2
Asadbek oshnasinikiga deyarli kelmas edi. To‘y-ma’rakalarda birrov kelib ketardi. Jalilning bolalari, ayniqsa kuyovi, Asadbekning nomini eshitishgan, ammo o‘zini yaxshi tanishmas edi. Shuning uchun eshik qo‘ng‘irog‘i tugmasini bosib yo‘qlagan bashang kiyimli kishini ko‘rib, ajablanishdi. To Qamara — Jalilning ko‘z ochib ko‘rgan xotini chiqquncha Asadbek ostonada turdi. Qamara uni ko‘rib hayratlandi.
Jalil uydami? — so‘radi Asadbek.
Yo‘g‘idilar... Ertalab chiqib ketuvdilar... Bugun birinchi... Siznikiga ketdilarmi, debman.
Asadbek ikkilanib o‘tirmay kirdi. Mehmonxona yig‘ishtirilmagan edi. Qamara Asadbekning kirishi mumkinligini tasavvur ham qilmagani uchun shoshib, dovdirab qoldi.
Kennoyi, siz bezovta bo‘lmang. Men hozir ketaman, — dedi Asadbek urinib qolgan divanga o‘tirib. U kira solib divanning oyog‘i o‘rniga gazetaga o‘ralgan g‘isht qo‘yilganini ko‘rgan edi, shu sababli ehtiyot bo‘lib cho‘kdi.
Voy, ovorasi bormi, siz har kuni kelib yuribsizmi? Kecha nevaracham bir yoshga to‘ldi. Shuning uchun hamma yig‘ilgan edi.
Kecha... o‘ttiz birinchi dekabr... Asadbek Qamaraga yalt etib qaradi. Ayolning gapi unga ukasi Samandarni eslatdi. Samandari ham o‘ttiz birinchida tug‘ilgan edi. Bir yoshga to‘lganida bunday tantana yo‘q edi. Tanchada o‘tirib, qora nonni iliq suvga botirib qorinni to‘qlash — ular uchun katta bayram bo‘lgan o‘shanda. Jalilning uyiga yozilgan dasturxon ham Asadbek qarichi bilan o‘lchansa — xarobgina tantana. Lekin har kimning qarichi har xil. Dasturxon ustiga bir tishlam qotgan non qo‘yilsa ham, atrofiga farzandlar yig‘ilsa to‘kin dasturxondan fayzliroq bo‘lib ketadi.
Nevarangizning oti nima! — deb so‘radi Asadbek.
O‘rtog‘ingiz kitob qarab Samandar deb qo‘yganlar. O‘t-olovni ham pisand qilmaydigan g‘alati qush bo‘larkanmi-e... Qudalari «Ulug‘bek» deb qo‘ymoqchi ekanlar. «Hey, dadasi, bolaga ismni qiz tomon qo‘ymaydi», desam ham «Hammayoqni bek bosib ketdi, bitta Samandar bo‘lishi kerakmi yo yo‘qmi!» deb qaysarlik qilib turib oldilar. Baraka topgur, qudamiz juda yaxshi odam-da. Xo‘p, deb ko‘nib qo‘ya qoldilar...
Qamaraning oyoq-qo‘li ham, tili ham chaqqongina edi. Cho‘loq divanda kim yastanib o‘tirganini unutib gapga tushib ketdi. Uning so‘zlari Asadbekning qulog‘iga kirmadi.
«Samandar» degan ismni eshitiboq ko‘z oldi xiralashdi. Tomog‘iga bir nima tiqildi. Yarim soat burun pulining ko‘pligidan esini yo‘qotgan vinzavod boshlig‘ining taqdirini bir so‘z bilan hal etgan Asadbek o‘zini benihoya ojiz banda ekanini his etdi. «Hatto shu g‘alcha xotinning baxti ham yo‘g‘a menda, — deb o‘yladi. — Nevara ko‘rsam, ismini Samandar qo‘yaman, deb yuruvdim. Jalil ilib ketibdi. Kitob ko‘rib qo‘yganmish... Jalil o‘zini haqgo‘y deydi. Men uni noshud deyman. Baxt noshudlarga kulib boqarkan-da? Shu noshud qizini kuyovga uzatib, nevara ko‘rib, xursandchilik qilib o‘tirsa... Men shunday ham bo‘lolmasam... Na akam, na ukam bor. Faqat... pulim bor. Bu noshudning puli yo‘q.
Ammo ukalari, kuyovi, Samandari bor... Men hashamdor uyda yashayman, uyimni dev yigitlar poylashadi. Bu noshud oyog‘i siniq divanda yonboshlab yotib, o‘laman deb turgan televizorni tomosha qiladi. Eshigi hamisha ochiq... Ko‘ngli ham ochiq... Yangi divanni, rangli televizorni orzu ham qilmaydi... Nega orzu qilmaydi?! Odam ham shunchalik noshud bo‘ladimi! O‘ziga kerak bo‘lmasa, bolalariga lozim-ku! Bolalarining ko‘ngli sinmaydimi! Nevarasi shu cho‘loq divanda yotib, shu xira televizorni ko‘rib ulg‘ayishi kerakmi? Ablah, noshud!» Yuragi ezilib o‘tirgan Asadbekni birdan g‘azab chulg‘adi. Shart o‘rnidan turdi.
Hozir kelaman, — dedi Asadbek, — choyingiz qaynaguncha qaytaman.
Qamara bu gap shunchaki ko‘ngil uchun aytildi, deb o‘ylagan edi. Mehmonxonani yig‘ishtirishga ulgurmay, Asadbek qaytgach, battar shoshilib qoldi. Qamara mehmonning ulug‘ligini hisobga olib, ohori to‘kilmagan yangi dasturxon yozdi. Kuyov chiqib Asadbek bilan qo‘sh-qo‘llab so‘rashdi-da, choy quyib uzatdi. Hashamdor uylarda, to‘kin dasturxonlar atrofida o‘tirishga ko‘nikkan Asadbekka qog‘ozlari sarg‘ayib, ayrim yerlari ko‘chib tushgan uyda choy ichish boshqa payt bo‘lganda malol kelardi. Uning hozirgi kayfiyati aynan shunday sharoitni qo‘msardi. G‘arib ko‘ngil, g‘arib uyni sog‘ingan edi.
Bir soatdan keyin Jalilning uyi besaranjom bo‘lib qoldi. Besh-olti odam baravar bostirib kirib avval cho‘loq divanni, so‘ng stol-stullarni, so‘ng xira televizorni olib chiqib ketishdi. O‘rniga yangi divan, yangi stol-stullar, rangli televizor qo‘yildi. Qamara «Voy, o‘lmasam, voy, qiziq bo‘ldi-ku», deyishdan boshqa so‘z topmadi. Asadbek bu o‘zgarishlarga aloqasi yo‘qdek, pinagini buzmay turardi.
Jalil uyiga qaytganda hamma ish saranjom bo‘lgan edi. U Asadbekka zahrini sochishga ulgurmadi. Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar, deganlaridek, Asadbek ostonada o‘qrayib turib qolgan oshnasiga qarab baqirdi:
G‘ing desang, abjag‘ingni chiqarib tashlayman, bu senga emas, Samandarga, tug‘ilgan kuniga sovg‘a!
Jalil Asadbekka bir nima deya olmadi, ammo xotiniga qarab o‘qraydi. Qamara o‘ziga qanday shirin gaplar atab qo‘yilganini fahmlab, labini tishladi.
Senga nima bo‘ldi? — dedi Jalil, Asadbekka tikilib, — paytavangga qurt tushganini bilib turibman.
Mening paytavamga emas, sening miyangga qurt tushgan, — Asadbek shunday deb Qamaraga qarab qo‘ydi. U erkaklar gaplashayotganda ayol kishining atrofda ivirsib yurishini yoqtirmas edi. Qamara Asadbekning maqsadini anglab, tezgina chiqib ketdi. Asadbek shundan so‘ng gapini davom ettirdi. — Nevara ko‘ribsan, ismini Samandar qo‘yibsan, oradan bir yil o‘tibdi... Asad degan o‘rtog‘im bor edi, xursandchiligimga sherik qilay, ukasining oti ham Samandar edi, nevaramga ot qo‘yishda bir so‘rab olay, deyishga aqling kaltalik qildimi? Tiling bir qarich. Birovga so‘z bermaysan-u, shunaqa narsalarga kelganda kallang ishlamay qoladi, xom oshqovoq!
Jalil unga qarab jilmaydi. Hozir uning qarshisida faqat Xudogagina bas kelolmaydigan Asadbek emas, ko‘p jabru jafolarni birga tortgan, bir ko‘chani changitib, bir yamoq ko‘rpani tepishib katta bo‘lgan oshnasi o‘tirardi. Asadbekning ovozida amr ohangi ham, qahr ham yo‘q edi. Asadbekning bu odati Jalilga ma’lum. U dunyo tashvishlaridan ezilib, bolaligini qo‘msagan paytlarida Jalilni toptirib kelib shu ohangda gap boshlaydi. Ikki oshna soatlab gaplashib o‘tirishadi. Suhbat a’yonlarning ishtirokisiz bo‘ladi. Zarur ish bilan kelgan Kesakpolvon ham, Chuvrindi ham ularning suhbatini buzishga jur’at qila olishmaydi. Bunaqa paytlarda a’yonlar matbuot xabarlariga taqlid qilib «ikki prezident yuzma-yuz uchrashdi. Xalqaro ahvolning muhim masalalari kelishib olindi», deb hazillashishadi. Yopiq eshik ortidagi «xalqaro ahvolning muhim masalasi» — yong‘oq o‘yinida chiqqan janjalning «tinch yo‘l bilan hal etilgani»dan boshlanib, bitta kalishni galma-gal kiyib maktabga qatnash chog‘ida yuz bergan sarguzashtlarni eslash bilan yakunlanadi.
Jalil Asadbekning bugun bu xususda gaplashish niyati yo‘qligini bildi. Agar Hasanning o‘ng biqini og‘risa, Husanniki ham og‘riydi, deganlaridek, Asadbekning yuragini tirnayotgan darddan Jalil bebahra qolishi mumkin emas. Asadbek dardini ichiga yutmoqchi. U otasi olib ketilgan kundan beri isyon yo‘liga kirgan, ammo ochiq-oydin hayqirish, shiorlar ko‘tarib maydonga chiqish yo‘lidan bormay, arqonni uzun tashlab, dardni ham, g‘azabni ham ichiga yutib asta ish ko‘rishni o‘rgangan edi. Jalilning yo‘li bo‘lak — o‘ychi o‘yiga yetguncha tavakkalchi uyiga yetadi, qabilida ishni dangal
bitirishga odatlangan. Hozir ham oshnasining gapni maydalashiga toqat qilolmadi.
Yorilsang-chi! — dedi u jerkib. — Mendan boshqa dardkashing bormi?
Asadbek Jalilga tikildi. Xuddi ro‘parasidagi odamni birinchi marta ko‘rayotgandek tikildi. Gapirish oson. «Yorilish» — xotinlarga xos. Erkak dardini aytguncha to‘lg‘oq azoblarini boshidan kechiradi. Ayniqsa Asadbekni ezayotgan dard birovga aytgulik emas. «Qizimni o‘g‘irlab ketib, keyin tashlab ketishibdi», deyishga til aylanadimi? Erkaklik nomusi, ori bunga yo‘l qo‘yadimi? Kecha Jalilni atayin yo‘qlatdi-yu, dardini aytolmadi. Bugun ertalab vinzavod boshqoni taqdirini hal etib uyga ketaman, deganda tashqarida savdo rastasi xo‘jayiniga yo‘liqdi. Xo‘jayin savdo ahliga xos tavozelik bilan so‘rashib, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: «Bag‘ringiz to‘lib, xursand bo‘lib qoldingizmi?» dedi. Asadbek «Ha» ham, «Yo‘q» ham demadi. Unga bir o‘qraydi-yu, mashina eshigini ochdi. Bu odam qizining qaytganini eshitib, tabriklagani kelgan. O‘zicha bu odamgarchilikka kiruvchi fazilat, odat. Asadbek uning laganbardorligidan bir g‘ashi kelgan bo‘lsa, befahmligidan bir g‘azablandi. Qizini kimlardir o‘g‘irlab ketib, qandaydir ahvolda tashlab ketishadiyu u xursand bo‘ladimi? Qiziga tegishmagan bo‘lishsa-ku, xo‘p-xo‘p... Yo‘qsa... tirik qaytarishmagani ming marta afzal emasmidi... Asadbek mashinaga o‘tirgach, xayolida boshqa gap o‘rmaladi — bu odam is olibdimi, demak, ko‘pchilik biladi. Bugun kechgacha shaharga tarqasa ham ajab emas. Nima qilish kerak? A’yonlari bilan ish yuzasidan maslahatlashadi. Ularni shu paytgacha oila sirlari, tashvishlariga tortmagan. Asadbek uchun oila — muqaddas. Har kimning ham tumshuq suqaverishini xush ko‘rmaydi.
Chuvrindi uylangan yili «oilaviy bo‘lib o‘tirib turaylik», deganda, Asadbek «xotiningni bozorga solmoqchimisan», deb gapni kalta qilgan, shu-shu oilaviy bordi-keldi masalasi qayta tilga olinmagan edi. Ularning xotinlari faqat yo‘qlov, to‘y va ma’raka bahonasida ko‘rishishar, «esonmisiz-omonmisiz»dan nariga o‘tishmas edi. Shunday ekan, qizining endigi taqdirini a’yonlar bilan maslahatlashishi mumkinmi?
Asadbek Jalildan jo‘yali maslahat chiqar, degan ilinjda emas, balki taskin ilinjida kelgan edi.
Mish-mishlarni eshitgandirsan? — dedi Asadbek, oshnasidan ko‘z uzmay.
Men mish-mish orqalab yuradigan xotinmasman,— dedi Jalil. — Sen bo‘ladigan gapni gapir.
«Rostdan eshitmaganmi?»
Asadbek savoliga javob topmoq istagida Jalilning ko‘zlariga qaradi. Bu ko‘zlarda aldov yo‘q edi.
Jalil oshnasining to‘lg‘oq azobida ekanini his qildi. Bu dardni hatto eng yaqin odamga ham aytish og‘ir ekan, demak, ish chatoq. Jalil bir oz yumshoqroq gapirib, uning ko‘nglini ovlash niyatida dedi:
Kattaga katta dard yopishadi, gapir, o‘zingni qiynama.
Katta dard deysanmi?.. Bilmadim... Shu paytgacha menga birov qo‘l ko‘tarmagan edi.
Dunyoni bekorga charxpalak deyishmagan. Zamon o‘zgarib turadi, shunga aqling yetmabmidi?
Yetgan edi, lekin...
Yetgan bo‘lsa, vaqtida etakni yop. Vaqtida ketsang — olam guliston.
Aytishga oson. Zamon sahnasidan tushishning o‘zi bo‘ladimi? Pastdagilar seni alqab, boshiga ko‘tarib yurishga tayyor bo‘lsa, sahnadan dadil tusha olarkansanmi?
Tushishingni qo‘lda nayzalar bilan poylab turganlar-chi? Shu nayzalar borligini bilmaganda Asadbek Jalilning maslahatiga muhtoj bo‘larmidi? Asadbek gapni cho‘zishning hojati yo‘qligini anglab:
Qizimni o‘g‘irlashdi, — dedi. Shu gapni aytdiyu uyatdan yonib ketay deb ko‘zini olib qochdi. Aybiga iqror bo‘lgan gunohkorday boshini egdi.
Qachon? Topilmadimi?
Kecha o‘zlari tashlab ketishibdi.
Kimligini bildingmi?
Aniq bilmayman. Gumonim bor.
Jalil o‘yga toldi. Bir necha nafasdan so‘ng xo‘rsindi:
Asadbek boshini shartta ko‘tardi:
Bu nima deganing?!
Sen maishat qilgan qizlarning ham ota-onalari bor edi, ular ham ezilgandir, Xudoga nolalar qilgandir. Xudo kar emas, bu ohlarni eshitgandir?
Og‘zingga qarab gapir! Mening maishat qilganimni ko‘rdingmi?! — Bu safar Asadbekning ovozi titrab chiqdi. Jalil uning ko‘zlariga qarab qo‘rqdi: bu ko‘zlarda g‘azab uchqunlanayotgan edi.
Ko‘rib nima, men sening mahramingmanmi, izingdan yuradigan. Eshitganman, hamma gapiradi.
Hamma gapirsa ishonaverasanmi, he... s-so‘tak! — Asadbek beixtiyor so‘kindi. Boshqa vaziyat bo‘lganda Jalil qarzga botmay, darrov qaytarardi. Oshnasining vajohatini ko‘rib, o‘zini tiydi.
Bo‘pti, o‘zingni bos, — dedi u. — Qizing tirik ekan, Xudoga shukr qil.
Jalil, — dedi Asadbek qahrli ovozda, — bilib qo‘y, men nomard emasman. Men itning bolasi emasman, odam bolasiman. Birovlarning burnini qonatib lazzat topaman, deb yurganim yo‘q bu dunyoda. Alamim borligini bilasan-ku. Bu ahmoq gapni boshqadan eshitsam, xafa bo‘lmas edim. Sen ham shunday deding-a!
Sen qilmagan bo‘lsang, bu ishni shotirlaring qilishadi. La’nat esa senga oqib kelaveradi. Sen odamlar ko‘ziga bo‘ri bo‘lib ko‘rinasan. Yesang ham, yemasang ham baribir og‘zing qon. Sen men bilan gap talashma. Bo‘ladigan gapdan gapir. Tumshayib yuravermassan, axir. Nima qilmoqchisan?
Hayronman...
Gap qaynab chiqmasidan uzatvor qizingni.
Asadbek kechadan beri xayolning qaysi ko‘chasiga kirmasin, shu to‘xtamga kelayotgan edi. Jalildan ham shu fikr chiqishini kutgan edi. Kutilgan fikr aytildi, ammo yengil tortmadi. Chunki fikr aytmoq oson. To‘y qilish ham oson. Biroq, qizining yuzi yorug‘ bo‘ladimi — mashaqqat shunda. Kuyov bo‘lmish Asadbekning qahridan qo‘rqib hozir indamasligi mumkin. Keyinchi? Zamon sahnasidan tushib ketgach, qizi xo‘rlanmaydimi? Ko‘chaga haydalmaydimi? Sharmandalik libosiga o‘ralmaydimi? Asadbekning xavotiri shunda. Siz «Xo‘sh, o‘zining or-nomusi-chi?» deyishingiz mumkin. Bir dono shoir «ota- ona mehrisiz ham yashamoq mumkin, ammo mumkin emas nomussiz yashash», deganda ming karra haq. Asadbek ota-ona mehriga to‘ymay o‘sdi. Qizining o‘g‘irlanishi
uning nomusiga tegishmagan taqdirda ham — ota-ona nomusining toptalishi bilan barobar. Shunday ekan, Asadbek bunga qanday chidasin?! Chap yelkada o‘tirgan shayton qasosga undaydi: «Qo‘lingni uzatsang yettinchi osmonga ham yetadigan insonsan. Birov sening kosangga tuflabdi, oshi halolingni bulg‘abdi-yu, sen ezilib yuribsanmi, kimdan gumoning bo‘lsa — yanchib tashla! Bugun qasos olmasang, ertaga el oldida basharangga tupurishadi. Otangni olib ketishganda nochor eding. Ana shu nochorlik seni bir umrlik armon o‘tida kuydiryapti. Endi ham nochormisan? Qon to‘kmasang erkak emassan! O‘zingni ko‘rsat! Nomus uchun qon to‘kish lozimligini erkaklarga eslatib qo‘y!!» Ammo qilich yalang‘ochlangan damda o‘ng yelkada o‘tirgan Rahmon bila-gidan ushlab to‘xtatadi. Qon to‘kishga yo‘l bermaydi. «Gumoning to‘riga o‘ralganlarni tig‘dan o‘tkazishing — ojizliging alomati. Gunohkor osongina jon berib
qutulib ketadi. Sen esa nomus azobida to‘lg‘anib qolaverasan. Sen hozir uning gunohlaridan o‘t. Ammo shunday qilginki, umri azobda o‘tsin. Vaqti kelib oyog‘ingga bosh ursin, tavbalar qilsin. Ana shunda o‘ldirsang xumordan chiqasan. O‘lsang, ko‘zing ochiq ketmaydi...»
Shu ovoz Asadbekni ushlab turibdi. Nomus azobiga chidashga majbur etyapti. Jalilning uyiga boshlab kelgan ham shu ovoz. Agar oshnasi «ularni qirib tashla» desa bas, yangi yilning birinchi kuni qonlar to‘kish bilan boshlanadi. Asadbek Jalilning bunday demasligini biladi. Bilgani uchun ham uni qora tortib keldi.
3
Dunyoda eng shirin narsa nima, deb so‘ralganda «uyqu» deb javob berishgan ekan. Bu gap ham to‘g‘ri. Biroq bolalik xotiralarini eslash lazzati uyqudan ham mazaliroqdir.
Chunki yosh o‘tgan sayin, bolalikdan uzoqlashganingiz sayin o‘tgan kunlarni eslayverasiz, entikaverasiz. Ayniqsa jon-jo‘ralar uchrashganda uyquni ham tark etib, uzun kechalar xotiralar ixtiyoriga berilishadi. Asadbek bilan Jalilning bunday kechalari ko‘p bo‘lgan.
Jalil oshnasi ko‘nglidagi g‘uborni ana shu xotiralar yordamida quvmoqchi bo‘ldi. Lekin eng yorqin voqealar ham Asadbek ko‘ngliga ravshanlik bermadi. U tund qiyofada o‘rnidan turib, Jalil bilan xayrlashdi. Jalil uni kuzatib ko‘chaga chiqdi. Asadbek mashina sari yurganida orqadan Jalilning ovozi keldi:
Ko‘chada Asadbekka o‘xshab yur, shunchalik cho‘kasanmi?
Bu gapni eshitib Asadbek qaddi bukilib qolganini sezdi. Jalil hech qachon uning qudratini pesh qilib gapirmagan edi. Hozirgi aytgani... «Asadbekka o‘xshab yur...» Mana shu gap unga dalda berganday bo‘ldi. Qaddini tikladi. Chuqur nafas oldi. Mashina eshigini ochgach, orqasiga o‘girildi.
Qorangni ko‘rsatib tur. Odamlarning oshnasiga o‘xshab yo‘qlashni qachon o‘rganasan? Jalilning sanchib oladigan javobi tayyor edi-ku, ammo birodarining ahvol-ruhiyasini o‘ylab tilini tiydi. Jilmayib, bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
Asadbek hovliga qadam bosgach, oshxonadan chiqayotgan qiziga ko‘zi tushdi-yu, beixtiyor to‘xtadi. Qizi ham uni ko‘rib bir on harakatsiz qoldi. So‘ng past ovozda salom berib, shoshganicha iziga qaytdi. Ota bilan qizning nigohlari bir soniyagina uchrashdi. Go‘yo to‘satdan yashin chaqnab qorong‘ilik bag‘rida o‘rtanayotgan ikki xasta dilni yoritib o‘tganday bo‘ldi. Yashin nuri so‘nishi bilan ularning har biri o‘z jahannamiga, yana o‘tda qovurilish, azoblanish uchun qaytdilar.
Qiz nima uchun otasi oldiga yugurib kelmadi, nima uchun bo‘yniga osilib ko‘z yosh to‘kmadi, nima uchun nolalar qilmadi? Nima uchun dardini yutib jahannam azobini o‘ziga ravo ko‘rdi? Asadbek qo‘rqib kutgan hodisa ro‘y bermadi. Ha, u qizi bilan uchrashishdan qo‘rqayotgan edi. Qizi faryod urgan taqdirda ichini kemirayotgan vulqonning otilishi tayin ekanini bilib, tashvishlanayotgan edi.
Asadbek qizini sira erkalamasdi. Kesakpolvon — g‘azabga minganida otasini ham tanimaydigan qahri qattiq odam, oyda bir marta xotinini urib turmasa yegani ichiga tushmaydigan jizzaki erkak — bo‘yi yetgan qizini haddan ziyod erkalab, yuzlaridan chimdib, o‘pib qo‘yganida Asadbekning g‘ashi kelardi. Ba’zan tanbeh berib, ba’zan
«qizingni erga berganingda o‘zingni ham qo‘shib berasanmi», deb piching qilardi. Kesakpolvon Asadbekning bunday gaplarini, pichinglarini qulog‘iga olmasdi. «Bu qizimni o‘zim tuqqanman», deb tirjayardi, xolos. Kim, qanday tug‘ishini yaxshi fahmlaydigan qizi otasining bu hazilidan yayrab, battar erkalanardi. Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek, begunoh odamning jonini sug‘urib olishda kiprigi qilt etmaydigan odamning farzandiga
nisbatan shunday mehri borligi olamning ajabtovurligidan edi.
Asadbek ba’zan «men ham bolalarimni erkalashim kerakmi?» deb o‘ylab qolardi. Ota- onaga erkalanish nima ekanini bilmay o‘sgan odam uchun bu mushkul savdo ekan.
Farzandga mehribonlik boshqa, erkalash, taltaytish boshqa. Shu bois Asadbek bolalarini erkalatmasdi, deyilganda «u farzandlariga bemehr edi», deb tushunmaslik lozim.
Alqissa, hozirgina oshxonaga kirib ketgan qizi unga salom berish bilangina kifoyalanar edi. Asadbek shunga ko‘nikkan bo‘lsa-da, hozir andak ajablandi. Qizining nomus o‘tida kuyib kul bo‘layotgani unga hozircha noma’lum. Buni keyinroq idrok eta boshlaydi.
Yashin chaqib, chok-chokidan so‘kilib qolgan qora bulutlar orqasidan oy ko‘rinib, qorong‘ilik chekingani misol, oshxonadan xotini chiqdiyu ko‘ngli ravshan tortdi. Ko‘pchilik nazarida dahshatli odamxo‘r sifatida gavdalanuvchi Asadbek shu onda xotinini bag‘riga bosib yig‘lagisi keldi, desam, albatta ishonmaysiz. Lekin siz ishoning. Mol-dunyosi behisob, o‘l desa o‘ladigan odamlari bor bo‘lgan holda hasratini eshitadigan hamrozi yo‘q kishining holiga siz ham rahm qiling. Bu fojiani hatto g‘animlaringizga ham ravo ko‘rmang.
Yig‘lagisi kelgani bilan Asadbek yig‘lay olmasdi. Xotini unga dalda bergisi kelganda ham yupata olmasdi. Og‘ir bo‘lganda shu Manzuraga og‘ir. U ikki o‘t orasida. Bir tomondan qiziga achinsa, kuysa, boshqa tomondan erining g‘azabidan qo‘rqadi. «Jahl ustida bir nima qilib qo‘ymasalar edi», deb joni halakda. Hozir oshxona ostonasini hatlab chiqdi- yu, qo‘rquvdan pirpirayotgan ko‘zlarini eriga tikib, salom berdi. So‘ng:
Yaxshi keldingizmi, adasi, — dedi. Bu gapini o‘zigina eshitdi. Qo‘rqibgina, astagina aytilgan so‘zlar havoga singib ketdi.
Asadbek uyga qarab yurdi. Manzura unga ergashdi. Ichkari kira turib chaqqonlik bilan engashdi-da, eri betartib yechgan tuflini juftlab, bir chetga olib qo‘ydi. So‘ng ichkari kirib, Asadbek uzatgan paltoni olib, ilgakka ildi. Bu jarayon kunda takrorlanadi.
Tashqaridan kuzatgan odam har kuni bir tomoshani aynan ko‘rganday bo‘laveradi. Asadbek ichkari kirib o‘zi xush ko‘ruvchi tebranadigan yumshoq o‘rindiqqa emas, deraza tomondagi bir qavat ko‘rpachaga o‘tirdi.
Voy, to‘xtang, ko‘rpacha solay, — dedi xotini shoshilib.
Asadbek «kerak emas», degan ma’noda qo‘l ko‘tardi. Manzura bu ishorani ko‘rmaganday narigi uyga kirib ko‘rpacha ko‘tarib chiqdi.
Birpasga turing, adasi. Asadbek o‘rnidan jilmadi.
O‘tir.
Manzura gilam ustiga o‘tirib, ko‘zini yerga tikdi. Asadbek gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlandi.
Tinchlikmi? — dedi u bir oz sukutdan so‘ng.
Tinchlik, — dedi xotini siniq ovozda.
Bir nima dedimi?
Yo‘q hali.
So‘ramadingmi?
Manzura eriga shoshilib qarab oldi-yu, boshini egdi.
Qanday so‘rayman.
Men so‘raymi bo‘lmasa!
Voy, adasi...
Ha, latta!
Asadbek shunday deb to‘ng‘illadi-yu, baqirib yuborishdan o‘zini tiydi. «So‘raganining nima foydasi bor?» degan fikr uni jilovdan tutdi. Xo‘sh, so‘radi ham deylik, «zo‘rlashdi» degan javob oldi nima-yu «tegishmadi» deganda nima? Har ikki holda ham o‘g‘irlangan
qiz odamlar uchun nomussiz bo‘lib qolaberadi-ku?..
Manzura endi nima qilishi mumkin? Uning yig‘lashdan, fig‘on chekishdan bo‘lak narsaga qudrati yetadimi? Asadbek buni yaxshi biladi. Shuning uchun savol berishga berib qo‘yib, javob kutmadi. Shuncha yil birga umr kechirib xotini bilan maslahatlashmagan odam shu nozik pallada fikrlasharmidi? Nima haqda so‘zlashishni bilmagani uchun ham shu so‘roq tilidan uchdi. U hozir yonida xotini bo‘lishini istardi. Manzura chiqib ketsa vujudi kimsasiz uydek huvillab qolishini his qilardi. Ammo xotini ro‘parasida o‘tirar ekan, xuddi urishib qolganday og‘ziga talqon solvolmaydiku. Xotinning kamgap, baodob bo‘lgani yaxshi-ya, ammo mana bunaqa paytda erni ezib tashlaydi-da... Manzura gapga chechanroq bo‘lganida Asadbekni g‘uborli o‘ramdan olib chiqarmidi...
Tashqaridan erkak kishining ovozi kelib, Manzura chaqqon o‘rnidan turdi-da, deraza osha hovliga qaradi.
Mutavallingiz, — dedi ajablanib.
Chaqir, — dedi Asadbek.
Manzura tez-tez yurib chiqdi. Dam o‘tmay eshik og‘zida bo‘yni uzunligidan egilibroq yuruvchi, egniga urinibroq qolgan palto, boshiga yangi suvsar telpak kiygan mutavalli kirdi. Soqol-mo‘ylov ulashilganda kechroq qolgan, ammo yaratgan «shu ham erkak-ku», degan rahm bilan topib bergan besh-o‘nta tukni savlat qilib o‘stirib, jamiki tirik jonning ensasini qotirguvchi Karimullaga Asadbekning ham toqati yo‘q edi. Yetimxona boshqoni bo‘lib ishlab, o‘z ta’biri bilan aytganda, shaytonning bittagina gapiga kirdi-yu, olti yil umrini simto‘siqlar ortida o‘tkazib qaytdi. Yana firqaga tiklash masalasida ko‘p urindi.
Firqa a’zoligiga qayta olganida turqi tarovati o‘zgacha bo‘lardi. Hatto o‘ziga ham yoqmaydigan, soqol-mo‘ylov degan nomga isnod keltiruvchi bu tuklar o‘stirilmasdi. Xitoyning ohori to‘kilmagan oq ko‘ylagini kiyib, Olmoniyaning no‘xot gulli qizil bo‘yinbog‘ini taqib, finlarning ko‘zni oluvchi kostyumini egniga ilib, gerdayib yurardi. Ayb o‘zida — rayqo‘mga uzatishi lozim edi. O‘zini xokisor ko‘rsatib bir yanglishdi.
Rayqo‘mdagilar xokisorlarga rahm qilar deb o‘ylab edi. Rahmdillar rayqo‘mda emas, bu tomonda ekan. Baxtiga mahallada masjid qurilishi boshlandi. Avvaliga haybarakallachi bo‘lib yurdi. «Uni u yoqqa ol, buni bu yoqqa qo‘y», deb turish, choyni shopirib qaytarib o‘zidan ulug‘roq odamlarga ta’zim bilan uzatish hadisini olgan edi. Qurilishda har kuni o‘ralashib yuruvchi bitta bekorchi kerak ekan. Shundan foydalanib, poydevor bitmasidanoq o‘zini «mutavalli» deb e’lon qildi. Abdukarim degan ism, garchi mullalikka daxldor bo‘lmasa-da, Karimulla deb o‘zgartirildi. Bu «mulla» xotirasi zaifligi tufayli to‘rt oy badalida «Oyatal kursi»ni yod ololmay, ikkita kichik sura bilan tirikchilik qiladi.
O‘shanda o‘stira boshlagan «soqol-mo‘ylab» imorat tomi yopilibdiki, hali bir enlikdan nariga o‘tgani yo‘q. Bu hol Kesakpolvon uchun bir ermak. Uni har ko‘rganida
«Karimullaning soqoli ichkariga qarab o‘sadi», deb mazax qiladi. Asadbek mutavallining tezroq ketishini istaydi, Kesakpolvon esa uni masxaralab o‘tirishni yoqtiradi. Karimulla bu masxarani malol olsa-da, sirtiga chiqarmaydi. Kesakpolvonning gaplaridan miriqqanday xixilaydi. U Asadbekdan cho‘chiydi, kamgap, mulohazali Chuvrindidan esa qo‘rqadi. Shu holda a’yonlardan biri uni «o‘ziga yaqin olib» «hazil» qilar ekan, nimasi yomon?
Karimulla Asadbek yolg‘iz emasdir, degan xavotirda edi. Ichkariga kirgach, yayrab ketdi. Ildam yurib kelib Asadbek bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Asadbek o‘rnidan qo‘zg‘olmay, qo‘l uchini berdi.
O‘rusning yangi yili muborak bo‘lg‘ay, — dedi Karimulla ishshayib.
Asadbek unga javob bermadi. «Xo‘sh, nimaga kelding?» degandek norozi qiyofada boqdi. Karimullaning maqsadi yangi yil bilan tabrik etish emas, balki ko‘ngil so‘rash, shu
orqali o‘zining ham ruhan «aziyat chekayotganini» ma’lum qilib qo‘yish edi. Ammo Asadbekning qarashi uni shoshirib qo‘ydi. «Sizga qasd qilganlar past bo‘lsin, qizingizning baxti ochilib ketadi, inshoolloh», deb diliga tugib kelgan gaplarini ham unutdi.
Bitta xonaga joy qilib namozni boshlab yubordik. Butun mahalla duoi joningizni qilib yotibdi. Suvoqchilar xonaqohdan chiqishdi.
Xabar Asadbekni mutlaq qiziqtirmayotganini sezib Karimulla jimib qoldi. Shu gaplarning o‘zini aytib chiqib ketaverish mumkinmasdi. Shu uchun bir oz kalovlandi.
Ayvonning... to‘siqlariga temir kerak ekan, borsak bermadi, zang‘ar. Limit-pimit deydimi-ey...
Temir senga hozir kerakmi? — dedi Asadbek tutoqib.
Shu topda Asadbekning ko‘ngliga bunday gaplar sig‘masligiga, umuman, mayda- chuydalar bilan shug‘ullanish boshqa a’yonlarning ishi ekaniga Karimullaning kalta fahmi yetarmidi?
Asadbek shart o‘rnidan turdi. Karimulla «tepib qoladi shekilli», deb qo‘rqib, o‘zini chetga oldi. Asadbek eshik yoniga ilingan, shapaloqdek keladigan xorij telefonini olib, chiroyli tugmachalarni bosib raqam terdi.
Allo, kim bu? — degan erinchoq ayol ovozi keldi.
To‘xtasin kerak, — dedi Asadbek jerkib.
Uxlayaptilar.
Uyg‘ot, g‘aflatni, Asadbek akam so‘rayaptilar, de.
Voy, assalomu alaykum, hozir... Ana, turib kelyaptilar... Yarim daqiqa o‘tmay xirildoq ovoz eshitildi:
Assomaykum, Bek aka, tinchmisiz, omonmisiz, yangam... Asadbek uning gapini shart bo‘ldi.
Masjidga nima uchun temir bermading?
Okaxon, limit...
Ikki soatdan so‘ng temirlar masjidda bo‘lsin.
Bek aka, ertaga ertalab...
Ikki soatdan keyin masjidga chiqib ko‘raman.
Axir bugun kranchi...
O‘zing qo‘l bilan ortasan.
Asadbek gapni kalta qilib, telefonni joyiga ildi:
Ikki soatdan keyin ustalaring joyida bo‘lsin.
Karimulla bu gapni eshitib, boshiga g‘avg‘o orttirganini bildi. Kirganiga ming pushaymon yedi. Topshiriqdan qutulib qolish uchun bahona izladi.
Ustalarning haqiga sal kamxarjroq bo‘lib qoluvdik. Chiqmaymiz, deb xafaroq bo‘lib ketishibdi, — dedi mijg‘ovlanib.
Asadbek mahallaga yordam bo‘lsin, deb pul berardi, biroq sarf-xarajatlarni tekshirtirib ko‘rmas edi. Bir hafta burun «mutavalli masjid haqini sichqondek kemirib yotibdi», degan gapni eshitib, «etimlarning haqidan qo‘rqmagan, masjid haqidan qo‘rqarmidi», deb g‘ijingan, lekin chora ko‘rishga shoshilmagan edi. Hozir shu gap yodiga tushdiyu yanada tutoqdi:
Ustalarning haqiga sherik bo‘lmaganingda yetardi.
Bek aka, unday demang-a, astag‘firulloh!
He, seni xudojo‘y qilib tuqqanni...
Karimulla o‘zini oqlashga kirishishning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini anglab, boshini egganicha jim qotdi. Mo‘’minlikning shunisi yaxshi-da. G‘azabga mingan odam tutoqaveradi, so‘kaveradi, sen esa boshingni egib olib uning yetti pushtini ichingda o‘qiyverasan. «Onangni!» deydi u, «onangning onasini qo‘shib...» deysan sen.
«Haromi!» deydi u, «o‘zing itdan tug‘ilgansan», deysan sen. Shu holda davom etaveradi. Senga yaxshi. Dilingdagini ovoz chiqarib aytding nimayu ichingda aytding nima? Farq shundaki, dildagi tilga uchsa joning ketishi mumkin, joningga rahm qilingan taqdirda abjag‘ing chiqadi. Tilni besuyak yaratgan Xudoga zorlanib bir-ikki oy, balki bir umr ko‘rpa-to‘shak qilib yotarsan. Karimulla tilini tish hatlashiga yo‘l qo‘ymadi. Asadbek so‘ka-so‘ka bir tarsaki tushirib qolganini aytmasak, suvdan quruq chiqdi hisob.
Asadbek tarsakidan so‘ng bu ko‘samulla chiqib ketar, deb o‘ylagan edi. Uning mutelik bilan qo‘l qovushtirib, bosh egib turganini ko‘rib:
Yana nima darding bor? — dedi.
Begim, bir qoshiq qonimdan keching, sizga noto‘g‘ri informatsiya berishibdi.
Gapni cho‘zma. Menga qanaqa xabar yetkazishni bilishadi. Haj qilmoqchimishsan, bu ham yolg‘onmi?
Rost, begim, rost. Men asli shu gapni aytay deb keluvdim. Oqsoqollar Asadbek aka ham borsinlar, deyishyapti. Billalashib borsam, biram yarashadi... Siz bilan borsak, ikki marta haj qilganday bo‘lamiz.
Sen bilan yursam yarashadimi?
Men bilan yurmasangiz ham... Asadbek hoji bo‘lib yurishingiz yarashadi.
Pulni qaerdan olasan? Kambag‘al-faqir bo‘lsang?..
Begim, qarindosh-urug‘ bor, hozir o‘n besh ming pulmi? Gunohlarni ko‘p qilardik, oxiratni o‘ylamasak...
Oxiratni degin... O‘n besh mingni to‘lab u yoqdan mayda-chuyda olib kelsam, xarajatni qoplarmikin?
Asadbek bu savolni sinov uchun bergan edi. Buning fahmiga yetmagan Karimullaga jon kirdi.
Chiqadi, begim, uncha-muncha qoladi ham.
Xarajatdan tashqari yigirma ming qolarmikin? Karimulla bu savolga o‘ylamay-netmay javob qaytardi:
Yigirma ming chiqmas-ov, ammo o‘n mingcha qolar.
Shunaqa degin, hisoblab qo‘yibsan-da, a?
Endi, odamlar aytib yurishibdi-ku...
Asadbek javonga yaqinlashib, eshigini ochdi. Karimulla taxlanib turgan pullarni ko‘rib, entikib ketdi. «Xarajatni ko‘taradi shekilli», deb quvondi.
Qarindoshlaringni tinch qo‘y, — dedi Asadbek, pul sanay turib. — Mana senga o‘n ming, — u shunday deb beli bukilmagan pullarni Karimulla tomon tashladi.
Karimullaning pulga uzatgan qo‘llari muallaq qolaverdi. — Sen harom qadamingni Makkaga bosma, Makkaga pokiza odamlar borishi kerak. Yo‘qol endi, ko‘zimga ko‘rinma. Karimulla pullarni apil-tapil yig‘ishtirib olib, qulluq qilganicha chiqib ketdi. Pullarni paltoning keng cho‘ntaklariga sola turib «yigirma ming desam bo‘larkan», deb o‘kindi.
Asadbek joyiga borib o‘tirib, yostiqqa yonboshladi. Bir dam xayollarga bandi bo‘ldi. So‘ng ko‘ziga uyqu ilinib boshini yostiqqa qo‘ydi. Qancha uxlaganini bilmadi. Bir uyg‘onganida shom qorong‘isi cho‘kkan edi. Xotini kirib: «Ovqatga chiqasizmi yo shu yerga olib kiraymi?» deb so‘radi. Asadbek «chiqaman», dedi-yu, yana uyqu elitib o‘rnidan qo‘zg‘olmadi. Xuddi birov ikki yelkasidan bosib, miyasiga qo‘rg‘oshin quyayotganday ko‘zlarini ham ocholmay qoldi. Miya sergak, quloq atrofda tiq etgan tovushni ham eshitadi. Ko‘z esa g‘alati uyquda — bir jarga qulaydi, yuragi qinidan chiqquday bo‘ladi, bir bosinqiraydi, bir chala uyg‘onadi... Shu ahvolda tong ottirdi.
Nonushtadan keyin Jamshid keldi.
Bek aka, hammasi pishdi. Uyiga oborib qo‘ydim,— dedi Jamshid.
G‘alva ko‘tarmadimi?
U-bu devdi, menam bir nima dedim.
Bo‘pti, ko‘z-quloq bo‘lib turlaring. Uyga mayda-chuyda yubordingmi?
Bo‘tqaning bolalari olib borishi kerak edi.
O‘zing xabar ol.
Bek aka, ko‘chada imom turibdi.
Nima ishi bor ekan, yo tavba qilib kelibdimi?
Bilmadim... eshitishimcha, «Volga»sini shumo qilib ketishibdi.
Kim?
Biznikilarmas.
Topib, joyiga olib borib qo‘ylaring.
Kirsinmi, yo javob berib yuboraymi?
Kiraqolsin, balki boshqa gapi bordir.
Qotmadan kelgan, ko‘zlari ma’noli boquvchi, o‘zi yosh, biroq qop-qora quyuq soqol- mo‘ylovi ulug‘roq ko‘rsatayotgan imom — Sobitxon qori nomi bilan shaharda e’tibor qozongan edi. U imomlik qiluvchi kichkina, eski masjidga ba’zan odam sig‘may ketardi. Qariyalar bu mulla yigitga ixlos qo‘yib, uni mahalla masjidi imomligiga chorlagan edilar. Rad javobi olishgach, Asadbekning a’yonlari oraga tushishdi. Sobitxon o‘jar edi. Oxir- oqibat Asadbekning o‘ziga ham yo‘q deyishdan qaytmadi. Asadbekka bu «olifta imomcha»ning dimog‘dorligi yoqmadi. Sobitxonning: «Harom pullarga qurilayotgan masjidda men namoz o‘qimayman», deyishi Asadbekni g‘azabga mindirsa-da, chora ko‘rishdan o‘zini tiydi. Xalq orasida o‘zi haqida bo‘lar-bo‘lmas mish-mishlar yurganda bu e’tiborli qorining boshidan birgina soch tolasi to‘kilsa malomatlarga qolishini bildi. To‘g‘ri fikrlagan ekan — imom mashinasini o‘g‘irlatib, undan gumon qilibdi. Bu gap allaqachon shaharga tarqalgandir...
Sobitxon ostona hatlab kirib, qo‘lini qovushtirgan holda, qiroat bilan salom berdi. Asadbek beixtiyor ravishda o‘rnidan turib unga peshvoz chiqdi — qo‘shqo‘llab so‘rashib, qizil duxoba qoplangan divanga taklif etdi.
Keling, qori, qanday shamol uchirdi? — dedi Asadbek, fotiha o‘qilgach.
Yaxshilik shamoli emas, — dedi Sobitxon unga tikilib.
Hay, hay, qorijon, sovuq nafas qilmang.
Sizni insofga chaqirish foydasiz ekanini bilsam-da...
Qori, kelishib olaylik: siz meni insofga chaqirmang. Qanday yashashni o‘zimga qo‘yib bering. Men haqmanmi yo nohaqmanmi — qiyomatda ma’lum bo‘ladi. Siz menga qozi emassiz. Siz gapni chaynamay muddaoga ko‘chavering. Siz «Volga»ngizni o‘g‘irlatib, alam bilan kelgan odamsiz.
Ha, taqsir, topib gapirdingiz. Ammo siz tomondan g‘irromlik bo‘ldi bu ish.
Nima, g‘irromlik?! Qori, avvalgi safar masjidga sarflagan pullarimni harom devdingiz, endi g‘irromlik deysizmi? O‘ylab gapirasizmi gaplaringizni? Siz kimsiz o‘zi? To‘rttagina surani ko‘z yumib yodlab beruvchi qorivachchasiz, Xudo emassiz! Sizning kitoblaringizda tuhmatchini nima deyishadi? Tuhmatchining tilini kesish kerakmi?
Astag‘firulloh! Tuhmat qilayotgan bo‘lsam kalomullo ursin!
Kerak bo‘lsa uradi ham. O‘sha kuni indamagan edim. «Volga»ngiz borligini bilganimda
«xo‘sh, mening pullarim harom ekan, siz «Volga»ni qaysi halol pulga oldingiz?» deb so‘rardim.
Mening otam...
Sizning otangiz Andijonda mashhur telpakfurush, bilaman. Telpakfurushlarning nayranglarini ham bilaman. Shuning uchun halollik haqida boshqalar gapirganda siz indamay yuravering. Xudoyiga borib, Qur’on o‘qib tugun uchiga necha pul tugilarkin, deb yuradigan mo‘ltoni odamsiz-u, yana menga g‘irromdan gapirasizmi?
Tuhmat qilmang, men Allohning kalomini pulga sotadiganlardan emasman!
Men bilmagan narsamni aytmayman. Jirillamang. Bu shahar bedarvozaligini bilmaysizmi? Shaharda mingta Asadbek bor. Siz bittasidan gumonsirabsiz. «Volga»ngizni topib berishadi. Men bunaqa mayda ishlar bilan shug‘ullanmayman.
Asadbek Sobitxon bilan dastlab uchrashganida ancha baodob muomalada bo‘lgan edi. Hatto qori harom pullarni tilga olganida ham Asadbek tutoqmagandi. Uning hozirgi fe’li, qo‘rsligi Sobitxonni avvaliga ajablantirdi, so‘ng picha qo‘rquvga soldi. Agar odamlar orasida yurgan gap-so‘zlar rost bo‘lsa, kichkinagina masjidning imomi birdaniga yo‘qolib qolsa ham ajab emas-da. Hozir uning bu xonadonga kirganini kim ko‘rdi? Chiqdimi, chiqmadimi — kim surishtirib o‘tiribdi? Qori shularni o‘ylab seskandi. Ichida kalima qaytarib qo‘ydi.
Xudo imomlar orasida insof va imon bobida basalomat bo‘lgan Sobitxonni o‘z panohiga olib, Asadbek qahrining to‘lib-toshishiga yo‘l qo‘ymadi. «Mayda ishlar bilan shug‘ullanmayman», deganidan so‘ng Asadbek jim qoldi. Sobitxon ortiqcha so‘zga hojat yo‘qligini anglab o‘rnidan turdi. Asadbek «bir piyola choy iching» ham demadi. Sobitxon uning qahrini qo‘zg‘otgan narsa nima ekanini fahmlamay, garang holda iziga qaytdi.
Dostları ilə paylaş: |