UMRATUL QAZO VOQEASI Yuqorida yozilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratning oltinchi yili Umra
ibodatini qilish uchun Madinadan Makkaga borgan edilar. Musulmon kishilarga, qudrati
yetsa hajga borish farz, umra qilish sunnatdur. Uch marta umra qilgan bir hajning
savobini topgay.
Bir kecha Rasululloh tush ko‘rsalar, Makkaga borib sahobalar bilan umra qildilar.
Tushlarining to‘g‘ri kelishida shak yo‘q edi. Chunki payg‘ambarlarning tushlari esa vahiy
o‘rnida bo‘lur. Lekin qaysi yilda bo‘lishini bilmadilar. Shu yili bo‘lg‘aymu deb, umid bilan
Rasululloh boshliq bir ming to‘rt yuz kishi Madinadan chiqqan edilar. Makkaga kelsalar,
Quraysh mushriklari bu ishga to‘sqinlik qilishib, Baytullohni ziyorat qilishga yo‘l
qo‘ymadilar. Ikki orada uzoq tortishishlar bo‘lgandan so‘ngra, besh moddalik shartnoma
tuzib, Hudaybiya sulhi qilinmish edi. Aning birinchi sharti ersa, kelasi yili Rasululloh shu
kishilari bilan Makkaga kelib, bu yili qilolmagan umraning qazosini qilg‘aylar.
Musulmonlar shahar ichiga ziyorat uchun kirganlarida Makka mushriklari uch kungacha
shahar tashqarisida turgaylar. Mana shu sulhnoma bo‘yicha bir yil o‘tgandan keyin
oldingi yili umraga borishgan bir ming to‘rt yuz kishi bilan Makkaga qarab yo‘lga
chiqdilar. O‘tgan yili bormagan odamlardan ham qo‘shilib askar soni ikki mingga yetdi.
Bular ichida yuz kishilik Bashir ibn Sa’d qo‘mondasida otliq askar ham bor edi.
Sulhnomada qurol ko‘tarmaslik shart qilingan bo‘lsa ham, askar uchun kerakli qurollarini
birga olmoqqa buyurdilar.
— Shartimizga ko‘ra, Makka shahrining ichiga kirganimizda yolg‘iz qilichdan boshqa
qurol ko‘tarmaymiz. Soqliq yuzasidan boshqa qolgan yaroq-jabduqlarimizni shahar
tashqarisida qoldiraylik. Askarlarimizning bir bo‘lugi uni saqlab tursinlar. Agarda
dushman tomonidan biror turlik xiyonat sezilar ersa, u chog‘da ani ishga yaratqaymiz, —
dedilar.
Rasulullohning bu qilgan ishlari barcha ummatlariga, ayniqsa, askar boshchilariga katta
ibrat bo‘lib, urush kunlarida qanchalik soq bo‘lishi kerak ekanligini bildirdi. Chunki
Rasululloh shu payg‘ambarlik davri — yigirma uch yil ichida aytgan so‘zlari, amal qilgan
ishlari ersa butun ummatlar uchun ikki dunYo davlatini topish yo‘llarini o‘rgatish edi.