab chiqishdi. Qo‘shni xonada tongga qadar televizor sayradi. Jalil tongni it azobida kutdi. Chala-yarim nonushta qilib, ota mahallasiga jo‘nadi. Asadbekning bolaligi o‘tgan hovli eshigi ichkaridan tanbalangan, demak, chiqib ketibdi. Jalil uyiga kirib ukasini yo‘qladi-yu, Asadbeknikiga qarab yo‘l oldi.
O‘rtog‘i uyiga kelmabdi. Manzura odatiga xiyonat qilmagan ravishda yerdan ko‘zini uzmay so‘rashdi.
Tinchlikmi, o‘zi kelin?
Tinchlik, — dedi u past ovozda. Bu oilaga samimiy munosabatda bo‘luvchi eng yaqin odamning Jalil ekanini, hatto unga ham oila sirlarini ishonib aytish mumkinmasligini Manzura biladi. Ko‘z yoshi to‘kib hasrat daftarini ochgisi keladi. Ammo... eri aytmagan sirni u aytolmaydi...
Agar tinchlik shunaqa bo‘lsa, g‘alvasi qanaqa bo‘larkan, — dedi u iziga qaytayotib. — Galvars eringizga ming marta aytdim, shu ishlarni yig‘ishtir, deb.
O‘rtog‘ingizni bilasiz-ku...
«Ha, bilaman, — deb o‘yladi Jalil, — Xudo unga boylik berganu tariqcha aql bermagan. Million so‘mi yo‘qlar qirilib ketyaptimi, shuncha boylik kammi unga, go‘riga ortmoqlab boradimi? Lahadda boshiga bittagina guvala qo‘yiladi, pul qo‘yilmaydi, shunga farosati yetmaydimi?..»
Shu gaplar xayoliga keldi-yu, ammo ayolga qarab vaysashdan o‘zini tiydi. Shu topda eshikdan Asadbek kirib kelsa, shu zahar gaplarni ayta olarmidi? Aytish ham gapmi?! Xo‘sh, shaharni yotqizib-turg‘izish qo‘lidan keladigan Asadbek-chi? Eski yuz so‘mlikni uzoqdan ko‘rib qolgan, yangisi chiqqanini ko‘rish u yoqda tursin, hali eshitmagan oddiy ishchining haqorat chegarasini ham bosib o‘tib ketuvchi so‘zlariga nima deydi? Jalil gapira-gapira jo‘shib ketsa, shartta biqinini chimchilaydi yo songa shapatilab urib qoladi
shunda Asadbek nima qiladi? Kayfiyati yaxshi bo‘lsa — kulib qo‘ya qoladi. Hatto o‘rtog‘ining bu qilig‘idan yayraydi. Bolalik damlari esiga tushib shirin entikadi. Bolaligida bir ro‘shnolik ko‘rmagan bo‘lsa ham vujudiga rohat o‘rmalaydi... Jalil zaharga bulab otayotgan so‘z o‘qlariga kayfiyati nobop paytida duch kelsa ham g‘azablanmaydi. O‘zini bosadi. «Ha, qilig‘i sovuq» deb to‘ng‘illab qo‘yadi... Shunday ekan, Jalil ichini yondirayotgan gaplarini Manzuraga aytadimi yo soqchi yigitlargami, yo Asadbekning o‘zigami — farqi yo‘q, so‘zlar samoga sochilgan o‘qlardek samara bermaydi.
Jalil Manzuraga qaradi-yu «xayr» deb tashqariga chiqdi. Endi qayoqqa borishini bilmay garangsidi. Katta ko‘chaga qadar kalovlanib bordi. So‘ng pishillab to‘xtagan avtobusga chiqib uyiga ketdi.