Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə17/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   52
shaytanat

b o b 1


Prokuror mahkamasining tergovchisi Zohid Sharipov hali bunchalik xorlanmagan edi. Kechagina markazdan kelgan prokuror tergovchilarining qonunga mos bo‘lmagan ishlari haqida ko‘pirib gapirildi. Go‘yo shu bilan mahkamalar tozalandi. Pokiza odamlar to‘planganday bo‘ldi... Zohid shu harakatlarga ishonibdi. U prokuror yordamchisining qilig‘idan bir achchiqlansa, o‘zining go‘lligidan o‘n g‘azablandi. «Nima deyishmoqchi bo‘lishdi: sen pista po‘chog‘isan, istagan paytda supurib tashlaymiz, sen keraksiz bir qog‘ozsan — xohlasak, g‘ijimlab oyoq ostiga otamiz, deyishmoqchimi?»
Zohid anchagacha o‘ziga kelolmay o‘tirdi. So‘ng shart o‘rnidan turib, prokuror yordamchisi xonasi tomon yurdi. U yordamchi bilan olishishni qasd qilgan edi. Ammo o‘ziga zeb berib kiyingan, qoshlari qalin, ko‘zlari kulib turuvchi prokuror yordamchisining muomalasi uni shashtidan qaytardi.

  • E, keling, Zohidjon, yangi yillari qutlug‘ bo‘lsin. Oilangiz, ota-onangiz sog‘- salomatmilar? Baxtingizga ko‘p yillar yashashsin, to‘ylaringizga bosh bo‘lishsin. Sizni chaqiraman, deb turuvdim. Xizrni yo‘qlasam bo‘larkan. Xo‘-o‘sh... Sharif Namozovni qo‘yib yuborishga to‘g‘ri keldi. Aybi isbotlanmagan. Guvohlar gaplaridan tonishibdi. Unga qarshi ig‘vo qilingani shunday sezilib turibdi-ku, sizlar to‘ppa-to‘g‘ri qamoqqa tiqib qo‘ya qolibsizlar. Namozov anov-manov odam emas, katta olim ekan. Chet elliklarni hayron qoldirib turgan odamni qamoqqa tiqsak, xalqaro janjal chiqib ketishini ham unutmasligimiz kerak-da, azizim. Chet eldagi safsataboz dushmanlarimizni bilasiz-ku,

«SSSRda inson huquqlari poymol etilmoqda!» deb g‘avg‘o ko‘tarishsa, boshimiz g‘alvadan chiqmay qoladi. Keling, biz shunaqa tashvishlardan chetroqda yuraylik. Siz yoshsiz, o‘sadigan yigitsiz, bamaslahat ishlayvering. Ig‘voning boshida vinzavod direktori Sulaymonov turgan ekan. Aybini bo‘yniga olib o‘zi keldi. Hazilining bunaqa jiddiy tus olishini o‘ylamabdi. Besh-o‘n oy o‘tirsa, ikkinchi hazillashmaydigan bo‘lib chiqadi.

  • Sulaymonov ishini menga topshirsangiz...

Zohid uning mahorat bilan to‘qiyotgan to‘riga bandi bo‘lib qolmay, chiqib ketish niyatida shu gapni aytdi. Hech narsadan tap tortmay ishni xamirdan qil sug‘urganday hal
etayotgan prokuror yordamchisi Zohiddan shu iltimosni kutmaganida laqma odamga aylanmasmidi, bu dargohdan kavushi allaqachon to‘g‘rilanmasmidi? Dunyoning manaman degan olimlari bilan bahslashishga moslab yaratilgan bu fahm-farosat, bu aql shu arzimas masalani yechishda ojizlik qilsa-ya! Ha, Zohid ojiz edi. Uning ko‘zlari ochiq, ammo fikr ko‘zi bu o‘yinlar, oyoq ostiga tushayotgan to‘rlarni, eng muhimi— qarshisidagi odamning qalbini aniq ko‘rolmayotgan edi. Aql hammavaqt ham odamga sharaf keltiravermaydi, ba’zan mana shunday xor ham qilib qo‘yadi. Zohid o‘zining beadad xorlanayotganini hozir emas, keyinroq his etadi. Boshingizga tosh tegsa, bir oz og‘rib, so‘ng bosilganday tuyuladi, ammo oradan vaqt o‘tib shunday og‘riq qo‘zg‘oladi-ki, o‘zingizni qo‘ygani joy topa olmaysiz. Ruhiy qiynoq ham shunday. Bir necha soatdan so‘ng «men nima uchun unga shunday demadim!» deb o‘zingizni la’natlay boshlaysiz.
Biroq vaqt o‘tdi — endi bu afsusdan nima naf?
Zohid soddalik bilan Sulaymonov ishini so‘radi. Prokuror yordamchisi esa pinagini buzmay, o‘sha kulimsiragan yoqimtoy ko‘zlarini Zohiddan olmay javob berdi:

  • Bu ishni Keldievga topshirdim. Taniysiz-a, ammamning buzog‘i. Shunaqa mayda- chuydani topshirmasam, jiddiy ishlarni eplay olmaydi. Sizni zo‘r ishlar kutib turibdi, azizim. O‘sadigan odam mayda-chuydaga aralashmasligi tuzuk. Sizdan umidim katta. Respublika prokuroriga ham aytdim. Umidli yoshlarni biz har qanaqasiga qo‘llaymiz.

  • Sharipovning ishi oddiy hazilga o‘xshamaydi. Hazil deb yurib uni o‘ldirib ketishlari mumkin.

Jiddiy ohangda aytilgan bu gapni u ermakday qabul qildi:

  • Vohma qilmang-e, azizim. O‘ldirib ketadi, deb qamoqda ushlab turishimiz ham to‘g‘ri kelmaydi-da. Erkak odam lalaymay o‘zini himoya qilsin. Itday ichib, cho‘ntagiga birov nasha solib qo‘ysa ham bilmay yotaveradimi?

  • Men vahima qilayotganim yo‘q. Undan pul talab qilishgan.

  • Qim? Qachon?

  • Kimligini bilolmay qoldim. Harholda qamoqxonada talab qilishgan bo‘lsa kerak. Prokuror yordamchisi telefon tugmasini bosdi. Ko‘zlaridagi kulgi yo‘qolib, ko‘rinishi jiddiylashdi, hatto biroz asabiy tus oldi.

  • Jonqoraev! Signallar tushyapti, qamoqxonada bevoshlik kuchayibdi. Tekshirib uch kundan keyin hisob berasan. Ha, Sharif Namozovdan kim pul so‘raganini ham aniqla. Onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatish kerak bunaqalarni, tushundingmi!

Prokuror yordamchisi «ma’qulmi, ko‘ngling joyiga tushdimi», deganday Zohidga qaradi- da, o‘rnidan turdi.

  • Hozir respublikaga chiqishim kerak. Siz bilan xotirjam bi-ir gaplashamiz. O‘zim chaqirtiraman.

U Zohidning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, g‘oyat ulug‘ bir mehr ko‘rgazib ostonagacha kuzatib qo‘ydi.



Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin