«U biron so‘zni talaffuz qilmas, magar talaffuz qilsa, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)» (Qof, 18).
A’zolariga buyruq va qaytarishni boshqaruvchi qilib qo‘ydi.
Keyin har bo‘lakka vafo qilishni xohladi. Qalbining vafosi – iymonda sobit bo‘lmog‘i va
hasad, xiyonat va makr-hiyla qilmasligi. Tilning vafosi g‘iybat qilmasligi. A’zolarining
vafosi Allohga gunoh qilmasligi va musulmonlardan hech kimga aziyat bermasligidir. Kim
qalbdan ketsa, munofiq, tildan ketsa, kofir, a’zolaridan ketsa, osiy bo‘ladi.
Hasan aytdi: Umar ibn Xattob bir yigitga qarab aytdi: «Ey yigit, agar uch yomonlikdan
saqlansang, yigitlikning yomonligidan saqlanasan, bular: tilingning, farjingning va
qorningning yomonligidir».
Zikr qilindi: Luqmoni Hakim habashiy qul edi. U kishidan birinchi hikmatning ko‘rinishi
mana bu holda yuz bergan edi. Bir kuni xo‘jayini: «Ey g‘ulom, bizga bu qo‘yni so‘yib,
eng mazali ikki joyidan keltirgin», dedi. U kishi qo‘yni so‘yib, yuragi bilan tilini olib
kelibdi. Keyin yana bir marta: «Bu qo‘yni so‘yib, eng yomon joyidan keltirgin», dedi. U
kishi qo‘yni so‘yib, yana yuragi bilan tilini keltirdi. Buning sababini so‘radi. Luqmoni
Hakim aytdi: «Jasadda bu ikki parcha go‘shtdan shirinrog‘i yo‘q, agar ikkovi yaxshi
bo‘lsa. Agar yomon bo‘lsa, ikkovidan yomonroq narsa yo‘q!»
277. Payg‘ambar (s.a.v.) Maoz ibn Jabalni Yamanga jo‘natayotganda Maoz: «Ey
Allohning payg‘ambari, menga vasiyat qiling», dedi. Shunda Payg‘ambar (s.a.v.) tillariga
ishora qildilar, ya’ni tilingni saqlagil, degandek. Maoz buni oson sanab: «Ey Allohning
elchisi, vasiyat qiling», dedi. «Onang seni yo‘qotib qo‘ysin. Odamlarning yuzlari bilan
do‘zaxga tushishlariga sabab tillarining yomonligidandir», dedilar Rasululloh (s.a.v.).
Hasan Basriy aytdi, Alloh undan rozi bo‘lsin: «Kimning so‘zi ko‘paysa, xatosi ko‘payadi;
kimning moli ko‘paysa, gunohi ko‘payadi; kimki xulqini yomon qilsa, o‘ziga azob
beradi».
Sufyon Savriydan rivoyat qilindi. Aytdi: «Menga kamonning o‘qini otgani tili bilan
otgandan yaxshiroqdir. Chunki tilining otgani xato qilmaydi, o‘qni otsa gohida xato
ketadi».
278. Abu Said Xudriydan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilindi. U kishi aytdi: «Tong
otsa, odamning hamma a’zolari tilga aytishar ekan: «Ey til, Allohga qasam ichib sendan
yolvorib so‘raymiz, to‘g‘ri bo‘l. Chunki, sen to‘g‘ri bo‘lsang, biz to‘g‘ri bo‘lamiz, agar
qiyshaysang, biz ham qiyshayamiz».