Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə23/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   52
shaytanat

2


Taqdir yozug‘iga Asadbek to‘dasiga aloqador ishlarni yuritish bitilgan ekan, prokuror yordamchisining chetlatishga urinishi bekor bo‘lib qolaverdi. Namozov ishining ustalik bilan yopilishidan g‘azablanib yurgan Zohid Sharipovga kutilmagan ish topshirildi. Zohid militsiyaning qidiruv guruhi bilan voqea yuz bergan yerga borib dahshatli manzaraning guvohi bo‘ldi: yo‘l chetidagi daraxtga erkakligi kesib tashlangan, chap ko‘kragiga pichoq sanchib qo‘yilgan qip-yalang‘och odam osilgan edi. O‘n qadamcha narida yondirib yuborilgan yengil mashina temirlari qorayib turardi. Bu qotillik tunda amalga oshirilgan, serqatnov katta yo‘ldan mashinalarda o‘tganlar bu manzarani, aqalli yonayotgan mashinani, shubhasiz, ko‘rishgan, ammo to‘xtashga, jilla qursa xabar berishga qo‘rqishgan.


Suratchi ishini tugatgach, murdani yerga olib, ustiga choyshab yopib qo‘yishdi. Zohid atrofni sinchiklab kuzatdi. «Erkakligi kesib tashlanganiga qaraganda qotillik tasodifan yuz bermagan, — deb o‘yladi u. — Orada qasos bo‘lganmi? Unda nima uchun yuragiga pichoq sanchib, so‘ng daraxtga osib qo‘ygan?» Zohid shu paytgacha mayda o‘g‘rilaru bezorilar bilan shug‘ullangan edi. Prokuror yordamchisi va’da etgan jiddiy ishning bu darajada bo‘lishini kutmovdi. Zohid bu jinoyatning tagiga yeta oladimi yo bu ish ham ochilmay yotgan qotilliklar safiga qo‘shiladimi, hozir bilmaydi. U qotilliklarning yarim tunda emas, shomda sodir bo‘lganidan ham bexabar. Murda osilgan daraxt atrofidagi izlarning biri — Elchinniki ekani ham unga noma’lum...
...Shilimshiq deb laqab olgan Jalolni avval daraxtga bo‘ynidan bog‘ladilar. Qo‘l-oyoqlari
bo‘sh edi, biroq, qimirlashga, o‘zini himoya qilishga qurbi yetmasdi. Qimirladi, degunicha ingichka silliq kanop bo‘g‘ardi. U ajali yetganini sezdi. U Asadbek qahriga uchrab, badarg‘a bo‘lganida ajablangan edi. Elchin «xotinimni o‘zim o‘ldirganman», deb qamalib ketdi. Asadbekning sha’niga gard yuqadigan gap bo‘lmadi. Elchinning tanobini tortib qo‘yishni Asadbekning o‘zi buyurgan edi. Tanobni sal qattiqroq tortibdi, shunga shunchami? Ha, endi qaymoqday narsa ekan, to‘yib yemasa ham yalab ko‘rishi kerakmidi? Xotinni qimorda halol yutib olganidan keyin hushiga kelganini qiladi-da!
Jalolshilimshiq Asadbekka sodiq edi. Asadbek ham uni qadrlardi. Xo‘jayinni qaysi shayton yo‘ldan urdi, Shilimshiq bilmaydi. Bitta otarchining xotini deb badarg‘a qilib yuborganiga sira aqli yetmaydi. U Rusiyaning sovuq shaharlarida nasibasini terib yurgan chog‘larida ko‘p o‘yladi, turli taxminlarga bordi. O‘zi uchun eng ishonchlisi —
«otarchining qaymoqdekkina xotini Bek akamning suyukli o‘ynashi ekan-da, shunga chidolmadilar», degan taxmin edi. Shilimshiq surgun muhlatini bilmas edi. Musofirlikda rizqini qiynalmay terib yurgani uchun ham «Vatan hajrida kuyib yonish», degan hislar unga begona edi. Yangi yil ayshini surib yurganida Bek akasining yo‘qlaganini bilib, bir quvondi, bir ko‘ngli g‘ashlandi. Unga yap-yangi taksining kalitini tutqazib: «Bu «Volga» o‘z-o‘zingga, aqling bo‘lsa bitta moshinani shaxsiy taksoparkka aylantirasan. Noshudlik qilsang, chorig‘ingni sudrab yuraverasan», deyishdi. Picha aqcha ham berishdi. U bundan xursand bo‘ldi. Biroq, Asadbek bilan ko‘rishmagani yuragiga g‘ulg‘ula soldi.
«Gunohim shunchalar ko‘p ekanmi, Bek akamning ko‘rgilari yo‘q», deb ko‘p tashvish chekdi.
Bo‘yniga silliq kanop tashlanganida ham taqdir yozug‘idan bexabar edi. Kavkazlik boyvachcha yigitlarning bu qilig‘idan hayron bo‘ldi. «Moshinani olinglar, yonimdagi pulim kamlik qilsa, yana topib beraman», deb yalindi. Yigitlar gapga tushunmaganday beparvo turaverishdi. Yana «Yigirma ming beraman», dedi. Ellik mingga ham chiqdi. Latifa aytib kuldirib kelayotgan yigitlar esa tund holda o‘tiraverishdi. Havorang «Jiguli» to‘xtab, undan tushgan Elchinni tanidi-yu, taqdirga tan berdi!

  • Elchin, ayb menda emas! — deb baqirdi jonholatda.

Elchin indamadi. Asta-asta bosib, o‘ljasiga yaqinlashdi. U hali o‘ljasini bir zumda bo‘g‘izlab tashlaydigan vahshiy kepatasiga kirmagan edi. U hatto bir oz hayajonlanardi ham. O‘ch olishga bunchalik oson erishaman, deb o‘ylamagandi. O‘ljaga tashlanish uchun vujudidagi hayajon uchqunini vahshiy alangaga aylantirishi lozim edi.
Ro‘parasidagi odam — Asadbekning qizi emas. Hozir bo‘lmasa bir soatdan keyin yoki ertaga amalga oshiriladigan ish ham emas. Cho‘ntakdan pichoqni hozir olishi shart, erkakligini ham hozir kesib tashlaydi. So‘ng... azobdan o‘kirayotgan paytda Noilani quchgan panjalarini shu pichoq bilan chopib, uzadi. Hammayog‘i qonga belanib to‘lg‘anayotganida, joni chiqay deganida yuragiga pichoq sanchadi. Sanchadi-yu, sug‘urib olmaydi...

  • Elchin, ayb menda emas, Xudo ursin!

  • Ayb kimda?

  • Baliq boshidan sasiydi. Asadbekning ishi bu.

  • Sen-chi?

  • Men poyloqchilik qilganman.

  • Jingalaksoch-chi?

  • Jamshidmi? Uyam kirgan... oxirida.

  • Kim o‘ldirgan?

  • Jamshid.

  • Yana kim bor edi?

  • Kesakpolvon...

Jalolshilimshiq Elchinning vajohatiga qarab «baribir o‘ldiradi», deb o‘yladi. «Men o‘lamanu ular maza qilib yurishsinmi?.. Ularni ham topib o‘ldirsin...» degan niyatda shoshilib-shoshilib gapirardi. O‘lim sharpasi yuzu ko‘zini silay boshlaganida gunohlarga tavba qilish kerak, deb unga hech kim aytmagan. Jon shirinligini shu paytgacha his etib ko‘rmagan, necha odamni xonavayron qilib, nechtasi ko‘ksiga pichoq sanchganda qo‘li qaltiramagan bu banda tavba degan tushunchadan ancha yiroq edi. Hozir tasodif ro‘y berib, bo‘ynidagi silliq kanop yechib yuborilsa, narida turgan kavkazlik yigitlar ko‘zdan yo‘qolsa, Elchindagi hayajon uchquni vahshiy alangaga aylanmay turib, uni jon taslim qilishi aniq bo‘lib qolardi. Tasodif ham, mo‘’jiza ham yuz bermaydi. Hademay, qo‘l cho‘ntakdan chiqadi. Nima olib chiqadi — pichoqmi, to‘pponchami? Yo o‘lasi qilib do‘pposlab, so‘ng daraxtga osishadimi? Jalolshilimshiq shuni bilmaydi.

  • Demak... Birinchi Asadbek kirdimi?

  • Ha... u oldin ham kelib yurarkan. Endi senlarga... devdi... Keyin... Jamshid qizg‘anib...

Jalolshilimshiqning gapi og‘zida qoldi. Tumshug‘iga tushgan musht zarbidan boshi daraxtning zarang tanasiga zarb bilan urilib, gangib hushidan ayrilay dedi.

  • Bekor aytibsan, itvachcha! — dedi Elchin xirillab. U o‘ljasidan bu gaplarni kutmagan edi. O‘lishi lozim bo‘lgan o‘ljasi Noilasining nomini bulg‘ab qo‘ydi. Shu gap endi o‘t olayotgan vahshiy alangaga moy sepdi. Elchin hushini tamom yo‘qotdi.

Jalolshilimshiqning tum-shug‘iga yana bir-ikki musht tushirgach, so‘ng chotiga tepdi. Jalolshilimshiq dod solib o‘kirdi. Qorniga ham tepki yegach, nafasi qaytib xirillab qoldi. Elchin uning kiyimlarini yulqib, yecha boshladi.
Katta ko‘chadagi mashinalar shu yerga kelganda bir oz sekinlardi. Odamlar yo‘l chetida nimalar sodir bo‘layotganini ko‘rishardi-yu, to‘xtashga yuraklari betlamasdi, yo Xudo
«qo‘y, to‘xtama, bu bandam shu jazolarga loyiq», deb ko‘ngillariga solarmidi, harholda yana mashinalarini tezlashtirib ko‘zdan yo‘qolishardi.
Elchin nima qilayotganini o‘zi bilmay qoldi. Pichoqni chiqarib uning erkakligini shart kesib tashladi. Vahshiy alanga tillari uning esini olgan, ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan edi. Sal narida turgan kavkazlik yigitlar ham Elchindan bunday vahshiylikni kutishmagan edi. Elchin shu alanga o‘tida qovurilib, panjalarni kesishni unutdi. To‘lg‘onishga ham quvvati qolmagan Jalolshilimshiqning chap ko‘ksiga pichoq sanchdi.
U qasos umidida yurgan kezlari mal’unning ko‘ksiga pichoq sanchsam, taskin toparman, deb o‘ylardi. Mana pichoq ham sanchildi. O‘ljasining kallasi Iso Masihning boshiday yonga egilib, osilib qoldi. Yigitlar yaqinlashib, jonsiz yalang‘och tanani daraxt shoxiga osishdi... Elchin qasos lazzatini bilolmay qoldi...
...Prokuratura tergovchisi Zohid Sharipov bu manzaradan bexabar, o‘zicha taxminlar qiladi, kalavani yechmoqchi bo‘ladi. Holbuki, kalavani yechmoq uchun avval uning uchini topmoq kerak. Zohid uni topa oladimi— hozir bilmaydi. Kechga borib oldidagi qora parda asta-sekin ko‘tarila boshlaganday bo‘ldi. Avval mashina taksoparkdan o‘g‘irlangani aniqlandi. Korxona rahbarlarining yap-yangi mashinani o‘g‘irlatib qo‘yib indamay o‘tirishlari Zohidni ajablantirdi. Mashina biron haydovchiga biriktirilmagan, belgi raqami ham olinmagan. Haydovchilar yangi mashina kelishini orziqib kutishadi, unga ega chiqish uchun rahbariyatga falon so‘m pora berishadi. Nahot bundan bexabar qolishsa?
Taksopark Zohid avval ishlagan deparada joylashgan edi. Zohid Hamdam Tolipovni topib, shu masalani yechishni topshirdi.
Murda tirikligida Shilimshiq laqabi bilan yurgan Jalol Komilov ekani aniqlangach, Zohid kalavaning uchini topganday bo‘ldi. U qotillik tasodifan yuz bermaganiga ishonardi.
Jalolshilimshiq bundan yigirma yil muqaddam, o‘smirlik chog‘ida bir marta qamalgan.
«Odobi va mehnatsevarligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgani, gunohidan astoydil
iztirobda ekani» inobatga olinib, qamoqdan barvaqt bo‘shatilgan. Bu «odobli bola» shundan beri militsiya nazariga tushmagan. Bu «mehnatsevar bola» yigirma yildan beri bir joyda — shahar xo‘jaligida ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlardi. Ota-onasi durustgina yerlarda xizmat qiluvchi yigitning ko‘cha supuruvchi — farrosh bo‘lib ishlashi ajablanarli edi.
Zohid shu savolga javob topmoq istagida shahar xo‘jaligi idorasiga borib, besh lo‘li xotinning qabulxonada boshliqni qiyin-qistovga olayotgani ustidan chiqdi.

  • Bizne birgotga begonalarne qo‘ysangiz, cho‘ltoq supurgingez boshingizga qolsen.

  • Bo‘sh joyga biz aytgon xotunne olasizme yo yo‘qme? — dedi ularning biri, boshqalari ham aynan shu gapni chuvillab qaytarishdi. Boshliq ularning fe’lini yaxshi bilgani uchun tinchitishga harakat qilmadi. Lo‘li xotinlar javob kutib o‘zlari tinchishgach:

  • Erta-indin tug‘adigan xotinni ishga olmayman. Ketsalaring ketaverlaring, shtatni qisqartiraman. Boshqalarning maoshini oshiraman, qaytaga yaxshi, — dedi.

  • I-i-bi... Xo-o... ishtotne qisqortirsangez biz sizne ishtoningizne qisqortamez-a, aka Rasul omon bo‘lsalar bizne ko‘chaga tashlob qo‘ymaylar. Sovetskiy vlast borme o‘zingizga. O‘sha xotunne ishga olasez. Ha, xotun bo‘lgondan so‘ng to‘g‘odi-da. Siz xotun bo‘lgoningizda o‘zingiz ham tug‘ar edingizme?

Xotinlar biri olib, biri qo‘yib shang‘illayverishdi. Boshliq temirdan ekan, hammasiga chidadi. Oxiri qiziq tomoshaga guvoh bo‘lib o‘tirgan kotibasiga qarab baqirdi:

  • Buyruq yozing: o‘n yetti kishidan iborat komissiya Qatorterak, Utyujniy, Magnitagorskiy, Zeleniy ko‘chalarini borib tekshirsin. Ko‘cha iflos bo‘lsa, bularning hammasi haydalsin! Qirq yettinchi statya bilan bo‘shatilsin, ha!

Lo‘li xotinlar bir-birlariga savol nazari bilan qarashdi. Ular «qirq yettinchi statyaning» nima ekanini bilishmas edi. Boshliq shuni tilga olib, po‘pisa qildimi, demak, bir gap bordir, deb cho‘chishdi. Avvalgiday chuvillashmasdan qabulxonadan chiqib ketishdi. Boshliq qilgan ishidan mamnun bo‘lib kotibasiga jilmayib qo‘ydi-da, xonasiga yo‘naldi. Shunda eshik oldida turgan Zohidga ko‘zi tushib «Menda ishingiz bormi?» deb so‘radi. Zohid o‘zini tanishtirgach, birdaniga chehrasi muloyimlashdi-da, qo‘shqo‘llab salomlashdi. Salomlashish manzarasini chetdan kuzatgan kishi Zohidni aziz mehmon, boshliqni esa bu aziz mehmonni orziqib kutgan va nihoyat, umidi ushalgan baxtiyor mezbon deb o‘ylashi mumkin edi.

  • Ishingiz og‘ir ekan, — dedi Zohid ichkari kirgach.

  • E, nimasini aytasiz, — dedi boshliq, o‘ziga-o‘zi achinib. — Qon qilib yuborishadi. Boshliq Jalol Komilovni eslay olmadi. Qog‘ozlar titkilanishi lozim bo‘ldi. Hujjatlar qoidaga amal qilingan holda tartibli edi. Ishga qabul qilingach, «mehnatsevar», «kollektivda obro‘-e’tiborga ega» bo‘lgani uchun doimiy ravishda pul mukofotlari berilib turilgan.

Komilovning mehnatdagi yutuqlari ta’riflangan satrlarni o‘qib, Zohid «bu yutuqlar uchun yuz so‘m kamlik qilar, birato‘lasi Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga taqdim etaverishmagan ekan-da», deb qo‘ydi. Jalol Komilov maoshini ham vaqtida kanda qilmay olib turgan. Agar hujjatga shak keltirilmasa, u kecha, o‘limidan so‘ng ham kelib maosh olgan. Zohid «balki arvohlarga ham pul zarur bo‘lib qolgandir», deb o‘ylab, hujjatlarni boshliqqa uzatdi:

  • Kollektivda obro‘si baland ekan-u, kollektiv bu baobro‘ odamning o‘limidan bexabar qolibdi-da, a?

Boshliq xijolat bo‘lganday boshini egdi:

  • Kadrlar bilan o‘rinbosarim shug‘ullanadi. Bexabar qolibman, uzr.

O‘rinbosar buyragidagi toshni tushirish uchun Ukrainaga davo istab ketgan ekan. Zohidga ayrim sirlarni shu odam ochib berishi mumkin edi. Chunki Jalolshilimshiqni shu o‘rinbosar ishga qabul qilgan, doimiy ravishda rag‘batlantirib turgan. Idora xodimlaridan
hech kim Jalol Komilovni eslolmaydi. Komilovni hatto brigada boshlig‘i ham tanimadi. Bu Zohid uchun ajablanarli hol emas edi. Chayqovchi yoki imorat ustalari mana shunday bir yerga ilinib olishadi. Birov surishtirsa — ishlaydi, «jamiyatning faol a’zosi». Shunday qilinmasa, «tekinxo‘r» degan tavqi la’natga qolishadi. Zohidga bir narsa qorong‘i— kim bu, Komilov, chayqovchimi, imorat ustasimi... Yo boshqa bir firibgarmi?

3


Zohid Jalolshilimshiqning uyini qiynalmay topdi. Xalqda «dvoryanlar uyasi» deb nom olgan, ikki qavatli g‘ishtin uylardan biri Komilovlarga tegishli edi. Otasi olti yil muqaddam bu dunyo tashvishlaridan qutulib ketgan ekan. Onasi — ellik yoshlarga borgan, faqat bu dunyo bilan emas, balki go‘zalligi bilan ham xayrlashishga shoshilmayotgan ko‘hlikkina ayol edi. Dahlizda kiyim ilgich yonida ikkita pastak kursining biriga Zohid o‘tirdi. Ikkinchisini mezbon egallab, «eshitaman», deganday qoshlarini chimirdi.



  • Jalol Komilov sizning o‘g‘lingizmi? — deb so‘radi Zohid.

  • Ha... shunaqa desa ham bo‘ladi, — dedi ayol, chimirilgan holda.

  • Tushunmadim, — dedi Zohid, — o‘gaymi yo boqib olganmisiz?

  • O‘zimniki... o‘zim tuqqanman. Lekin meni tashlab ketgan. Tirikmi yo o‘likmi, bilmayman, — ayol afsuslanganday xo‘rsindi. — Ochig‘i, qamoqdadir deb yuruvdim. Surishtirib yurganingizga qaraganda endi qamalsa kerak? U... qaysi statya bilan ayblanayapti?

Zohid uning savoliga javob bermadi. Ayolning gaplaridan g‘ashi kelganini yashirmay, savolga tutdi:

  • Uni oxirgi marta qachon ko‘rgansiz?

  • Esimda yo‘q. Harholda o‘n yildan oshdi. O‘zi unga nima bo‘ldi, aytsangiz-chi?

  • O‘n yil davomida «o‘g‘lim qaerda ekan», deb qidirib ko‘rmadingizmi?

  • Qaerdan qidiraman?

Ayol: «O‘g‘lim sha’nimga dog‘ tushirdi, katta mansablarni egallab o‘tirgan odamning bolasi o‘g‘ri, sayoq bo‘lishi mumkinmi? U emas, men undan tonganman. Yo‘qolib ketganidan hatto mamnun edim», desa haqiqatni aytgan bo‘lardi.
Jalolshilimshiq qamalganida ayolning ko‘ziga dunyo qorong‘i ko‘rinib ketdi. O‘sha damlarda el og‘asi Ayolning husnini e’tibordan chetda qoldirmay, «feodalizm sarqitlariga ayovsiz kurash ochib, ayollarni rahbar vazifalarga dadil ko‘tarish» masalasini hal qilayotgan edi. Bu masalaning yechimi ijobiy hal bo‘ldi, o‘g‘li ham qamoqdan qaytarildi, ammo to‘g‘ri yo‘lga qaytmadi. Qaytishi mumkin emas ham edi. Harom ishlar bandalardan pinhon tutilishi mumkin, ammo shayton yetaklab borayotgan bandaning har bir odimi o‘lchog‘li, har bir nojo‘ya qadami uchun jabr tortishi aniq.
Ikkinchi bolasini oldirib tashlagan, qornini mahkam bog‘lab yurib qad-qomatini saqlab qolgan Ayol onalik baxtini asrab qololmadi. O‘g‘li ketar mahalida «Men sizlardan nafratlanaman, sizlar nopok odamsizlar!» demadi. Jalolshilimshiq bunday yuksak tuyg‘ulardan yiroq edi. «Men qanday xohlasam, shunday yashayman, ishingiz bo‘lmasin», dediyu g‘oyib bo‘ldi. Er-xotin orasida mashmasha qo‘zg‘olganida Ayol eriga shunday derdi. Buni qo‘shni xonada yolg‘iz o‘tirgan Jalol eshitardi. Uydan chiqib ketayotganida Jalol buni piching tarzida aytmadi. Ayol «o‘zimning gapim bilan o‘zimga tarsaki urdi», deb ham qayg‘urmadi. «Mayli, o‘zicha bir yashab ko‘rsin. Burnini tortib, chorig‘ini sudrab qaytib keladi», deb ishondi. Kutgani bo‘lmadi. «Davlat ahamiyatiga molik ishlar»ga sho‘ng‘ib ketib, o‘g‘lini ko‘pam eslamadi. Hatto uyini o‘g‘ri urib ketganidan keyin ham yodga olmadi. O‘g‘riboshi o‘g‘li ekani ham xayoliga kelmadi. Milisa
chaqirtirmadi, iskovich it uyini hidlamadi. U «shuncha boylikni qaerdan to‘plagan edingiz» degan savoldan cho‘chidi.
Yillarning beshafqat panjalari sochlarini oqqa bo‘yab, ko‘zlari atrofiga ajin torta boshladi.
«Feodalizm sarqitlariga qarshi kurashayotgan» el og‘asi «yangi rahbar kadrlar» bilan band edi.
Ayol erini dafn etgach, yolg‘izlik degan dardning nima ekanini totib ko‘rdi. Kechalari qo‘rqadigan bo‘ldi. Bu azoblardan qochish uchun xizmat safariga ko‘p chiqa boshladi. Bu harakat «ishga sidqidildan berilish», deb baholandi.
Zohidning omadi bor ekan. Ayol safardan qaytganida uni uchratdi. Zohid bu voqealardan bexabar, ammo onalik tuyg‘usidan mahrum ayollar u uchun yangilik emasdi. Jinoyat qidiruv bo‘limida xizmat qilib yurganida aksar o‘g‘ri bolalarning onalari shunday edi.
Biroq, ro‘parada qoshlarini chimirib o‘tirgan chiroyli ayol ulardan farq qiladi. O‘g‘ri bolalarning onalari arog‘ini ham yashirmay ichardi, fahsh ishlarini ham ochiqchasiga qilardi. «Uyat emasmi?» deyilguday bo‘lsa, «Badan meniki, istagan odamga, istagan pulga sotaman, nima ishing bor!» deb dangalini aytib qo‘ya qolishardi.
Jalolshilimshiqning onasi esa o‘zini farishtaday pokiza qilib ko‘rsatadi. «Pokizalik, odamiylikning yuksak normalari» haqida ma’ruzalar qiladi. Odamlar ma’ruzalarini eshitib, qarsaklar chaladilar...

  • Qaerdan qidirishingizni bilmasmidingiz?

  • Menga qarang, uka, bunaqa ilmoqli savollarni boshqa odamlarga tashlang. Sizga ruxsat, — ayol shunday deb o‘rnidan turdi.

  • O‘g‘lingiz... Jalol Komilov ikki kun avval o‘ldirilgan... vahshiylarcha o‘ldirilgan, — dedi Zohid, keyingi gapiga ataylab urg‘u berib.

Bu gap ayolning onalik tuyg‘usini qitiqlab uyg‘otdi. Biroq kul ostidagi cho‘g‘ alanga olmadi. Chunki ayol yuksak madaniyat sohibasi edi. Bu gapdan dahshatga tushmadi, uvvos tortib yig‘lab yubormadi. Indamay burildi-da, katta xona tomon yurdi. Qiya ochilib qolgan eshikdan cho‘g‘dek qizil gilamning, oltin rangli mato qoplangan divanning bir cheti ko‘rindi. Ichkarida gugurt chaqildi — Ayol sigaret tutatdi. Yuksak madaniyatli ayol Zohidda nafrat uyg‘otdi. U chiqib ketaversa ham bo‘lardi, ammo ko‘ngilga bir shumlik oralab, ayolning chiqishini kutdi. Ayol hayallamadi, qo‘lida tutayotgan sigareti bilan chiqdi:

  • Kim o‘ldiribdi, ushladinglarmi? — dedi titroq ovozda. U dardga berilgan holda ham hokimalik minorasidan pastga tushmagan edi.

Zohid savolga javob bermay, cho‘ntagidan surat chiqarib Ayolga berdi. Ayol daraxtga osib qo‘yilgan yalang‘och murdani tanidi. Shu nafasda yuksak madaniyat chekindi, hokimalik minorasidan tushib, oddiy ayolga aylandi — ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Zohid behush ayolni ko‘tarib, hashamatli xonaga kirdi. Uni divanga yotqizib, oshxonadan suv olib chiqib yuziga sepdi. Ayol seskanib, ko‘zini ochdi. Zohidga uzoq tikildi-da:

  • Berahm ekansan, — dedi pichirlab. Keyin buyurdi. — 33-19-23 ga telefon qil, tez yordam yetib kelsin.

Zohid «bu madaniyat sohibasi yana o‘lib qolmasin», deb aytganini bajo qildi. «Tez yordam» Zohidni hayratga solib, tezlik bilan yetib keldi. Oq xalatli to‘rt ayol birdaniga kirib kelib, gap-so‘zsiz tez ishga kirishib ketishdi. Zohid ularning harakatlarini kuzatib, bu uyga tez-tez kelib turishlarini angladi. Birpasning o‘zida yurak urishi tasmaga tushirildi. Emlandi... «Shunaqa imtiyozlar borligi uchun ham odamlar mansab talashishadi-da», deb o‘yladi Zohid.

  • Bir oz charchabsiz, o‘tib ketadi, — dedi do‘xtir xotin.

  • O‘tib ketishi qiyin. Bu safar yomon keldi. Hushimdan ketib qoldim. Statsionarga yotmasam bo‘lmaydi.

Do‘xtir mansabdorlarning shifoxonasiga telefon qilib bo‘sh joy borligini bilgach, «o‘zingiz yura olasizmi?» deb so‘radi. Ayolning «oyoqlaridan jon chiqib ketganini» eshitib, uzun zambilni keltirtirdi. Zambilning bir uchidan Zohid ko‘tardi. «Og‘ir kasal» eshiklarni qulflatishni unutmadi.
Zohid «tez yordam» mashinasi ortidan qarab qolaverdi: «Tug‘moq boru ko‘mmoq yo‘q ekan-da...»


  1. b o b




1



  • Yanglishmayapsanmi?

  • Yo‘q, rost, adasi...

Manzuraning gapi Asadbek yuragiga xanjar bo‘lib sanchildi. Qizi ham unga botinib qarolmayotgan edi. U yerdan ko‘zini uzmay siniq ovozda salom berganida Asadbek dodlab yuboray derdi. Bu mo‘’minlik o‘rniga qizi sochlarini yulib, «Dod, musulmonlar, men otam tufayli sharmanda bo‘ldim!» deb faryod urganida Asadbek bunchalar ezilmasdi.
Piyola sinsa chegalab ishlatish mumkin, ammo siniqning izi yo‘qolmaydi. Bu piyolada izzatli mehmonga choy uzatilmaydi. Nomus ham shunday. Inson yashayveradi, biroq, sharmandalik izi bir umrga saqlanib qoladi. Bu yorug‘ olamda rizqi uzilgunga qadar nomussizlikning og‘ir yukini ortmoqlab yuraveradi. Asadbek buni bilgani uchun ham to‘lg‘oq azoblarini boshidan kechirardi. Odamlar «faqatgina o‘limning chorasi yo‘q» deyishardi. O‘ylab qarasa, nomusga tushgan darzni ketkazishning ham iloji yo‘q ekan. Hayot... nomus... o‘lim... Nomus bilan yashamoq yoki nomussizlik botqog‘ini kechib o‘tib o‘lim jariga qulamoq... Qizlar o‘zlarini yoqishadi, osishadi...
Shu fikr Asadbekning xayolini yoritib o‘tishi bilan yuragi xapriqib, nafasi bo‘g‘ziga qadalib qolganday tuyulaveradi. Xotini gapiga amal qilib uch marta «astag‘firulloh» deb qo‘yadi. Shunday paytda Xudo borligi esiga tushib, Yaratgandan madad so‘raydi. «Umr bo‘yi azob chekkanim yetmasmidi» deydi. «Odam bo‘lib nima ro‘shnolik ko‘rdim», deydi.
«Nimaiki azobing bo‘lsa, barchasini totib ko‘rdim-ku, endi tinchligimni ber, agar bergan boyliklaring evaziga tinchligimni olgan bo‘lsang, boyliklaringni qaytarib ol, meni gado qil, ammo bolalarimning baxtini ber, men ham odam bo‘lib bir rohat ko‘ray, bir kecha tinchgina uxlay, bir kun bir piyolagina choyni bolalarim davrasida tinchgina ichay...» deydi.
Asadbek ko‘nglidan nolalar uchaveradi. U bilmaydiki Xudo nolayu fig‘onlarga qarab emas, bandasining yurgan yo‘liga qarab ajr beradi.
Hozir Manzuradan qizining yukli ekanini bilib, boshini qaysi devorga urishini bilmay qoldi. U kechagina yaxshi yo‘l topganday edi. Qadimda urushqoq podsholar yarashishni niyat qilishsa, quda tutinisharkan. G‘imirlab qolgan Hosilboyvachchani qantarishning bir yo‘li

  • o‘g‘lini kuyov qilish. «Ikki yoshning baxti uchun» Asadbek hokimlikdan voz kechadi. Qilich Sulaymonov aytganicha bo‘la qolsin. Shaharga hokimlik qilish Hosilboyvachchaga yarashsa yarasha qolsin. Asadbekka vinzavod ham bo‘laveradi. Bugun hokimlikka da’vogarlar ko‘p. Vaqti kelsa ularning hammasi xazonday titilib ketadi. Bahorning shamoli ularni uchirib qaysi bir ovloqlarga tiqib kelarkin. Hokimlik — puldorning qo‘lida bo‘ladi. Vinzavod — ochil dasturxon. Yeganing bilan tugamaydi. O‘z umrini, obro‘sini sotib ichuvchi galvarslar bor ekan, Asadbekning hamyoni bo‘shamaydi...

...Shunday reja tuzgan edi. Bugun-erta Hosilboyvachcha bilan suhbatlashmoqchi edi.
Qizining boshi qorong‘i... Vaqti kelib haromi bola tug‘adi. Asadbek haromi nabiralik bo‘ladi...
Xo‘sh, endi nima qilish kerak?
Bu savolga kim javob beradi. Manzurami? Uning ko‘zlariga muhrlangan, mung bilan yo‘g‘rilgan savolga-chi? Unga kim javob topadi? Agar Manzura qizini erka-tantiq qilib tarbiya etganida, qizi suyuqoyoq chiqib, bu tavqi la’natni o‘zi orttirganida Asadbek bularni nima qilishni o‘zi yaxshi bilar edi. Bu savolga javob topishda qiynalmas edi.
Afsus, eng katta aybdor — uning o‘zi. Asadbek buni bilgani uchun ham eziladi. Boshqalarning taqdirini hal etishda ko‘p ham ikkilanmaydigan odam qizini sharmandalik botqog‘idan tortib olishda ojiz ekanini sezdi. Endi uning uchun ikki yo‘l qolgan — biri bolani oldirib tashlash. Bunday qilinsa, qizi umr bo‘yi farzand dog‘ida kuyib, kul bo‘lishi mumkin. Qolaversa, bu gap oshkor etilmaydi, deb kim kafolat beradi? Ikkinchi yo‘l — qizini Elchinga berish. Asadbek garchi dalili bo‘lmasa-da, bu Elchinning ishi, deb ishonardi. Ayniqsa, Shilimshiq o‘ldirilgach, bu taxmin haqiqatga aylanganday bo‘ldi.
Asadbek Elchinning qo‘lidan shunday vahshiylik kelar, deb kutmagan edi. Yigitlari ba’zan uning ruxsati bilan, ba’zan ruxsatisiz, vaziyat taqozosiga ko‘ra odam o‘ldirardilar. Ammo biron marta bunday vahshiylik sodir bo‘lmagan edi. «Demak, diydasi qattiq ekan, demak, alami zo‘r ekan,— deb o‘yladi Asadbek.— Xo‘sh, shu bilan hovuri pasaydimi, qasos o‘ti so‘ndimi?» O‘shanda Shilimshiqni surgun qilmay, Elchinni sud qo‘liga topshirib qo‘ya qolganida bu tashvishlar yo‘q edi. Nima bo‘ldi o‘shanda? Adolat qilmoqchi bo‘ldimi? Yo Elchinning mardligidan iyib ketdimi? Uning «Men o‘zim o‘ldirdim!» deb qat’iy turib olishiga avval ajablangan edi. Keyin birdan «bu bolaning jonini saqlab qolish kerak», degan fikr miyasiga qattiq o‘rnashib qoldi. Bu fikr oqibati mana endi ko‘rinib turibdi.
Shilimshiq o‘zboshimchaligi uchun jazoga loyiq edi. Noila voqeasidan oldin ham bir-ikki shunday qiliq qilgan, tanobi tortilmasa, arqonni uzishi mumkin edi. U o‘zi ekkan daraxtning mevasini o‘zi yedi — unga achinmasa ham bo‘ladi.
Manzura erining xayolga botganini ko‘rib, indamay turaverdi. Nihoyat, Asadbek nigohini bir nuqtadan uzib, xotiniga qaradi:

  • Uzatvoramizmi?

  • Kimga? — dedi Manzura.

  • Bilmayman...

Chindan ham aniq bilmaydi...

  • Qizingiz... bir gap aytdi.

  • Nima deydi?

  • O‘sha odamning panjalari sal qiyshiqroq ekanmi... Bu gapni eshitib Asadbekning ko‘zlari chaqnab ketdi.

  • O‘ng panjasimi?

  • Ha, shunaqa dedi...

  • He, onalaringni...— Asadbek so‘kib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. — Endi aytadimi shu gapni?!

Demak, Elchin! Boshqa dalil-isbotning keragi yo‘q.
Asadbek — yaralangan yo‘lbars holidagi odam — kim o‘q uzganini endi aniq bildi. Endi u mal’unni bir hamla bilan yo‘q qilib tashlashi mumkin. Shilimshiq tortgan azoblarni Elchinning o‘zi ham tortib ko‘rishi hech gap emas. Buni hoziroq bir necha daqiqadan so‘ng amalga oshirsa ham bo‘ladi.
U hovliga chiqdi. Orqasidan ergashgan xotiniga e’tibor bermay darvoza tomon yurdi. Odatdagidek ro‘parasida Jamshid paydo bo‘ldi.

  • Otarchini topib kel. Yerning tagidan bo‘lsa ham top, — dedi-da, ko‘chaga chiqib mashinaga o‘tirdi.

2


O‘tirsa ham, tursa ham Elchinning ko‘z oldiga o‘ljasi kelaverib, uyqusi qochdi. Ko‘zlari kirtayib, og‘ir xastalikka uchragan odam kepatasiga tushdi. Qasos yuragiga lazzat emas, azob berajagini u o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Baxtiga Zelixon bor ekan, yolg‘izlatmadi.


Yo‘qsa, jinni bo‘lib qolishi hech gapmas. Ikki marta Anvar keldi. Tog‘asining chordog‘idan nimanidir topganini aytdi. Elchin bu gaplarni eshitadigan ahvolda emas edi — parvo qilmadi. O‘zi Anvarni bir yo‘qlab bormadi.
Zelixon tongda bir yumush bilan chiqib ketayotganida Elchin deraza yonida xayolga cho‘mib turgan edi. Ikki soatdan keyin qaytib kelib qarasa, yana shu ahvolda turibdi.

  • E, oshna, juda oshirvording, — dedi u, Elchinning yelkasiga yengil musht tushirib. — Ko‘zingni och, erkak! Tvarlarga o‘xshab qolma.

Elchin xazin jilmayib, sherigiga qaradi.

  • Bu dunyoda hamma tvar, — dedi.

  • Menga qara, senga faylasuflik hecham yarashmaydi. Sen buyuk odamsan, lekin faylasuf emassan, — Zelixon shunday dedi-da, uning belidan quchib, mahkam siqdi. — Sen mishiqi bolasan. Bilib qo‘y, men mishiqilarni yomon ko‘raman. Erkakmisan, chotingda bezing bormi, erkakka o‘xshab yur.

  • Zeli og‘a, siz meni tushuna olmaysiz, — dedi Elchin, uning quchog‘idan bo‘shagach. — Men unga ezilayotganim yo‘q. Boshqa gap bor.

  • Qanaqa gap?

  • Sizga aytolmayman.

  • Akangdan ham sir yashirasanmi?

  • Zeli og‘a, bu o‘zim bilan yerga kiradigan sir, xafa bo‘lmang.

  • Anavi tvar bir nima degan bo‘lsa, sen ishongandirsan. Bunday qilma. O‘lim oldidan odam har nima deb valdirayveradi. Zelixon senga do‘st emas, dushman, desa ham ishonarmiding?

  • Bu gapni chaynamaylik.

  • O‘zing bilasan. Lekin sen ko‘zingni och. Biz Asadbek tashlagan qarmoqqa ilindik. O‘sha tvarni aynan sen o‘ldirishingni istagan edi. Istagi amalga oshdi. Xo‘sh, endi nima qiladi? Sen nima qilasan? Tinchiysanmi?

  • Go‘rda tinchiyman men.

  • Buni Asadbek biladimi? Biladi. U o‘qilon. O‘yin endi boshlanadi. Sen piyodalarni sursang, u farzinni ishga soladi. Ikki biqinida fil, ikki yonida to‘ra. Sen-chi? Sen faqat asp yurish qilishing kerak. Har bir otning sakkizta yo‘li bo‘ladi. Buni o‘ylayapsanmi?

Asadbekning ishi pishiq, vaqtdan yutadi. Senga tseytnot xavf solib turibdi.

  • Qo‘rqmayman, menda ham farzin bor, buni hisobdan chiqarmang. Zelixon Elchinning maqsadini fahmlab, miyig‘ida kulib qo‘ydi.

  • Usta o‘yinchi boshidayoq farzinlarini qurbon berib, almashtirib tashlaydi.

  • Men almashtirmayman. Mot bo‘lsam ham farzinni qurbonlikka tashlamayman.

  • Qara, birov kelyapti.

Hovlida Jamshid ko‘rindi, u begonasiramay, atrofga alanglamay xuddi o‘z hovlisiga kirib kelganday to‘g‘ri uy tomon yurdi.

  • Asadbekning ishonchli odami. Meni bog‘lab ketgan shu edi.

  • O‘zingni bos, sir boy berma. — Zelixon shunday deb tezgina divanga borib o‘tirdi-da, cho‘ntagidan qarta chiqarib, stol ustiga yoydi. Jamshid kirib salom bergach, Zelixonga xavotir ko‘zi bilan qarab qo‘ydi.

  • O, bratan, salom, — dedi Zelixon o‘rnidan turib. U bir tutam qartani chap qo‘lida yelpig‘ich qilib ushlaganicha Jamshidga yaqinlashib, o‘ng qo‘lini uzatdi. — Qani, ostonada

turmang, kirovring.
Elchin uning salomiga alik ham olmadi. Qo‘l ham uzatmadi. U yolg‘iz bo‘lganida Jamshid:
«Yuring, Bek akam yo‘qlayaptilar», deb boshlab ketaverardi. Begona odamning o‘tirishi, Elchinning sovuq qarashi uni bir oz sergaklantirdi.

  • Qani, kirsangiz-chi? — dedi Zelixon.

  • Uy egasi taklif qilmasalar...

  • E, uy egasini qo‘yavering. Bugun chap yoni bilan turgan. Yutqizib qo‘yib, alam qilyapti. Qani, bir qo‘l tashlaymizmi?

  • Mayli, — Jamshid Elchinga qarab olib, ichkari kirdi.

  • Yigirma birmi yo fantomasmi? — deb so‘radi Zelixon.

  • Menga baribir, — dedi Jamshid.

  • Demak, ustasiga farqi yo‘q ekan, — Zelixon shunday deb cho‘ntagidan taxi buzilmagan qarta olib Jamshidga uzatdi. — Buzib, chiylang.

Jamshid qartani chaqqonlik bilan aralashtirdi. Uning qo‘li ishda bo‘lsa ham, xayoli Elchinda, undan ko‘z qirini uzmas edi.

  • Ko‘n ellikdan, — dedi Jamshid, o‘rtaga ellik so‘mlik tashlab.

  • Yaxshi, — dedi Zelixon qo‘llarini bir-biriga ishqab, so‘ng cho‘ntagidan to‘rtta yigirma beshtalik chiqarib, elliktalikning ustiga qo‘ydi, — Elligi qorong‘usi. Yurish yuzdan bo‘ldi. Jamshid yana ikkita elliktalikni tashladi.

  • O‘zingizga qaytdi, yurish ikki yuzdan.

  • O‘, bu erkakning o‘yini bo‘ldi. Shu paytgacha qaerda edingiz, erkak?!

Jamshid uchtadan qarta uzatdi. Zelixon qartalarga bir qarab olib o‘rtaga uchta yuztalik qo‘ydi. Jamshid javob qaytardi. Yurish ming so‘mga yetganida Jamshid qartasini tashladi.

  • Yutdingiz, akaxon. Endi menga ruxsat. Siz bilan rosa chaqchaqlashadigan xonasi ekan-u, ammo vaqt ziqroq. Akaxonimda ish bor edi. Bir joyga o‘tib kelishimiz kerak.

  • Hozirmi? Ie, bu yog‘i necha puldan tushdi? Bir nozik odamni kutib turuvdigu? Juda zarur bo‘lsa... Elchin, bratan, men shu yerda kutib turayinmi?

  • Shunaqa qiling, ukaxonning sazasi o‘lmasin.

Jamshid, xuddi yangi yil kechasidagi kabi, indamay ketdi. Elchin ham uni gapga tutmadi. Mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan Elchin jingalaksoch bu yigitdan ko‘z uzmasdi.
Jamshid orqa tomonidagi o‘tkir nigoh ta’qibini sezib, dam-badam ko‘zgu orqali unga qarab olardi. «Urib, bog‘lab ketganimning alami bor», deb o‘ylardi u. Jamshid Shilimshiqning gaplarini qaydan bilsin. Hozir nigohini qadab o‘tirgan odamning qahrli hukm chiqarayotgani ham unga ma’lum emas. Zelixon «o‘lim oldida valdirayveradi», degani bilan, Shilimshiqning gaplari Elchinga haqiqatday tuyulaveradi. «Bu yigit ham xotinim bilan bo‘lgan», deb ishonish, Noilaning xotirasiga balchiq chaplash bilan teng. Ayni paytda, o‘zining gunohini ham bir karra oshiradi. Elchin har qancha gunoh yukini ko‘tarishga rozi. Suygan yorining xotirasini bulg‘anishini istamaydi. Lekin u bechora nima qilsin? Haqmi yo nohaqmi — gap aytildi. Birov orqali emas, o‘z qulog‘i bilan eshitdi.
«O‘lim oldidan valdirayveradi, emish... Balki so‘nggi nafasida Xudo insof berib rost so‘zlab ketar?.. Uyimga kelganini bu hayvonning o‘zi ham aytdi-ku? Eng muhimi — kelgan! Ichkariga kirganmi, kirmaganmi — bu bilan ishim yo‘q!» Hukm qat’iy edi. Endi ijro etishgina qoldi.


3


Shahar markazidagi uch qavatli binoning saroymonand yerto‘lasidagi videobarda deputat Orzubek xo‘jayinning kelishini kutib o‘tirardi. Bo‘tqa unga alohida ehtirom ko‘rsatdi —


Chuvrindining ko‘rsatmasiga xilof ish tutmadi. Peshtaxta ortidagi do‘ndiqcha unga qahva keltirib, shiringina jilmaydi. «Maishatni o‘rniga qo‘yishadi, bu suvaraklar», deb o‘yladi deputat, noz bilan yurib kelayotgan qizning yarim ochiq sonlariga suq bilan tikilib.
Qahvasini ichib ulgurmay a’yonlar kelishdi. Kesakpolvon deputatning salomiga alik olib, o‘tib ketaverdi. Chuvrindi esa kelib, u bilan so‘rashdi. Deputatning savol nazariga javoban «hozir keladilar», deb ichkariga kirib ketdi. Dam o‘tmay Asadbek ko‘rindi.
Deputatni ko‘rsa ham ko‘rmaganday, salomini eshitsa ham eshitmaganday o‘tdi.
«Shefning kayfiyati chatoq, akaxonning mazasi qochar ekan-da», deb o‘yladi Bo‘tqa. Asadbek birinchi marta o‘zi belgilagan qoidani buzdi: oila siri xususida so‘z ochdi.

  • Qizimni otarchi... olib ketgan ekan. Bu — aniq!

  • Aniq bo‘lsa, o‘zim gaplashaman, — dedi Kesakpolvon.

  • Gaplashmaysan. Uning bitta tuki ham to‘kilmasligi kerak. Men.. uni kuyov qilmoqchiman.

  • Bek aka, hazillashmayapsizmi? — dedi Chuvrindi ajablanib.

Asadbek indamadi. U maqsadini aytgan, endi a’yonlarining fikrini bilmoq istagida sukut saqlayotgan edi.

  • Bek, esing joyidami? — dedi Kesakpolvon.

  • Ha, joyida! — dedi Asadbek, jahl bilan. — Nima, kuyovlikka arzimaydimi? Ko‘rmi, sholmi yo qiyshiqmi?!

Shu gapdan so‘ng uchovlari ham jim qolishdi. Ularning holiga chetdan qaragan kishi bu motamsaro odamlar birovning ruhini eslab, ezilib o‘tiribdi, deyishi mumkin edi. A’yonlar xo‘jayinlarining fe’lini yaxshi bilishadi. Hozir Asadbekning jahli chiqib, aqli ketgan payt — unga gap aytib ma’qul qilish qiyin. Asadbek esa baqirishga baqirib qo‘yib endi afsuslanadi. Chunki maqsadini aytgani hamono a’yonlarining ajablanishlarini oldindan bilgan edi. Og‘ir-bosiq o‘tirib maslahatlashaman, deb niyat qilgandi, niyatini o‘zi buzdi.

  • Haydar, boshqa iloj yo‘q, — dedi Asadbek, endi hazin ovozda.

Kesakpolvon o‘ttiz yillik qadrdoniga achinib ketdi. Ular faqat rohat jomini sipqormay, alam-tashvishlar zahrini ham tatib ko‘rganlar, noumidlik ko‘chalarida sanqigan davrlari ham bo‘lgan, ammo u Asadbekni sira bu ezgin holda ko‘rmagan.

  • Shu qarorga kelgan bo‘lsang, o‘ylab ko‘rgandirsan. Biz nima derdik. Bizga qizing baxtli bo‘lsa, o‘zing tinch bo‘lsang bas. Ammo aytib qo‘yay, agar...

  • Agar-pagari yo‘q.

  • To‘xta, gapimni kesma. Agar u otarchi qizingning baxtini qora qilsa, menga indamaysan, yo‘limni to‘smaysan, gapingga kirmasam, xafa bo‘lmaysan.

  • Haydar akam to‘g‘ri gapni aytyaptilar, — dedi Chuvrindi.

  • Meni odamlarning fikri qiziqtiryapti. Mahmud, odamlar nima deydi?

  • Odamlarmi? — Chuvrindi hozir shuni o‘ylab o‘tirgan edi, shu sababli javobni kechiktirmadi. — Ming og‘izdan ming bir gap chiqadi. Shu paytgacha nima gaplar chiqmadi, bilasiz-ku?

  • Shu paytgacha chiqqan gaplar faqat mening o‘zimga tegishli edi.

  • Endi chiqadigan gaplarni himmatingizga burib yuboramiz. Azob chekib kelgan san’atchiga himmat ko‘rsatib, kuyovlik sarposini yopdi, deymiz. Odamlarni shu fikrga ko‘ndirish qiyin ish emas.

Mahmud — Chuvrindining bosiq holda ishonch bilan gapirishi Asadbekka dalda bo‘ldi. Asadbek bu ayo’nga ishonadi. U shunday dedimi, bas, demak, shunday bo‘ladi!

  • Deputating mulla mingan eshakday bo‘lib o‘tiribdi. Gaplashasanmi? — dedi Kesakpolvon, asosiy masala hal etilgach.

  • Ko‘zimga ko‘rinmasin, kim chaqirdi uni, senmi, Mahmud?

  • O‘zi kelibdi, zarur ishi bormish. Gapini eshitib ko‘ring.

  • Chaqir, tezroq gumdon qil. Hozir otarchi kelishi kerak.

Chuvrindi eshikni ochib, Orzubekni imlab chaqirdi. Deputat odatiga xilof ish qilmadi, ostona hatlab g‘udrandi.

  • Nima deysan? — dedi Asadbek unga o‘qrayib.

  • Shu... roziligimni aytmoqchi edim.

Asadbek uning roziligini anglagan bo‘lsa ham, atayin gapni aylantirdi:

  • Nimaga rozisan?

Orzubek «meni kalaka qilyaptimi yo esidan chiqqanmi?» deb kalovlandi.

  • Buncha dovdiraysan, gapir gapingni, — dedi Asadbek.

  • Qizimni so‘ragan edingiz... bir aziyat chekkan odamga... shunga maslahatlashdik... Rozimiz.

  • Haydar, shunaqa gap bo‘luvdimi? E, ha... juhud xotining xo‘p, dedimi?

  • Bek aka, bir iltimosim ham bor edi.

  • Iltimosmi, shartmi?

  • Iltimos... Shu... Yoqubjonov boshqa ishga o‘tibdi. Shuni gaplashib bersangiz... Mening ko‘zim uchib turgani yo‘q-ku, o‘zingiz bilasiz, mansab talashadigan odammasman, ammo... ko‘pning manfaati uchun kerakmikin?..

Asadbek bu gapni eshitib, unga qattiq tikildi. «Esi joyidami buning, — dedi u o‘zicha. — Meni Xudo deb o‘ylaydimi? Yoqubjonovning o‘rniga men odam qo‘yarkanmanmi? Katta olimlar boshqarib kelgan ish bo‘lsa... Bu yetim toyloq ilm ko‘chasining yonidan o‘tganmi o‘zi? Deputatligi kamlik qilibdimi? Poshsholikka da’vogarligi chin bo‘lib qolyapti-ku?
Yoqubjonovning o‘rnini egallasa, Oqsaroyga bir qadamgina yo‘l qoladi. Anoyi emas bu toyloq. Qo‘limdan kelsa ham qo‘ymas edim buni...»

  • Bu iltimos emas, shart. Qizingni amal kursisiga almashtirmoqchimisan?!

  • Unday emas, Bek aka...

  • Ovozingni o‘chir, haromi! Meni go‘l deb o‘ylayapsanmi?! Hech bo‘lmasa ko‘ngil uchun

«kuyov bo‘lmish kim o‘zi?» deb so‘rab qo‘y. Sen javobingni qachon aytishing kerak edi? O‘n kun o‘tdimi, Haydar?

  • Safarga ketib qoldim, uzr.

  • Ikkinchi qadam bosma bu yerga. Senga aytilgan odam allaqachon uylanib bo‘ldi. Jo‘na!

Orzubek tepki yegan it holiga tushib, orqasiga o‘girildi.

  • Bunchalik xor qilmang-da aka, — dedi Chuvrindi, deputat chiqib ketgach, — bizga asqotib qolishi mumkin.

  • Poshsho bo‘lgandayam sariq chaqaga olmayman buni. Bo‘tqa! Eshik qiya ochilib, Bo‘tqaning basharasi ko‘rindi.

  • Hozir chiqqan so‘takning qizi bor.

  • Bek aka, unday qilmang, — dedi Chuvrindi.

  • Sen aralashma. Qizini bozorga solishning qanaqa bo‘lishini bir bilib qo‘ysin! Bo‘tqa, tushundingmi, aytganimni qil. Otarchi kelmadimi?

  • Bo‘ydoq olib keldi, kutib o‘tiribdi.

  • Chaqir, kirsin.

Elchin kirib salom berdi. A’yonlar unga tanish edi. Qamalmasidan ilgari bularga xizmat qilgan, Kesakpolvon kimu Chuvrindi kim — yaxshi bilardi.
Asadbek o‘rnidan turib, bir qadam bosib qo‘lini uzatdi. Bu marhamat uncha-buncha odamga ko‘rsatilmas edi. Bu marhamatga erishganlar muborak qo‘l havoda uzoq vaqt muallaq qolmasligi uchun chaqqon kelib, tavof qilar darajada so‘rashar edilar. Elchinga bu ma’lum bo‘lsa-da, shoshilmadi. Bitta-bitta bosib kelib, boshqalar kabi qo‘shqo‘llab emas, yosh bolalarga o‘xshab bir qo‘llab so‘rashdi. Uning bu beadabligi a’yonlar
e’tiboridan chetda qolmadi. Ular savol nazari bilan Asadbekka qarab olishdi. Asadbek yuzida o‘zgarish sezilmagach, ular ham qadrdonlardek so‘rashishdi. Har- holda «Kuyovni payg‘ambarlar siylabdi», degan naql bor.

  • Hofiz, olamda bormisiz, yo‘qlamasak yuz so‘mlik pulday ko‘rinmasdan yuraverar ekansiz-da, a?

  • Sizning ishingiz ko‘p, aka, biz esa bekorchi odammiz. Boshingizni og‘ritmay, deyman- da, — dedi Elchin.

  • Sizday mehribon ukaxonlardan yana ikkitagina bo‘lsa jannatda yurganday rohat qilib yasharkanmiz, — dedi Asadbek, — Haydar, hofizning ashulalari esingdami? Eshitib naq erib ketardik-a? «Qaro ko‘zim»ni qiyvoradi-ya! «Qaro ko‘zim, kel endi, mardumlig‘ni fan qilg‘il»midi? Bu «kel, endi sen ham odam bo‘lgin», degani ekan-da, a?

  • Ha, shunaqaroq, — dedi Elchin, Asadbekning pichinglarini o‘zicha talqin qilib.

  • Nimaga yo‘qlaganimizni bilarsiz-a, hofiz?

  • Hayronman.

  • Hayron bo‘lmang. Shilimshiqni o‘ldirishingizni bilardim-u, ammo bunaqa vahshiylik qilasiz, deb o‘ylamovdim. Sizdek nozikta’b odam...

  • Tushunmadim, Shilimshig‘ingiz kim?

  • O‘zingni ovsarlikka solma. Kambag‘alni siylasang, chorig‘i bilan to‘rga chiqarkan. Sen xumoringni bosarsan, deb men uni asradim. Oshni men pishirdim. Suzdim, hatto oshatdim. Siz, og‘aynichalish, faqat chaynab yutdingiz. Endi nafsingiz orom olgandir, a? Elchin istehzo bilan kulib qo‘ydi.

  • Qorni och odam bir osham oshga qanoat qilarmikin?

  • Jon shirin bo‘lsa — qanoat qiladi. — Asadbek shunday deb a’yonlariga qarab oldi. Ular bosh irg‘ab, tasdiq ishorasini qilishdi.

  • Jon shirin... — dedi Elchin istehzoli jilmayish bilan.

Jondan to‘ygan boltadan qaytmas ekan. Aslida Elchin uchun jonning shirinligi qolmagan. Kim bilan olishayotganini, oqibati nima bo‘lishini biladi. O‘ligi qaysi bir ovloqda yoki qaysi bir suv ostida chiriydimi yo kafanlanib ko‘milish nasib etadimi — shugina qorong‘i unga. Asadbek uni go‘l baliq fahmlab, o‘limtik chuvalchangli qarmoqni tashladi. Qarmoqqa ilintirdim, deb o‘ylayapti. Asadbek ishning ko‘zini biladi. Lekin Zelixon bekorga akademik deyilmaydi — bunisi ham bor. Shilimshiq masalasida Asadbekning hisobi xomroq, Zelixonniki aniqroq bo‘ldi. Asadbek Elchinning o‘tkir zehnli maslahatchisi, mard homiysi borligini hisobga olmagan edi. Zelixon bilan Elchin esa barchasini hisob-kitob qilib qo‘yishgan. Asadbekning odamlari Shilimshiqni kuzatajagini bilgani uchun ham Zelixon o‘zini panaga oldi. Shilimshiqning ahvoli milisadan avval Asadbekka ma’lum bo‘lajagini ham taxmin qilib, yanglishishmadi. Endi nima qilmoqchi, nima demoqchi — shunisi qorong‘iroq. Elchin Asadbek bilan piching toshlari otib o‘ynashish xatarli ekanini bilib, yon bosganday bo‘ldi. «Jon shirin», deb tan olishi shundan.

  • Sen «bir o‘zimman», deb qasam ichuvding, — dedi Asadbek.

  • Ha, bir o‘zimman, — dedi Elchin xotirjam.

  • Borib katta xolangning erini laqillatasan. Armanimi, kim u yigitlar?

  • Ha, ularmi?..— Elchin uzoq tanishlarini eslab qolganday jilmaydi. — O‘zim ham aniq bilmayman. Pulga yollovdim. Pulni ola solib jo‘navorishgan. Qayoqdaligi noma’lum.

  • Men senga ularni topib ber, deyayotganim yo‘q. Sen odamim yo‘q, deb qasam ichding. Men senga begona millatdan odam aralashtirma, dedim. Sen hajiqizning ishini qilding. Sen mard bo‘lsang, meni o‘z qo‘ling bilan o‘ldir. Qayoqdagi haromilarni boshlab kelma. Qimorda g‘irromni yomon ko‘rishimni bilasan-a? Hayot ham bir qimor. Eplasang

  • o‘yna. Eplamasang — chetga chiq. Sen eplay olmas ekansan. Qimorning o‘z qonun- qoidasi, nozikliklari bor, a? Sen qo‘lingda tuz bo‘lsa bosar-tusaringni bilmay qolarding.

Bu o‘yinda ham shu holga tushding. Qo‘y, uka, sen endi bu o‘yinlardan uzoqroq yuraver. Asadbekning birdan muloyimlashishi Elchinni ajablantirdi.

  • Sen bu o‘yinda ikkita xatoga yo‘l qo‘yding. Birinchisi — akademikni «tuz» deb bilding.

  • Qaysi akademik? — Elchin o‘zini go‘llikka solmoqchi bo‘ldi.

  • Hofiz, Zelixon Xangreev kimligini bilmasam yurgan ekanman-da «o‘qilonman», de-eb kerilib. Haddingdan oshma, bola. Har ishning o‘z hadisi bo‘ladi. Akademik — o‘g‘ri.

O‘g‘rilikda unga teng keladiganini topish qiyin. U ahmoq, nimaga bunaqa ishlarga aralashib yuribdi, hayronman. Oshnang qaerni mo‘ljallab qadam bosishini men bilaman. O‘sha yerni istasam, supurib tozalab qo‘yaman, istasam, cho‘g‘ tashlab oyog‘ini kuydiraman. Aytib qo‘y unga, men bilan hazillashmasin. Chiqqan joyiga qaytib kirg‘izvoraman xuddi...

  • Zeli og‘a menga u yoqda ko‘p yordam berdi, — dedi Elchin, — biz aka-ukaday bo‘lib qolganmiz. Uning bu ishlarga aloqasi yo‘q. Aloqasi bo‘lganida ham shart buzilmas edi. U shu yerlarda o‘sib-ulg‘aygan, musulmon farzandi.

  • Buning menga ahamiyati yo‘q. Endi ikkinchi xatoingni aytaymi? Sen hech bir ishni pinhona qilolmaysan. Qiyshiq barmoqlaring qorong‘ida ham pand beradi.

Bu gapdan keyin Elchinning badaniga muz yugurdi. «Demak, qizi masalasida tamom qo‘lga tushibman...»

  • Senga uylan, devdim, a? Ha, uylan, ota o‘rnida ota bo‘lib to‘yingni o‘tkazib beray.



4


Asadbek shu gapi bilan suhbatga yakun yasadi... Elchinni tashqarida Jamshid kutib turar edi.


«Ota o‘rnida ota bo‘lib to‘yingni o‘tkazib beray... Seni kuyov qilaman, deganimi bu? — deb o‘yladi Elchin. — Qiziga kim teginganini endi aniq bilibdi. Shunga qaramay, yumshoq gapirdi. Men u uchun kimman? Istasa, qiymalab tashlab xumordan chiqishi mumkin-ku? Nima uchun gunohimni kechdi? Qizidan o‘n to‘rt yosh katta bo‘lsam... Bu yoqda qamoq...»
Elchin savollarga javob topishga qodir emasdi. U qiz voqeasidan so‘ng «menga bermay kimga berardi», deb o‘ylagan, keyinroq esa bu fikri xom ekaniga amin bo‘lib edi. Aslida maqsad — o‘ch olish. Asadbekday odamga nomus azobi nima ekanini bildirib qo‘yish edi.
«Kuyov bo‘lsam-chi?» degan o‘tkinchi o‘yga farishtalar omin deb yuborishini kim bilib o‘tiribdi? Elchin Asadbekni qahri qattiq, kunda bir chelak inson qoni ichadigan odam sifatida bilmasa ham, harholda unga-da inson yuragini bergan, u ham bandasining tuyg‘ularidan bebahra emas, degan tushunchalardan yiroq edi. Qizi taqdirini o‘ylab, necha tunni bedor o‘tkazgani ham u uchun noma’lum. To o‘lguniga qadar bu sir unga oshkor bo‘lmaydi.
Asadbekning qarori Zelixonni ham gangitib qo‘ydi. Osmonga ustun bo‘lay, deb turgan odamning farzandini nomusli qiz sifatida o‘z tengiga uzatishga qurbi yetmas ekanmi? Nima uchun shunday qilmadi? Nomussizlikdan qo‘rqdimi? Qanchadan-qancha buzilgan qizlar nikoh kechasining nomus imtihonidan a’lo darajada o‘tayotganlarida Asadbekning qizi qoqilar ekanmi? Shunday do‘xtirlar borki, kerak bo‘lsa o‘nta tuqqan ayolni ham onasi o‘pmagan qizga aylantirib qo‘yadi. Shunday zamonda, shunday qudrat sohibi bo‘lmish Asadbekning qadam bosishi ularni hayrat to‘rlariga o‘rab tashladi.

  • Asadbek senga shans beryapti, — dedi Zelixon, o‘ylarini bir yerga jamlashga harakat qilib. — Undan foydalanmasang, oyoq ostida o‘ralashib yurgan ahmoqlardan farqing qolmaydi. Agar uylanmasang...

  • O‘ldiradimi?

  • Balki o‘ldirtirar. Senigina o‘ldirsa mayli edi, bu yoqda men ham borman. Lekin men bunaqa o‘lishni xohlamayman, bilib qo‘y. Sen Asadbekning kaftida turibsan. Istasa, senga bir burda non beradi, istasa, go‘shtingni itlarga tashlaydi. Sening go‘shtingni yegan it harom o‘lsa kerak, shuning uchun itlarga rahm qilginu bergan bir burda nonini olib yeb, unga rahmat ayt.

Zelixon vaziyatni yumshatish uchun gapni hazilga burdi. Elchin uning maqsadini anglab, o‘zini majbur qilib jilmaydi.

  • Rahmat aytaman, agar chindan ham qizini menga bersa, mushkulimni ancha oson qilgan bo‘ladi.

  • Yana qanaqangi mushkuling bor? Sen qasos olding. Erkaklik burchingni bajarding. Armoning ham, mushkuling ham yo‘q endi. Gumonlarni yig‘ishtirib tashla, odamga o‘xshab yashayver.

  • Odamga o‘xshab yashab bo‘larkanmi hozir? — Elchin ovozini bir parda ko‘tardi. Zelixonning o‘gitidagi falsafa unga yoqmadi. — Atrofni shoqolu tulkilar bosib yotsa, kim odamga o‘xshab yashay oladi? — U o‘rtaga savol tashladi-yu, javob kutmay so‘zini davom ettirdi. — Arslonlar ichida yashasam ham alam qilmasdi. Arslonlar qirilib ketgan, shunisiga dog‘man.

  • Shoqollar orasida tulki bo‘lib yashamoqchimisan? Tulkilarni tulki bo‘lib, shoqollarni shoqol bo‘lib qirmoqchimisan? Sen shunchalar befahmmisan? Bilib qo‘y: shoqolu tulkilar bizdan avval ham bo‘lgan, bizdan keyin ham qoladi. Ularni hech kim qirib tashlay olmaydi. Bu birinchi masala. Ikkinchi masala shuki, men olim emasman. Men bir o‘g‘riman. Hayot haqidagi mening falsafam boshqa, seniki boshqa, Asadbekniki boshqa. Dunyoda tirik zot borki, hammasi hayotdan alamzada. Hamma alam bilan yuradi.

Ba’zilar bu alamini ichiga yutib sabr qilib yashaydi. Ba’zilar alamga qul bo‘lib, ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi. Hech narsani ko‘rmaydi. Oyog‘i ostiga qopqon ko‘yilganini, to‘g‘ri yo‘ldan ketyaptimi yo jarga boryaptimi — bilmaydi. Bu nodonlarning qismati bitta. Sen nodon emassan shekilli?

  • Dono odamlarga o‘xshab yashashim kerakmi? To‘yguncha uxlab, to‘yguncha ovqat yeb, to‘yguncha ishrat qilib, to‘yguncha amal talashib...

  • Senga amalning nima keragi bor? Senga madaniyat ministri bo‘lgin, deyayotganim yo‘q-ku? Odamlar seni yaxshi ko‘rishadi. Ashulangni aytib, ularni xursand qilib yuraver.

«O‘n besh yil oldin shunday edim. Ashulamni aytardim, dasta-dasta pullarni ishlardim. Yettinchi osmonda suzib yurardim. Bu qilig‘im Xudoga yoqmadi shekilli, yo‘limni burib yubordi. Xo‘sh, shuncha azobli yo‘lni bosib o‘tib, yana izimga qaytaymi?
Yana ashula, yana shuhrat, yana pulmi? Yana qorin bandasi bo‘lib yashaymi?» Elchin xayolida shu gaplar tug‘ildi-yu, ammo tiliga ko‘chmadi. Zelixon bilan bu mavzuda ko‘p bahslashishgan. Umrning turli so‘qmoqlarida yurgan odamlarning hayot haqidagi tushunchalari, falsafalari bir xil bo‘lishi qiyin. Shunday ekan, bahsda bir tomonning g‘olib kelishi mumkin emas. Zelixon hayot bilimdoni sifatida Elchinga nasihat qilaveradi. Ammo u, Asadbek aytmoqchi, faqat o‘z kasbining akademigi. Hayotda har bir odam o‘zicha akademik. Har bir odam o‘zicha haq. Har kim hayotdan o‘zicha saboq oladi.
Zelixon Elchinning jim bo‘lib qolganini ko‘rib, «gapim ta’sir qilib, sal otdan tushdi shekilli?», deb o‘yladi.

  • Avval chaqirtirganida sendan gumon qilgan edi, bu safar aniq ishlabdi. Senligingni qaerdan bilibdi? — dedi Zelixon gapni boshqa yoqqa burib.

Elchin o‘ng kaftini, jimjilog‘i tomonga og‘ib turgan barmoqlarini ko‘rsatdi.

  • O‘zim ham o‘ylovdim. Sen bilan bir ish qilib bo‘lmaydi, oshna. Seni tutish uchun ekspertizaning ham hojati yo‘q.

Asadbekning qizi o‘g‘irlanganda Zelixon Elchinni ogohlantirib, o‘ng qo‘lingni ishga solma, devdi. Qiz tipirchilab yotganida bu o‘git esga kelarmidi?..

  • Amma-xolalaringni bugunoq yubor. Paysalga solma. Men uch-to‘rt kunga Farg‘onaga borib kelishim kerak. Maslahatlaring pishguncha qaytarman.

Zelixon safardan maqsadi nima ekanini aytmadi. Elchin ham so‘ramadi. Chunki Zelixonning bolaligi o‘tgan joylarni qo‘msab, borib turishini u yaxshi bilardi. Zelixonni bu safar faqat bolalik xotiralari yoki katta o‘g‘irlik rejasi emas, jiddiy tashvish chorlayotgani unga ma’lum emasdi.


5


Asadbek xotiniga maqsadini ayon qilmagan edi. Shu sababli sovchilarning kirib kelishi Manzurani shoshirib qo‘ydi. Hovlida ikki notanish juvonning paydo bo‘lishidan avvaliga ko‘ngli ravshanlashdi. Ona ko‘ngli sezgir bo‘ladi. Qizining bo‘yi yetgach, darvozadan mo‘ralovchi begona ayol maqsadini darrov fahmlaydi. Bu tashrif oqibati nima bilan tugashini bilsa-da, baribir ko‘ngli ravshanlashdi.


Juvonlar «sendan qolsam qulog‘imni kesaman», deb bas boylaganday, biri-biridan bo‘liqroq edi. Ular shaharga dong‘i ketgan odamning xotini duru gavharlarga ko‘milib yashaydigan malika deb o‘ylashganmi, ustida odmigina qora duxoba nimcha, oyog‘ida mahsi-kalish bo‘lgan Manzurani cho‘ri gumon qilib, hovlida turib qolishdi.

  • Kiraveringlar, tortinmanglar, ovsin, — dedi Manzura.

  • Egachim yo‘qmidilar? — deb so‘radi juvonlardan biri.

  • Kimni aytyapsiz? — dedi Manzura, «bular adashib kirib qolishmadimi», degan xayolda.

  • Asadbek akamning xotinlari, — dedi juvon unga o‘g‘rincha tikilib.

  • Menman, ovsin, — dedi Manzura.

  • Voy, aylanay sizdan, egachi, tanimabmiza. Keling, boshqatdan ko‘rishaylik. Esonmisiz, omonmisiz... Biz o‘g‘irlikka keluvdig-a...

Manzura kulimsirab, ularni uyga boshladi.
Kuyovlikka da’vogarning kimligini bilib, Manzuraning esi og‘ib qolayozdi. Elchin «bor gapni yashirmay, darrov aytinglar», deb sovchilarga tayinlagan, ular bu amrni og‘ishmay ado etgan edilar. Manzura qizining boshiga og‘ir savdo tushgandan keyin xotinini so‘yib qo‘yib qamalib chiqqan otarchiga berarman, deb o‘ylamagan edi. Garchi sovchilar
«xotinini o‘zi so‘ymagan, tuhmat bo‘lgan» deb ishontirishga urinishsa ham, Manzuraning rangi oqarib, badani muzlab ketdi. U sovchilarga choy quyib uzatib, hovliga chiqdi-da, boloxonadagi yigitlarga «akangizni tez topinglar», deb buyurdi. Dam o‘tmay dahlizdagi telefon jiringladi.
Asadbek xotinining gaplarini xotirjam eshitdi. Manzura erining achchiqlanishini, «haydab chiqar», deb baqirib berishini juda-juda istagan edi. Afsuslarkim, kutgani ro‘y bermay, eri bosiqlik bilan:

  • Joyi chiqqan bo‘lsa, uzatish kerak, — degani uning aqlini shoshirib qo‘ydi. Bir damning o‘zida xayol uni ming bir ko‘chaga olib kirdi. Nihoyat, erining maqsadini anglaganday bo‘ldi-da, «Voy sho‘rim, endi nima qilaman!» deb pichirlab, hovliga chiqdi. Sovchilar o‘tirgan uyga kirmoqqa yuragi betlamadi. Oshxonaga qarab yurdi. Qozonda sho‘rva bilqillab qaynayapti. Choynakning jo‘mragi bug‘ ufuradi. U beixtiyor qo‘liga cho‘mich olib, yarim kosa sho‘rva suzdi. Keyin cho‘michni qozonga tashlab, yana tashqariga chiqdi. Deraza osha tashqariga qarab o‘tirgan sovchilarning biri uning harakatini kuzatib,

«bir nimasini yo‘qotib qo‘yib gangib qoldi, boyaqish», deb o‘yladi. Manzura bu onda biron buyumni emas, yuragi to‘rida o‘n sakkiz yil avaylab asragan orzusini, umidini
yo‘qotgan edi. Buyumni yo‘qotsa, topilardi, juda topilmasa «bosh-ko‘zimdan sadaqa», deb qo‘yardi. Orzu-umidi-chi, endi uni topadimi, topolmasa uni ham sadaqa qilib yuborish mumkinmi?..
Manzura bir qarorga kelib, yana oshxonaga qaytdi. Uchta kosaga sho‘rva quyib patnisga qo‘ydi-da, chaqqonlik bilan ko‘tarib, mehmonxona tomon yurdi.
Bir yo‘nalishda yuradigan avtobus haydovchisi xayolga berilsa ham, kerakli joyda beixtiyor ravishda burilaveradi. Shunga o‘xshab oshxona — mehmonxona yo‘nalishida qatnayvergan Manzura xayoli band bo‘lsa-da, vazifasini aniq bajardi. Juvonlar sho‘rvani maqtab-maqtab ichib bo‘lishgach, javob kutib unga qarashdi. Asadbek rozilik bildirgan bo‘lsa ham Manzura darrov xo‘p deya olmas edi. Gulday qiziga bir otarchidan sovchi keladiyu darrovgina rozilik berib yuboradimi? Ayrim joylarga sovchilar kelaverib kavushlari titilib ketadi. Lekin... ayrim joylardagi qizlar boshqa... uning qizi boshqa. Bu sovchilar buni bilishadi. Bilganlari uchun ham tortinmay, cho‘chimay kirib kelishdimi?

  • Endi... adamiz bilan maslahatlashaylik... Qizimiz yosh... Hali o‘qiydi... — dedi Manzura chaynalib.

  • Voy, egachi, maslahatsiz bo‘larkanmi bu ish. Siz maslahatlashing, yoshlar bir-birini ko‘rsin, yoqtirsin. Xudo xohlasa, yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelib qolsa, bu yog‘i to‘y-da!

  • Qaydam... hali tayyorgarligimiz ham yo‘q.

Ikki mamlakat muammolarini hal etish uchun yig‘ilgan diplomatlarning salomlashishidan tortib, xayrlashuviga qadar, muomalalari, kulimsirashlaridan tortib qosh chimirishlarigacha bo‘lgan harakatlari aniq ishlab chiqiladi. Xuddi shunga o‘xshash, sovchilik marosimi ham yuz, balki ming yillar davomida bir qolipga tushgan. Xotinlar o‘zlarini qanday tutishni, nima deyishni yaxshi bilishadi. Mana hozir Manzura: «Hali tayyorgarligimiz ham yo‘q», dedi. Bu — qizimizni uzatishga rozimiz, ammo siz aytganday ertaga emas, balki indinga, degani. Bo‘lmasa bu xonadon uchun to‘y nima ekan. Ertalab ishga kirishilib, oqshomda to‘y boshlash qo‘lidan kelmaydimi? Lekin qizi bor odam noz qilmasa «diplomatiya» qonun-qoidalari buziladi.
Sovchilar uy sohibasining ko‘nglini ko‘taradigan bir-ikki gaplarni aytib, lutf ko‘rgazib, o‘rinlaridan jilishdi. Juvonlar bir oz xijolat chekkach, bir oz noz qilgan bo‘lib, qog‘oz xaltani olishdi. Bu ham diplomatiyaning bir qoidasi — rozilik alomatiga ishora. Ertaga bu juvonlar tugun ko‘tarib kelishadi. Manzura patir nonlarni olib qoladi. Oqshomda erkaklar kelishadi. Qarabsizki, qish oxirlamay turib to‘y!



Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin