www.ziyouz.com kutubxonasi
213
505. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan bir kishi: "Xizmatchilarimizni qancha
kechiraylik?" deb so‘radi. "Har kuni yetmish marta", dedilar u zot sollallohu alayhi
vasallam.
506. Qatoda (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘lim oldidagi
oxirgi kalomlari bunday bo‘ldi: "Namoz va qo‘l ostingizdagi qullaringiz", ya’ni, besh vaqt
namozni saqlanglar va qo‘l ostingizdagi xizmatchilaringizga yaxshi muomalada bo‘linglar,
dedilar".
507. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Bir
ayol o‘zining mushugi sababli do‘zaxga kirdi. U uni uyga qamab qo‘ydi, ovqatlantirmadi,
sug‘ormadi, qo‘yib ham yubormadi. Mushuk o‘lgunicha yerdagi narsalardan yedi, keyin
o‘ldi".
508. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qoq tushda
bog‘lab qo‘yilgan tuyaning oldidan o‘tdilar. Ishlarini bajarib qaytayotganlarida tuyani
hamon o‘sha holatda turganini ko‘rdilar. Uning egasini chaqirib: "Sen bu tuyaga bugun
o‘t berdingmi?" dedilar. "Yo‘q", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunda: "U
qiyomat kunida sen bilan hujjat talashadi", dedilar". Ya’ni, qiyomat kuni Alloh taologa
ustingdan shikoyat qiladi.
509. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) rivoyat qilardi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam
xutbalarida: "Ey odamlar, Allohdan qo‘rqinglar! Qo‘l ostingizdagi xizmatkorlaringizga
yeydigan narsalaringizdan yediringlar, kiygan narsalaringizdan kiydiringlar. Ularga
toqatlari ko‘tarmaydigan ishlarni yuklamanglar", dedilar.
510. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qullaringiz... qullaringiz... ularga
o‘zingiz yeydigan ovqatdan beringlar, kiyadigan narsalaringizdan kiydiringlar. Agar
gunoh qilsalar, kechiringlar, agar kechirishni xohlamasanglar, sotib yuboringlar,
Allohning yaratganini azoblamanglar".
"Qullaringiz" deganlari ularga e’tibor beringlar, izzat ko‘rsatinglar, ma’nosida.
511. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar birontangiz xodimini urayotganda, u
Allohni zikr qilsa, urishdan tiyilinglar", deganlar.
512. Yana bir hadislarida aytadilar: "Qo‘l ostidagi xodimga yaxshilik qilish – baxtiyorlik,
uni qiyinchilikka solish badbaxtlikdir".
Rivoyat. Hazrati Ali (r.a.) g‘ulomlarini bir, ikki, uch marta chaqirdilar. U javob bermadi.
Uning oldiga borib: "Ey g‘ulom, eshitmadingmi?" dedilar. Fulom: "Eshitdim", dedi. Ali:
"Javob berishingga nima to‘sqinlik qildi?" dedilar. Xodim: "Sizni jazolamasligingizni bilib
dangasalik qildim", dedi. Shunda Ali (r.a.): "Bor, Alloh yo‘lida sen ozodsan", dedilar.
Rivoyat. Usmon (r.a.) gunohi uchun xodimining qulog‘idan tortdilar. So‘ng bu ishlariga
pushaymon bo‘lib, xodimlariga: "Tur-da, mening qulog‘imni kuching boricha tort, shoyad
Alloh taolo meni kechirsa", dedilar. Xodim u kishiga aytdiki: "Ey xo‘jayin, men ham siz
qo‘rqandek qiyomat Egasidan qo‘rqaman, sizdan buni kechdim, shoyad Alloh fazli bilan
meni ham kechirsa".
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy