Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə21/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   52
shaytanat

b o b 1


Asabdek bir tush ko‘rdi: o‘zi mozorda turgan emish. O‘rkach-o‘rkach qabrlar oq tuyalarga aylanib, karvon bo‘lib tizilib ketayotganmish. Oq tuyalar ko‘zida yosh bor emish, tuyalar qabristonni tark etgach, bo‘ron turganmish. Quyun do‘mpayib turgan qabrlarni xuddi qozon qopqog‘iday ochib, murdalarni sug‘urib olib, qiyomatni boshlab yuborganmish. Murdalar to‘zigan xazon singari Asadbek atrofida charx urarmish...

  • Adasi... Adasi...

Shu yerga kelganda Manzura uni yelkasidan asta silkib uyg‘otdi.

  • Voy, yomon tush ko‘rdingiz-a, astag‘firulloh deng.

Asadbek xotinining gapini ikki qilmay, ichida tavba dedi. Manzura uning peshonasidagi terni kafti bilan artdi. Asadbek qo‘rqinchli tushlarni ko‘p ko‘rardi — dam uni bo‘g‘izlashardi, dam osishardi... Ba’zan bosinqirab, dod deb o‘yg‘onardi, dam qo‘rquvdan terlab, tipirchilab qolganida xotini uyg‘otardi. Bugungi tushi, avvalgilariga solishtirilganda, uncha dahshatli emas. Oq tuyalar tizilib ketishdi. Qabriston junbushga
keldi... Asadbek ko‘rgan tushini xotiniga aytdi.

  • Voy o‘lmasam, — dedi Manzura, pastki labini tishlab, — tuyalar chiqib ketishdimi?

  • Chiqib ketdi. Ha, yomonmi? — dedi Asadbek soddalik bilan.

Manzura eri uchun ta’birchi bo‘lib qolgan edi. Tush yo‘yish unga ona meros. Farishtaday oq ko‘ngil bu ayolga qo‘shnilar o‘z sirlarini ishonishardi. Manzura kichkinaligida onasi yonida o‘tirib, ko‘p tushlarning ta’birini bilib olgan. Yangi turmush qurgan kezlari, bir kuni Asadbek yarim kechada uyiga qaytsa, chiroq yoniq, eshik ochiq, xotini uy ichida o‘rtaga joynamoz solib ustida mudrab o‘tiribdi. Asadbek «Yarim kechada ham namoz o‘qiydimi», deb hayron bo‘ldi-yu, xotiniga bu haqda gapirmadi. Bu hol yana uch-to‘rt takrorlangach, so‘radi. Manzura sababini qo‘rqa-pisa aytdi: qimorbozlar xotinlarini ham tikib, yutqizib qo‘yishsayu da’vogar kirganida xotin joynamoz ustida o‘tirgan bo‘lsa tegmas ekanlar... O‘shandan beri Asadbek «uncha-bunchaga aqli yetar ekan», deb irim- sirimga oid masalalarda uni gapga tutib turadigan bo‘ldi. Birinchi marta bosinqirab uyg‘onganida Manzuraning qistovi bilan ko‘rgan tushini aytdi. «Ilonlar ichida qolgan bo‘lsangiz, boyib ketar ekanmiz», dedi Manzura. Asadbek bu gapga ishonmagan edi. Bir haftadan so‘ng qo‘liga katta pul tushgach, xotiniga tan berdi. Shu-shu g‘alatiroq tush ko‘rsa, darrov xotiniga ma’lum qiladi.

  • Ha, yomonmi? — deb qayta so‘radi Asadbek, xotinining jim qolganidan ajablanib.

  • Yomonmas-ku... mozorimizdan avliyolar ketib qolishibdi. Odamlardan iymon ko‘tarilganigamikin...

  • He... tentak, shumi topgan gaping. Nima ekan, debman.

Asadbek shunday deb yonboshiga o‘girildi. Manzura o‘yga tolib, anchagina qimirlamay o‘tirdi. Tong nafasi kelib qolgani uchun qayta yotmay, o‘rnidan turib ketdi.
Asadbek o‘ziga tegishli gap bo‘lganida, aytaylik, «dushmanlaringiz bosh ko‘tarar ekan, sizdan avliyolar yuz o‘giribdi», deyilganda boshqacha holatga tushardi, yonboshiga o‘girilib yotavermasdi. Avliyolarning mozorni tashlab chiqib ketishlari unga ahamiyatsiz tuyuldi. Hatto ishonmadi ham. Bolaligida ajinalar haqida hikoya eshitib, tunlari ovloq ko‘chalarda, mozor yaqinida yurishga qo‘rqardi. Keyinroq qo‘rquv degan narsa chekindi. Ajinalar ertaklardagi kabi yashirin holda ish olib borishni bas qilib, odamlar qiyofasiga kirib kuppa-kunduz kuni ochiq ish yuritishga o‘tgach, tunlar ham osoyishta bo‘lib, ovloqlar ham dahshatli ko‘rinishni yo‘qotdi. Endi kunduzdan, odamlardan qo‘rqqulik edi. Asadbek tush ta’biriga ahamiyat bermay yonboshga o‘girilib yotgani bilan uxlolmadi.
Xotinidan so‘ng u ham o‘rnidan turib, yuvindi. Asadbek hovlida ko‘ringani zahoti boloxonada ham jonlanish sezildi.
Manzuraning «Biz bilan choy ichmaysizmi?» degan gapiga qisqagina «ichaveringlar» deb darvozaxona tomon yurdi. Mashinaga yetib ulgurmay tepadan Jamshid tushib, salom berdi.

  • Ha, shu yerdamiding? — dedi Asadbek, salomga alik olgach. Jamshid so‘qqabosh bo‘lgani sababli qaerda tunash uning uchun ahamiyatsiz edi. Maishatga bormasa shu boloxonada soqchi yigitlar bilan qolaverar, Asadbek uning bu odatiga ko‘nikkan edi. Jamshidning taqdiri o‘ziga bir oz o‘xshab ketgani uchun Asadbek uni yaxshi ko‘rar, ikki qanotiga qanday suyansa, bunga ham shunday ishonardi.

Jamshid oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa-da, erkalatish, taltaytish nimaligini bilmay o‘sdi. Otasining pul to‘la hamyoni huda-behudaga ochilavermas edi. Jamshid istamasa ham turli to‘garaklarga borishga majbur edi. Hatto skripka chalishni o‘rgatish maqsadida bir cholg‘uchi yil davomida ter to‘kdi. U bechora «bolada qobiliyat yo‘q» deyolmaydi, chunki xizmat haqini olib turibdi. Jamshidning «o‘rganolmayapman» degan gapiga ota-ona ishonmaydi. Xullas, o‘smirlik ko‘chasiga kirgunicha haykaltaroshlik, radiotexnika singari sohalarda ham qobiliyati sinab ko‘rildi. Maktabni bitirganida hamyon bir kavlandi.
O‘rtada turgan odam puldan ko‘proq o‘marib qolib, domlalarga kamroq yetib bordimi, harholda bir imtihonida qoqilib, kechki o‘qishga arang to‘g‘rilashdi. Bola bevosh bo‘lib ketmasin, deb otasi uni o‘zi ishlaydigan idoraga yugurdak qilib joylashtirdi. Idorada charos ko‘zlari o‘ynab turuvchi bir qiz ham ishlardi. Unga qarab turib chigirtka bir yumalab shu qizga aylanib qolgan yo bu qiz bir yildan beri och o‘tiradi, deb o‘ylash mumkin edi. Kunda o‘zgartiriluvchi sara ko‘ylaklar yog‘och ilgichga ilib qo‘yilganga o‘xshardi. Ana shu ozg‘in badanda bo‘liq ko‘krak qaydan paydo bo‘lgani Yaratganga ham qorong‘u bo‘lsa kerak. Xullas, shu qiz o‘zidan olti yoshgina kichik bo‘lgan, pishiq gavdali, jingalik sochli, istarasi issiq Jamshidni yaxshi ko‘rib qoldi! Ilmoqli gaplar, shirin jilmayishlar... aytaman desak, gap ko‘p. Yaxshisi, voqea bayonini muxtasar etib, debochadan xotimaga o‘tib qo‘ya qolaylik: yigit qizni qattiq sevib qolsa devonavash bo‘lib yuraveradi, yo‘l poylaydi, dunyoni ohlarga to‘ldiradi. Ammo qizning sevgisidan, ayniqsa unda makkorlik o‘ti bo‘lsa, qo‘rqqulik ekan. Bir kuni idorada ish tugab, hamma tarqagach, qiz «choy ichish» bahonasida Jamshidni olib qoldi. Eshik ichkaridan berkitildi. Lablar birlashdi. Asosiy ishga bir bahya qolganida Jamshidning miyasiga bir narsa urilganday fikri ravshanlashib, o‘zini tortdi. Tashabbusni boshlab bergan qiz sharmandaligini yashirish uchun yig‘ladi, sevgi o‘tida qovurilib ketganini aytib nola qildi. Jamshid ketmoqchi bo‘lganida «o‘zimni o‘ldiraman», dedi. Jamshid bu gaplarga ishonmay «o‘ldirsangiz o‘ldiravering», dediyu, chiqdi-ketdi.
Kechasi o‘qishdan qaytsa, uyida milisalar o‘tirishibdi. Qizning zo‘rlanganini, qiz nomusga chidolmay o‘zini uchinchi qavatdan tashlaganini milisalardan eshitib,
«hazillashyapsizlarmi?» dedi. Milisalarning hazillashmasligini bu go‘dak o‘shanda bilmas edi. Qo‘llarini qayirib olib ketdilar, onasi faryod urib qolaverdi.
O‘rtaga nomus tikilgan edi. Bir tomon to‘rt yil burun poymol bo‘lgan qizlik nomusi, ikkinchi tomon beg‘ubor yigitlik nomusi uchun olishishardi. Qizning homiy opajoni Jamshidning otasidan kuchlilik qildi. Uchinchi qavatdan yo‘g‘on taxtani tashlab yuborsangiz maydalanadi, ammo quruq suyakdan iborat bu qiz o‘zini yerga otibdi-yu, biron yeri sinmabdi-ya, deb ajablanish ortiqcha edi. Qizning suv quvuriga osilib pastroqqa tushib, keyin axlat uyumi ustiga o‘zini otganini kim isbotlab bera olardi?
Jamshidning otasi yollagan oqlovchi «yuqoridan davleniya kuchli bo‘votti», deb olgan puliga yarasha ish qilmadi. Xullas, Jamshid besh yilgina sayr qilib keladigan bo‘ldi, qiz esa sharmanda emas, jabr chekkan ma’suma sifatida o‘zini oqlab oldi.
Jamshidning onasi xasta edi. Tabiblar «tug‘sang— o‘lasan» deyishiga qaramay, turmushga chiqqan, «o‘lsam ham tug‘ib o‘lay», deb ularga quloq osmagan edi. Uning yuragi to‘lg‘oq azobiga chidadi-yu, ammo nomus azobiga chidamadi. Suddan so‘ng Jamshid qo‘liga kishan urilib, derazasiz xunuk mashinaga chiqarilayotganda «Bolam!» deb bir oh urib, hushidan ketganicha o‘ziga kelmadi.
Ikki yil konda ishlagach, aybsiz ekani birdaniga ayon bo‘lib qolib uyiga qaytdi. U tuhmat azobidan aziyat chekmas edi. Qamoqda odamlarning gap-so‘zlarini eshitaverib dunyo o‘zi shunaqa ekan, degan xulosaga kelgandi. Jamshid onasining o‘limidan ezilardi.
O‘qishni ham, ishni ham tashlab bir yil bekor yurdi. U otasining bir ish yuzasidan Mahmud Esonov — Chuvrindi bilan tanishib qolganini, Mahmud orqali Asadbekka arz etgani oqibatida «oqlanib» chiqqanini bilmas edi. Buni keyinroq Chuvrindi xizmatiga o‘tganidan keyin bildi. Otasi «o‘g‘limning boshini ikki qilay», deb ko‘p urindi, ammo Jamshid ko‘nmadi. Oxiri otasining o‘zi uylanib, Jamshid to‘la ozodlikka chiqdi. Uning istagan yerlarda yotib yurishi shundan.
Jamshid mashinaga chaqqon o‘tirib, motorni o‘t oldirdi. Tepadagi yigitlardan biri darvozani ochdi-da, ko‘chaga chiqib turdi.

  • Akalaringga xabar qildingmi? — dedi Asadbek mashinaga o‘tirgach. — Deputatni

chaqirishsin.
Jamshid motor qizishini kutmay, mashinani yurgizdi. Ko‘chadagi yigit yonida to‘xtab, oynakni tushirdi-da, Bek akasining topshirig‘ini aytdi.
Asadbek shahar markazidagi qarorgohiga yetib borgunicha Chuvrindi bilan Kesakpolvon ham yo‘lga chiqqan, barvaqt bezovta qilingan deputat Orzubek Boltaev esa shoshilganicha kiyinardi. Qarorgohning xilvat xonalarida tuni bilan davom etgan maishat tugagan, qizlar ham ketib ulgurishgan edi.
Boloxonadagi yigitlar qarorgohga ham xabar berganlari uchun Bo‘tqa eshik oldida qo‘l qovushtirib turardi.
Asadbek ichkari kirib bir piyoladan qaynoq qahva ichgunicha qanotlari yetib kelishdi. Tonggi yoki tungi yo‘qlovlar ularni ajablantirmas, shu sababli «nima gap, tinchlikmi?» degan so‘roq ular uchun ortiqcha edi. Asadbek ulardan hech mahal hol-ahvol so‘ramasdi. Ikki oyoqda yuribsanmi — bas, ahvoling yaxshi, derdi. Shuning barobarida birovning hol so‘rashini ham yoqtirmas edi. Tobi qochib qolgan kezlari uning odatini bilmagan odam:
«Tuzukmisiz?» deb so‘rasa, «Ha, o‘lishim kerakmidi?» degan shirin javobni eshitardi. Ular ana shunday ortiqcha manziratsiz yashashga o‘rganishgan, bugungi uchrashuv avvalgilaridan farq etmas edi. A’yonlar bekning so‘z boshlashini kutib o‘tirishdi.

  • Haydar, Shilimshiq keldimi? — dedi Asadbek, Kesakpolvonga qarab.

  • Ha, keldi, o‘zida yo‘q xursand. Moshina to‘g‘rilab berdim. Taksichilik qilib yura tursin.

  • Otarchiga qanday ma’lum qilasan?

  • Bu yog‘i pishgan, — Kesakpolvon shunday deb pinjagining ich cho‘ntagidan to‘rtta fotosurat chiqarib, Asadbekka uzatdi. Suratda Shilimshiqning Noila bilan aysh-ishrati aks etgan edi.

  • Xuddi o‘ziday qilib ishlagan, qalbakiligini ikki dunyoda ham sezmaydi, — dedi Kesakpolvon, Asadbekning tikilib qolganini ko‘rib.

  • Sezib qolsa-chi?

  • Unda guvoh topamiz.

  • Ishing xom. Mahmud, puxtaroq o‘ylab qo‘ylaring.

Shu payt eshik ochilib, Bo‘tqa ko‘rindi-da, deputat kelganini ma’lum qildi. Noilaning qotilini Elchinga qanday topshirish xususida yana bir oz kengashib olingach, deputatning kirishiga ruxsat berildi.
Deputat uzun bo‘yli, badqovoq, ellik yoshlardagi kishi edi. Uni ko‘rgan odam qovoqlarni ko‘tarib, inson kepatasida saqlab turuvchi ustunchalar tushib ketganu shu xunuk ko‘rinishga kelib qolgan, deb o‘ylashi mumkin edi. Garchi asl ismi Orzubek bo‘lsa-da, Asadbeklarning davrasida oddiygina qilib «deputat» deb yuritilardi. Shu ham tuzuk, chunki uning husnini qo‘yaturaylik, sovuqqina to‘ng‘illab gapirishini eshitgan kimsa
«Orzuga ham qasam ichirvoribdi, dayusning bolasi», deyishi tabiiy. Deputat — Mahmudning topildig‘i. Xaloyiq bir-ikki to‘lg‘onib, namoyishga chiqqanida uni oldingi safda ko‘rib mehri tushib qolgan edi. Mahmud deputatni so‘zdan qaytmas, mard, oqil odam sifatida qabul qilib, unga xolisanillo yordam bermoqchi edi. Asadbek u bilan dastlab ko‘rishganidayoq «bu qorong‘u basharada aql ko‘rinmayapti-ku?» dedi. Keyin suhbatlasha turib til bilan dil o‘rtasida ancha farq borligini fahmlab, yordam berishga ko‘ndi. Zamon chayqalib turgan paytda shunaqa odamlar ham kerak, deb o‘yladi.
Ishga Asadbek aralashganidan so‘ng bo‘lajak deputatning muxoliflari o‘z-o‘zidan chetga chiqib, Orzubek saylov chig‘irig‘idan bitta ham tuki to‘kilmay o‘tdi. Deputat Asadbeklar uchun tirik tovon edi. Asadbek ko‘pincha uni «boqib olgan yetim toylog‘im» deb mazax qilardi. Chunki xalq deb jon kuydirib yurgan bu odamning egilib ishlashga toqati yo‘q, o‘zini, bolalarini, hatto o‘zidan to‘rt yosh katta yahudiy xotinining oldingi eridan orttirgan ikki o‘g‘lini, keti uzilmaydigan mehmonlarini shular boqishi lozim edi. Xorij safariga
chiqsa, sovg‘a-salomlar ham Asadbeklar bo‘ynida. Unga sarflanayotgan pul Asadbek uchun arzimas bo‘lsa-da, keyingi paytda malol kelib, g‘ashlana boshlagan edi. Deputat o‘zining qudratli odam ekaniga ishona borib, Asadbeklarni mayda kissavurlar o‘rnida ko‘rayotganday edi. Asadbek bu badqovoqning ko‘zlarini moshday ochib qo‘yay, deb yurganida Elchin kelib qoldi. Qani, xalqim deb ko‘krakka urayotgan bu zot nohaq aziyat chekib kelgan shu xalq bolasiga qayisharmikan?
Badqovoq deputat kirib g‘o‘drandi. Nima deganini eng ziyrak quloq ham ajratib berolmasa-da, salom berganini taxmin qilish mumkin edi. O‘tirganlar bunday salomlashishga o‘rganib qolishgani uchun bosh irg‘ab alik olishdi. Deputat Asadbek ro‘parasidagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirdi.

  • Ahvollar qalay? — dedi Asadbek.

  • Yaxshi. Dunyoning ayrim mamlakatlarida...

  • Dunyoni qo‘ying. Televizorni biz ham ko‘rib yotibmiz. Uydan gapiring. Bola-chaqa omonmi? Juhud xotiningiz musulmon bo‘layotgan emishmi?

  • Ha, muslima bo‘ladi, namoz o‘qiyapti.

  • Aqlli odamsiz-da! Devor bo‘lmasa ko‘chani ham ko‘raversangiz kerak? — Asadbekning pichingi javobsiz qoldi. — Qizingiz ham namozxondir?

  • Endi o‘rganyapti.

Asadbek o‘zaro suhbatlarda oilani sira eslamasdi. Shu sababli Orzubek ko‘nglida xavotir uyg‘ondi.

  • Qizingizning bo‘yi yetib qolibdi, deb eshitdim. Yigirmaga kirganmi?

  • O‘n to‘qqizda.

  • Ayni turmush quradigan payti ekan. Siz xalqparvar odamsiz. Xalqning aziyat chekkan bir bolasi bor, shuni kuyov qiling, qizingizga mana biz sovchimiz.

  • Qizim yosh, o‘qiydi, uzatish niyatimiz yo‘q.

  • Birodar, Bek akangiz so‘rayaptilar, a? — dedi Kesakpolvon, «Bek akangiz» degan so‘zga urg‘u berib. Uchtagina so‘zdan olam jahon ma’no uqish mumkin edi: «Bek akangiz uncha-buncha odamning orasiga tushmaydilar. Qizim baxtli bo‘lsin, desang ra’yini qaytarma», yoinki «Senga shunchalik yaxshilik qilgan odamga ters gapirib pushaymon yema», yoinki «Yaxshilik bilan bermasang, qizing qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketishi ham mumkin, a?!» Orzubek Kesakpolvonning so‘zlaridan uchinchi ma’noni uqib, joni xalqumiga kelib qolganday bo‘ldi. Hamisha qovog‘ini uyub yurgani uchun vujudida uyg‘ongan g‘azab o‘tining alangasi yuzlarida sezilmadi. Boshqa odamlarday qizarmadi, bo‘g‘riqmadi, lablari uchmadi. Sirtga chiqish huquqidan mahrum alanga uni ichdan kemirardi. Bu haromxo‘rlarga (haromxo‘rlarga hamtovoq ekani xayoliga kelmadi) duch kelgan kunini la’natlaydi (ulardan ko‘rayotgan foydasini hisobga olmaydi). Ertaga katta amallar shohsupasiga ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan odamga (kimning zo‘ri bilan ko‘tarilar ekan?) bu xilda bezbetlarcha (!) muomala qilishlaridan bir g‘azablansa, o‘zining bu olchoqlar (!) oldida nochor o‘tirishidan o‘n g‘azablandi. Majlisda otashin nutqlar irod etuvchi, hatto zo‘r notiqlarni ham sarosimaga solib qo‘yuvchi xalq fidoyisi qay- da- yu, uchta muttaham (!)ga gapini aytolmay mum tishlab o‘tiruvchi nochor odam qayda! Nimadir deyishi kerak edi, qurbaqani bossang vaq deydi, harholda u qurbaqadan ming chandon ulug‘roq bir odam, vaqillaganda ham tuzukroq vaqillashi kerak.

  • Bek aka, umr savdosiga bunaqangi aralashish yaramaydi. Biz huquqiy jamiyat tuzmoqchimiz. Mana, o‘zingizning qizingiz bor...

Orzubek «qizingiz taqdiriga birov xo‘jayinlik qilishi yaxshimi?» demoqchi edi. Ammo
«berdi»sini aytib ulgurmadi. «Qizingiz bor...» degan gapni Asadbek «o‘sha odamga o‘z qizingizni bering», deb tushunib g‘azab bilan o‘shqirdi:

  • Menga qara, o‘, so‘tak! Sen bu yerda masala so‘qima. Uyingga borib juhud xotining

bilan maslahatlash. Juhud xotinlar aqlli bo‘lishadi. Ertaga ertalab yo ha, deysan, yo yo‘q, deysan! Bor, jo‘na, turqingni ko‘rsatma!
Asadbek achchiqlangan mahalda Chuvrindi oraga tushib vaziyatni yumshatishga urinardi. Hozir bunga ehtiyoj sezmadi. Asadbekning qizini tilga olib kechirilmas xato qilgan deputat shusiz ham oson qutulayotgan edi. Ellikni qoralayotgan odam yosh bola holiga tushib, indamay chiqib ketdi.

  • Voy, xunasa-e, — dedi Kesakpolvon, deputat chiqib ketgach.

  • O‘chir, — dedi Asadbek. — O‘zing ja taltaytirib yubording. O‘zbek xotinini qo‘yib, juhudga uylangan odamdan yaxshilik chiqarmidi? Doshqozonda suv qaynatib o‘shanga tashlash kerak buni.

Eshik ochilib, yana Bo‘tqaning basharasi ko‘rindi.

  • Bek aka, amakingiz mozorda yurganmishlar.

  • Qaysi mozorda, kim chiqarib yuboribdi?

  • Kattalar ko‘miladigan yerda emish. Kim chiqarganini bilmadim, — Bo‘tqa shunday deb iziga qaytib, eshikni yopdi.

Asadbek savol nazari bilan Chuvrindiga qaradi. Mahmud uning maqsadini anglab, telefon go‘shagini ko‘tarib, raqam terdi. Javob bo‘lgach, salom-aliksiz so‘roqqa tutdi:

  • Zinatulinni nimaga chiqardingiz?

Javobga bir oz quloq tutib, go‘shakni joyiga qo‘ydi.

  • Qizi kelib bir kunga ruxsat olgan ekan. Otarchi sizning nomingizdan borib, oshnasini chiqartiribdi.

  • Kim ekan, oshnasi, aniqla. — Asadbek shunday deb o‘rnidan turdi. A’yonlar unga ergashishdi. Zinatulinni ular Asadbekning «o‘gay amakisi» sifatida bilishardi.

Jinnixonaning uchinchi qavatida saqlanuvchi o‘gay amakisidan Asadbek tez-tez xabar olib turardi. Bu odam haqida hech kim hech narsa bilmas edi. Qirq to‘qqizinchi yilning o‘ttiz birinchi dekabrida uylariga bostirib kirgan, sandiqni titgan, tancha ustiga o‘tirganicha papiros tutatgan, «sening otang ham dushman», degan novchaning Zinatullin ekanini Asadbek ulg‘aygach aniqladi. Otasini olib ketganlar faqat ijrochilar ekani, to‘g‘on boshidagilar esa boshqalar ekani uni qiziqtirmas edi. Biri novcha, biri past bo‘yli ikki odam suvrati ko‘z oldiga muhrlanib qolgan, yotsa ham, tursa ham ulardan o‘ch olishni o‘ylardi. Kesakpolvon bilan birga bo‘lib, sal qaddini tutib olgach, topganini sarf qilsa-da, o‘sha ikki kishini aniqladi. Past bo‘ylini izlab ko‘p shaharlarda bo‘ldi. Nihoyat topdi. Ammo o‘shanda bir xomlik qildi. Kesakpolvonning gapiga kirib, o‘sha yerlik o‘g‘riboshlardan biriga maslahat soldi.

  • U chindan ham iflos odam, — dedi o‘g‘riboshi. — Millatimizga isnod keltirgan. Lekin biz millatimiz vakilini xafa qildirib qo‘ymaymiz.

Chindan ham xafa qildirishmadi. Avaylab asrashdi. O‘shandan keyin Asadbek yana ikki marta bordi. O‘ljaga yaqinlashaman, deganida o‘g‘riboshining yigitlariga duch kelaverdi. Shundan so‘ng yetti yil kutdi. O‘g‘riboshi qo‘lga olinganini bilib uchinchi marta bordi.
To‘y ustidan chiqdi. Ikki qavatli uy, hovli gavjum edi. O‘ljasi, tepakal, dumaloqdan kelgan odam Asadbekni tanimasdi. «O‘, O‘zbekiston mening yurtim, u yerda qadrdonlarim ko‘p!» deb quvonib kutib oldi. To‘y qizigan paytda u mehmonlarning muhim gapini eshitish uchun xonasiga boshladi. Hovlida xushchaqchaqlik avjida, bag‘oyat shinam bezatilgan bu xonada esa 1950 yil birinchi yanvardagi hukm ijro etilardi. Asadbek bunday qulay fursat boshqa nasib etmasligini bilib shoshilardi. U qamoqqa tushganlar qanday azoblarga giriftor qilinganlarini eshitgan, hisob-kitob chog‘ida bu qiynoqlarni qo‘llashni niyat qilgan edi. Vaqt ziqligidan afsuslandi, ammo armonda qaytmadi: sigaret cho‘g‘ini peshonasiga bosib turib qirq to‘qqizinchi yil o‘ttiz birinchi dekabrdagi voqeani aytdi, yotqizib qo‘yib tumrug‘ini oyog‘i bilan ezdi...
Mahbuslar azobga chidolmay baqirardilar, bu esa og‘ziga latta tiqilgani uchun, bundan mahrum edi. Uni oyog‘idan osib, bilak tomirlarini qirqib tashladilar.
To‘y egasining yo‘qolgani ma’lum bo‘lib, qidir-qidir boshlanganida Asadbek kira qilgan mashina Yerevandan chiqib, Boku sari uchib borardi. Nodon, go‘l o‘zbeklarni katta pulga tushirganidan xursand bo‘lgan haydovchi esa o‘zicha xirgoyi qilardi.
Asadbek Zinatulinni ham o‘sha kezlarda topgan bo‘lsa-da, unga o‘limni ravo ko‘rmadi.
«O‘gay amakim», deb unga «mehribonlik» qildi. Zinatulin dorga emas, jinnixonaga mahkum edi. Shubhasiz, u o‘zining «mehribon o‘gay jiyani» borligidan bexabar edi. Jamiyatga sidqidildan xizmat qilganman, deb bayram kunlari nishonlari taqilgan qora kostyumini kiyib, tantanali majlislarda viqor to‘kib o‘tiruvchi, yosh avlodga qarata otashin nutqlar so‘zlovchi bu odam o‘zini dastlab jinnixonada ko‘rganida g‘oyat ajablandi. «Bolalarim bemehr chiqdi, oqibatda qariyalar uyiga topshirishadi», deb o‘ylardi. Hali kuch-quvvatdan ketmay turib jinnixonaga olib ketishlari sababini bilmay aqldan oza boshladi. Uchinchi qavatga «ko‘tarilish» uchun ko‘p fursat talab etilmadi. Asadbekning o‘sha «o‘gay amakisi» endi jinnixonadan chiqib, mozorda yurganmish. Bu Asadbek uchun kutilmagan hol edi. Shu sababli mozorga shoshildi.

2


Oynakchi dovul turib shahardagi barcha deraza oynaklarining sinishini orzu qilib yasharkan. Go‘rkov o‘lim ko‘p bo‘lishini istamasa ham, mozorga odam kirib kelsa ko‘ngli quvonadi. Chunki odam mozorga bekorga kelmaydi. Yo mayit uchun qabr qazishni iltimos qiladi, yo marhumlar ruhiga Qur’on o‘qitib, to‘rt-besh so‘m tashlab ketadi.


Issiq hujrada xudoyi oshni yeb, choyxo‘rlik qilib o‘tirgan go‘rkovlar izma-iz kelib to‘xtagan ikki «Jiguli»ni ko‘rib, tashqariga umid bilan qarashdi. Anchadan beri shu atrofda ivirsib yurgan boshyalang yigit birinchi mashinadan tushgan uch odamga bir nima degach, ular hujra tomonga qarab ham qo‘ymay, kattalar ko‘milgan, haykalchalar tizilib turgan tomonga qarab yurishdi. Go‘rkovlarning kattasi «bular tekshiruvchilarmasmikin» degan xavotirda eshikni ochib, tashqariga qadam qo‘yishi bilan ikkinchi mashinadan tushgan yigit «Amaki, joyingizda o‘tiravering», deb qaytardi. Kechasi yoqqan qor haykalchalarning boshi, burni, yelkasiga qo‘nib, odam shaklini beo‘xshov bir tusga kiritgan edi. Qarg‘alarning qag‘illashidan bo‘lak ovoz eshitilmayotgan qabristonda birdan kulgi yangradi. Asadbek shoshib o‘sha tomon yurdi. Ayollarning kalta paltosini kiyib olgan novcha odam bir haykalcha ro‘parasida turib olib, nuqul kulardi. U Asadbek kelayotgan yo‘lga orqa qilib turgani uchun ularni ko‘rmadi. Asadbek to‘xtab, uni kuzatdi. Zinatulin kulgidan to‘xtadi. Haykalchaning burnidagi qorni kafti bilan sidirdi.

  • Ana, endi odam bo‘lding. Tanimaydi, deb o‘ylovdingmi? Nimaga qaltirayapsan? Sovuqmi? Ha... qo‘rqyapsanmi? Sen qo‘rqyapsanmi? Sen qo‘rqma. Qozonning qopqog‘ini yopib tashlaganman, isi chiqmaydi. Dushmanlarning o‘ligi kislotada kuydirilgan. Ha, qo‘rqma. — U shunday deb haykalcha ro‘parasidagi qabrtosh ustiga o‘tirdi-da, oyog‘ini chalishtirib oldi. Tirsagini tizzasi ustiga qo‘yib, qaddini sal bukib, jag‘ini kaftiga suyadi.

O‘yga tolgan mutafakkir misol ancha o‘tirdi. So‘ng sapchib turdi. Atrofga alangladi-da, qo‘lini paxsa qilib, jahl bilan gapira ketdi:

  • Sen parazit, oppoqman, deyapsanmi? Men seni qiynadimmi? Tumrug‘ingga kalish bilan urdimmi? Boshingga qaynoq suv tomizdimmi? Shisha siniqlari solingan etik kiygizib sakratdimmi? Muzxonaga tashlatdimmi? Ha-a... sen bularni ko‘rganing yo‘q?

O‘rtoqlaringni o‘zing sotding. Nimaga sotding? Vatan uchun qayg‘urdingmi? Mana senga Vatan! — u shunday deb bosh barmog‘ini ikki barmog‘i orasiga suqib, haykalchaning burniga taqadi. — Ko‘rdingmi?! Men ahmoqmanmi? Do‘stini sotgan odamda Vatan
tuyg‘usi bo‘larkanmi? Ha-a... gapga usta eding. Sen jim tur, parazit, — Zinatulin shunday deb yonboshdagi haykalchaga qarab oldi. — Hiloliy gruppasiga men hukm chiqarganim yo‘q, men ottirganim yo‘q. Senlar ottirdilaring! Chunki ular senlardan zo‘rroq olimlar edi. Senlar shu haykalga erishdilaring. Odam tugul it ham kelmaydi senlarni ko‘rgani. Hiloliyni odamlar tildan qo‘ymaydi. Ha, bolalaring kelmayaptimi? To‘g‘ri qilishadi. Sen o‘zing vaqtida o‘lib qolding. Hech kim basharangga tupurmadi. Bolalaring isnoddan bosh ko‘tarolmay yurishibdi. Nima? O‘shanda bola-chaqani o‘ylamabmiding? Oxiri shunaqa bo‘lishini bilmagansan. Men ham bilmaganman, to‘g‘ri,

  • Zinatulin yana boyagi holatda o‘tirib oldi.

A’yonlar «bu jinni nimalarni valdirayapti», deb hayron turishardi. Zinatulinning gaplari Asadbek uchun ham g‘alati tuyulayotgan edi. Jinni desa, gaplari binoyiga o‘xshaydi. Sog‘ desa, harakatlari bema’ni.
Zinatulinga qarab turib, Asadbekning yuragi uvishdi. Onasini esladi. Aniq yodida — ellik uchinchi yilning erta bahori edi. Shiringina gapirib yurgan Samandar shamollab, yo‘talib yurdi. Isitmaladi. Dori-darmonlar hadeganda em bo‘lavermadi. Tanchaning bir tomonida Asad, yana bir tomonida esa onasi Samandar bilan yotishardi. Onasi kenjatoyini ko‘rpaga o‘rab, o‘zi tirsagiga tayanib tunlarni bedor o‘tkazar edi. Asad «oyi, birpas uxlang, men qarab o‘tiraman», desa ham unamasdi. Asad yarim kechada uyg‘onardi-da, qora charm xaltani ko‘tarib non do‘konga chiqib ketardi. O‘sha kuni ham shunday bo‘lgan edi. Samandar tunda bezovtalandi. Onasi uning yuzini silab xomush o‘tiraverdi. Samandar nimalardir dedi. Asadbek uning bir gapini ilg‘ab oldi:

  • ...Samalo‘t, qanotiyni pastlab o‘t...

Ukasining shirin tilchalari bilan aytadigan ashulasi ana shu alahsiragan ovozdan xotirasiga muhrlanib qoldi. Endigina tili chiqqan bolachalarni ko‘rganida uning qulog‘i ostida o‘sha xasta ovoz jaranglayveradi...
Asad non olib qaytganida uyning eshigi lang ochiq, onasi kesakiga beholgina suyanib turardi. Avvaliga u hatto o‘g‘lining kirib kelganini ham sezmadi. Asad «oyi, oyi», deganidan so‘nggina sergak tortdi.

  • Opoqingni chaqir, — dedi yig‘lamsirab.

Asad «nima uchun?» deb so‘rab o‘tirmay Jalilnikiga chiqib ketayotganida orqasidan onasining so‘zlarini eshitdi:

  • Dadasi, endi sizga nima deb javob beraman?!.

Onasiga qo‘shilib Jalil ham chiqdi. Ayollar ichkari kirib ketishdi. O‘shandan so‘ng Asadning onasi faryod urdi.

  • Samandar... o‘ldimi? — dedi Jalil, Asadning yengidan tortib.

«Samandar o‘ldi?!»
«Samandar o‘ldi...»
Bu gap Asadning miyasiga to‘qmoqdek urilib, tovonigacha zirillatib yubordi. Bir oz nest bo‘lib turdi-da, so‘ng uyga otilib kirdi. Uy o‘rtasiga ko‘rpacha solib, ukasini yotqizib qo‘yishibdi. Samandarning bir tomonida onasi o‘tiribdi. Opoqisi sandiq kavlayapti.

  • Ana, akang keldi, bolam... — onasi shunday deb Asadni quchoqlab yig‘layverdi, yig‘layverdi...

Asad ota o‘rnida ota bo‘lib ukasini so‘nggi makonga qo‘yib keldi. Qo‘ni-qo‘shnilar uni katta odamday ko‘rib, ta’ziya izhor etishdi. Ana o‘shanda Asad o‘zini «katta odam bo‘lib qolganini» his etdi. Qabristondan qaytishayotganda mahalla ancha besaranjom edi.
Ko‘pchilik maktab tomonga shoshilardi. Jalilning otasi «nima gap?» degan savolga yigitlardan biri:

  • Radioni eshitaylik. Stalin o‘lganmish, — dedi.

  • Og‘zingga qarab gapir-e, nima deyapsan? Stalin ham o‘ladimi? — dedi Jalilning otasi.

Bu atrofda radio faqat maktab direktorining xonasida bor edi. Kechqurun, ertalab radio eshituvchi qorovul mahallani yangilik bilan ta’minlagani sababli o‘qituvchilar qatori u ham hurmatli kishilardan sanalardi. Stalinning o‘limi haqidagi xabar o‘shandan chiqqani ayon edi.
Asad bilan Jalil ham boshqalarga qo‘shilib maktabga kirishdi. Direktor xonasidagi radio keng dahlizning o‘rtasiga olib chiqib qo‘yilgan. Ikkinchi qavatga olib chiquvchi zinalarda odamlar tirband o‘tirishibdi. Hamma jim. Barchaning nigohi o‘rtadagi qora qutida. Xuddi mo‘’jiza yuz berishini kutganday kiprik qoqishmaydi.
Birdan qora qutidan «Govorit Moskva» degan jarangdor ovoz chiqdi. Jalil Asadni yengidan tortib shivirladi:

  • Urush boshlanganga o‘xshaydi.

Jarangdor ovoz dohiyning o‘lim topganini e’lon qilgach, radio yonida o‘tirgan shop mo‘ylovli erkak «voy, otam» deb yig‘lab yubordi. Bir yigit hushidan ketib shilq etib yiqildi. «Voy, endi nima qilamiz!» deb bir ayol chinqirdi. Ola-g‘ovur boshlandi.

  • Stalin o‘lgan bo‘lsa, endi urush boshlanadi, — dedi Jalil. Jalilning otasi bolalarni qo‘llaridan ushlab, tashqariga boshladi.

  • Bu dushmanlarning ishi, Stalin o‘lmasligi kerak edi, — dedi u.

«Nima uchun o‘lmasligi kerak?» degan savol Asadni ko‘p o‘ylantirdi. Oradan yillar o‘tib, Stalin qoralanganda ham shu savolni ko‘p esladi, ammo javob topa olmadi.
Shom tushib, qo‘ni-qo‘shnilar uy-uylariga tarqalishgach, ona-bola yolg‘iz qolishdi. Urush yillari janggohlardan jon olib to‘ymagan hazrati Azroil bu tomonlarda ham kattami- kichikmi farqiga bormay tutib olavergach, odamlarning diydalari ancha qotib qolgan edi. Shundanmi, go‘dakning o‘limi katta fojia sanalmasdi. Samandarni qabristonga olib borishayotganda Asadning nazarida hamma qayg‘uga botgan edi. Keyin Stalin o‘limi haqida xabar tarqaldi-yu, go‘dakning o‘limi bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldi.
Yolg‘iz o‘tirgan ona-bolani yutaman, deganday tun yopirilib kirdi. Tancha sovuq — olov qilish eslariga kelmabdi. Qora chiroq qorong‘ilik dahshatidan qo‘rqqanday titraydi. Ona- bola gap-so‘zsiz uzoq o‘tirishdi. Asad endi ko‘zi ilingan ekan, onasining ovozini eshitib, cho‘chib uyg‘ondi.

  • Adasi, oling, nondan yeb turing, hozir samovor qaynaydi.

Asad ham qo‘rqo‘v, ham ajablanish bilan onasiga qaradi. Patnis ustida lipillab turgan chiroqdan bo‘lak hech nima yo‘q. Lekin onasi non sindirganday harakat qiladi.

  • Samandaringiz uxlab qoldi-da. Shunaqangi shirin bo‘lganki... Oling, choy iching. Endi uzoqqa ketmang... Odam sog‘inarkan...

Asad «Oyi...» dedi sekin. Keyin ovozini ko‘taribroq chaqirdi. Onasi eshitmadi, gapiraverdi...
O‘shandan boshlab har tun shu hol takrorlanaverdi.
Zinatulinning taqdiri o‘sha tunlarning birida hal qilingan edi. U damda Asad Zinatulin degan zotni bilmasdi. Aynan shu odamni jinnilikka hukm ham qilmagan edi. Uylariga bostirib kirganlarning biri qiynoq bilan o‘lim topmog‘i, ikkinchisi jinni bo‘lib xorlanishi lozim edi. Yerevandagi o‘lja shoshilinch ravishda o‘ldirilishi shart edi. Zinatulinning ishi shoshqich emas, shu bois ikkinchi hukm unga nasib etdi...
Zinatulin bexos qichqirib, Asadbekning xayollarini to‘zitib yubordi.

  • Yo‘q edi hech qanday komitet! — dedi u o‘rnidan sapchib turib. — Yo‘qligini bilardim. Ular «xalq dushmaniman», deb tan olishdi. Ammo sening kimligingni bilib ketishdi. U yoqda, — Zinatulin qo‘lini bigiz qilib osmonga sanchdi, — hali uchrashasan, ha! — U qah-qah otib kuldi. — Nima deysan endi?! U yoqda enkevede bo‘lmaydi. Rasvoing chiqdi, parazit! Hammang rasvo bo‘ldilaring, — Zinatulin shunday deb qabrlarni oralab yurib ketdi.

Asadbek to uning qorasi o‘chmaguncha izidan tikilib turdi. A’yonlar «o‘gay amaki»ning ahvoliga achinganday indashmadi.

  • Endi o‘z holiga qo‘yinglar, — dedi Asadbek. — Jinnixonaga qaytmasin. Yuraversin. Chuvrindi buyruqni yaxshi anglamay, Asadbekka qaradi:

  • Kuzatuvdagi yigitlarni boshqa ishga olaveraymi?

  • Ha, ishlaring bo‘lmasin, dedim-ku! Jinnixonaga tayinla, bolalari olib borsa, qabul qilmasin. Tamom!

Ming to‘qqiz yuz elliginchi yilning birinchi yanvaridagi hukmning so‘ngroq tuzatilgan ikkinchi yarmi shu zaylda ijroga kirdi.
Zinatulinni qabrlararo tanho qoldirib, izlariga qaytdilar. Go‘rkovlar xonasiga ko‘tariluvchi zina yonidagi ensiz supaga ko‘rpacha to‘shalibdi. Ko‘rpacha ustida chordana qurib o‘tirgan, boshiga qozonni eslatuvchi qo‘lbola qalpoq kiygan, paxmoqsoqol ularning e’tiborlarini tortdi. Jamshid go‘rkovboshini tashqariga qo‘ymay iziga qaytargach, dam o‘tmay ko‘rpacha ko‘tarib shu paxmoqsoqol chiqib kelgan edi. Ko‘rpachani supachaga to‘shab o‘tirib olgani uchun Jamshid unga indamadi. Paxmoqsoqol bir nimaning ilinjida o‘tirganini sezsa ham Asadbek to‘xtamay o‘tib ketmoqchi edi.

Asadbek to‘xtab, Kesakpolvonning izidan qaradi. Paxmoqsoqol o‘tirgan yerida salomga alik oldi. Kesakpolvon supa chetiga omonat o‘tirgach, paxmoqsoqol tilovat boshladi.
So‘zlarini yamlab talaffuz qilishiga e’tibor berib, bu «qori» ham keyingi paytda birdaniga bodrab chiqqan chalamullalardan biri ekanligini fahmlash qiyin emasdi. Tilovat tugagach, Kesakpolvon o‘n so‘m uzatdi. Paxmoqsoqol shunga yarasha uzoq duo qildi.
Kesakpolvon paxmoqsoqolga tikilganicha o‘tiraverdi.

  • Ha, o‘g‘lim, meni birovga o‘xshatyapsizmi? — dedi paxmoqsoqol o‘ng‘aysizlanib.

  • O‘xshatyapman... Siz o‘ttiz ikkinchi maktabda ishlamaganmisiz?

  • Ha, endi... sho‘rolarga ham xizmatimiz singgan. Sababi tirikchilik-da. Siz, o‘g‘lim, shu maktabda o‘qiganmisiz?

  • Tikilmang, tanimaysiz meni. Sizni qamalib ketgan deb eshituvdim.

  • Ha, endi... tuz-nasib qo‘shilgan ekan...

  • Bir o‘quvchi qizni... a?

  • Astag‘firulloh! Bu bo‘hton gap. Stalin davrida reprisa qilinganman.

  • Qani, qori aka, bi-ir osmonga qarang, — paxmoqsoqol ajablandi, biroq, Kesakpolvonga itoat etdi — osmonga qaradi. — Endi Xudoga yolborib, «menga yuz so‘mlik yog‘dir», deng.

  • Shakkoklik qilmang, o‘g‘lim.

  • Siz aytganimni bajaring, — Kesakpolvon bu safar tahdid bilan gapirdi. Paxmoqsoqol cho‘chib, bir nima deb pichirladi.

  • So‘radingizmi, bermadimi? Endi mendan so‘rang.

  • O‘g‘lim, qo‘ying, gunoh bo‘ladi...

  • So‘ra deyapman!

  • Yuz so‘mlik yog‘diring... o‘g‘lim.

Kesakpolvon cho‘ntagidan bir dasta pul chiqardi-da, Paxmoqsoqol ustidan sochdi. Paxmoqsoqolning ko‘zlari qinidan chiqquday bo‘lib o‘ynab ketdi.

  • Qani, men kuchlimanmi, yo Xudomi? — dedi Kesakpolvon unga zaharli nigohini qadab. Paxmoqsoqol boshini egib o‘tiraverdi, javob bermadi.

  • Nimaga unday qilding? — dedi Asadbek, mashinaga o‘tirishgach.

  • Haromidan o‘chimni oldim, — dedi Kesakpolvon sigaret tutatib.

  • Kim u?

  • Maktabimizga direktor edi. Har kuni bizni hovliga tizib «Osmonga qarab «Xudo, konfet ber», deb yalininglar», derdi. Aytganini qilardik. «Xo‘-o‘sh, berdimi? Yo‘q. Demak, Xudo yo‘q ekan, a? Endi «Direktor bova, konfet bering» denglar», derdi. Aytganimizdan so‘ng uch-to‘rtta bolaga popuklik konfet berardi. «Xo‘-o‘sh, Xudo zo‘rmi yo menmi?» derdi.

Ellik sakkizinchi yilda bir o‘quvchi qizni boplab qo‘ygan ekan. Stalin repressiya qildi, deb o‘tiribdi haromi. Bir boplayman, deb yuruvdim, uchragani yaxshi bo‘ldi.
Paxmoqsoqol Kesakpolvonni tanimadi. Lekin maktabdagi o‘sha holni esladi. Kesakpolvon uni «boplaganidan» xursand ketdi. Paxmoqsoqol esa shunday esi yo‘q bandalarni ham yaratgani uchun Xudoga shukrlar qilib, sochilib yotgan pullarni yig‘ib, cho‘ntakka urdi.



  1. Yüklə 0,58 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin