HUDAYBIYA QISSASI Bu voqea shundoq erdikim, bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir tush
ko‘rdilar. Tushlarida sahobalar bilan Makka shahriga tinch-omon kirishib, Ka’bani tavof
qildilar. So‘ngra Safo — Marva qilib sochlarini oldirdilar. Mana shu ko‘rgan tushlari sabab
bo‘lib, Makkaga borish Rasululloh ko‘ngillariga tushdi. Chunki payg‘ambarlarning ko‘rgan
tushlari esa, uyg‘oqlikda kelgan vahiy hukmida bo‘ladi. Rasulullohning bu tushlariga
qaraganda urush-talashsiz Makkaga kirishlari lozim edi. Lekin qachon kirishlari bu
ko‘rgan tushlarida ma’lum bo‘lmagach, Rasululloh shu yili Makkaga kirish umidida
safarga chiqdilar. Niyatlari esa umra ibodatini qilish edi. Shuning uchun qilichdan boshqa
urush qurollari olmadilar. Bu safarga chiqqan askarlarning soni ming besh yuzga yaqin
bor edi. Quraysh mushriklari bu ishga to‘sqinlik qilsalar, o‘rtadan urush chiqib qolg‘aymu
deb, ehtiyot yuzasidan Madina atrofidagi iymon keltirgan arablarni askarga chaqirgan
bo‘lsalar ham, ko‘plari kelmay qoldi.
Makkaga borganda qurbonlik qilish uchun atalgan yetmishta tuyalari bor edi. Mundoq
tuyalarni «Hady» deb aytilur. Yurish oldidan bularni haydatib, so‘ngra borliq askar bilan
o‘zlari yo‘lga chiqdilar. Hady tuyalarini birga haydab yurish esa, urush uchun emas, balki
Ka’ba ziyorati uchun chiqqanliklariga arablar odatlaricha, ochiq dalil edi. Madinadan
chiqib bir manzil yo‘l yurib, Zil Xulayfa degan joyga kelib qo‘ndilar. Shu yerda ertalab
yurar oldida umra niyati bilan ehrom bog‘ladilar. So‘ngra qo‘shin bu yerdin qo‘zg‘alib,
Makka tomoniga qarab yurish qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir-ikki kun ilgari oldin orovul askari yubormish
edilar. Rasululloh askar bilan Madinadan chiqqan xabarlari Makka mushriklariga yetib,
alarg‘a qo‘rqinchlik tushdi. Ilgariroq bu ishdan xabar topmish Quraysh raislari maslahat
qildilarkim: «Muhammad ersa Baytullohni ziyorati uchun kelgan bo‘lib, shu bahona bilan
shahrimizni bosib olmoqchidur. Uni Makkaga kirgizmaymiz, agar kuch bilan qirmoqchi
bo‘lar ekan, u chog‘da urush qilgaymiz», deb bir to‘xtamga kelishdi.
Darhol Xolid ibn Valid qo‘mondasida ikki yuz otliq askar orovullikka yo‘lga chiqdi.
Rasulullohning yuborgan orovullari ham bulardan xabar topishi bilan orqaga qaytib, buni
xabar qildi. Shu orada Islom askari ham Makkadan ikki qo‘nalg‘u Usfon degan joyga
yetib kelishdilar.
Buni anglagach Rasululloh: